28-bob. (Joynamozda) oyoq panjalari uchini qiblaga to‘g‘rilashning afzalligi
Anas ibn Molik aytib berganlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki bizning namozni o‘qig‘aydir, bizning qiblamizni qibla qilg‘aydir, biz so‘ygan mol-hol go‘shtidan yegaydir, u Olloh va uning Rasuli himoyasidagi musulmondir. Ollohning himoyasiga ko‘rnamaklik qilmangiz!» — deganlar».
Anas ibn Molik: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mana bunday deb aytganlar»,— deydilar: «Odamlar lo iloha illallohu» deydigan bo‘lgunlaricha jang qilmoqqa buyurildim. Agar ular kalimai tayyibani aytg‘aydirlar, bizning namozni o‘qigaydirlar, qiblamizni qibla qilg‘aydirlar va biz so‘ygandek (mol, qo‘y va boshqalar) so‘yg‘aydirlar, ularning qonini to‘kmoq va molini olmoq bizga haromdir. Zero ularning molu jonlari ham, oxirat hisobi ham Ollohning ixtiyoridadir».
Anas ibn Molikdan Maymun ibn Siyoh: «Ey Abu Hamza, (mo‘‘min bandalarga) qanday bandaning molini talamoq va qonini to‘kmoq haromdir?»—deb so‘radilar. Anas: «Kimki lo iloha illalloxu degaydir, qiblamizni qibla qilg‘aydir, namozimizni o‘qig‘aydiru biz so‘ygan mol-hol go‘shtini yegaydir, u musulmondir. Musulmonga ne huquq berilg‘aydir, unga ham o‘sha huquq berilg‘usidir va musulmonga qanday vazifa yuklang‘aydir, unga ham o‘sha vazifa yuklang‘usidir»,— dedilar.