Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864744 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:28:56

72-bob. Ikki yoki uch mayyitni bir qilib dafn etmoq haqida

Jobir ibn Abdullox rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida shahid bo‘lgan kishilarning har ikkitasini bir qilib qabrga qo‘ydirar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:29:06

73-bob. «Shahidlarni yuvmoq lozim ermas»,- degan kishilar haqida

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shahidlarni (yuvmay) qonlari birlan dafn qilaveringizlar!» - dedilar. O’shal kuni shahidlarni hech kim yuvmadi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:30:11

74-bob. Lahadga (birdaniga bir necha o‘lik qo‘yiladirgan bo‘lsa) kim avval qo‘yilg‘aydir?

Imom Buxoriy «lahad» so‘zining ma’nosi haqida bunday deydilar:  «Lahad qabrga nisbatan nishabroq bo‘lgani uchun ham lahad deyilg‘aydir, har bir jabr qilg‘uvchi odam ersa, mulhid deyilg‘aydir. Qur’oni Kariymdagi «multahidan» so‘zi ham «bir tekis nishab» degan ma’noni anglatg‘aydir. Agar lahad (qabr) nishab bo‘lmaganda erdi, zarih (sog‘ona) bo‘lgan bo‘lar erdi».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida halok bo‘lganlarning har ikkitasini bir qabrga qo‘ydirar erdilar. Qabrga qo‘yishdan avval: «Qaysi biri Qur’onni ko‘p yodlagandir?» - deb so‘rar erdilar. «Qur’onni ko‘p yodlagan mana shuldir»,- deb ko‘rsatishgan mayyitni oldin lahadga qo‘ydirar erdilar. So‘ng: «Men bularning (Olloh yo‘lida shahid bo‘lganlig‘iga) guvohdirman!»-deb ularning jarohatlaridagi qonni yuvdirmay va janoza ham o‘qitmay dafn qildirar erdilar».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida halok bo‘lgan har ikki shahiddan birini ko‘rsatib: «Bularning qaysi biri Qur’onni ko‘p yodlagandir?»-deb so‘rar erdilar. So‘ng, qaysi birini ko‘rsatishsa, o‘shani sherigidan avval qabrga qo‘ydirar erdilar. Mening otam birlan amakim ham bir jangda halok bo‘lib, ikkalalari bitta kafanga kafanlangandirlar»(?).

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:30:30

75-bob. Qabrni (lahadni) berkitishda nzxir va boshqa o‘t-o‘lanlardan foydalanmoq

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo Makkai Mukarramani muhtaram qildi. Unda qon to‘kmoq mendan avval ham biror kishiga ruxsat etilmagan, mendan keyin ham biror kishiga ruxsat etilmag‘aydir. Menga ersa, fath kuni (Makka zabt etilgan kuni) bir soatgagina urush qilmoqqa ijozat berildi. Makkaning hatto ko‘katlarini yulmoq, daraxtlarini sindirmoq ham makruhdir! Unda ov qilinmag‘aydir, tushib qolgan narsaga tegilmag‘aydir. Tushib qolgan narsani odamlarga ma’lum qilmoq uchungina qo‘lga olmoq mumkindir»,- dedilar. Shunda men: «Izxirnigina yulmoqqa ruxsat beringiz, chunkim biz undan bo‘yoq olg‘aymiz va uni qabrni (lahadni) yopishda ishlatg‘aydirmiz»,- dedim. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Izxirni bo‘lsa, mayli!» - dedilar. Abu Hurayra: «Rasululloh o‘shanda «Qabrlarimiz va uylarimiz uchud bo‘lsa, mayli!» deb aytdilar»,-deydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:30:46

76-bob. Mayyit, biror sababga ko‘ra, qabrdan yoki lahaddan qayta kavlab olinadirmi?

