Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863593 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 128 B


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:21:37

62- bob. Siydik ustiga suv quymoq

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan: «A’robiy kelib masjidning chekkasiga siydi. Odamlar unga: «Nima qilyapsan?» — deb hayqirishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga: «Qo‘yinglar!»—dedilar. A’robiy bo‘shagandan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir paqir suv keltirib, siyilgan joyni yuvib tashlamoqni buyurdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:21:54

63- bob. Yosh bolalarning siydigi to‘grisida

Oisha Umm ul-Mu’minin raziyallohu anho dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bir emizikli bolani keltirdilar. Bola Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlariga siyib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suv keltirib, siydik tekkan joyga quydilar.

Ummu Qays binti Muhsin emizikli o‘g‘ilchasini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolani qo‘ynilariga o‘tqazdilar. Bola Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlariga siyib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suv oldirib keltirib, siydik tekkan joyga quydilar, yuvmadilar (qiz bola bo‘lsa, yuvmoq lozimdir)».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:22:13

64-bob. Tik turib va o‘tirib siymoqniig hukmi

Huzayfa raziyallohu anhu bunday rivoyat qilganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir qavmning chiqindilar (axlat) tashlaydigan joyiga kelganlarida tik turib peshob qildilar (o‘tirishga joy topilmagan chog‘da joizdir). Keyin: «Suv keltirgin!» — dedilar. Suv olib keldim, tahorat oldilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:22:28

65- bob. Hamrohining yonida peshob qilmoq va hamroxi uni pana qilib turmog‘i

Huzayfa raziyallohu anhu bunday deganlar: «Esimda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga aylanib yurganimizda bir qavmning devor orqasida joylashgan axlatxonasi oldiga kelib qoldik. Rasululloh, har biringiz tik turib peshob qilganingizdek tik turib peshob qildilar. Men shunda u kishidan chetlangan edim, menga ishora qildilar, men u kishini bo‘shagunlaricha pana qilib turdim».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:22:43

66- bob. Qavmning axlatxonasiga peshob qilish to‘g‘risida

Abu Muso al-Ash’ariy: «Siydikdan o‘zingizni ehtiyot qilingiz! » —deb qattiq tayinlab, «Baniy Isroil qavmlaridan birontasining kiyimiga siydik tegsa, o‘sha joyni kesib tashlar edi»,— dedilar. Shunda Huzayfa (shoyad, Abu Muso bu to‘g‘rida hadeb so‘zlamoqdan to‘xtasa, degan maqsadda): «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir qavmning axlatxonasiga tik turib peshob qilganlar-ku?!» —dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:22:58

67- bob. Qonni yuvmoq xukmi

Asmo binti Abu Bakrdan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bir xotin kelib: «Birontamiz hayz ko‘rsa, qon teggan kiyimimizni nima qiladi?» — deb so‘radi. Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam: «Ishqalab tashlaydi, keyin suv bilan mijib yuvib, ustidan suv quyadi, so‘ng kiyib namoz o‘qiyveradi»,— dedilar».

Oisha onamiz dedilar: «Fotima binti Abu Hubaysh Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xuzurlariga kelib so‘radi: «Yo Rasulalloh, men istihoza ko‘radigan xotinman (qon to‘xtamaydi), tozalanmasman, namozni tark etgaymanmi?» Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Yo‘q, u tomirdan keladigan qondir, hayz emas, agar hayz kelsa, namozni tark etgin, hayz tugashi bilan g‘usl qilib, keyin namoz o‘qigin!»—dedilar». (To hayz vaqti kelguncha har bir namoz uchun alohida tahorat olmoq lozim)».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:23:13

68- bob. Maniyni yuvmoq va ishqalab tashlamoq, jinsiy aloqa vaqtida xotin kishidan chiqadirgan namni yuvmoq

Oisha onamiz bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlariga jinsiy aloqa vaqtida tegib qolgan namni yuvar edim, kiyimlari namligicha (boshqa kiyimning yo‘qligidan) namozga chiqib ketar edilar».

Sulaymon ibn Yasordan: «Oisha onamizdan kiyimga tegib qolgan maniy hukmi to‘g‘risida so‘radim. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlariga tekkan namni yuvar edim, u kishi kiyimlarining namligicha namozga chiqar edilar»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:23:36

69- bob. Jinsiy aloqadan tekkan namni va boshqa narsalarni yuvsa-yu, dog‘i ketmasa (bo‘laveradi)

Amr ibn Maymuna bunday dedilar: «Men Sulaymon ibn Yasordan: «Jinsiy aloqada maniy tekkan joyni nima qilish kerak? » — deb so‘radim. «Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlariga tekkan namni yuvar edim, kiyimlari qurib ulgurmay namozga chiqar edilar,— deganlar»,— deb aytdilar».

