Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863516 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 128 B


Laylo  19 Iyun 2006, 05:41:35

36-bob. Ayollarga ilm o‘rgatmoq uchun alohida kun tayinlasa bo‘ladimi?

Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: «Ayollar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Erkaklar sizdan har kuni ilm o‘rganishadi, bizga ham bir kun ajrating»,— deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kunni tayinlab, o‘sha kun kelgach, ularga va’z-nasihat aytdilar, ba’zi diniy ishlarni buyurdilar: «Ey xotinlar, orangizda uchta bolasi o‘lgan birorta ham xotin bo‘lmasa kerak, mobodo bo‘lsa, uni o‘sha bolalari parda bo‘lib do‘zax o‘tidan asraydi»,— dedilar. Shunda bir xotin: «ikkita bo‘lsa-chi?» — dedi. Rasululloh: «ikkita bo‘lsa ham (parda bo‘lgay)»,— dedilar (bu gap otaga ham taalluqlidir)».

Shu mazmundagi hadisni Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Balog‘atga yetmagan uchta farzand»,— deb rivoyat qiladilar.

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:41:52

37-bob. Eshitganini yaxshilab bilib olmoq uchun qaytadan so‘rashning joizligi

Ibn Abu Mulayka raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jufti halollari — Oisha onamiz Rasulullohdan bir narsani eshitsalar, yaxshi tushunib olish uchun yana qayta so‘rar edilar. (Bir kuni) Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim oxiratda hisob-kitob qilinsa, azob tortadi»,— dedilar. Shunda Oisha onamiz: «Alloh taolo oyati karimasida «Keyin hisobi yasir (engil hisob) qilgaymiz» degan emasmidi?» — dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu bandalarga bir eslatib qo‘yishdir. Ammo kimki hisob-kitobga ro‘baro‘ qilinsa, halokatga uchragay»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:42:29

38 bob. Hadis eshitganlar eshitmaganlarga yetkazishi lozimligi

Sahoba Abu Shurayhdan: «Abu Shurayh Amr ibn Sa’idga, u Makkaga vakillar yuborayotganda, bunday dedi: «Gapirishga izn ber, ey Amr! Makka fath (zabt) qilingan kunning ertasiga Rasululloh aytgan so‘zlarni senga aytib beray, bu so‘zlarni aytayotganlarida ikki ko‘zim ko‘rib, ikki qulog‘im eshitib, qalbim o‘z ongiga jo qilgan. Rasululloh Allohga hamdu sano aytganlaridan so‘ng,» dedilar: «Makkai Mukarramani Alloh taolo muqaddas qilgandir, bu yerda odamlar jinoyat (gunoh) qilgan emaslar, shu boisdan Allohga va oxiratga ishongan kishining bu yerda qon to‘kmog‘i va daraxtlarini sindirmog‘i gunohdir. Agar biror kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Alloh urush qilishga izn bergan-ku?!»—desa, unga: «Alloh taolo o‘zining Rasuliga izn bergan, bizga ruxsat bermagan»,— deb aytingiz! Alloh menga ham bu yerda kunduzi bir soatgina urush qilmoqqa izn berdi, keyin Makkaning kechagi hurmati o‘z o‘rniga qaytdi. Buni eshitganlar eshitmaganlarga yetkazingiz!»

Abu Shurayxdan «O’shanda Amr senga ne dedi?»—deb so‘rashdi. «Ey Abu Shurayh, men sendan yaxshi bilaman. Makka gunohkorni qutqarmaydi, qasosdan qochganni qutultirmaydi, o‘g‘rini ham jazodan asramaydi, deb aytdi»,— dedi. Amr, Makkada Abdulloh ibn Zubaydning Yazid xalifaligini tan olmasdan bosh ko‘targanini osiylik deb hisoblab, unga qarshi qo‘shin yubormoqchi bo‘ldi».

Abu Bakra raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni eslab, Rasululloh bunday deganlar dedi: «Ushbu kun va oy hurmati, bir-biringizning mol-mulkingizni talamangiz, qoningiz va obro‘yingizni to‘kmangiz. Gapimni eshitganlar eshitmaganlarga yetkazsinlar!»

