Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863785 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 128 B


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:23:36

1-bob. Olloh taoloning «(Ollohga) tavba qilib, undan qo‘rqingiz va namoz o‘qingiz, mushrik bo‘lib ketmangiz!» — degan kalomi sharifi xususida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga Abd ul -Qays qabilasidan vakillar kelib, «Anavi Rabiy’a qavmi bizga xalal bermoqda, huzuringizga haj oyidan boshqa vaqt kelmakka imkonimiz yo‘qdir. Bizga biror narsa buyursangiz, biz uni sizdan o‘rganib, uyimizdagilarga borib o‘rgatsak!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Sizlarga to‘rt narsani buyurib, to‘rt narsani, man’ qilg‘aymen: Ollohga iymon keltirmoq (ya’ni, Lo iloha illa-l-lohu, demoq), mening Ollohning Rasuli ekanlig‘imni tan olmoq, namoz o‘qimoq va o‘ljangizning beshdan berini zakot qilmoqni buyurg‘aymen hamda dubbo’, hantam, muqayyar va naqiyrni man’ qilg‘aydirmen»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:23:47

2-bob. Namoz o‘qimoqqa bay’at qilmoq xususida

Jarir ibn Abdulloh: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga namoz o‘qimoq, zakot bermoq va (bu haqda) har bir musulmonga nasihat qilmoqqa bay’at qildim»,— deydilar.

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:24:04

3-bob. Namozning (gunohlar uchun) kafforat ekanligi haqida

Shaqiq raziyallohu anhu Huzayfa raziyallohu anhudan naql qiladilar: «Umar raziyallohu anhuning huzurlarida o‘tirgan erdik. «Qaysi biringiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning fitna to‘g‘risida aytgan so‘zlarini eslab qolgandirsiz?» — dedilar. «Men, qandoq aytgan bo‘lsalar, shundoqligicha eslab qolgandirman»,— dedim. «Qani, aytg‘ilchi!» — dedilar. Men: «Odamning o‘z ayoli, mol-dunyosi, bolalari va qo‘shnisidan sodir bo‘ladirg‘an fitnalarga namoz, ro‘za, sadaqa hamda amr va ta’qiqqa rioya qilmoq kafforat erur»,— dedim. U kishi: «Yo‘q, men buni ermas, balkim, dengiz to‘lqinlari yanglig‘ bosib keladirgan fitnani nazarda tutgan erdim»,— dedilar. «Yo Amir al-mo‘‘minin, siz bundan qo‘rqmasangiz ham bo‘lur, chunkim siz birlan o‘sha fitna o‘rtasinda bir yopiq eshik g‘ov bo‘lib turibdir»,— dedim. Hazrat Umar: «O’shal eshik sindirilg‘aymidir yokim ochilg‘aymidir?» — dedilar. «Sindirilg‘aydir», — dedim. Hazrat Umar: «Demak, keyin mutlaqo yopilmas erkan»,— dedilar. Biz: «Hazrat Umar qaysi eshik nazarda tutilganini angladilarmi?» — deb Huzayfadan so‘radik. Ul kishi: «Ha, ertangi kundan oldin tun bo‘lmog‘ini bilganlaridek yaxshi bilg‘aydirlar, men ul kishiga Janob Rasulullohning hadislarini to‘la-to‘kis (bexato) aytib bergandirman» — dedilar. Keyin, biz Huzayfadan boshqa so‘ramakka botinmay, Masruqqa: «Sen so‘rag‘il-chi!»— dedik. Masruq so‘ragan erdi, ul kishi: «O’shal eshik Hazrat Umarning o‘zlaridir»,— dedilar».

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi bir xotindan qiblaning qaysi tomonda erkanlig‘ini surishtirib turgan erdi, Nabiy sallallohu alayhi va sallam kelib, unga qiblani ko‘rsatib qo‘ydilar. Shunda Olloh taolo: «Ertadan kechgacha va tunning bir qismida namoz o‘qig‘il, darhaqiqat yaxshilig‘ yomonlig‘ni mahv etg‘usidir!»— degan oyati karimasini nozil qildi. Boyagi kishi: «Yo Rasululloh, bu menga taalluqlimidir?»—dedi. Janob Rasululloh «Barcha ummatlarimg‘a taalluqlidir»,—dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:24:33

