Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864661 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 ... 128 B


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:07:35

101-bob. Namozxon xuftonning dastlabki ikki rak’atida uzunroq, keyingi ikki rak’atida esa qisqaroq qiroat qiladir

Abu Avnga Jobir ibn Sumra bunday deb aytgan ekanlar: «Hazrat Umar: «Sa’d, sening ustingdan har bir narsa to‘g‘risida, hatto namoz to‘g‘risida ham shikoyat qildilar»,— dedilar. Sa’d: «Ammo men dastlabki ikki rak’atda uzunroq, keyingi ikki rak’atda ersa qisqaroq qiroat qilg‘ayman. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga iqtido qilib o‘qiganimdek o‘qiyotirman»,— dedi. «To‘g‘ri aytding, bu o‘zing haqqingdagi fikringdir» yokim «Bu mening sen to‘g‘ringdagi fikrimdir»,— dedilar Hazrat Umar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:07:49

102-bob. Bomdod namozida qiroat qilmoq

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «At-Tur» surasini qiroat qildilar»,— deydilar Ummu Salama raziyallohu anho.

Yasor ibn Saloma rivoyat qiladirlar: «Men va otam ikkimiz Abu Barza Aslamiy huzurlariga kirib namoz vaqtlari to‘g‘risida so‘radik. Ul kishi bunday dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin namozini kun oqqanda o‘qir erdilar. Asrni o‘qib bo‘lganlaridan keyin, agar kishi shaharning eng chekkasiga borsa, hali Quyoshning harorati pasaymagan bo‘lur erdi (Abu Barza shom to‘g‘risida ne deganlarini bilmasman, yodimdan ko‘tarilibdir). Tunning uchdan bir qismi o‘tguncha kutib o‘tirmay xuftonni o‘qib olar erdilar. Xuftondan avval uxlamakni va xuftondan keyin so‘zlashib o‘tirmakni yoqtirmas erdilar. Namozi bomdodni o‘qib bo‘lganlarida kishi yonidagi sherigini taniydirgan darajada yorug‘ bo‘lur erdi. Bomdodning ikkala rak’atida yokim bir rak’atining o‘zida 60 dan 100 tagacha oyat o‘qir erdilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Har bir namozda Qur’on o‘qilg‘aydir. Janob Rasululloh bizga nelar degan bo‘lsalar, hammasini sizlarga yetkazdik, neni bizga aytmagan bo‘lsalar, o‘shani biz ham sizlarga aytmadik. Surai «Fotiha» ga boshqa surani zam qilmasangiz ham bo‘lg‘aydir, biroq zam qilsangiz, nur ustiga a’lo nur!».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:08:04

103-bob. Bomdod namozini ovoz chiqarib qiroat qilmoq

Ummu Salama aytadirlar: «Odamlarga ergashib Ka’batullohni tavof qildim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ersalar bomdod namozini o‘qiyotib, «At-Tur» surasini qiroat qilayotgan erdilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir jamoa sahobalar birlan birga Ukoz bozoriga bormakni niyat qilib chiqdilar. (Shu payt) shaytonlar bilan osmondan keladirgan xabar yo‘li oralig‘i to‘sildi, osmonga quloq solmoqchi bo‘lgan shaytonlarga o‘t otildi. Shaytonlar bir-birlariga: «Osmondan keladirgan xabar yo‘lining to‘silib qolganiga faqat yerda biror hodisa ro‘y berganligi sabab bo‘lmog‘i mumkin. Yerni Mag‘ribdan Mashriqqacha aylanib ko‘ringlar-chi, nega osmondan keladirgan xabar yo‘li bizga to‘sib qo‘yilgan erkan?» — deyishdi. Tuhoma tog‘i tomon yo‘llangan shaytonlar u yerdan qaytayotib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni Nahla degan joyda sahobalar birlan bomdod namozini o‘qiyotganlarida uchratib qolishdi. Shaytonlar Qur’onni eshitib: «Xudo haqqi, osmondan keladirgan xabar yo‘lini bizdan to‘sib turgan narsa xuddi mana shuldir»,— deb o‘z qavmlari oldiga qaytib ketishdi. Yetib borishgach: «Ey qavmimiz, biz to‘g‘ri yo‘lga chorlovchi ajoyib Qur’on eshitdik, unga iymon keltirdik, rabbimizga hech bir shirk keltirmaymiz»,— dedilar. Shunda Olloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga «Qul uhiya ilayya» deb boshlanadirgan «Jin surasini» nozil qildi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga jinlar aytgan gaplar ham vahiy qilindi».