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:42:46

39-bob. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam to‘g‘rilarida yolg‘on gap to‘qigan odamnivg gunohi to‘g‘risida

Hazrat Ali raziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mening to‘g‘rimda yolg‘on so‘z aytmangiz, kimki aytsa, do‘zaxga tushsin!» deganlar»,— deb aytganlar.

Abdulloh ibn Zubayr otasiga: «Siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam to‘g‘rilarida falonchi va pistonchi kabi so‘zlamayapsiz»,— dedi. Zubayr: «Ammo men haqiqatan Rasulullohdan ajralmaganman, birga bo‘lganman, o‘zlaridan eshitganman»,— dedi. «Kimki mening to‘g‘rimda yolg‘on so‘zlasa, do‘zax o‘tidan o‘ziga joy tayyorlayversin!» deganlar»,— dedi Abdulloh.

Anas ibn Molik raziyallohu anhu: «Men sizlarga ko‘p hadis aytib berardim-ku, lekin Rasululloh aytgan bir so‘zlari meni shashtimdan qaytaradi, u kishi: «Kimki mening to‘g‘rimda yolg‘on so‘z to‘qisa, do‘zax o‘tidan o‘ziga joy tayyorlayversin!» deganlar»,— deb aytganlar.

Salama ibn Akva’ raziyallohu anhu deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim mening nomimdan aytmaganimni aytsa, do‘zax o‘tidan o‘ziga joy tayyorlayversin!» deganlar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Farzandlaringizga ismimni qo‘yingizlar, Abulqosim deb kunyamni qo‘ymangizlar! Kimki meni tushida ko‘rsa, o‘zimni ko‘ribdi, chunki shayton mening suratimga kira olmaydi, kimki mening nomimdan yolg‘on so‘zlasa, do‘zax o‘tidan o‘ziga joy tayyorlayversin!» deganlar».

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:43:03

40-bob. (Din) ilmini (kitob qilib) yozmoq

Abu Juhayfadan: «Hazrat Ali raziyallohu anhuga aytdilar: «Sizda Allohning Kitobidan boshqa kitob bormi?» Ali: «Yo‘q, faqat Allohning Kitobi, musulmon kishiga beriladigan «Fahm risolasi» va mana bu sahifadagi narsa bordir»,— dedilar. Abu Juhayfa dedi: «Bu varaqdagi nima?» Ali dedilar: «Xun hukmi, asirni ozod qilmoq va kofir uchun musulmondan qasos olmoqning haromligi (to‘g‘risida)».

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Makka fath qilingan yili Xuzo’a qabilasi Bani Lays qabilasidan bir kishini o‘ldirdi (johiliyat davrida qabiladoshlaridan bir kishini o‘ldirishgani uchun qasos olishdi). Bu xabar Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetkazildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tuyalariga minib va’z aytdilar: «Alloh taolo Makkayu Mukarramadan o‘limni bartaraf qildi (yoki fil askarlarini), Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hamda mo‘‘minlarning qo‘lini baland aylab, ularni mag‘lub etdi. Ogoh bo‘lingiz! Makkada urush qilmoq va o‘ldirmoq mendan avval ham biror kishiga ruxsat etilmagandir (halol bo‘lmagandir) va mendan keyin ham biror kishiga ruxsat qilinmaydi (halol bo‘lmaydi). Kunduzi bir soatgagina (halol bo‘ldi) izn berildi, urush qilmoq va o‘ldirmoq shu soatdan e’tiboran haromdir (man’ etiladi). Makkaning tikani ham yulinmaydi, daraxti ham kesilmaydi, tushib qolgan (yo‘qotilgan) narsasi ham olinmaydi, faqat odamlarga ma’lum qilmoq uchun olinadi. Kim o‘ldirilgan bo‘lsa, uning qarindoshi ikki yo‘ldan birini tanlaydi,"yo xunini oladi, yo qasosini oladi». Yamanliklardan biri kelib: «Yo Rasulalloh, menga yozib bering!»—dedi. Rasululloh: «Falonchiga yozib beringiz!»—dedilar. Quraysh qabilasidan bir kishi dedi: «Yo Rasulalloh, tikanlari yulinmaydi, daraxtlari kesilmaydi dedingiz, biroq izxir (xushbo‘y o‘simlik) o‘rilsa, mayli deng! Yo Rasulalloh, biz izxirni o‘rib, uylarimizga olib boramiz va qabrlarimizga qo‘yamiz». Rasululloh: «Izxir o‘rilsa, mayli»,— dedilar».

