Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863826 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 ... 128 B


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:22:41

32-bob. Mayyitga (aza tutib) dod solib yig‘lashning makruhligi

Hazrat Umar raziyallohu anhu: «Qo‘yaverg‘il ularni, Abu Sulaymonga aza tutib yig‘lashaversin, boshlariga tufroq sochib va dod solib yiglashmasa, bo‘lgani!» — dedilar. Imom Buxoriy: «Naq’ — boshga tufroq sochmoq, laqlaqa — dod-voy solmoq deganidir»,— deydilar.

Mug‘iyra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitganman»,— deydilar: «Albatta, mening nomimdan yolg‘on so‘z aytmoq, boshqa biror kishining nomidan yolg‘on so‘z aytmoq kabi ermasdir. Kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on so‘z to‘qig‘aydir, do‘zaxdan o‘ziga joy shaylayversin! Qaysi mayyitga kim aza tutib, dod solib yig‘lag‘aydir, o‘shal mayyit dod solib yiglangani tufayli azobga qolg‘usidir».

Ibn Umar raziyallohu anhuning otalari rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam; «O’lik, unga aza tutguvchilarning dod solib yig‘lagani sababli, qabrida azoblang‘aydir»,— deganlar».
Shu’ba raziyallohu anhu: «O’lik, unga aza tutguvchi tirikning yig‘isi sababli, azoblang‘aydir»,— deganlar.

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:23:00

33-bob.

Ibn ul-Munkadirga Jobir ibn Abdulloh bunday deb rivoyat qilgan erkanlar: «Uhud jangi kuni otamning o‘ligini kiyimlariga o‘ralgan holda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga keltirib qo‘yishdi-da, ul kishining quloq va burunlari kesib tashlanganini aytishdi. Men borib yuzlarini ochmoqchi erdim, qarindoshlarim qo‘yishmadi, so‘ng yana borib ochmoqchi bo‘lganimda, qarindoshlarim yana qo‘yishmadi, so‘ng yana ochmoqchi bo‘lib bordim, qarindoshlarim bu gal ham ruxsat berishmadi. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘zlari «Ochingiz!» deb buyurdilar, yuzlarini ochishdi. Shunda bir xotinning dodlagan ovozi eshitildi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimdir ul?» — dedilar. «Amrning qizi yokim Amrning singlisi»,— deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yig‘lamasin!» — dedilar. Keyin, tobutni ko‘tarishguncha farishtalar qanotlari birlan otamning tepalarida soya solib turishdi».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:23:18

34-bob. Azada yoqasini yirtib dod solgan kishi bizdan ermas (musulmon ermas)!

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: "«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki (musibat yetganda) o‘zi o‘zining yuziga urib, yoqa yirtib, islomdan oldingi johiliya davridagi odamlarning nojoiz, noo‘rin so‘zlarini aytib yig‘lag‘aydir, ul bizdan ermasdir!» - deganlar».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:23:39

35-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Sa’d ibn Xavlaga marsiya aytganlari

Amr ibn Sa’dga otalari Sa’d ibn Xavla bunday degan erkanlar: «Hajjat"ul-Vido’ yilida men qattiq kasal bo‘luvdim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam meni ko‘rgani keldilar. Shunda men: «Kasalim kuchayib ketdi, ahvolim og‘ir. Men badavlat kishidirman, bir qizimdan boshqa meros oladirgan odamim yo‘qdir. Molimning 1/3 qismini ehson qilayinmi?» - dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yo‘q»,- dedilar. «Yarmini sadaqa qilayinmi?»-dedim. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yana: «Yo‘q»,- dedilar. So‘ng: «1/3... 1/3 qismi ham ancha ko‘p narsadir, albatta sen bolalaringni odamlardan tilanadirgan faqir qilib qoldirganingdan ko‘ra, boyroq qilib qoldirganing yaxshiroqdir. Agar sen xayru sadaqa uchun molingni sarflaydirgan bo‘lsang, albatta buning evaziga Ollohdan savob olg‘aysan, hatto xotiningning og‘ziga solib qo‘ygan luqmang. uchun ham»,- deb qo‘shib qo‘ydilar. «Yo Rasululloh, men sahoba birodarlarimning orqasida qolarmikanman (ya’ni, tuzalib ketarmikanman)?» - dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sen bordiyu, (sahoba birodarlaringdan) keyin qolib, amali solih qilsang, buning evaziga Olloh dargohida daraja va martabang ziyoda bo‘lg‘aydir, shoyadki, keyin qolsang-u, sendan bir qancha mo‘‘minlar foydalansalar va bir qancha mushriklar zarar topsalar! Ilohi, sahobalarimning hijratini bexatar qilg‘il, ularni (Madinadan) orqaga qaytarmagil!» - dedilar». Lekin, bechora Sa’d ibn Xavla Makkada shfot etganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga marsiya aytdilar.

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:24:04

36-bob. Musibat yetganda sochini yulmoqni man’ qilganlari haqida

Abu Burda ibn Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abu Muso (otam) qattiq betob bo‘lib qolib, hushlaridan ketdilar, boshlari xotinlaridan birining quchog‘ida bo‘lib, birorta ham so‘z ayta olmas erdilar. Hushlariga kelganlaridan keyin: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kimdan nafratlangan bo‘lsalar, men ham o‘shandan nafratlang‘ayman. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Boshiga musibat tushganda dod-voy solgan, sochini yulgan va yoqasini yirtgan xotinlardan nafratlang‘ayman! der erdilar»,- deb aytdilar»,

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:24:29

37-bob. Boshiga musibat tushganda yuziga shapaloqlab urib, dod-voy solganlar bizdan ermasdir (musulmon ermasdir)!

