31-bob. Qayerda bo‘lsa ham qiblaga qarab namoz o‘qimoq kerak
Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi yu sallam: «Qaerda bo‘lsang ham, qiblaga qarab takbir aytg‘il! — deganlar»,— deydilar.
Al-Barro ibn Ozib aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bayt ul-Muqaddasga qarab 16 yoki 17 oy namoz o‘qigan erdilar. Aslida Rasulullah sallallohu alayhi va sallam Ka’baga qarab namoz o‘qimoqni yaxshi ko‘rar erdilar. Olloh taolo Rasulullohga «Yuzingni bir Ka’baga, bir osmonga qaratayotganingni ko‘rib turibmiz» degan oyatini nozil qildi va: «Odamlarning eng aqlsizi yaxudiylardir. Ularni ilgarigi qiblani o‘zgartirmoqqa ne majbur qilmishdir? Sen: «Mag‘ribu Mashriq ham Ollohnikidir, u o‘zi xohlagan bandasiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatg‘usidir, deb aytgil!» — dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan birga bir kishi namoz o‘qidi, keyin u asr namozini Bayt ul-Muqaddasga qarab o‘qiyotgan bir ansoriy qavm oldiga borib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Ka’baga qarab namoz o‘qiganini aytdi. Shunda qavmning barchasi Ka’baga o‘girildi».
Jobir raziyallohu anhudan: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tuya minib ketayotganlarida, u qayoqqa qarab ketayotgan bo‘lsa, o‘sha tomonga qarab namoz o‘qiyverardilar. Lekin namoz farzini o‘qimoqchi bo‘lsalar, tuyadan tushib, qiblaga qarab o‘qirdilar».
Abdulloh ibn Mas’ud: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin yoki asr namozini o‘qidilar»,— dedi. «O’shanda ko‘paytirib o‘qidilarmi yo kamaytirib o‘qidilarmi, aniq aytolmayman»,— dedi Ibrohim. Rasululloh (ikki yelkalariga) salom berganlaridan keyin: «Yo Rasululloh, namozga biror yangilik kiritildimi?» — deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Nega bunday deysizlar?»—dedilar. «Siz bunday o‘qidingiz», deb ko‘rsatishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam cho‘kkalab o‘tirdilar-da, qiblaga qarab ikki bor sajda qilib, so‘ng salom berdilar. Keyin, bizlarga o‘girilib: «Namozda biror yangilik bo‘lg‘aydir, albatta men sizlarga xabar qilg‘aydirman, lekin (albatta) men ham siz kabi odamdirman, siz unutganingizdek men ham unutg‘ayman. Agar unutsam, eslatingiz, agar birortangaz namoz o‘qiyotib necha rak’at o‘qiganingizni unutsangaz, o‘z taxminingiz bo‘yicha namozni nihoyasiga yetkazingiz, so‘ng salom beringiz, undan keyin ikki rak’at namoz o‘qingiz!» — dedilar.