Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864894 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 128 B


soliha_siddiq  25 Sentyabr 2006, 19:55:46

51-bob. Oldida tandir yokim o‘t (alanga) yohud qandaydir sig‘inish manbai turgani holda faqat Olloh taoloni nazarda tutib namoz o‘qigan kishi xususida

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men namoz o‘qiyotganimda ko‘zimga do‘zax otashi namoyon qilindi, deb aytganlar»,— deydilar Anas.

Abdulloh ibn Abbos dedilar: «Quyosh tutildi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qidilar, keyin: «Namoz o‘qiyogganimda menga do‘zax o‘ti ko‘rsatildi. Bugungacha bundan dahshatliroq manzarani ko‘rmagandurmen»,— dedilar».

Qayd etilgan


soliha_siddiq  25 Sentyabr 2006, 20:06:10

52-bob. Qabristonda namoz o‘qimaslik to‘g‘risida

Ibn Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uyingizda ham namoz o‘qingiz. Uyingizni mozorga o‘xshatib qo‘ymangiz!— deganlar»,— deydilar.

Qayd etilgan


soliha_siddiq  25 Sentyabr 2006, 20:10:14

53-bob. Odam yutgan yerlarda va azob yuborilgan joy larda namoz o‘qimaslik haqida
 
«Hazrat Ali Bobildagi odam yutgan yerda namoz o‘qimoqni rad etdilar»,— deyiladi.

Abdulloh ibn Umar naql qiladilar. «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam: «Anavi boshiga azob yuborilgan qavmning yeriga kirmangiz. Mobodo kirsangiz, yig‘lab kiringiz. Agar yig‘lay olmasangiz, kirmangiz. Tag‘in ularning boshiga tushgan musibat sizning ham boshingizga tushmasin!»—deganlar».

Qayd etilgan


soliha_siddiq  25 Sentyabr 2006, 20:13:21

54-bob. Kanisada (cherkovda) namoz o‘qimoqning hukmi

Umar raziyallohu anhu: «Biz kanisalaringizga ulardagi suratlar sababli kirmag‘aymiz»,— deganlar. Ibn Abbos surati yo‘q kanisada namoz o‘qir erdi, surati bo‘lsa, o‘qimas erdi.

Oisha onamiz naql qiladilar: «Ummu Salama Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Habashistonda ko‘rgan Mariya kanisasi, uning ichidagi suratlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ular shunday qavmdurkim, agar oralarida biror solih banda yokim solih kishi o‘lg‘aydir, uning qabri ustiga masjid qurib, unga o‘sha suratlarni solg‘aydirlar. Ular Olloh taolo dargohidagi eng yomon xalqdir»,— dedilar».

Qayd etilgan


soliha_siddiq  25 Sentyabr 2006, 20:14:34

55-bob.

Oisha onamiz va Abdulloh ibn Abbos quyidagicha naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh taolo dargohiga rihlat etmak muddati yaqinlashgach, muborak yuzlarini guldor bir mato birlan yopdilar, isib ketganlaridan keyin ochib tashladilar. Shu holatda bo‘la turib: «Yahudiy va nasorolarg‘a Ollohning la’nati bo‘lsin! Ular payg‘ambarlarining qabrlarini masjid qilib olmishlar»,— dedilar» (Bu bilan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z ummatlarini yahudiy va nasorolar qilmishidan hazar qilmoqqa da’vat etdilar, deydi muhaddis).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo yahudiylarni o‘ldirsin! Ular payg‘ambarlarining qabrlarini masjid qilib olmishlar, deb aytganlar»,— deydilar Abu Hurayra raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Muslima_subh  26 Sentyabr 2006, 05:08:45

56-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Yer menga sajdagoh ham tahorat vositasi qilib berildi»,— deganlari xususida

Jobir ibn Abdullohning naql qilishlaricha, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan ekanlar: «Olloh taolo tomonidan menga ilgarigi payg‘ambarlarning birortasiga ham ato etilmagan beshta imtiyoz berilmishdir: 1) Bir oylik yo‘lda to‘rganimdayoq dushmanlarim yuragiga qo‘rquv solinib, g‘olib qilinmishmen 2) Butun yer yuzi menga sajdagoh qilib berilmishdir. Qaysi bir ummatimga namoz vaqti qaerda to‘g‘ri kelsa, o‘sha yerda namoz o‘qiyversin! 3) Jangda olingan o‘lja menga halol qilinmishdir 4) Har bir payg‘ambar o‘z qavmigagina payg‘ambar qilib yuborilur erdi. Men ersam, hamma odamlarga payg‘ambar qilib yuborilmishmen 5) Menga shafoat qilmoq imkoniyati ham berilmishdur».