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn Ubay qabrga qo‘yilgandan so‘ng kelib, uni qayta kavlab olmoqni buyurdilar. Abdullohni qabrdan chiqarib olishdi. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdullohning boshini tizzalariga qo‘yib, dam soldilar-da, unga o‘zlarining ko‘ylaklarini kiydirdilar (buning sababini Olloh bilg‘aydir). Abdulloh, hayotligida, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning amakilariga bir ko‘ylak kiydirgan erdi. Sufyon birlan Abu Hurayra bundoq deyishadir: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ikkita ko‘ylaklari bo‘lib, bir kuni Abdullohning o‘g‘li: «Yo Rasululloh, ustingizdagi ko‘ylagingizni otamga kiydiringiz!» - deb aytdi». «Sahobalar, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdullohning amakilariga qilgan yaxshilig‘i evaziga o‘z ko‘ylaklarini berdilar, deb o‘ylashdi»,- deydilar Sufyon. Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Uhud jangi ketayotgan kunlardan birida, kechasi meni otam chaqirib: «Nazarimda, Rasulullohning sahobalaridan birinchi bo‘lib men shahid bo‘ladirganga o‘xshayman. Mening qarzim bor, uni uzg‘il, opa-singillaringga yaxshilik qilg‘il!» - dedilar. Tong otdi, Otam rahmatlik birinchi bo‘lib shahid bo‘ldilar. Otamga qo‘shib yana bir kishini qabrga qo‘yishdi. Otamni boshqa bir kishi birlan birga qabrda qoldirmoqqa ko‘nglim bo‘lmadi. Olti oydan so‘ng otamni qabrdan qayta kavlab oldim. Bundoq qarasam, ul kishi xuddi shu bugun, endigina qabrga qo‘yilgandek yotibdilar. Faqat quloqlarining bittasi sal o‘zgargan». Jobir raziyallohu onhu rivoyat qiladirlar: «Otamga qo‘shib yana bir kishini qabrga qo‘yishdi. Otamni begona kishi birlan birga qabrda qoldirmoqqa ko‘nglim bo‘lmadi. So‘ng, otamni qabrdan qayta kavlab olib, alohida dafn qildim».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:30:58

77-bob. Qabrga lahad va yorma qilmoq

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida o‘lganlarning ikkitasini bir qilib qabrga qo‘ydirar erdilar. Qabrga qo‘yishdan avval: «Qaysi biri Qur’onni ko‘proq bilg‘aydir»,- deb so‘rar erdilar. Qaysi birini ko‘rsatishsa, o‘shanisini oldin lahadga qo‘ydirar erdylar. So‘ng: «Men bularga qiyomat kuni guvohdirmen!» - der erdilar. Janob Rasululloh shahidlarning jarohatlaridagi qonni yuvdirmay va g‘usl qildirmay, dafn qildirar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:31:28

78-bob. Agar bola islomga kirishi bilan o‘lsa, unga janoza namozi o‘qiladirmi?