Abu Hurayra aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari orasida hadislarni mendan ko‘ra ko‘proq biladigan kishi yo‘qdir. Yolg‘iz Abdulloh ibn Amrgina ko‘proq bilar edi, chunki u yozishni bilardi, men esa bilmas edim».

Ibn Abbos bunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (og‘riq) kasallari zo‘raygach: «Qog‘oz keltiringiz (daftar-qalam), sizlarga biror narsa yozib beraman, keyin adashmaysizlar»,— dedilar. Hazrat Umar (yonidagi sahobalarga): «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni (og‘riq) dard yengib qo‘ydi, bizda Allohning Kitobi bor-ku, bizga shu kifoya qiladi»,— dedilar. Shunda sahobalar o‘rtasida g‘ovur-g‘uvur boshlanib, gap ko‘payib ketdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Meni xoli qo‘yingiz (oldimdan chiqingiz), mening qoshimda janjal qilmangiz!» dedilar. Ibn Abbos tashqariga chiqib: «Bu zo‘r baxtsizlikdir, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yozib beramen, degan narsalariga to‘sqinlik qilmoq — zo‘r baxtsizlikdir!» — deb aytdilar.

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:43:15

41-bob. Tunda ilm (ta’lim) berish va va’z aytish xususida

Ummu Salamadan: «Kunlardan bir kuni kechasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uyg‘onib dedilar: «Subhonalloh, bu kecha qanchadan-qancha fitnalar nozil qildiykin va qanchadan-qancha rahmat xazinasi eshiklarini ochdiykin. Hujralarda uxlab yotganlarni (ibodatga) uyg‘otingiz, bu dunyoda kiyimlik — oxiratda yalang‘ochdir!»— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:43:29

42-bob. Tunda ilmdan suhbatlashish

Abdulloh ibn Umardan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayotlarida so‘nggi marta biz bilan xufton namozini o‘qidilar. Ikki taraflariga salom berganlaridan so‘ng, o‘rinlaridan turib: «Bilasizmi, bu kechani? Shu kechadan boshlab to‘liq 100 yil o‘tgach, yer yuzida (hozir tirik) kishilardan birontasi qolmaydi»,— dedilar».

Ibn Abbosdan: «Rasulullohning jufti halollari bo‘lmish xolam Maymunaning uylarida yotib qoldim. Rasululloh sollallohu alayx va sallamning ham xolamnikida bo‘ladigan kechalari ekan. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biz bilan xuftonni o‘qib bo‘lgach, uylariga kirib, to‘rt rak’at namoz o‘qidilar, keyin uyquga yotdilar, keyin turib: «Bola uxlab qoldimi?»—dedilar yoki shunga o‘xshash bir so‘z aytdilar. Keyin namoz o‘qishga turdilar, men chap yonlariga kelib turdim. Meni o‘ng tomonlariga o‘tkazib qo‘ydilar. Avval 5 rak’at, keyin 2 rak’at namoz o‘qidilar, keyin mizg‘idilar, hatto men pishillaganlarini eshitdim. Keyin turib namozga chiqib ketdilar».

