Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863189 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 128 B


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:13:15

32- bob. Namoz vaqti yaqinlashganda tahoratga suv so‘ramoq

Oisha raziyallohu anhodan: «(Safarda) bomdod namozini o‘qiydigan vaqt kelganda tahorat uchun suv qidirildi, topilmadi, shundan so‘ng tayammum qilmoqlikka oyat nozil bo‘ldi».

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozi asr vaqti yaqinlashganda odamlardan tahorat uchun suv so‘radilar. Suv keltirishgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘llarini idish og‘ziga qo‘yib, engashtirdilar-da, odamlarga tahorat olmoqni buyurdilar. Anas: «Janob Rasulullohning panjalari ostidan suv silqib tushayotganini ko‘rdim, o‘sha suvdan hatto oxirgi odamgacha tahorat oldi»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:13:32

33- bob. Inson sochi yuvilgan suvning hukmi (halol yo haromligi)

Ato ibn Abu Raboh: «Sochdan arqon yoki ip qilmoqning zarari yo‘q»,— der edilar. Itdan qolgan sarqitning (it tekkan narsaning) hukmi va itning masjiddan o‘tishining hukmi: Az-Zuhriy: «Agar idishdagi suvga it tegsa-yu, tahorat olmoq uchun undan boshqa suv bo‘lmasa, o‘sha suv bilan tahorat olsa bo‘ladi»,— deydilar. Sufyon as-Savriy: «Mana bu hukm Qur’oni Karimdan olingan bo‘lib, Alloh taolo aytgan: «Suv topmasangiz, tayammum qilingiz, bu suvdir va (itning) nafasida bir (zararli) narsa bordir»,— deydilar.

Ibn Osimdan: «Ubaydaga dedim: «Bizda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlari bor. Uni Anas yoki u kishining uyidagilari orqali olishga muyassar bo‘ldik. Menda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bir tola sochlarining borligi dunyo va undagi bor narsalar meniki bo‘lib qolganidan ham sevinchliroqdir».

Anas raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Hajjat ul-Vido’da) sochlarini oldirayotganlarida birinchi bo‘lib sochlaridan olgan kishi Abu Talha edilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:13:48

34- bob. Agar birontangizning idishingizni it yalasa, yetti marta yuvingiz!

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar birortangizning idishingizdan it ichsa, yetti marta yuvingiz!»—deganlar».

Abu Hurayra raziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytib bergan ekanlar: «Bani Isroil qavmidan bir kishi bir itning chanqoqdan tuproq yalayotganini ko‘rib, mahsisida suv olib, itga ichirdi. Alloh taolo u bandani mukofotlab, jannatga kirgizgay».

Abdulloh ibn Umarning o‘g‘li Hamza: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida itlar masjidimizga kirib-chiqib yurar edi, suv bilan biror joyni yuvmas edilar»,— degan ekanlar.

Adiy ibn Hotim raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan it bilan ov qilmoqlik to‘g‘risida so‘radi. «Agar itingni o‘zing ovga olib borsang-u, o‘ljani o‘ldirib (tutib) bersa, yeyaverg‘il, agar iting o‘zicha tutib yeyayotgan bo‘lsa, yemagin, zero u o‘zi uchun tutgandir»,— dedilar. «O’rgatgan itimni o‘ljaga yuborsam-u, o‘lja ustida itim bilan boshqa itni ham ko‘rsam-chi?» — dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «U o‘ljani yemagin, chunki sen o‘z itingga tasmiya ("œBismilloh Allohu akbar") aytgansan, begona itga tasmiya aytmagansan»,— dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:14:07

35-bob. Katta va kichik hojatdan boshqasi tahoratni sindirmaydi, deb hisoblovchilar

Alloh taolo oyati karimasida: «Qaysi biringiz tahorat ushatsangiz (qazoi hojat qilsangiz) tahorat vojib bo‘ladi»,— degan. Ato ibn Abu Raboh: «Orqasidan qurt yoki peshobidan burgaga o‘xshash hashorat chiqqan kishilar qayta tahorat qiladilar»,— degan. Jobir ibn Abdulloh bunday deganlar: «Kimki namozda kulsa, tahoratini yangilamay namozini qaytarib o‘qiydi». Hasan Basriy: «Agar kishi soch oldirsa yoki tirnog‘ini olsa yo mahsisini yechsa, tahorat olmoq lozim bo‘lmaydi (oyog‘ining o‘zini yuvib oladi)»,— deganlar. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Tahorat yel chiqmasa, sinmaydi». Jobir raziyallohu anhu bunday deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir g‘azotda qatnashdilar. Bir kishiga kamon o‘qi tegdi. U kishi qon oqib turishiga qaramay, ruku’, sajda qilib, namoz o‘qiyverdi». Hasan Basriy aytadilar: «Musulmonlar jarohatlari bilan ham namoz o‘qiyverar edilar». Tovus, Muhammad ibn Ali, Ato ibn Abu Raboh va Hijoz, Makka va Madina ahli: «Qon oqsa, tahorat sinmaydi»,—deydilar. Ibn Umar yuzidagi husnbuzarni siqdi, qon chiqdi, lekin tahoratini yangilamadi.

