Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863726 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 ... 128 B


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:53:24

5-bob. Muqimlikda zuho namozi o‘qimoq

Atbon ibn Molik raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mening uyimda zuho namozi o‘qidilar, biz ul kishiga iqtido qildik» ,— deydilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Do‘stim Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga to o‘lgunimcha uch narsaga amal qilmoqni - har oyda uch kun ro‘za tutmoqni, zuho namozini o‘qimoqni va vitr namozidan keyin uxlamoqni vasiyat qildilar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Bir baqaloq ansoriy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasululloh, men masjidga kelib siz birlan birga namoz o‘qimoqqa qodir ermasman»,- deb uzrini aytdi. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uchun bir taom tayyorlab, uyiga chaqirdi. Bir bo‘yrani tozalab, yerga solib berdi, Janob Rasululloh bo‘yra ustida ikki rak’at namoz o‘qidilar». Falon ibn Falon ibn al-Jorud: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zuho namozi o‘qirmi erdilar?» - deb Anasdan so‘radi. Anas: «O’shal kunlardan boshqa kuni o‘qiganlarini ko‘rmaganman»,- dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:53:35

6-bob. Peshinning farzidan avval ikki rak’at namoz o‘qimoq

Ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan 10 rak’at sunnat namozini yodlab (o‘rganib) oldim: peshinning farzidan avval ikki rak’at, farzidan keyin ikki rak’at, shomning farzidan so‘ng ikki rak’at (uylarida o‘qidilar) va xuftonning farzidan keyin ikki rak’at (uylarida o‘qidilar), bomdodning farzidan avval ikki rak’at (bu vaqtda Rasululloh huzurlariga birov kirmas erdi). Menga Hafsa opam: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam muazzin azon aytganda (tong otganda) ikki rak’at namoz o‘qir erdilar»,- deb aytdilar».

Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshinning farzidan avvalgi to‘rt rak’at, farzidan keyingi ikki rak’at hamda bomdodning farzidan avvalgi ikki rak’at namozni kanda qilmas erdilar»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:53:47

7-bob. Shom namozidan avval namoz o‘qimoq

Abdulloh al-Moziniy rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shom namozidan avval ikki rak’at namoz o‘qingiz!» - deb uch marta aytganlaridan keyin, «Odamlar buni sunnat deb tushunmasinlar, tag‘in!» degan o‘y birlan: «Xohlagan kishi o‘qisin!» - deb qo‘ydilar».

Marsad ibn Abdullohrivoyat qiladirlar: «Uqba ibn Omir al-Juhaniy huzuriga borib: «Abu Tamiym haqida bir so‘z aytib, sizni ajablantirayinmi? Ul shom namozidan avval ikki rak’at namoz o‘qiydir»,- dedim. Shunda Uqba: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida shundoq qilur erdik»,- dedi. «Hozir shundoq qilmog‘ingizga ne mone’lik qilur?»-dedim. «Ishimning ko‘pligi»,-dedi Uqba».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:54:01

8-bob. Nafl namozlarni jamoat bo‘lib o‘qimoq haqida

Anas ibn Molik va Oisha onamiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning nafl namozlarni jamoat bo‘lib o‘qimoq lozimligi haqida so‘zlaganlarini rivoyat qilishg‘aydir.

Mahmud ibn ar-Rabiy’ al-Ansoriy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ularning hovlisidagi quduqdan suv olib yuziga purkaganlarini hamda Rasululloh birlan birga Badr jangida qatnashgan Atbon ibn Molikdan eshitganlarini eslab, «Atbon menga bundoq degandi»,— dedilar: «Men o‘z qavmim bo‘lmish Baniy Solimga imomlik qilur erdim. Qavmim yashaydirgan qishloq birlan mening o‘yim oralig‘ida bir vodiy bor erdi va yomg‘ir yoqqanda o‘tib bo‘lmaydirgan bo‘lib qolar erdi. Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga borib: «Mening ko‘zim xiralashib qoldi, yomg‘ir yoqqanda qavmim birlan o‘zimning o‘rtamdagi vodiyni kesib o‘tmoq mening uchun juda og‘irdir, uyimga borib bir tayinli joyda namoz o‘qib bersangiz-u, men o‘shal yerni o‘zimga namozgoh qilib olsam!» - dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Xo‘p, shundoq qilg‘aydirmen»,- dedilar. Nihoyat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyimga kyolib, eshigimni taqillatdilar. Men chiqib, ichkariga taklif etdim. Janob Rasululloh o‘tirmasdan: «Uyingning qay yerida namoz o‘qib berayin?» - dedilar. Men o‘zim xohlagan joyimni ko‘rsatdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam takbiri tahrima aytib namoz boshladilar, biz ul kishining orqalarida saf tortib, iqtido qildik. Ikki rak’at namoz o‘qib, so‘ng salom berdilar. Biz ham salom berdik. Keyin, ketmoqchi bo‘lgan erdilar, «Siz uchun ataylab xazir (taom) tayyorlatib qo‘yganman, yeb ketingiz!»- deb qo‘ymadim. Mahalla ahli Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning menikiga kelganlarini eshitib, ul zotni ziyorat qilgani kirishdi. Hovlimga odam to‘lib ketdi. Qo‘shnilarymdan biri: «Molik nega ko‘rinmaydir?» - dedi. Shunda bir kishi: «Ul munofiq odam, Olloh va uning Rasulini yaxshi ko‘rmaydir»,- dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam buni eshitib: «Undoq demag‘il, Ollohni yuz-xotir qilib, Lo iloha illa-l-lohu deganini bilursen-ku!» - dedilar. «Olloh va uning Rasuli bilguvchiroqdir, ammo biz Ollohga qasamyod qilib ayturmizkim, ul faqat munofiqlar bilaygina do‘stlashib, faqat o‘shalar birlan hamsuhbat bo‘lg‘aydir»,- dedi boyagi kishi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taoloni yuz-xotir qilib, Lo iloha illa-l-lohu degan kishini Olloh taolo do‘zax o‘tida kuydirmag‘aydir»,- dedilar. «Bu voqeani ko‘pchilik orasida aytib berdim,- deb hikoya qiladir Mahmud ibn ar-Rabiy’,- ular orasida o‘shanda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning g‘azotda shahid bo‘lgan sahobalari Abu Ayyub hamda Rum mamlakatiga amir qilib tayinlangan Yaziyd ibn Mu’oviya ham bor erdi. Abu Ayyub mening aytganlarimni rad qilib: «Qasamyod qilib ayturmenkim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sen aytgan so‘zlarni hech qachon aytmagan bo‘lsalar kerak»,- dedi. Abu Ayyubning bul gapi menga juda og‘ir botdi. Agar g‘azotdan Olloh taolo meni salomat qaytarsa, agar Atbon ibn Molikni tirik topsam, mahallasining masjidida albatta undan bu haqda so‘rag‘aydirmen, deb qasamyod qildim. G’azotdan salomat qaytdim, keyin hajga (yokim umraga) ehrom bog‘lab, yo‘lga tushdim-da, Madinai Munavvaraga keldim. Baniy Solim mahallasiga bordim. Qarasam, ko‘zi ojiz, mo‘ysafid Atbon ibn Molik o‘z qavmiga imomlik qilib, namoz o‘qib turgan erkan. Namoz tugab, salom bergach, oldiga borib salom berdim. So‘ng, haligi hadisni so‘radim, Atbon ibn Molik oldin qandoq aytib bergan bo‘lsa, xuddi o‘shandoq qilib rivoyat qilib berdi».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:54:12