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:43:44

43-bob. Ilmni (xadisni) yod olish

Al-A’raj bu xususda bunday deydilar: «Abu Hurayra hadisni ko‘p aytadi», deyishadi. «Agar Allohning Kitobi (Qur’on)da ikki oyat bo‘lmaganda edi, bitta ham hadis aytmas edim»,— degan edilar Abu Hurayra, keyin oyatning «Biz nozil qilgan yo‘l-yo‘riqlar va hidoyatni yashirganlar»... degan joyidan to «ar-Rahim» degan so‘zigacha o‘qigandilar (mazkur oyatda ilmni berkitgan odamlarni Alloh taolo mazammat qiladi — qoralaydi). Muhojir birodarlarimiz bozorlarda bor-baraka qilish bilan ovora edi, ansoriy birodarlarimiz esa, o‘z xo‘jaliklaridagi ishlar bilan band edi. Abu Hurayra esa Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ortlaridan qolmas edi. Qornini bir to‘yg‘azib olib, ular (muhojirlar, ansoriylar) hozir bo‘lmagan joylarda Abu Hurayra hozir bo‘lar edi. Ular yodlamagan narsalarni (hadislarni) Abu Hurayra yodlar edi».

Abu Hurayra bunday deganlar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, men sizdan ko‘p hadis tinglayman-u, ammo unutib qo‘yaman»,— dedim. Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam muborak qo‘llari bilan (suv hovuchlagandek) Allohning fayzu barakotidan (choponimga) hovuchlab soldilar, keyin: «Bag‘ringga bos!»— dedilar. Men bag‘rimga bosdim, shundan keyin hech narsani (hadisni) esimdan chiqarmaydigan bo‘ldim».

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan «ikki idish» (narsa) yod oldim, bittasini sochdim (odamlarga aytdim), ammo ikkinchisini agar sochadigan bo‘lsam (aytsam), mana bu halqum kesiladi»,— dedilar (birinchisi hadislar edi, ikkinchisi esa, kelajakda bo‘ladigan fitnalar to‘g‘risidagi xabarlar edi).

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:43:56

44-bob. Ulamolarga jim turib quloq solishning ma’qulligi

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Haj-jat ul-Vido’da turganlarida Jarir ibn Abdullohga: «Odamlarni jim qilg‘il, tinglasinlar!»— dedilar. So‘ngra: «Mendan keyin bir-biringizni o‘ldiradigan kofirlar bo‘lib ketmangiz!»—deb qo‘shib qo‘ydilar.

Qayd etilgan


Laylo  19 Iyun 2006, 05:44:11

45-bob. «Odamlarning eng olimi qaysi?»,— deb so‘ralganda, «Olim kishini Alloh bilgaydir»,— deb javob qilishning ma’qulligi

Sa’id ibn Jubayr Abdulloh ibn Abbosga: «Navfal Bakoliy: «(Xizr bilan uchrashgan) Muso — Baniy Isroil payg‘ambari emas, balki boshqa Muso bo‘lgan, deb da’vo qilayotir»,— deganda, Abdulloh ibn Abbos: «Yolg‘on aytibdi, u Allohning dushmani ekan»,— dedilar.