Ibn Abbos rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozning ovoz chiqarib o‘qish buyurilgan joyini ovoz chiqarib o‘qidilar, buyurilmagan joyini ichlarida o‘qidilar. Olloh taoloning «Va mo kona rabbuka nasiyyan»—«Rabbingiz unutg‘uvchi ermasdir» (ushbu oyatda Olloh taolo namozning qaerini ovoz chiqarib va qaerini ovoz chiqarmay o‘qimoq, kerakligini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga ayon qildi) hamda «Laqad kona lakum fi rasulillohi usvatan hasanatan» —«Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sizlarga yaxshi ibratlari bordir» (ushbu oyatda Olloh taolo Dini islomni faqatgina Qur’on birlan ermas, balkim Rasulullohning qilmishlari birlan ham mukammal qilajagini aytadir) degan oyatlari mana shu xususdadir».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:08:24

104-bob. Bir rak’atda ikki surani jam qilib o‘qimoq; suraning oxirgi oyatlarini o‘qimoq; suraning kattasidan avval kichigini o‘qimoq hamda suraning dastlabki oyatlarini o‘qimoq

Abdulloh ibn Soib rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozida «Mu’minun» surasini o‘qidilar. Muso va Horun yokim Iso to‘g‘risidagi oyatga kelgan vaqtlarida ul kishini yo‘tal tutgan erdi, ruku’ qildilar (bu — suraning ba’zi bir qismini zam qilmoq mumkinligini bildiradir). Umar raziyallohu anhu birinchi rak’atda «Baqara» dan 120 oyat o‘qidilar, ikkinchi rak’atda ersa (7 ta katta suradan tashqari) bitta sura (100 oyatga yaqin) o‘qidilar. Ahnaf ibn Qays raziyallohu anhu birinchi rak’atda «Kahf» surasini, ikkinchi rak’atda ersa «Yusuf» yokim «Yunus» surasini o‘qidilar.

Ahnaf Hazrat Umar birlan birga bomdod namozida shu ikki surani o‘qiganini aytdi. Ibn Mas’ud raziyallohu anhu birinchi rak’atda «Anfol» surasidan 40 oyat, ikkinchi rak’atda ersa «Tivolk mufassal» dan bir sura o‘qidilar. «Bir surani ikki rak’atga bo‘lib yokim bir surani ikki rak’atda takroran o‘qimoq joizdir, zero bularninS har biri Ollohning kitobidir»,— deydilar.

Anas raziyallohu anhu naql qiladirlar: «Ansoriylardan bir kishi Qubo masjidida imomlik qilur erdi. Ul har safar namozda bir sura qo‘shib o‘qiydirgan bo‘lsa, «Qul huvallohu ahad» ni o‘qir erdi. Agar undan keyin yana bir sura o‘qiydirgan bo‘lsa, unga ham «Qul huvallohu ahad» ni qo‘shib o‘qir erdi. Har bir rak’atda shunday qilur erdi. Shunda uning qavmi: «Siz namozni doimo «Ixlos» surasi birlan boshlaysiz. Shuning o‘zi kifoya qilmag‘aydir, deb o‘ylaysizmi? Nechun unga yana bir sura qo‘shg‘aysiz? «Ixlos» surasining o‘zinigina yokim uning o‘rniga boshqa bir surani o‘qisangiz bo‘lmag‘aymi?» — deyishdi. Ul kishi: «Men bunday qila olmasman. Agar meni yaxshi ko‘rsangiz, shunga ko‘ng‘aysiz, aks holda men sizlarga imomlik qilmasman»,— dedi.

