Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863427 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 128 B


Laylo  28 Iyun 2006, 07:02:47

24-bob. Hayz ko‘rgan xotinning ikkala xayitda musulmonlarning duoi iltijolarida (masalan, jamoat bo‘lib yomg‘ir so‘rash) namozgohdan nariroqda turib qatnashuvi

Hafsa binti Sirindan: «Bo‘yi yetgan qizlarimizning ikkala hayitga chiqmoqlarini man’ qilar edik. Bir xotin Basradagi Baniy Xalaf qasriga kelib tushdi, so‘ngra opasi haqida so‘zlab berdi. Opasining eri Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan 12 marta g‘azotda qatnashgan ekan. Shundan 6 tasida opasi ham birga bo‘lgan ekan. Opasi: «Biz yaradorlarni davolar edik, kasallarga qarar edik», degan ekan. Bir kuni opasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: «Birontamizning yopinchig‘imiz bo‘lmasa-yu, (hayit namoziga) chiqmasak zarari bormi?» deb so‘rabdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimning yopinchig‘i bo‘lmasa, dugonasining yopinchig‘larida» birini olib tursin, yaxshilik majlislarida qatnashsin, musulmonlarning duoi iltijolarida qatnashsin!» dedilar. Ummu Atiyya kelganda, undan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bu xususda eshitganmisiz?» deb so‘radim», deydilar Hafsa. «Rasulullohga otam fido bo‘lsin! Ha, eshitganman (u qachon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xususlarida so‘zlasa, «otam fido bo‘lsin!» deb qo‘shib so‘zlar edi), bo‘yiga yetgan qizlar ham, chimildiqdagi kelinchaklar ham (chimildiqdagi qizlar ham, deb aytdilarmi, bilmayman), hayz ko‘rganlar ham chiqsinlar, yaxshilik majlislarida, musulmonlarning duoi iltijolarida qatnashsinlar, hayz ko‘rganlari joynamozdan chetda tursinlar!» deb aytgan edilar», dedilar Ummu Atiyya. «Hayz ko‘rgan xotinlar hammi?» deb so‘radim, shunda u: «Hayz ko‘rgan xotin Arafotda qaynashadi-ku, axir!» deb ayollar qatnashadigan marosimlar nomini sanay ketdi», deydilar Hafsa.

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:02:59

25-bob. Bir oyda uch marta hayz ko‘rsa... ayollarning hayz ko‘rish va homiladorlik muddatini tasdiqlovchi dalillar to‘g‘risida

Hayz ko‘rish to‘g‘risida Alloh taolo: «Xotinlarning o‘z bachadonlaridagi Alloh yaratgan narsani yashirmoqlari gunohdir», deydi. Ali va Shurayh: «Agar ayolning bir oyda 3 marta hayz ko‘rganiga ishonchli va taqvodor kishilar guvohlik bersalar, tasdiqlanadi», deb aytgan ekanlar. Ato raziyallohu anhu: «Ayolning (bir oyda 3 marta hayz ko‘radigan ayolning) haqiqiy hayz ko‘radigan kunlari uning dastlabki hayz ko‘rgan kunlari hisoblanadi», deb aytganlar (taloq iddasini saqlayotgan ayol boshqacharoq aytsa, qabul qilinmaydi). Ibrohim va Ato: «Hayz kamida bir kecha-yu bir kunduz, ko‘pi bilan 15 kun davom etadi», deganlar. Mu’tamirning otalari, hayzidan poklangandan keyin 5 kun o‘tgach, yana qon ko‘rgan xotin to‘g‘risida so‘raganlarida, Ibn Sirin: «Bu bobda xotinlar bizdan ko‘ra yaxshiroq biladilar», dedilar.

Oisha onamizdan: «Fotima binti Abu Hubaysh: «Men istihoza ko‘raman, hech poklanmasman, namozni tark etaymi?» deb Rasulullohdan so‘radilar. «Yo‘q, tark etmaysan, bu tomir qonidir. Va lekin hayz ko‘radigan kunlaring namozni tark etgin, hayzdan poklangach, g‘usl qilgin, namozingni o‘qiyvergin», deb javob qildilar Rasululloh».

