147-bob. Namozda salom berishdan avval duo o‘qimoq
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozda «Ollohumma inniy a’uzu bika min azobi qabrin va a’uzu bika min fitnat-il-Masihi-d-Dajjoli va a’uzu bika min fitnat-il-mahyo va fitnat-il-mamoti, Ollohumma inniy a’uzu bika min-al-ma’sami va-l-mag‘rami» degan duoni o‘qir erdilar (Duoning ma’nosi: «Ilohi, meni qabr azobidan, Dajjol fitnasidan saqlag‘il, tiriklikdayu o‘lim oldida bo‘ladigan fitnalardan asrag‘il! Ilohi, meni gunohkor va kishilardan qarzdor bo‘lmoqdan o‘zing asrag‘il!»). Shunda bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Nechun muncha, qarzdor qnlib qo‘ymag‘il, deb iltijo qilursiz?» — dedi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar kishi to‘layolmaydigan darajada qarzdor bo‘lib qolg‘aydir, doimo yolg‘on gapirg‘aydir, va’da qilsa, ustidan chiqmagaydir»,— dedilar».
Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning namoz oxirida Dajjol fitnasidan asramoqni Ollohdan iltijo qilganlarini eshitdim»,— deydilar.
Abu Bakr Siddiq Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: Namozda o‘qiydirgan bir duo o‘rgating»,— dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: . «Ilohi, men o‘z jonimga ko‘p zulm qildim, (bunday) gunohlarni sendan boshqa hech kim kechira olmag‘aydir, faqat o‘zing kechira olg‘aydirsan. Ilohi, fazlu marhamatingni darig‘ tutmay, meni mag‘firat qilg‘aysen, mendan rahmatingni ayamagaysen, Sen gunohlarni kechirg‘uvchi va bandalarni mag‘firat qiluvchi zotdirsen! degan duoni o‘qig‘il!» — dedilar. Mazkur duoning arabchasi: «Ollohumma inniy zalamtu nafsiy zulman kasiro va lo yag‘firu-z-zunuba illo anta, fag‘firliy mag‘firatan min indika varhamniy, innaka ant-al-g‘afurur-rahiym».