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki o‘zi o‘zining yuziga urib, yoqa yirtib, dod-voy solib, islomdan avvalgi odamlarning shariatga nomuvofiq qiliqlarini qilg‘aydir, ul bizdan ermasdir!»- deganlar».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:24:47

38-bob. Boshiga musibat yetganda johiliya davridagidek dod solib, shariatga nomuvofiq so‘zlarni aytib yig‘lamoqni man’ qilganlari

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Boshiga musibat yetganda johiliya davridagidek shariatga nomuvofiq so‘zlarni aytib, yoqa yirtib, yuziga urib yig‘lagan odam bizdan ermasdir!» -deganlar».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:25:03

39-bob. Boshiga musibat tushgan odamning xafaligi yuzidan bilinib tursa...

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Ibn Horisa, Ja’far va Ibn Ruvohalarning o‘ldirilganligi to‘g‘risidagy xabar kelgan kuni Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidda o‘tirganlarida xafaliklari yuzlaridan bylinib turdi. Shunda men eshikning tirqishidan qarab turgan erdim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga bir kishi kelib, Ja’farning xotinlari yig‘lashayotganini aytdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ularni yig‘idan to‘xtatmakni buyurdilar. Xotinlarni yupatmoqqa ketgan odam qaytib kelib: «Itoat qilishmayotir»,- dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yana: «Turg‘il, borib ularni yig‘idan to‘xtattil!» - dedilar. U kishi yana qaytib kelib: «Yo Rasululloh, Ollohga qasamyod qilib ayturmenkim, xotinlar bizga bo‘yinsunmayotirlar»,- dedi. Shunda men: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam boyagi kishiga «Borib xotinlarning yuziga tufroq sochg‘il!» dedilar, deb o‘ylab, «Voy, Olloh burningni yerga ishqagur! Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning aytganlarini qilmay, ul kishini qiynab qo‘yding-ku!» - dedim».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Najd qabilasiga yuborilgan qorilar o‘ldirilganda bir oy davomida «Qunut» duosini o‘qidilar. Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘sha paytdagidan ko‘ra qattiqroq xafa bo‘lganlarini ko‘rmaganman».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:25:16

40-bob. Boshiga musibat yetganda xafaligani bildirmagan kishi

Muhammad ibn Ka’b: «Jaza’ so‘zi - yomon so‘z aytish va yomon xayolga borish hamda Olloh taolo oxiratda beradirgan yaxshilig‘lardan noumid bo‘lish, demakdir»,-  deganlar.   Ya’qub   alayhissalom:   «Men   o‘z   dardu   qayg‘umni   yolg‘iz Ollohning o‘ziga izhor qilg‘aydirman» ,— deganlar.

Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Bir kuni Abu Talhaning o‘g‘li kasal bo‘lib, vafot etgandi. Ushanda Abu Talha tashqarida yurgan erdi. Xotini o‘g‘lining o‘lganini ko‘rib, mayyitga kerak bo‘ladirgan ayrim narsalarni tayyorlab, uyning bir chekkasiga olib borib qo‘ydi. Abu Talha uyga kirib: «Bolaning ahvoli nechuk?»-deb so‘radi. Xotini: «Bir oz tinchib qoldi, orom olib uxlayotgan bo‘lsa kerak»,- dedi. Abu Talha xotini rost aytayapti, deb o‘yladi. O’sha kecha yotib, erta bilan turib g‘usl qildi. Keyin, uyidan chiqib ketmoqchi bo‘lganida, xotini bolasining vafot etganini aytdi.

Abu Talha Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga namoz o‘qib bo‘lgach, xotini birlan o‘zi o‘rtasida bo‘lgan voqeani aytib berdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shoyadki, Olloh taolo ikkalangizning ham tuningizga barakot bersa (ya’ni, Olloh farzand bersa)!» - dedilar. Sufyon raziyallohu anhu: «Ansoriylardan bir kishi Abu Talhaning xotini to‘qqizta bola ko‘rganini, ularning hammasi Qur’on tilovat qilmakka mohir bo‘lganini menga aytdi»,- deydilar».

Qayd etilgan


Laylo  09 Oktyabr 2006, 15:25:29

41-bob. Boshiga musibat tushgan dastlabki vaqtlarda sabru toqat qilmoq haqida

Hazrat Umar raziyallohu anhu rivo,yat qiladirlar: «Adolat ham yaxshi, buning evaziga olinadirgan savob ham yaxshidir! Shundoq odamlar bordirki, boshlariga musibat tushganda: «Inno li-l-lohi va inno ilayhi roji’un» (Biz Ollohning bandalaridirmiz va hammamiz uning dargohiga qaytib borg‘aymiz) deb aytishadi. Ana shundoq deydigan insonlarni Olloh taolo yarlaqaydir va ulardan rahmatini darig‘ tutmaydir, ana shundoq insonlar hidoyatga erishgan bandalardir! Olloh taolo bu xususda bundoq deydir: «Va-sta’iynuu bi-s-sabri va-s-saloti va innaho la-kabiyratun illo ala-l-xoshi’iyn» (sabru toqat qilsangiz, namoz o‘qisangiz, dardu alamingiz yozilg‘aydir, darhaqiqat, sabru toqat qilmoq hamda namoz o‘qimoq Ollohdan qo‘rquvchilardan o‘zgalargagina amri maholdir!).

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasulullox sallallohu alayhi va sallam: «Boshiga musibat tushgan dastlabki vaqtlarda sabru toqat qilmoq ko‘proq savoblidir»,- deganlar».

Qayd etilgan