Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864459 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 128 B


Laylo  26 Sentyabr 2006, 13:03:37

71-bob. Masjidda qarzdordan pulini qistamoq va berasan, deb turib olmoqning hukmi

Ka’b ibn Molik Ibn Abu Hidraddan qarzini qistadi. Ikkovlari janjallashib baqir-chaqir qilishganini Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uylarida turib eshitdilar. Hujralarining pardasini ochib: «Ey, Ka’b!» — dedilar. «Labbayka, yo Rasululloh! » — dedi. «Qarzingning yarmini kechg‘il!» — dedilar yoki shu ma’noda ishora qildilar. Ka’b: «Xo‘p, kechdim»,— dedi. Rasululloh  sallallohu alayhi»va sallam Ibn Abu Hidradga: «Turg‘il, qarzingni to‘lag‘il!»—dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  26 Sentyabr 2006, 13:03:53

72-bob. Masjidga tushgan latta-putta, xas-cho‘p va boshqa tashlandiq narsalarni yig‘ishtirmoq hamda masjidni supurmoq

Abu Hurayra raziyallohu anhu naql qiladilar: «Bir qop-qora kishi (yoki qop-qora xotin) masjidni supurib yurar erdi. Bir kuni u vafot etib qoldi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni so‘raganlarida, «Vafot etdi»,— deyishdi. Rasululloh: «Meni chaqirmabsizlar-da, unga janoza o‘qig‘ay erdim. Qabrini ko‘rsatingiz»,— debdilar. So‘ng, qabriga borib, janoza o‘qibdilar».

Qayd etilgan


Laylo  26 Sentyabr 2006, 13:04:47

73-bob. Kayf qiladirgan ichimliklar sotishni masjidda taqiqlash

Oisha onamiz quyidagi hadisni aytdilar: «Sudxo‘rlik harom, deb aytilgan surai Baqara oyatlari nozil bo‘lganda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidga chiqib ularni o‘qib berdilar, so‘ng ichimlik sotmakni man’ qildilar».

Qayd etilgan


Laylo  26 Sentyabr 2006, 13:05:02

74-bob. Masjidga xizmat qilish

Ibn Abbos bu xususda Bibi Maryamning «Surai oli Imron» dagi «Ilohi, qornimdagi homilamni senga nazr etdim, u faqat masjidga xizmat qilg‘usidir» degan so‘zlarini keltiradilar.

Sobit raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Xotinmi yoki erkakmi, bir odam masjidda xizmat qilib yurar erdi»,— dedilar Abu Hurayra. Abu Rofi’: «Nazarimda, o‘sha xotin kishi erdi»,— dedilar. So‘ngra, Abu Hurayra o‘sha masjidga xizmat qilg‘uvchi odam vafot etgandan keyin Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning xususida nimalar deganlarini va uning qabriga borib janoza o‘qiganlarini aytdilar».

Qayd etilgan


Laylo  26 Sentyabr 2006, 13:05:17

75-bob. Asir va dushmanni masjidga bog‘lab qo‘ymoq

Abu Hurayra: «Janob Rasululloh bunday dedilar»,— deb rivoyat qiladilar: «Ifrit degan jin kecha kechqurun ro‘paramga kelib qolmishdir, (oldimga o‘tib) namozimni buzmoqchi bo‘lmishdir. Olloh taolo menga uni ushlamakka imkoniyat berdi. Tong otgach, hammangiz ko‘ringiz deb masjid ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘ymoqchi bo‘ldim. Shunda birodarim Sulaymon alayhissalomning «Ilohi, meni kechirg‘il va menga shunday bir qudrat berg‘ilki, u mendan keyingilarda bo‘lmasin!» degan duosini esladim». «Janob Rasululloh Ifrit degan jinni keyin haydab yubordilar»,— deydilar Ravh raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Sentyabr 2006, 06:22:50

76-bob. Kofirning musulmon bo‘lganidan keyin g‘usl qilmog‘i lozimligi va (yana) masjidga asirni bog‘lab qo‘ymoqlik haqida

Shurayh qarzdorlarni masjid ustunlariga bog‘lab qo‘ymoqni buyurar erdilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam Najd tomonga askar yubordilar. Ular Baniy Hanifa qabilasidan bir kishini tutib kelishdi. Uning ismi Sumoma ibn Asol erdi. Asirni masjid ustunlaridan biriga bog‘ladilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ichkaridan chiqib: «Sumomani qo‘yib yuboringiz!» — dedilar. Sumoma masjid yaqinidagi xurmozorga kirib g‘usl qildi, so‘ng masjidga kirib: «Ashhadu allo iloha illallohh va ashhadu anna Muhammadan rasululloh deb iymon keltirdi».