9-bob. Uyda nafl namozi o‘qimoq

Ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi  va  sallam: «Uyingizda    ham    nafl    namoz    o‘qib    turingiz,    uyingizni    qabriston    qilib qo‘ymangiz»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:54:41

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI

1-bob. Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara masjidlarida o‘qilgan namozning fazilatlari to‘g‘risida

Qaz’a raziyallohu anhuga Abu Sa’id (Janob Rasululloh birlan birga 12 ta g‘azotda qatnashgan): «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagi to‘rt nasihatni eshitganman» ,— debdir: «Xotin kishi ikki kunlik yo‘lga faqat mahrami yo‘ldoshlig‘ida chiqmog‘i lozim; ikkala hayitda ro‘za tutmaslik kerak; bomdoddan keyin kun chiqquncha va asrdan keyin kun botguncha namoz o‘qimoq yaramaydir; ko‘proq savob olurmen degan odam Al-Masjid al-Haromga (Ka’batullohda), Masjid ur-Rasul sallallohu alayhi va sallamga (Madinada) va Masjid ul-Aqsoga (Quddusda) chiqmog‘i lozimdir».

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ko‘proq savob olurmen degan odam boshqa masjidlarga izg‘imay, faqat Al-Masjid al-Harom, Masjid ur-Rasul sallallohu alayhi va sallam. va Masjid ul-Aqsoga chiqsin!» - deganlar».

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mening masjidimda o‘qilgan bitta namoz mingta namozdan savobliroq bo‘lib, unga faqat Al-Masjid al-Haromda o‘qilgan namozgina tenglasha olg‘aydir»,- deganlar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:54:53

2-bob. Qubo masjidi haqida

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu faqat ikki kun - Makkaga va Qubo masjidiga kelgan kunlari zuho namozi o‘qir erdilar. Makkaga aynan zuho namozi o‘qiladirgan vaqtda yetib kelar erdilar-da, Baytullohni tavof aylab, so‘ng Maqomi Ibrohimda ikki rak’at namoz o‘qir erdilar. Qubo masjidiga ersa, har shanba kuni kelib, namoz o‘qimasdan ketmas erdilar. Ibn Umar menga bunday degan erdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham ba’zan otliq, ba’zan piyoda Masjid ul-Quboni ziyorat qilur erdilar, sahobai kiromlar ham shundoq qilishg‘aydir, men ham ulardan o‘rnak olib shundoq qilmoqdamen. Men hech kimning, xoh kunduzi va xoh kechasi bo‘lsin, istagan vaqtda namoz o‘qimog‘iga mone’lik qilmasmen, faqat kun chiqayotgan yokim botayotgan vaqtda o‘qimasa, bo‘ldi!»

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:55:03

3-bob. Qubo masjidiga har shanba kelgan kishi haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har shanba kuni Qubo masjidiga goh piyoda, goh ot.minib kelar erdilar». (Buni ko‘rib Abdulloh ibn Umar ham shundoq qilar erdilar).

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:55:13

4-bob. Qubo masjidiga ot minib yokim piyoda kelmoq

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam Qubo masjidiga goh otda, goh piyoda kelar erdilar». Ibn Numayr yuqoridagi hadisga qo‘shimcha qilib: «Ibn Umar Qubo masjidiga kelgan zahoti ikki rak’at namoz o‘qib, so‘ng o‘tirar erdi»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:55:27

5-bob. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qabrlari birlan minbarlari orasida namoz o‘qimoqning fazilati

Abdulloh ibn Zayd al-Moziniy rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uyim birlan minbarim oralig‘idagi joy jannat bog‘laridan biridir!» - deganlar».

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uyim birlan minbarim oralig‘idagi joy jannat bog‘laridan biridir! (Oxiratda) minbarim Havzi Kavsarim qirg‘og‘ida bo‘lg‘aydir»,- deb aytganlar».

Qayd etilgan