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:03:08

26-bob. Hayz ko‘radigan kunlardan tashqari vaqtda keladigan sarg‘ish va xira rang suyuqlik

Ummu Atiyya: «Xira rang va sarg‘ish suyuqlikni hayz hisoblamas edik», deganlar.

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:03:20

27-bob. Istihoza keladigan tomir

Oisha onamizdan: «Ummu Habiba 7 yil istihoza ko‘rdi. u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan istihoza to‘g‘risida so‘raganida, Rasululloh sollallohu alayxi va sallam unga (hayz tugagach) g‘usl qilmoqni buyurib: «Bu tomirdan keladigan qondir», dedilar. Ummu Habiba har bir namozga alohida g‘usl qilar edi».

(Hayzdan keyin bir marta g‘usl qilmoq — farz, lekin qolganiga tahorat qilsa, kifoya qilar edi. Imom Shofi’iy ham istihoza ko‘rgan xotinning har bir namozga g‘usl qilmog‘i mustahabdir, deganlar).

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:03:32

28-bob. Hajda Arafot tog‘idan tushgandan keyin hayz ko‘rib qolgan xotin haqida

Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, Safiyya binti Huyay hayz ko‘rib qoldi», dedilar. Rasululloh: «Hali u bizga Madinaga bormog‘imizg‘a xalal bermasa edi! Sizlar bilan birga tavof qilmaganmidi?» dedilar. «Ha, (tavof) qilgan edi», deyishdi. «Yo‘lga chiqaversin, aytingiz!» dedilar Rasululloh.

Ibn Abbos: «Xotin kishi hayz ko‘rib qolsa, (xayrlashuv tavofini qilmasdan) vataniga qaytmoqqa ruxsat berildi», dedilar.

Ibn Umar, ilgarilari: «Hayz ko‘rib qolgan ayol (xayrlashuv tavofini qilmasdan) qaytmagay», der edilar, endi bo‘lsa: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga ruxsat beribdilar, (xayralashuv tavofini qilmasdan) qaytaverar ekan», deydilar.

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:03:44

29-bob. Istihoza ko‘radigan xotin tozalansa...

Ibn Abbos: «(Bunday ayol) g‘usl qiladi, namoz o‘qiydi, keyin eri ham yaqinlik qilavergay. Namoz ulug‘dir», deganlar.

Oisha onamizdan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar hayz ko‘rsang, namoz o‘qimoqni to‘xtatgin, hayz tugasa, g‘usl qilgin, tekkan qonni yuvib tashlagin, so‘ngra namoz o‘qiyvergin!» deganlar.

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:03:57

30-bob. Tug‘olmay o‘lgan xotinga janoza o‘qish va uning sunnati

Samura ibn Jundubdan: «Bir xotin tug‘olmay o‘ldi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janozani o‘likning beli to‘g‘risida turib o‘qidilar (xotin o‘lsa, belining to‘g‘risida, erkak o‘lsa, ko‘kragi qarshisida turib janoza o‘qiladi)».

Qayd etilgan


Laylo  28 Iyun 2006, 07:04:09

31-bob. Hayz ko’rgan xotin makruh hisoblanmaydi

Abdulloh ibn Shaddoddan: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotinlari Maymuna xolam hayz ko‘rganlarida, namoz o‘qimas edilar. Xolam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning joynamozlari qarshisida cho‘zilib yotsalar ham, u kishi namoz o‘qiyverar edilar. Maymuna onamizning o‘zlari bunday deganlar: «Rasululloh sajda qilganlarida kiyimlari qisman menga tegar edi».

(Imom Buxoriy shu hadisga tayanib, hayz ko‘rgan xotin makruh hisoblanmay, unga tekkan narsa ham harom bo‘lmas ekan, degan ma’noni tushuntiradilar).

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:14:35

TAYAMMUM KITOBI

Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Suv topmasangiz, toza tuproqqa tayammum qilingiz, yuz-qo‘llaringizga surtingiz», deydi (Hanafiyya ulamolari: «Agar tayammum qilguvchi kishi taqir toshg‘a shapalog‘ini urib, yuzig‘a ishqasa va yana urib qo‘llarig‘a ishqasa, kifoyadir», deyishadi).

Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotinlari Oisha onamizdan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga bir safarga (hijriy 6-nchi yil) chiqdik. Baydo’ yoki Zotul-Jaysh degan joyga borganimizda marjonim uzilib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni qidira boshladilar. Odamlar ham to‘xtashdi. To‘xtagan joylarida suv yo‘q edi. Shunda odamlar Abu Bakr Siddiqqa kelib: «Ko‘rmaysizmi Oishaning qilgan ishini, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni, ham shuncha odamni to‘xtatib qoldi, vaholanki, odamlar suvi bor joyda ham emaslar, o‘zlarida ham suv yo‘q», dedilar. Abu Bakr Siddiq (yonimizga) keldilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshlarini tizzamga qo‘yib, uxlab qolgan edilar. Otam Abu Bakr Siddiq menga: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni va odamlarni to‘xtatib qolding, ular suv bor joyda ham emaslar, o‘zlarida ham suv yo‘q», deb qattiq urishdilar Alloh xohlaganicha nima desalar, dedilar va belimga nuqiy boshladilar. Rasululloh boshlarini tizzamga qo‘yib yotganlari uchun men qimirlamaslikka intilar edim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tong saharda turdilar. Atrofda suv yo‘q edi, odamlar: «Tahoratsiz qanday bomdod o‘qiymiz?» deb tortishdilar. Shunda Alloh taolo: «Tayammum qilingiz!» deb «Tayammum oyati»ni nozil qildi. Usayd ibn Huzayr (taajjubdan): «Ey Abu Bakr avlodi, bu sizning birinchi barakotingiz emas (ya’ni, bundan avval ham siz tufayli Alloh taolo bizni barakotidan darig‘ tutmagan)», dedilar. Men mingan tuyani turg‘izgan edim, tagidan marjonim chiqdi»

Jobir ibn Abdulloh Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar, deb aytadi: «Alloh taolo tomonidan menga ilgarigi payg‘ambarlarning birortasiga ham ato qilinmagan 5 ta imtiyoz berilgan:
1. Dushmanlarim qalbiga (men) bir oylik masofada turganimdayoq, Alloh tomonidan qo‘rqinch solinib, g‘olib etilaman.
2. Yer yuzi menga namozgoh qilingan va suv yo‘q bo‘lganda tahorat vositasi qilingandir. Ummatimning qaysi biriga namoz vaqti qaerda to‘g‘ri kelib qolsa, o‘sha yerda o‘qiyversin!
3. O’ljalar menga halol qilingandir. Mendan avvalgi hech bir payg‘ambarga halol qilinmagan edi.
4. Menga shafoat qilmoqlik (qalbida zarracha iymoni bor ummatni do‘zaxdan olib chiqmoqlik) huquqi berilgandir.
5. Ilgarigi har bir payg‘ambar faqat o‘z qavmiga payg‘ambar qilib yuborilgan edi. Men esam (Yer yuzidagi) odamlarning hammasiga payg‘ambar qilib yuborilganman».

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:14:48

1- bob. Agar kishi tahoratga suv ham, tayammum qilmoqqa (toza) tuproq ham topmasa, nima qiladi?

Hishom ibi Urvaning otalaridan: «Oisha onamiz marjon shodasini opalari Asmodan omonatga olgan edilar. Uni yo‘qotib qo‘ydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qidirgani odam yubordilar, keyin u topib keldi. Shu asnoda namoz vaqti bo‘ldi, odamlar atrofda va o‘zlarida suv bo‘lmaganligidan tahoratsiz namoz o‘qidilar. Buni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shikoyat qildilar. Shunda Alloh taolo: «Tayammum oyati»ni nozil qildi. Usayd ibn Huzayr Oisha onamizga: «Alloh sizga yaxshilik ato etsin, Allohga qasamki, siz xushlamagan narsa nozil qilingani yo‘q, zero buni Alloh taolo sizni va barcha musulmonlarni deb qildi, bundan faqat yaxshilik ko‘zlangandir», dedilar».

Qayd etilgan