Qayd etilgan


Doniyor  27 Sentyabr 2006, 06:23:03

77-bob. Masjidda kasallar va boshqalar uchun chodir qurishning joizliga

Oisha onamiz dedilar: «Xandaq urushida Sa’d qo‘lining yo‘g‘on tomiridan yaralandi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning uchun masjidga chodir tiklab berdilar. Yaqin kishilari uni tez-tez ko‘rib turmoqlari uchun shunday qildilar. Kasalning masjidda yotmog‘i sahobalarni xafa qilmadi. Masjidda Baniy Rifor qabilasiga tegishli yana bir chodir ham bor erdi. Ular ham bundan ranjimadilar, faqat Sa’dning chodiridan oqib chiqayotgan qon ularni tashvishga soldi. Ular: «Ey, chodirdagilar, ne bo‘ldi? Sizning chodiringizdan qon oqib chiqayotir»,— deyishdi. Borib qarasalar, Sa’dning jarohatidan qon oqayotgan erkan. Shu jarohatdan Sa’d vafot etdi».

Qayd etilgan


Doniyor  27 Sentyabr 2006, 06:23:20

78-bob. Biror zarurat sababli masjidga tuya birlan kirish haqida

Ibn Abbos: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’batullohni tuyada tavof qildilar»,— deydilar.

Ummu Salama quyidagi hadisni aytib berdilar: «Men Rasulullohga tobim yo‘qlig‘idan shikoyat qildim. Rasululloh: «Odamlarga ergashib tuyada tavof qilaverg‘il!» — dedilar. Men tuyada tavof qildim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam esa, Ka’batulloh yonida «At-Tur» surasini zam qilib namoz o‘qir edilar».

Qayd etilgan


Doniyor  27 Sentyabr 2006, 06:23:32

79-bob.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan ikki kishi Janob Rasulullohning huzurlaridan qorong‘i kechada chiqdilar. Ularning yo‘lini bir nur chiroq kabi yoritib borar erdi. O’sha chiroqqa o‘xshagan nur to ikkalalarining yo‘llari ajralmaguncha birga bordi, keyin ikkiga bo‘linib, ularning har birini uylarigacha kuzatib qo‘ydi».

Qayd etilgan


Doniyor  27 Sentyabr 2006, 06:23:49

80-bob. Masjidga uyidan darcha va yo‘l ochmoq

Abu Sa’id rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xutbada va’z aytib: «Olloh taolo bandasiga bu dunyoni yokim o‘zining huzuridagi oxiratni tanlamak imkonini berdi, bandasi Olloh huzuridagisini tanladi»,— dedilar. Shunda Abu Bakr yig‘ladilar. Men o‘zimga o‘zim: «Bu mo‘ysafid nega yig‘layotir erkan, Olloh bandasiga: «Bu dunyoni yokim oxiratni tanlag‘il!» — desa, bandasi Olloh huzuridagi oxiratni tanlasa, shunga ham yig‘laydirmi?» — dedim. Keyin bilsam, o‘sha banda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ekanlar. Buni bizga Abu Bakr aytdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey, Abu Bakr, yig‘lamangiz! Siz molini ham, ezgu so‘zini ham mendan ayamagan eng yaxshi odamdirsiz! Agar Ollohdan boshqa yana ummatlarimdan biror kishini ham o‘zimga xalil (eng yaqin do‘st) tutmog‘imga ijozat bo‘lg‘ay erdi, Abu Bakrni do‘st tutar erdim. Ammo bu mumkin emasdir. Islom birodarligi va islom do‘stlig‘igina mumkindir. Uydan masjidga qaratib ochilgan darchalarning birortasi ham qoldirilmay, urib tashlansin! Faqat Abu Bakrning darchasigina qolsa, basdir!»—dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafotlaridan oldingi kasallik paytlarida boshlarini mato birlan boglab chiqdilar, Minbarga o‘tirib, Ollohga hamdu sano aytdilar. So‘ng: «Abu Bakrdan ko‘ra ko‘proq molu jonini menga fido qilgan inson yo‘q! Agar odamlar orasidan o‘zimga xalil (eng yaqin do‘st)tutadirg‘an bo‘lsam, Abu Bakrni tutar erdim. Lekin Ollohnigina eng yaqin do‘st tutmoq mumkindir. Shu boisdan insonlarga islom do‘stligi afzalroqdir. Masjid ichidagi Abu Bakrning darchasidan boshqa barcha darchalarni urib tashlangiz!» — dedilar».

Qayd etilgan