Hasan Basriy, Shurayh, Ibrohim va Qatodalar bunday deyishgan erkan: «Agar biror oiladagi ota-onadan bittasi islomga kirsa, bolasi ham u birlan birga islomga kirgan hisoblanur. Masalan, Ibn Abbos raziyallohu anhu ham o‘z qavmining dinida qolgan otasi birlan birga ermas, balki islom hali zaif bo‘lgan vaqtda musulmon bo‘lgan onasi birlan birga erdi. Islom yuksalg‘aydir, undan o‘zga dinlar yuksalmag‘aydir!»
Solim ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Hazrat Umar Rasululloh sallallohu alayhi   va  sallam  birlan  birga  bir  to‘da  odamlar  yo‘ldoshligida   Ibn   Sayyod yashaydirgan tomonga bordilar. Ibn Sayyodni Baniy Mug‘ola qal’asi yonida bolalar birlan o‘ynab turganda uchratishdi. Ibn Sayyod balog‘atga yetib qolayozgan erdi. U, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam muborak qo‘llari birlan yelkasiga qoqmagunlaricha, kelganlarini sezmadi. Janob Rasululloh: «Mening Ollohning elchisi erkanlig‘imga guvohlik berg‘il!» - dedilar. Ibn Sayyod Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qarab: «Guvohlik berg‘aymen, siz, darhaqiqat, ummiylarning (savodsizlarning) payg‘ambaridirsiz, lekin siz o‘zingiz ham mening Ollohning elchisi erkanlig‘imga guvohlik berg‘aymisiz?» - dedi shakkoklik qilib. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning gapini rad qilib: «Men Olloh va uning payg‘ambarlariga ishong‘aymen, sen ne demoqchidirsan o‘zi?»-dedilar. Ibn Sayyod: «Menga (miyamga) gohi chin, gohi yolg‘on gaplar kelg‘aydir»,- dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Seni shayton vasvasa qilg‘aydir, men senga ko‘nglimdagi bir gapni aytayin!» - dedilar. Ibn Sayyod «Dux... » degancha qoldi. Rasululloh: «Jim bo‘lg‘il, hech qachon sen payg‘ambarlarga keladirgan vahiydan boxabar bo‘lolmassen!» - dedilar. Darhaqiqat, Janob Rasululloh «Fa-rtaqib yavma ta’tiyu-s-samo’u bi-duxonin mubiynin» degan oyatni o‘qimoqchi bo‘lgan erdilar. Ibn Sayyod ana shu oyatdagi «duxon» (tutun) so‘ziga ishora qilg‘an erdi (oyatning mazmuni: «Osmonni tutun qoplaydirgan kunni kutg‘il!»). Shunda Hazrat Umar: «Uni menga qo‘yib beringiz, kallasini olib tashlaydirmen!» - dedilar. Janob Radululloh sallallohu alayhi va. sallam: «Agar u Dajjol bo‘lsa, unga siz hukmingizni o‘tkaza olmassiz, bordi-yu, Dajjol bo‘lmasa, o‘ldirmog‘ingizdan sizga ne naf?» - dedilar». «Keyinchalik,- deydilar Ibn Umar,- Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ubay ibn Ka’b birlan birga Ibn Sayyod birlan uchrashishgan o‘shal xurmo daraxti ostiga borishdi. Ular Ibn Sayyodga yo‘liqmasdan ilgari uning to‘g‘risida biror narsa bilib olmoqchi bo‘lishgan erdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qarasalar, Ibn Sayyod bir baxmal mato ustida yonboshlab yotibdir. Matoda qandaydir bir sirli alomat (yokim ovoz) borligi sezilib turar erdi. Shunda Ibn Sayyodning onasi Janob Rasulullohning xurmo daraxti panasidan kuzatib turganlarini ko‘rib qolib, «Ey Sof (onasi uni shundoq derdi), qarag‘il, ana Muhammad!» - dedi. Ibn Sayyod o‘rnidan sapchib turdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar onasi indamay turganida, Ibn Sayyodning sirini bilib olgan bo‘lur erdik»,- dedilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir yahudiy bola Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xizmatlarini qilib yurar erdi. Bir kuni u kasal bo‘lib qoldi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni ko‘rgani bordilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning bosh tomoniga o‘tirib: «Islomga kirg‘il!» - dedilar. Bola yonida o‘tirgan otasiga qaradi. Otasi bolaga: «Abulqosim sallallohu alayhi va sallamga (ya’ni, Rasulullohga) itoat etg‘il!» - dedi. Bola islomga kirdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bolani do‘zax o‘tidan qutqargan Ollohga shukr!» - deb tashqari chiqdilar».

Ubaydullohga Ibn Abbos bunday degan erkanlar: «Men va onam (Makkadan Madinaga hijrat qila olmay,  Makkada qolgan) zaif va nochor musulmonlardan erdik. Men bolalarning, onam ersa ayollarning orasinda eng nochori erdi».

