Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863672 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 128 B


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:21:10

101-bob. Namoz o‘qiyotgan odamning oldidan o‘tuvchi kishining gunohi

Abdulloh ibn Yusuf quyidagi hadisni aytib berdilar: «Zayd ibn Xolid Umar ibn Ubaydullohning quli Abunnazrni «Namoz o‘quvchilar oldidan o‘tuvchilar to‘g‘risida Abu Juhaym Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan nimalar eshitgan erkan, bilib kelg‘il!» — deb yubordi. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Namoz o‘qiyotgan odam oldidan o‘tg‘uvchilar nechuk gunoh qilayotganlarini bilganlarida erdi, namozxonning oldidan kesib o‘tmay, yaxshisi qirq (kun, oy, yil?) to‘xtab, kutib turgan bo‘lur erdilar» degandilar» — debdi Abu Juhaym.

Abunnazr: «O’shanda, qirq qun, deb edilarmi, qirq oy yokim qirq yil, deb edilarmi, esimda yo‘q»,— deydir».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:21:25

102-bob. Namoz o‘qiyotgan kishining ro‘parasiga kelib turmoq

Usmon Zunnurayn namoz o‘qiyotgan kishining ro‘parasiga kelib turmoqni makruh hisobladilar. Darhaqiqat, bu namozxonning ko‘nglini buzsa yokim fikrini bo‘lsa, makruhdir, ammo aksincha bo‘lsa, zarari yo‘qdir.

Zayd ibn Sobit: «Men bunga parvo qilmaydirman, namoz o‘qiyotgan erkak kishining ro‘parasiga erkak kishining kelib turmog‘i, namozni buzmaydir» — deydilar.

Oisha onamiz haqlarida rivoyat qiladilar: «Oisha onamizning huzurlarida namozni buzadirgan narsalar haqida suhbat borardi. Sahobalar: «Namozni namozxonning oldidan it, eshak va ayolning o‘tmog‘i buzg‘aydir» deyishdi. Oisha onamiz: «Bizni itga tenglashtirdingizmi?! Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, men qibla tomonda o‘rindiqda yonboshlab yotganimda kelib, namoz o‘qiy boshlar erdilar. U kishining qibla taraflarida uzala tushib yotmoqni o‘zimga ep ko‘rmay, sekingina o‘rnimdan sug‘urilib chiqib ketar erdim»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:21:38

103-bob. Uxlayotgan odamning orqa tomonida namoz o‘qimoq

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qir erdilar, men u kishining o‘rinlarida qiblaga ko‘ndalang holda yotardim. Vitr o‘qimoqchi bo‘lganlarida meni uyg‘otar erdilar. U kishi birlan vitr o‘qir erdim».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:21:49

104-bob. Ayolning orqa tarafida nafl namozi o‘qimoq

Oisha onamiz bunday degan edilar: «Oyog‘imni uzatib yotgan erdim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kelib oyoq tomonimda namoz o‘qiy boshladilar. U kishi sajda qilayotganlarida meni turtib qo‘yardilar, men oyog‘imni yig‘ishtirib olardim, qiyomga tursalar, uzatib yuborardim. O’sha paytlarda uylarda chiroq bo‘lmas erdi».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:22:06

105-bob. Namozxon oldidan har qanday narsa o‘tsa ham, namoz buzilmaydir, deydiganlarning dalili

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Ollohga qasam ichib ayturmankim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qiyotganlarida o‘rin-to‘shakda u kishining qibla tomonlarida yonboshlab yotgan erdim. O’rnimdan turib ketay desam, u kishiga qibla bo‘lib qolib, ozor berib qo‘yg‘ayman. Shunda sekingina o‘rnimdan sug‘urilib chiqdim-da, oyoqlari yonidan o‘tib ketdim».

Ya’qub ibn Ibrohimdan akasining o‘g‘li Ibn Shihob namozni buzadirgan narsalar to‘g‘risida so‘rabdir. Shunda Ya’qub ibn Ibrohim: «Namozni hech narsa buzmaydir», — deb javob beribdir.

Oisha onamiz bunday deganlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kechasi turib namoz o‘qir erdilar, men esam u kishining qibla tomonlarida o‘rin-to‘shakda uzala tushib yotar erdim».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:22:18

106-bob. Namozxon namoz o‘qiyotib yelkasiga qizchasini mindirib olsa...

Abu Qatoda naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qizlari Zaynabning qizchasini (nabiralarini) bo‘yinlariga mindirib olib namoz o‘qir erdilar. Sajda qilsalar, tushirib qo‘yar erdilar, qiyomga tursalar, ko‘tarib olar erdilar» (bu — shofi’iy, hanafiy va hanbaliy mazhablarida farzda ham, naflda ham joiz, ammo molikiy mazhabida faqat nafl namozdagina mumkin hisoblanadir).

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:22:30

107-bob. Kishi hayz ko‘rgan ayol yotgan ko‘rpaga qarab namoz o‘qisa, karohiyati bormi?

Maymuna onamiz rivoyat qiladilar: «Mening o‘rin-to‘shagim Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning namoz o‘qiydirgan joylari ro‘parasida erdi. Ehtimol, men o‘rnimda yotganimda kiyimlari menga tegib ketgandir».