Qayd etilgan


Muslima_subh  26 Sentyabr 2006, 05:18:21

57-bob. Masjidda ayol kishining (agar uning boshqa boshpanasi bo‘lmasa) yashamog‘i va uxlamog‘i to‘g‘risida

Oisha onamiz quyidagicha naql qiladilar: «Arab qavmlaridan birining yosh zanjiya (negr qiz) joriyasini ozod qildilar. U ozod qilganlar birlan birga qoldi. O’sha zanjiya qiz: «Bir kuni men qabiladagi yosh kelinchaklardan biri birlan o‘ynagani chiqdim. Kelinchakning qizil taqinchog‘i bor erdi», — debdi. Oisha onamiz aytadilar: «Kelinchak tanqinchog‘ini bir joyga qo‘yibdir, shu payt bir kush uchib kelib, taqinchoqni go‘sht deb o‘ylab olyb qochibdir». «Taqinchoqni qidirishdi, hech topa olmadilar, keyin menga sen olding, deb tuhmat qildilar-da, hamma yog‘imni tinta boshladilar (Oisha onamiz aytadilar: Hatto uning oldini ham qarab ko‘ribdilar»). Ollohga qasam ichib ayturmenkim, men ular birlan birga turibman-u, birdan qush uchib o‘tib, munchoqni yerga tashladi. Munchoq shundoqqina ularning oldiga tushdi. «Mana o‘sha sizlar menga olding, deb tuhmat qilayotgan narsa, (vaholanki) men bu gunohdan uzoqdirman, dedim» — debdi zanjiya qiz. Oisha onamiz aytadilar: «Zanjiya qiz Rasululloh huzurlariga kelib, islomga kirdi. Uning masjidda chodiri (yoki bir boshpanasi) bo‘lib, mening oldimga kelib turar erdi. Men u birlan suhbatlashib o‘tirar erdim. «Taqinchoq voqeasi sodir bo‘lgan kun rabbimizning ajoyibotlaridandir. U meni kufr olamidan qutqardi», — deb qo‘yardi. Bir, kuni men: «Senga ne bo‘lgan o‘zi, qachon qarasa, men birlan o‘tirganingda taqinchoq to‘g‘risida bayt aytasan?» — deganimda, u mazkur qissani aytib bergan erdi».

Qayd etilgan


Muslima_subh  26 Sentyabr 2006, 05:26:00

58-bob. Masjidda kishilarning uxlamog‘i to‘g‘risida

Anas raziyallohu anhu quyidagi hadisni keltiradilar: «Aql qabilasidan bir jamoa kishilar Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi, ular Masjid un-Nabiy supasida yashab turgandi. Abdurrahmon ibn Abu Bakr: «Supada yashovchi kishilar faqirlar erdi», — deydi».

«Abdulloh ibn Umar bo‘ydoqlik vaqtlarida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning masjidlarida yotib qolar erdi», — deydilar Nofi’ raziyallohu anhu.

Sahl ibn Sa’d naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qizlari Fotimaning uyiga keldilar. (Kuyovlari) Alini uydan topmadilar. Shunda Fotimaga: «Amakivachchang (ya’ni, ering) qaerdadir?» — dedilar. «O’rtamizdan bir narsa o‘tgan erdi, mendan g‘azablanib, chiqib ketdi, namozdan keyin qaylula ham qilgani yo‘q (kunduzi mizg‘igani ham yo‘q)»,— dedi Fotima. Shunda Rasululloh yonlaridagi kishiga: «Qaragal, u qaerda erkan»,— dedilar. Kishi kelib: «Yo Rasululloh, u masjidda yotibdir»,— dedi. Rasululloh masjidga keldilar. Ali esa masjidda ridolari yelkadan tushib ketgan, yelkalariga tufroq tekkan holda yotgan erkanlar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Alining yelkalaridagi tufroqni qoqib turib: «Turg‘il yigit, turg‘il tufroq yigit!» — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu riyuyat qiladilar: «Ahli supalardan (masjidda yotib yuruvchilardan) biror yetmish nafarini ko‘rdim, birortasining ridosi yo‘q, yo bir parcha lungi yokim ko‘ylakni (kichikligidan) bo‘yniga osib olgan, ba’zisiniki boldirgacha, ayrimlariniki to‘piqqacha ham yetmaydir. «Avratim ko‘rinib qolmasin»,— deb doim qo‘li birlan kiyimini ushlab yuradir».

Qayd etilgan


Muslima_subh  26 Sentyabr 2006, 05:32:49

59-bob. Safardan qaytgach, o‘qiladigan namoz

Ka’b ibn Molik aytadilar: «Janob Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam safardan kelsalar, eng avvalo masjidga kirib namoz o‘qir edilar».

Jobir ibn Abdulloh naql qiladilar: «Rasululloh sallalloxu alayhi va sallamning xuzurlariga keldim, u kishi masjidda erkanlar. Nazarimda choshgoh vaqti erdi. Shunda Misvar: «Rasululloh menga: «Safardan qaytibdursen (shukronasiga) ikki rak’at namoz o‘qib olg‘il!» — dedilar. Keyin, menda qarzlari bor edi, qarzlarimni ham berdilar, yana unga qo‘shib hadya pul ham berdilar»,— dedi».

Qayd etilgan


Muslima_subh  26 Sentyabr 2006, 05:36:31

60-bob. Kimki masjidga kirsa, ikki rak’at namoz o‘qisin!

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi biringiz masjidga kirg‘aydirsiz, ikki rak’at namoz o‘qimay, o‘tirmangiz!—deganlar»,— deydilar Abu Qatoda.

Qayd etilgan