Ibn Ubay qon tupurib, namozini o‘qishda davom etaverdi. Ibn Umar va Hasan Basriy: «Qon oldirgan odam tahorat yangilamaydi, balki qon olingan joyini yuvadi, xolos»,— dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Masjidda namozni kutib turgan kishi, agar u hadas qilmagan esa, namozda turgan hisoblanadi»,— dedilar. Shunda bir ajamiy (arab emas) kishi: «Hadas nima?» — dedi. Abu Hurayra: «Orqadan yel chiqmog‘i»,— dedilar.

Ibod ibn Tamimning amakisidan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «To kishi yel ovozini eshitib, hidini sezmaguncha, namozini buzmasin!» — dedilar.

Muhammad ibn Hanafiyadan: «Hazrat Ali raziyallohu anhu: «Shahvati ko‘p odam edim, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan so‘rashga uyaldim, Miqdodga: «Sen so‘ragin!—dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Maniy (suyuq suv) kelganda, tahorat olmoq lozim bo‘ladi»,— deb javob qildilar».

Zayd ibn Xolid Hazrat Usmondan: «Agar kishi xotini bilan aloqa qilgan bo‘lsa-yu, maniy to‘kmagan bo‘lsa, nima qiladi?»—deb so‘radilar. Hazrat Usmon: «Namozga tahorat olgandek tahorat oladi, olatini yuvadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ham shunday deb eshitganman. Ali, Zubayr, Talha va Ali ibn Ka’bdan so‘raganimda ham shunday deyishgan»,— deb aytdilar».

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan: «Rasulullox sollallohu alayhi va sallam ansoriylardan biriga odam yubordilar. Ansoriy sochidan suv tomib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Biz sizni shoshirib qo‘yibmiz-da (jimo’ qilib ulgurmabsiz)?!» —dedilar. Ansoriy: «Ha, Yo Rasululloh»,— dedi. «Agar shoshib qolsangiz (oxiriga yetmasangiz) yoki maniy to‘kmasangiz, tahorat olsangiz, basdir»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:14:23

36- bob. Hamrohi tahorat olayotganda suv quyib turmoq

Usoma ibn Zayddan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Arafot tog‘idan oshib, Sha’b degan joyga kelganlarida, qazoi hojat qildilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga suv quyib berib turdim, u kishi tahorat oldilar. So‘ng: «Yo Rasulalloh, namoz o‘qiysizmi?»—dedim. «Namoz oldingdadir (hali vaqt bor)»,— dedilar».

Urva ibn al-Mug‘ira ibn Shu’badan: «Mug‘ira ibn Shu’ba Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga safarda bo‘lar edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qazoi hojat qilganlaridan keyin suv quyib berib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat oldilar, yuzlarini, qo‘llarini yuvdilar, boshlariga va mahsilariga mash tortdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:14:36

37- bob. Tahoratsiz Qur’on o‘qimoq va undan boshqa narsalarning joizligi

Ibrohim an-Naqashdan: «Hammomda qiroat qilmoqning va tahoratsiz xat yozmoqning zarari yo‘qdir. Hammomdagilarning lungisi bor bo‘lsa, salom bergin, lungisi yo‘q bo‘lsa, salom bermagin!»

Abdulloh ibn Abbosdan: «Bir kecha Janob Rasulullohning xotinlari xolam Maymunanikida yotib qoldim. Men yostiqning yon tomoniga, Rasululloh va xotinlari uzun tomoniga bosh qo‘yib yotdilar. Rasululloh yarim kechagacha uxladilar, keyin uyg‘onib o‘tirdilar. Uyquni qochirmok uchun yuzlarini ishqaladilar. Keyin, Oli Imron surasining oxirgi o‘n oyatini o‘qidilar. Keyin, o‘rinlaridan turib, osig‘liq meshchani olib, tahorat oldilar. Tahoratni yaxshilab oldilar. Keyin, turib namoz o‘qidilar. Men ham o‘rnimdan turib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qilganlarini qildim va chap yonlariga borib namozga turdim. O’ng qo‘llarini boshimga qo‘ydilar, keyin o‘ng qulog‘imni cho‘zdilar (o‘ng tomonga turg‘il, degan ma’noda). So‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at namoz, keyin vitr o‘qidilar, keyin to muazzin kelguncha yonboshladilar, keyin turib yengilgina 2 ra’at namoz o‘qidilar. Keyin chiqib, bomdod namozini o‘qidilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:14:54

