80-bob. Agar imom bilan qavm (namozxonlar) o‘rtasida devor yokim qandaydir to‘siq bo‘lsa...
Hasan Basriy: «Sen birlan imom o‘rtasida daryo bo‘lsa ham unga iqtido qilib namoz o‘qimog‘ingning zarari yo‘qdir»,— deydilar. Abu Mijlaz: «Garchi namozxon birlan imom orasidan yo‘l o‘tgan bo‘lsa-da, takbir ovozi , eshitilib tursa, iqtido qilib namoz o‘qilaverg‘aydir»,—deydilar.
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kechasi bir to‘siq ortida namoz o‘qiy boshladilar, to‘siqning bo‘yi past erdi. Odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rib, o‘rtalarida to‘siq bo‘lsa-da, ul kishiga iqtido qilib namoz o‘qidilar. Tong otguncha namoz o‘qidilar, keyin o‘rtada to‘siq bo‘lganda namoz o‘qimoq haqida suhbatlashdilar. Ertasi kechasi ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozga turdilar, odamlar ul kishiga iqtido qilishdi. Bu narsa 2 yoki 3 kecha qaytarilgach, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘sha joyga namoz o‘qimoqqa chiqmadilar. Tong otgach, odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan bu kecha namozga chiqmaganliklarining sababini so‘rashdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men kechasi turib namoz o‘qimoq sizlarga farz bo‘lib qolmog‘idan qo‘rqdim»,— dedilar».