Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864820 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 128 B


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:05:37

11-bob. Asr vaqti to‘g‘risida

Abu Usoma raziyallohu anhu Hishomdan naql qilib: «Janob Rasululloh asr o‘qiganlarida Oisha onamizning hujralaridan quyosh hali chiqib ketmagan erdi»,— deydilar.

Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asrni quyosh hali hujramdan chiqib ketmay turib, o‘qir erdilar»,— dedilar.

Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam quyosh hali hujramdan chiqib ketmay turib va hujramg‘a soya tushmay turib, asr o‘qidilar»,— dedilar.

Oisha onamiz: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam quyosh hali hujramga tushib turganda, hujramda soyadan asar ham yo‘q paytda asr o‘qir erdilar»,— dedilar.

Sayyor ibn Saloma rivoyat qiladilar: «Men va otam Abu Barzaning huzurlariga kirdik. Otam u kishidan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam besh vaqt namozni qandoq o‘qir erdilar?» — deb so‘radilar. Ul kishi: «Sizlar uvlo deb ataydirgan peshinni kun oqqan paytda, asrni ersa birortamiz shaharning eng chekkasiga borib qaytganimizda ham kunning tafti hali o‘lmagan paytda o‘qir erdilar (shom haqida aytgan gaplarini esimdan chiqarib qo‘yibdirman), sizlar atama deb ataydirgan xuftonni ersa kechiktirib o‘qimoqni afzal ko‘rar erdilar hamda xuftondan oldin uxlamakni va undan keyin so‘zlashib o‘ltirmakni yomon ko‘rar erdilar. Bomdodni kishi yonida o‘tirgan namozxonni taniydirgan darajada havo yorishganda o‘qib bo‘lar erdilar va oltmishtadan yuztagacha oyat tilovat qilur erdilar»,— dedilar».

Anas ibn Molik: «Biz asr o‘qiyotgan erdik, keyin bir kishi Baniy Amr ibn Avf qavmi oldiga borib qarasa, ular ham asr o‘qishayotgan erkan, — dedilar.

Sahl ibn Hunayf raziyallohu anhu Abu Umomadan naql qiladilar: «Biz Umar ibn Abdulaziz birlan birga peshin o‘qidik, so‘ng chiqib, Anas ibn Molikning huzurlariga kirdik, Ul kishi asr o‘qiyotgan erkanlar Men: «Ey amaki, hozir siz qay namozni o‘qidingiz? — dedim. Ul kishi: «Asr o‘qidim, Janob Rasululloh biz birlan shundrq namoz o‘qir erdilar»,— deb javob qildilar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:05:55

12-bob. (Yana) asr vaqti qaqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam quyosh balanddaligida, hali uning tafti so‘nmagan paytda asr o‘qir erdilar. Keyin, yo‘lovchi (shaharning) eng chekkasiga borib, qaytsa ham hanuz quyosh balandda turgan bo‘lur erdi. Shaharning ayrim chekka joylari birlan masjid oralig‘i to‘rt mil yokim shunga yaqin kelur erdi»,— dedilar.

Ibn Shihob raziyallohu anhu Anas ibn Molikdan naql qilib: «Biz asr o‘qir erdik. Keyin, birortamiz Masjid ul-Qabo’ga borib qaytganimizda ham Quyosh hanuz balandda turgan bo‘lar erdi»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:07:21

13-bob. Asrni qazo qilib qo‘ygan kishining gunohi haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Asrni qazo qilib qo‘ygan odam bola-chaqasiyu, mol-dunyosidan ajragan kishi yanglig‘dir»,— deb aytganlar».

Abu Abdulloh: «Asrni qazo qilib qo‘ysangiz, biror kishingiz o‘ldirilgan yokim mol-dunyoingiz o‘g‘irlangan yanglig‘ katta yo‘qotish qilgaydirsiz»,—deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:07:37

14-bob. Kimki asr o‘qimasa...

Abu Mulayh raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Burayda birlan birga Zu-G’aym kuni gazotda bo‘ldik, o‘shanda ul kishi: «Asrni ertaroq o‘qingiz, Janob Rasululloh: «Asr o‘qimagan kishi biror ishi barbod bo‘lgan kishi yanglig‘dir, deb aytganlar»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:07:57

15-bob. Asr namozining fazilati haqida

Jarir raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga erdik. Tunda Oyga (ya’ni, to‘lin Oyga) qarab: «Keyinchalik, sizlar mana shul Oyni ko‘rib turganingizdek rabbingizni ko‘rgaydirsizlar, uni ko‘rurmen desangiz, bir-biringizni ranjitmangiz! Agar kun chiqmog‘i va kun botmog‘idan oldingi namozlarni shaytonga boy bermaslik qo‘lingizdan kelg‘aydir, ularni doim o‘qingiz!»—dedilar-da, «Quyosh chiqmog‘idan burun ham, Quyosh botmog‘idan burun ham, rabbingni maqtab tasbih aytg‘il!»—deb qiroat qildilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Sizlarni maloikalar kechayu-kunduz kuzatib yurg‘aydirlar. Bomdod va asrda kelib to‘planishg‘aydir, so‘ng sizlar birlan birga bo‘lgan maloikalar Arshi A’loga chiqadirlar, Olloh taolo maloikalardan ko‘ra yaxshiroq bilsa ham: «Bandalarimni nechuk holatda tashlab keldingiz?» — deb ulardan so‘rag‘aydir. Maloikalar: «Kelayotganimizda ham, borganimizda ham namoz o‘qiyotgan erdilar»,— deb aytg‘aydirlar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:08:17