38- bob. Ko‘zi qattiq tinib ketganligi uchungina (boshdan) suv quymoq

Asmo binti Abu Bakrdan rivoyat: «Janob Rasulullohning xotinlari singlim Oishanikiga bordim. Quyosh tutilgan bo‘lib, odamlar namoz o‘qishayotgan edilar, singlim ham namoz o‘qir edi. Men: «Odamlarga ne bo‘ldi?» — desam, Oisha qo‘llari bilan osmonga ishora qilib, «Subhonalloh»,— dedi. «(Qiyomat) alomatimi, bu?»—dedim. U: «Ha» — degan ma’noda bosh irg‘adi. Men ham ko‘zim tinib ketguniga qadar namoz o‘qiyverdim, so‘ng (o‘zimga kelmoq uchun) boshimdan suv quya boshladim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozdan qaytgach, Allohga hamdu sano aytdilar-da: «Ko‘rmagan biror narsam qolmadi, hammasini, hatto jannatu do‘zaxni ham shu yerda turib ko‘rdim. Menga (quyidagi) vahiy keldi: «Bu kishini («bu mo‘‘minni» yoki «bu muqinni» dedilarmi, aniq bilmayman, deydi Asmo) bilasanmi»,— deb so‘rashadi. Shunda: «Bu Muhammad Rasulullohdir, bizga dalolat va hidoyat olib kelganlar, biz qabul qilganmiz, iymon keltirganmiz va ergashganmiz»,— deydi. «Orom olib uxlayver, biz sening muqin (sodiq) ekanligingni bildik»,— deyishadi. Ammo munofiq yoki ikkilanuvchi («munofiq yoki «ikkilanuvchi» dedilarmi, aniq aytolmayman, deydi Asmo) bo‘lsa, yo‘q bilmayman, odamlar nimadir deganini eshitganman, men ham (o‘shalardan eshitganimni) aytganman deydi».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:15:10

39- bob. Boshning qammasiga mash tortmoq

Alloh taolo oyati karimasida: «Boshingizga mash tortingiz!» — degan. Ibn Musayyab aytadilar: «Ayol kishi ham erkak kishi kabi boshining hammasiga mash tortadi». Imom Molikdan: «Boshning bir qismiga mash tortilsa, kifoya qiladimi?»—deb so‘rashdi. Imom Molik kifoya qilmasligiga Abdulloh ibn Zaydning hadisini dalil qilib ko‘rsatdilar.

Amr ibn Yahyoning otasi bunday rivoyat qiladilar: «Bir kishi Abdulloh ibn Zaydga: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qanday tahorat olganlarini ko‘rsatib bera olasizmi?»—dedi. Abdulloh: «Ha, suv keltiringiz»,— dedi. So‘ng qo‘liga suv quyib, 2 marta yuvdi, keyin 3 marta og‘iz va burun chayqadi, 3 marta yuzini yuvdi, 2 marta ikki qo‘lining tirsagigacha yuvdi, keyin boshiga mash tortdi, ikki qo‘lining kaftlarini peshonasidan to ensasigacha yurgizdi. Keyin boshlagan joyigacha qaytarib keldi. Keyin ikki oyog‘ini (oshig‘igacha) yuvdi».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:15:22

40- bob. Oyoqni tovonigacha yuvmoq

Amr ibn Yahyo rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Zayddan Amr ibn Abu Hasan Rasulullohning qanday tahorat olishlari to‘g‘risida so‘radi. U: «Idishda suv keltiringiz!»— dedi. So‘ng idishdan qo‘liga suv quyib, 3 marta yuvdi, keyin idishga qo‘lini tiqib suv oldi-da, 3 marta og‘iz va burun chayqadi, 3 marta yuzini yuvdi, ikki marta ikki qo‘lini tirsagigacha yuvdi. Keyin suv olib, mash tortdi, qo‘lini peshonasidan ensasigacha, ensasidan peshonasigacha bir marta yurgizdi».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:15:37

41- bob. Odamlarning tahorat qilingan suvni ishlatmog‘ining joizligi

Jarir ibn Abdulloh misvok (tish tozalagich) bilan og‘iz tozalaganlaridan keyin qolgan suvni oilalariga (tabarruk qilib berganlaridan keyin): «Tahoratga ishlatingiz!» — deb buyurdilar.

Hakim ibn Utaybaga Abu Juhayfa rivoyati: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga kun qizigan vaqtda chiqdilar, tahorat suvi keltirildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat oldilar. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tahoratlaridan tushayotgan suvni tabarruk qilib badanlariga surta boshladilar. Rasululloh hassalarini qibla tomonga sanchib qo‘yib, ikki rak’at (qasr, ya’ni qisqa qilib) peshin va ikki rak’at (bu ham qasr) asr namozi o‘qidilar».

Abu Muso Ash’ariy bunday deydilar: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam idishda suv olib kelmoqni buyurdilar, so‘ng yuz-qo‘llarini o‘sha suvga yuvdilar va og‘izlariga bir ho‘plam suv olib, idishdagi suvga purkadilar (tabarruk qilib berdilar), keyin Bilol va Abu Musoga: «Shu suvni ichingiz, u bilan yuzingiz va ko‘kraklaringizni yuvingiz!»—dedilar».

Mahmud ibn ar-Rabi’ (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yoshligida yuziga suv purkagan yigit) bunday rivoyat qiladi (uning rivoyatini Misvar va Marvon ibn Hakam ham tasdiqlaydilar): «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat olsalar, odamlar badanlaridan tushayotgan suvni olmoqqa talashib, urishib ketay derdilar».

Qayd etilgan