Qavmi uni juda yaxshi ko‘rar va ul kishidan bo‘lak kishining imom bo‘lmog‘ini istamas erdi. Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam o‘sha qavmning qishlog‘iga borganlarida bu haqda ma’lum qilishdi. Janob Rasululloh: «Ey falonchi, qavming buyurgan ishni qilmog‘ingga ne monelik qilur, ne sababdin har rak’atda shul surani o‘qig‘aysen?» — dedilar. «Men shul surani yaxshi ko‘rg‘aymen»,— deb aytdi imom. «Bul suraga nisbatan bo‘lsan muhabbating seni jannatga kiritg‘usidir»,— dedilar Janob Rasululloh».

Abu Voil rivoyat qiladirlar: «Bir kishi, Ibn Mas’udning huzurlariga kelib: «Kechki namozning bir rak’atida «Mufassal» dagi suralarning hammasini o‘qidim»,— dedi. Shunda Ibn Mas’ud unga: «Bu qilganing yaxshi ermas, unda, she’rni sharillatib o‘qigandek o‘qibdirsan-da! Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir-biriga qo‘shib o‘qiydirgan o‘xshash suralarni bilur erding-ku?!» deb, «Mufassal» dagi har rak’atda 2 tasi o‘qiladirgan 20 ta surani eslatdilar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:08:46

105-bob. Farz namozining oxirgi ikki rak’atida surai «Fotiha» ni o‘qimoq

Abdulloh ibn Abu Qatodaning otalari rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshinning avvalgi ikki rak’atida Surai «Fotiha» birlan yana ikki surani va keyingi ikki rak’atida Surai «Fotiha» ning o‘zini o‘qir erdilar. (Ba’zi bir) oyatni bizga eshittirib o‘qir erdilar. Birinchi 'rak’atni cho‘zib, ykkinchi rak’atni ersa qisqaroq. o‘qir erdilar. Namozi asrda ham bomdodda ham shunday qilur erdilar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:08:56

106-bob. Peshin va asrni ovoz chiqarmay o‘qish

 Abu Ma’mar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam peshin va asr namozlarida ham qiroat qilarmidilar?» — dedim Xabbobga. «Ha»,— dedi. «Qandoq bilur erding?»—dedik. «Soqollarining qimirlaganidan»,— dedi Xabbob».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:09:13

107-bob. Imom (ba’zi) oyatni eshittirib o‘qisa...

Abdulloh ibn Abu Qatodaning otalari rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin va asr namozlarining avvalgi ikki rak’atida Surai «Fotiha» birlan yana bitta sura o‘qir erdilar, goho oyatni bizga eshittirib o‘qir erdilar. Birinchi rak’atda uzunroq o‘qir erdilar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:09:25

108-bob. Namozxon birinchi rak’atda uzunroq qiroat qilg‘aydir

Abu Qatodaning otalari rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin namozining birinchi rak’atida uzunroq, ikkinchi rak’atida ersa qisqaroq qiroat qilur erdilar. Bomdod namozida ham shundoq qilur erdilar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:09:40

109-bob. Imomning «Omin» deb eshittirib aytmog‘i

Ato raziyallohu anhu: «Omin — duodir»,— deganlar. Abdulloh ibn Zubayr: «Omin»,— dedilar va orqalaridagilar ham: «Omin»,— deyishdi, hatto masjid jannatdek gurkirab ketdi. Abu Hurayra raziyallohu anhu imomga: «Ominni shoshilib aytmangiz!» — derdilar. «Ibn Umar «Omin»da yaxshilik (savob, fazilat) bor, deb aytur erdi»,— deydilar Nofi’.

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam: «Imom «omin» desa, sizlar ham «omin» deb aytingiz, chunkim kimning «omin» degani maloikalarning «omin» deganiga to‘g‘ri kelg‘aydir, qilgan gunohlari kechirilg‘aydir»,— deganlar. Ibn Zuhriy: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «omin» der erdilar»,— deydilar».

Qayd etilgan


Nodi  06 Oktyabr 2006, 16:09:53

110-bob. «Omin» demoqning fazilati

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sizlar «omin» desangiz-u, osmonda maloikalar ham siz birlan barobar «omin» desalar, qilgan gunohlaringiz mag‘firat etilg‘aydir»,— deganlar».

Qayd etilgan