16-bob. Kun potishidan oldin asr o‘qiyotgan kishi qolgan bir rak’atini o‘qib ulgurmasligini fahmlab qolsa, namozini o‘qib tugatadi

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Quyosh botmog‘idan oldin asr namozining bir sajdasini o‘qib ulgurmasligini fahmlab qolgan odam namozini nihoyasiga yetkazg‘aydir. Quyosh chiqmog‘idan oldin bomdod namozining bir sajdasini o‘qib ulgurmasligiga aqli yetgan odam ham namozini tugallag‘aydir»,— deb aytdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:08:41

17-bob. Shom namozi o‘qiladigan vaqt haqida

Ato raziyallohu anhu: «Kasal odam shom birlan xuftonni qo‘shib o‘qiydi»,— deydilar.

Rofi’ ibn Xadiyj: «Biz Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga shomni o‘tirgan yerimizdan yoy otsak, o‘qimiz tekkan joyni ko‘ra oladigan paytda o‘qir erdik»,— deydilar.

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu: «Nabiy  sallallohu alayhi va sallam peshinni kun qizigan paytda, asrni quyosh tiniq paytda, shomni quyosh botganda o‘qir erdilar. Ba’zida xuftonni, namozxonlarning to‘planganini ko‘rsalar, tezlashtirar erdilar, ularning kechikayotganini ko‘rganlarida esa, kechiktirar erdilar. Bomdodni qorong‘u paytda o‘qir erdilar»,— deydilar.

Salama raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga shomni kun yuziga parda tortganda o‘qir erdik»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:09:00

18-bob. Shomni xufton deb atashlarini makruh qilgan kishi haqida

Abdulloh al-Maziniy rivoyat qiladilar: «Nabiy  sallallohu alayhi va sallam: «Badaviylarning shom deb atalmish namozingizni boshqa nom birlan atamoqlariga yo‘l qo‘ymangiz. Badaviylar shomni xufton deb atamoqdalar», — deb aytdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:09:28

19-bob. Asho’ va atama bayoni hamda ikkalasini «Bemalol ishlatsa bo‘lg‘aydir» degan kishi haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Asho’ (xufton) va fajr (bomdod) namozlari munofiqlarga og‘ir kelib qoldi. Shunda Janob Rasululloh: «Atama (xufton) va fajr (bomdod) namozlarida nechuk savob borlig‘ini bilishsa erdi!»—dedilar.

Abu Abdulloh: «Asho’ (xufton) deb ataydirmi, atama (xufton) deb ataydirmi, kishining o‘z ixtiyoridadir, masalan, Olloh taolo: «Kimki asho’din (xuftondin) keyin...» deb aytadir»,— deydilar. Abu Muso: «Biz Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan navbatma-navbat asho’ga imomlik qilur erdik. Bu safar ham bizning navbatimiz erdi, ittifoqo, u kishi asho’ga imomlik qilg‘aymen, deb salla o‘rab chiqdilar»,— deydilar. Ibn Abbos va Oisha onamiz: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam asho’ga salla o‘rab chiqdilar»,— deydilar. Ba’zilar Oisha onamizdan naql qilib: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam atamaga (xuftonga) salla o‘rab chiqdilar»,— deyishadi. Jobir raziyallohu anhu: «Nabiy  sallallohu alayhi va sallam asho’ o‘qir erdilar»,— deydilar. Abu Barza: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam asho’ni kechiktirib o‘qir erdilar»,— deydilar. Anas: «Nabiy  sallallohu alayhi va sallam asho’ni juda kech o‘qidilar»,— deydilar. Ibn Umar, Abu Ayyub va Ibn Abbos: «Nabiy sallalloxu alayhi va sallam shom va asho’ o‘qidilar»,— deyishadi.

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Tunlardan birida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlar atama deb ataydirgan asho’ (xufton) namozini biz birlan birga o‘qidilar. Keyin, Janob Rasululloh bizga yuzlanib: «Bilib qo‘yingiz, mana shul kechadan roppa-rosa yuz yil o‘tgach, yer yuzida hozir mavjud bo‘lgan odamlardan birortasi ham qolmag‘aydir»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  29 Sentyabr 2006, 05:09:42

20-bob. Namozxonlar vaqtida yig‘ilganda yokim kech qolganda xufton qachon o‘qiladir?

Muhammad ibn Amr rivoyat qiladirlar: «Jobirdan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning nechuk namoz o‘qimoqlarini so‘radik, ul kishi: «Janob Rasululloh peshinni kun qattiq qizigan paytda, asrni Quyoshning tafti o‘lmagan paytda, shomni Quyosh botganda, xuftonni ersa, masjidga odam ko‘p yig‘ilganda tezdan o‘qiyverar erdilar. Masjidga odam kam yig‘ilganda xuftonni kechiktirar erdilar. Bomdodni qorong‘uda o‘qir erdilar — dedi».

Qayd etilgan