Sulaymon ibn Yasor: «Oisha raziyallohu anho Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlaridagi maniyni yuvar edi. Men u kishining kiyimlaridagi dog‘larni ko‘rganman»,— dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:23:50

70- bob. Tuya, yilqi va qo‘y siydiklarining hamda ular saqlanadigan joylarning (qo‘ra, molxonaning) hukmi

Abu Muso Dorulbaridda (karvonsaroyda), shundaygina yonlarida sayhon yer bo‘la turib, tezaklar ustida namoz o‘qidilar. Keyin: «U yer ham, bu yer ham bari bir»,— dedilar.

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ukul yoki Arina degan joydan (Madinaga) odamlar kelishdi. Madinada ular qorin og‘riq kasaliga mubtalo bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga shahar tashqarisida o‘tlab yurgan sog‘in tuyalar sutidan va siydigidan ichmoqni buyurdilar. Ular shunday qilishdi. Sog‘ayganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tuyaboqarlarini o‘ldirib, tuyalarni haydab ketishdi. Erta tongda bu to‘g‘rida xabar qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning izidan askar yubordilar, kun yoyilgan vaqtda ularni asir qilib olib kelishdi. Qo‘l va oyoqlarini kesib, ko‘zlariga mil tortib, toshloq joyga tashlab qo‘ydilar. «Suv-suv» deyishardi, lekin suv berishmas edi. Abu Qiloba bunday dedilar: «Ular o‘g‘rilik qildilar, odam o‘ldirdilar va iymon keltirganlaridan keyin yana qayta kofir bo‘ldilar, dindan chiqdilar, Alloh va uning Rasuliga dushmanlik qildilar».

Anas raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjid qurilishidan avval qo‘yxonalarda namoz o‘qir edilar».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 10:24:10

71- bob. Yog‘ga va suvga tushgan iflos narsalar hukmi

Zuhriy bu xususda bunday deganlar: «Suvning ta’mi, hidi yoki rangi o‘zgarmasa, ishlatsa bo‘ladi». Hammod: «O’limtikning pati suvga tushsa, zarari yo‘qdir»,— deganlar.
Fil va boshqa go‘shti yeyilmaydigan hayvonlar suyagi to‘g‘risida Zuhriy bunday deganlar: «O’tmish olimlarining ko‘pini ko‘rdim, o‘lgan hayvonlarning suyagidan yasalgan taroq bilan sochlarini tarashar edi, xushbo‘ylik solinadigan idishlari ham o‘sha suyaklardan tayyorlangan edi. Ular buning zarari yo‘q, deb bilishar edilar».
Ibn Sirin va Ibrohim: «Fil suyagi bilan savdo-sotiq qilmoqning zarari yo‘q»,— der edilar.

Maymuna raziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyuq yog‘g‘a tushib, o‘lib qolgan sichqon hukmi to‘g‘risida so‘radilar. Shunda Rasululloh: «Sichqonni va uning atrofidagi yog‘ni olib tashlab, qolganini yeyaveringiz»,— deb javob qildilar».

Maymuna onamiz yana bunday deganlar: «Shu hadisning o‘zini Muin sal boshqacharoq qilib aytib berdi, keyin men eslab qololmaydigan darajada yana juda ko‘p hadis rivoyat qildi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu quyidagi hadisni keltiradilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Musulmon odam Alloh yo‘lida qancha so‘z aytgan bo‘lsa, qiyomat kuni o‘shancha jarohati bor shahid qiyofasida namoyon bo‘ladi, badanining rangi tig‘ urilganda oqib turgan qon rangida, hidi mushk hidi kabi bo‘ladi»,— deganlar. (Bu o‘rinda ushbu hadis keltirilishining boisi quyidagicha: mushk aslida hayvonlar bezidan olinadi va haromdir, lekin ishlov berilgach, xushbo‘y moddaga aylanib, haromlik hukmidan chiqadi. Shuningdek shahidlar qoni ham Alloh yo‘lida to‘kilgani uchun haromlik hukmidan chiqib, poklik - halollik hukmiga o‘tadi).

Qayd etilgan