Yana Maymuna onamiz rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qir erdilar, men ersam hayz ko‘rgan holimda yonginalarida uxlab yotar erdim. Sajdaga borsalar, kiyimlari menga tegar erdi».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:22:40

108-bob. Kishi sajdaga bosh qo‘yayotib: «Menga xalal beryapsan, sal yig‘ishtirinibroq yotg‘il!» — deb xotinini turtib qo‘yishi mumkinmi?

Umar ibn Ali naql qiladilar: «Oisha onamiz «Namozxonning oldidan it, eshak va xotin kishi o‘tsa, namoz buzilg‘aydir, degan kishilarga qarata: «Juda ham yomon o‘xshatish qildingiz, bizni it va eshakka teng qildingiz! Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qiyotganlarida u kishining qibla tomonlarida yonboshlab yotganim esimda. Sajda qilmoqchi bo‘lsalar, oyog‘imga turtib qo‘yar erdilar, men oyog‘imni yig‘ib olar erdim»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:22:53

109-bob. Ayol kishining namozxon ustidagi biror ozor berib turgan narsani olib tashlashi

Abdulloh ibn Mas’ud dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’batulloh yonida namoz o‘qiyotgan erdilar. Quraysh mushriklaridan bir to‘dasi o‘zlarining har doim yig‘ilishadigan joylarida gaplashib o‘tirishardi. Nogahon, ulardan biri: «Manavining ibodatni ko‘z-ko‘z qilmog‘ini ko‘ringiz! Qaysi biringiz falonchilarning qushxonasidan ichak-chavoq olib kelib, u sajdaga borganda, ikki kuragining o‘rtasiga tashlay olursiz?» — dedi. Shunda ularning eng badbaxti turib ichak-chavoq olib kelgani ketdi. Olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sajda qilmoqlarini poylab turib, ikki kuraklari o‘rtasiga tashladi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sajdada turib qoldilar. Mushriklar bir-birlariga qarab qotib-qotib kulishdi. Bir kishi buni payg‘ambarimizning qizlari Fotimaga borib aytdi. Qizaloqlari yugurib kelganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sajdada turar erdilar. Fotima ichak-chavoqlarni u kishining yelkalaridan olib tashladi-da, mushriklarni qarg‘adi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozni tugatganlaridan so‘ng: «Ilohi, Qurayshni halokatga uchratg‘il!»—deb uch marta duoi bad qildilar. Keyin (bir oz o‘ylab turgach): «Ilohi, Amr ibn Hishomni, Uqba ibn Rabi’ani, Shayba ibn Rabi’ani, Valid ibn Utbani, Umayya ibn Xalafni, Uqba ibn Abu Mu’itni, Ammora ibn Validni halok qilg‘il»,— deb nomma-nom aytdilar. Ollohga qasam ichib ayturmenki, ularning hammasini Badr jangida o‘lib yotganini ko‘rdim, ularni sudrab olib borib suvsiz quduqqa tashladilar». «Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Quduqqa tashlanganlarni oxiratda la’natlag‘aysan!» deb Ollohga iltijo qildilar»,— deydilar Abdulloh raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:23:21

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
NAMOZ VAQTLARI HAQIDA KITOB


Olloh taolo bu xususda: «Namoz vaqtlari mo‘‘min bandalarga Kitobda belgilab berilmishdir» — deydi.

Abdulloh ibn Muslima rivoyat qiladilar: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz namozni kechiktirib o‘qidi (asr namozi bo‘lsa kerak). Shunda uning huzuriga Urva ibn Zubayr kirib: «Bir kuni Mug‘ira ibn Shu’ba Iroqdalik kezida namozni kechiktirib o‘qiganida Abu Mas’ud al-Ansoriy: «Bu nesidir, ey Mug‘ira! Men senga Jabroil alayhissalom osmondan tushib, namoz o‘qidilar, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham namoz o‘qidilar; Jabroil alayhissalom yana namoz o‘qidilar, Janob Rasululloh ham namoz o‘qidilar; Jabroil alayhissalom yana namoz o‘qidilar, Janob Rasululloh ham namoz o‘qidilar; Jabroil alayhissalom yana namoz o‘qidilar. Janob Rasululloh ham namoz o‘qidilar; Jabroil alayhissalom yana namoz o‘qidilar, Janob Rasululloh ham namoz o‘qidilar. Keyin: «Menga shundoq qilmoq (ya’ni, besh vaqt namoz o‘qimoq) amr qilinmishdir»,— dedilar, deb o‘rgatmaganmidim?! »—dedi. Umar ibn Abdulaziz Urvaga: «Neni nazarda tutib so‘zlayotganingizni bilurmen, Jabroil alayhissalom Janob Rasulullohga namoz vaqtlarini belgilab bergandirlar»,— dedi. Urva: «Bashiyr ibn Abu Mas’ud ham otasi Abu Mas’ud xususida shundoq deb hikoya qilib bergan erdi. Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asrni hujralariga Quyosh tushmasdan ilgari o‘qib olar erdilar»—deganlar»,— dedi».

Qayd etilgan