4-bob. Namozning fazilati uning o‘z vaqtida ekanlig‘idadir

Abu Umar va Shayboniy raziyallohu anhumo rivoyat qiladirlar: «Abdulloh raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Bandalarning qaysi amali Olloh taologa xush kelg‘aydir?»—deb so‘radi. Janob Rasululloh: «O’z vaqtida o‘qilg‘an namoz»,— dedilar. Abdulloh: «Undan keyin-chi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Ota-onaga itoatli bo‘lmoqlig‘»,— dedilar. «Yana qaysi?» — dedi Abdulloh. «Olloh yo‘lida jihod qilmoqlig‘»,— dedilar Janob Rasululloh. «Bularni menga Janob Rasulul:loh aytganlar, agar unga zarracha qo‘shib-chatigan bo‘lsam, xudo ursin!» — degandi Abdulloh».

Qayd etilgan


Laylo  28 Sentyabr 2006, 13:24:45

5-bob. Besh vaqt namoz gunohlarga kafforatdir

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarga: «Birortangiz uyingizning oldidan oqib o‘tadirg‘an daryoda (yokim soyda) har kuni besh mahal yuvinsangiz, badanimda kir qolmish, deb ayturmisiz?» — dedilar. Odamlar: «Sira ham kir qolmag‘aydir»,— deyishdi. Janob Rasululloh: «Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshash bo‘lib, Olloh taolo ular tufayli gunohlarni kechirg‘aydir»,— deb aytdilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  28 Sentyabr 2006, 17:57:31

6-bob. Namoz vaqtini boy bermoq haqida

Raylon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Anas raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam davrlaridagidan ko‘ra yaxshiroq narsani bilmasman, ul namoz deb atalg‘aydir»,— dedilar. Keyin: «Namozni boy bermoq birlan undan tegadirgan savobni ham boy berib qo‘ymadingizmi!?» — deb qo‘shib qo‘ydilar».

Zuhriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Damashqda Anas ibn Molikning huzurlariga kirsam, yig‘lab o‘tirgan erkanlar. «Nechun yig‘laydirsiz?»—dedim. Ul kishi: «O’zim bilgan narsalar ichinda namozdan ko‘ra yaxshiroq narsani bilmasman, bul namoz ersa, boy berilmishdir»,— deb aytdilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  28 Sentyabr 2006, 18:03:19

7-bob. Namozxon rabbi — Olloh taologa munojot qilg‘aydir

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki namoz o‘qig‘aydir, rabbig‘a munojot etg‘aydir (ya’ni, Olloh birlan suhbat qilg‘aydir), shu boisdan o‘ng tomoniga tupurmasin, ammo chap oyogi ostig‘a tupursa bo‘lur»,— deb aytdilar».

Qatoda raziyallohu anhu: «Namozxon ro‘parasiga yokim old tomoniga tupurmaydir, ammo chap tomoniga yokim ikki oyog‘i ostiga tupursa bo‘lur»,— deydilar.

Shu’ba raziyallohu anhu: «Namozxon old tomonita ham, o‘ng tomoniga ham tupurmaydir, ammo chap tomoniga yokim oyog‘i ostiga tupursa bo‘lur»,— deydilar.

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy  sallallohu alayhi va sallam: «Qomatingizni tekis tutib sajda qilingiz, bilaklaringizni it yanglig‘ (erga) tashlab olmangiz, agar tupurmak lozim ersa, ro‘parangizga ham, o‘ng tomoningizga ham tupurmangiz, chunkim siz rabbingizg‘a munojot qilursiz (ya’ni, qalbingiz tili ila rabbingiz birlan suhbatlashursiz)»,— deb aytdilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  28 Sentyabr 2006, 18:07:56

8-bob. Jazirama kunlarda salqin tushmog‘ini kutib peshin o‘qimoq haqida

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kun qattiq isib ketsa, namozni salqin tushganda o‘qingiz, jazirama issiq jahannam nafasi yanglig‘dir», — dedilar».