Ubay ibn Ka’b Rasululloh xususlarida bunday rivoyat qilganlar: «Muso alayhissalom Baniy Isroil qavmiga va’z aytib turgan edilar, «Odamlarning eng olimi kim?»—deb so‘rashdi. Muso alayhissalom: «Men hammadan olimroqman»,— dedilar. «Alloh biladi»,—demaganlari uchun Alloh taolo u kishiga tanbeh berib, «Ikki dengizning bir-biriga qo‘shiladigan yerida bir bandam bor, u sendan olimroqdir»,—degan vahiy yubordi. «Yo rabbiy, qanday qilib u kishi bilan uchrashaman»,— dedilar. «Bir savatga baliq solib ol, so‘ng o‘sha tomonga qarab yur, agar baliqni yo‘qotsang, Xizr o‘sha yerda bo‘ladi»,— deyildi. Muso alayhissalom Yusha’ degan g‘ulomlari bilan savatga baliq solib olib, yo‘lga chiqdilar. Katta qoyatosh oldiga borganlarida, savatni qo‘yib, uyquga ketdilar. Baliq savatdan chiqib, dengizga tushib, suzib ketdi. Muso alayhissalomning g‘ulomlari taajjubda qoldi (chunki o‘sha baliq o‘lik edi). Kechaning qolgan qismida va kun bo‘yi yo‘l yurdilar. Ertasiga tong otgach, Muso alayhissalom yigitga: «Nonushtani keltirg‘il, bu safarimizda mashaqqat tortdik»,—dedilar. Muso alayhissalom tayinlangan joyga yetib borgunga qadar boshqa mashaqqat chekmadilar. Yigit dedi: «Ko‘rdingizmi, qoyatosh oldida dam olganimizda baliqni yodimdan chiqaribman (yo‘qolibdi)». «Biz istagan narsa ham xuddi shu edi»,— dedilar Muso alayhissalom va g‘ulomlari orqaga, qoyatosh tomonga yo‘l olishdi. U yerga yetib kelishganda, kiyimini yopinib yotgan kishini ko‘rdilar. Muso alayhissalom salom berdilar. Xizr: «Salom bermog‘ingning o‘rni emas»,— dedilar. Muso dedilar: «Men Musoman». Xizr dedilar: «Baniy Isroil Musosimi?» «Ha, Alloh bildirgan ilmingizdan menga o‘rgatmog‘ingiz uchun sizga ergashsam maylimi?»—dedilar Muso. «Menga ergashmoqqa sabringiz chidamaydi, ey Muso»—dedilar Xizr. «Alloh taolo sizga bir ilm o‘rgatganki, uni men bilmasman. Menga bir ilm o‘rgatganki, uni siz bilmassiz. Inshoalloh, men sabrli bo‘lgayman, ko‘rasiz, sizga osiylik qilmasman»,— dedilar Muso alayhissalom. So‘ng daryo sohili bo‘ylab yurib ketishdi. Kemalari yo‘q edi, bir kema o‘tdi, kemadagilardan (o‘zlarini) olib ketishni so‘radilar. Ular Xizrni tanib, haq olmasdan olib ketdilar. Kema chetiga bir chumchuq kelib qo‘ndi, bir-ikki cho‘qib, suv ichdi. Xizr Musoga dedilar: «Sen bilan men bilgan ilm chumchuq dengizdagi suvni cho‘qilab ozaytirolmagani kabi, Alloh ilmini ham hech kamaytirolmagay». Xizr kema taxtasidan biriga tiralib, sindirib qo‘ydilar. Shunda Muso dedilar: «Haq olmasdan bizlarni olib ketayotganlarning kemasini teshib, odamlarni g‘arq qilmoqchimisiz?» Xizr dedilar: «Aytmadimmi, sabr qilmassiz». Bu Muso alayhissalomning (Xizr so‘zlarini) birinchi bor unutishlari edi. So‘ng jo‘nab ketishdi. Bir joyda Xizr o‘ynab turgan bolalardan birining boshini qo‘llari bilan uzib tashladilar. Muso dedilar: «Begunoh odamni nahaq o‘ldirdingiz». Xizr dedilar: «Aytmadimmi sizga, men bilan yurmoqqa sabr qilolmassiz deb!» Abu Sufyon: «Xizr shunday deb ta’kidladilar, keyin jo‘nab ketishdi»,— deydi. Bir qishloq ahli mehmon qilmoqdan bosh tortdi. Qishloqda ular yiqilayozgan bir devorni ko‘rdilar. Xizr «tuzatib qo‘yaman» degan ma’noda qo‘llari bilan ishora qildilar. Devorni to‘g‘irlab qo‘ydilar. Muso dedilar: «Agar xohlasangiz, shunga haq olingiz» Xizr dedilar: «Mana bu (so‘zingiz) siz bilan mening ajralmog‘imizga sababdir».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alloh taolo Musoni rahmat qilsin! Juda ham yaxshi ko‘rar edik u kishini, agar sabr qilganda (juda ajoyib narsalarni ko‘rar edi), ikkalalari o‘rtasida bo‘lgan ishlarni bizga hikoya qilib berishar edi»,— deb aytdilar».

Qayd etilgan