Abu Zarr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning muazzinlari peshinga azon aytdi. Shunda Janob Rasululloh: «Salqinlatg‘il, salqinlatg‘il (yokim salqin tushmog‘ini kutg‘il, salqin tushmog‘ini kutg‘il)! Jazirama issiq jahannam nafasi yanglig‘dir. Kun qattiq isib ketsa, tepaliklar yonida soya paydo bo‘lganini ko‘rmagunimizcha, namoz o‘qimay turingiz!», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kun qattiq isib ketsa, peshinni, salqin tushganda o‘qingiz, jazirama issiq jahannam nafasi yanglig‘dir! O’t (olov) rabbiga shikoyat qilib: «Yo rabbiy, o‘zimni-o‘zim yeb qo‘ydim (bir-birimni yeb qo‘ydim)», — der. Demak, o‘tning o‘zi ikkitadir, biri — qishda, ikkinchisi — yozda bo‘lg‘aydir. Haddan ziyod isib ketganingizda yozdagisini, haddan ziyod sovuq qotg‘aningizda ersa, qishdagisini his qilg‘aydirsiz», — dedilar».

Abu Sa’id raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kun qattiq isib ketsa, peshinni salqin tushganda o‘qingiz, jazirama issiq jahannam nafasi yanglig‘dir! » — dedilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  28 Sentyabr 2006, 18:11:46

9-bob. Safar chog‘ida peshinni salqin tushganda o‘qimoq haqida

Abu Zarr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdik. Muazzin peshinga azon aytmoqchi bo‘ldi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Salqin tushmog‘ini kutg‘il!» — dedilar. Keyin, yana aytmoqchi bo‘luvdi: «Tepaliklar yonida soya paydo bo‘lganini ko‘rmagukimizcha, kutib turg‘il!»— dedilar-da, «Jazirama issiq jahannam nafasi yanglig‘dir, agar kun qattiq isib ketsa, namozni salqin tushganda o‘qingiz!» — deb qo‘shib qo‘ydilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  28 Sentyabr 2006, 18:15:31

10-bob. Kun oqqanda peshin o‘qimoq haqida

Jobir raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam kun qattiq qizigan paytda namoz o‘qir erdilar»,— deydilar.

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kun oqqanda chiqib, peshin o‘qidilar. So‘ng minbarga chiqib, qiyomat haqida va o‘shal kuni bo‘ladirgan buyuk ishlar to‘g‘risida eslab, so‘zladilar. Keyin: «Kimki biror narsa to‘g‘risida so‘ramoqchi ersa, so‘rasin, ko‘zim ochiqligida ilgari men sialarga aytib bermaganim narsalar xususinda so‘rab qolingiz!» — dedilar. Shunda odamlar yig‘idan o‘zlarini tiya olmadilar, Janob Rasululloh bo‘lsalar, nuqul: «So‘rab qolingiz!» — der edilar.

Ittifoqo, Abdulloh ibn Huzofa as-Sahmiy o‘rnidan turib: «Mening otam kimdir?» — dedi. Janob Rasululloh: «Otang Huzofadir»,— dedilar, keyin: «Yana so‘rangiz!» — deb takrorlayverdilar. Shunda Umar tiz cho‘kib turib: «Biz Ollohni rabbimiz deb, islomni dinimiz deb, Muhammadni payg‘ambarimiz deb tan oldik»,— dedi-da, jim qoldi. Janob Rasululloh: «Hrzirgina menga mana shul devor tomonda jannat birlan do‘zax ko‘rsatildi, men bunchalik yaxshilig‘ va yomonlig‘ni ko‘rmagan erdim»,— dedilar».

Abu Barza raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bomdodni har birimiz yonimizdagi namozxonni taniydirgan darajada havo yorishganda o‘qir erdilar va oltmishtadan yuztagacha oyat tilovat qilur erdilar. Peshinni kun oqqanda, asrni ersa, birortamiz shaharning eng chekxasiga borib qaytganimizda ham kunning tafti hali o‘lmagan paytda o‘qir erdilar».

Shu’ba raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abu Barza shom haqida ne deganin bilmasman, yodimdan chiqibdir, lekin u «Janob Rasululloh xuftonni tunning uchdan bir qismini o‘tkazib o‘qiyverar erdilar»,— degandi, keyin yana: «Tun yarim bo‘lganda»,— deb qo‘shib ham qo‘ygandi».

Anas ibn Molik: «Jazirama issiq kunlari Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga iqtido qilib peshin o‘qisak, peshonamiz yer taftidan kuyib qolmog‘idan qo‘rqib, kiyimimizga sajda qilur erdik»,— deydilar.

Qayd etilgan