Ibn Shihob rivoyat qiladirlar: «Har bir vafot etgan bolaga, garchi uni kofir yokim buzuq xotin tuqqan bo‘lsa ham, janoza o‘qilg‘aydir. Islom millatida tug‘ilgan, ota-onasi musulmonlikni da’vo qilayotgan yokim onasi musulmon bo‘lmasa ham, otasi o‘zini «musulmonman» deyayotgan har bir tirik tug‘ilgan bolaga janoza o‘qilgaydir. Chirqirab tug‘ilmagan bolaga, tushib qolganligi sababli, janoza o‘qilmaydir.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Aslida har bir bola tabiatan (sog‘lom) musulmon tug‘ilg‘aydir. Keyin, ota-onasi uni, kamchiliksiz tug‘ilgan hayvon bolasining dumi, qulog‘i yokim shoxini qirqishgandek, istasa — yahudiy qilg‘aydir, istasa — nasoro qilg‘aydir, istasa — majusiy qilg‘aydir. Birorta buzoqning qulog‘i yokim dumi kesilgan holda tug‘ilganini ko‘rganmisizlar?» — der erdilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Olloh taolo insonga ato etgan tabiat — islomga moyil tabiatdir, bunga Olloh taoloning oyati kariymasi dalildir!» deydilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Islomga qalbi moyil bo‘lib tug‘ilmagan birorta ham bola bo‘lmag‘aydir, barcha bolalarning qalbi islomga moyil bo‘lib tug‘ilg‘aydir, keyin ota-onasi uni, hamma a’zosi benuqson tug‘ilgan hayvon bolasining dumi, qulog‘i yokim shoxini kesishgandek, yo yahudiy, yokim nasoro, yohud majusiy qilg‘aydir. Yokim birortangiz hayvon bolasining qulog‘i yo burni kesik holda tug‘ilganini ko‘rganmisiz?» — der erdilar. Olloh taolo inson bolasiga azaldan ato etgan tabiatni o‘zgartirmoq yaramaydir, bunga «Ollohning maxluqini (Olloh yaratgan jonzodni) o‘zgartirish mumkin ermas!» degan oyati kariyma dalildir!»

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:31:51

79-bob. Agar mushrik o‘limi oldidan «Lo iloha illalloh» desa....

Sa’id ibn Musayyabning otalari rivoyat qiladirlar: «Abu Tolib vafot etayotganlarida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam u kishining huzurlariga keldilar. U yerda Abu Jahl ibn Hishom va Abdulloh ibn Abu Umayya ibn al-Mug‘iyrani ko‘rdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Tolibga: «Ey amaki, «Lo iloha illalloh» deb kalima keltiringiz! Men bunga Olloh taolo huzurida guvoh bo‘layin!» — dedilar. Shunda Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayya: «Ey Abu Tolib, Abd ul-Mutallib dinidan qaytg‘aymisen?» — deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kalima keltiringiz!» — deb qayta-qayta aytaverdilar. Boyagilar bo‘lsa, o‘zlarining gaplaridan qolishmadi. Nihoyat, Abu Tolib o‘zining Abd ul-Mutallib dinida  ekanligini  aytib,  jon taslim  qildi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qasamyod etib ayturmenkim, agar Olloh taolo rad etmasa, undan sizni kechirmog‘ini so‘rag‘aymen!»—dedilar. Olloh taolo: «Payg‘ambarning haqqi yo‘q... » — degan oyatni nozil qildi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:32:04

80-bob. Qabrga ho‘l cho‘p (novda) sanchib qo‘ymoq

Burayda al-Aslamiy o‘zining qabriga ikkita ho‘l cho‘p (novda) sanchib qo‘ymaklarini vasiyat qildi. Ibn Umar, Abdurrahmonning qabri ustidagi chodirni ko‘rib: «Olib tashlag‘il, ey bola! Abdurrahmonga uning qilgan yaxshi amallari soya berg‘aydir!»—dedilar. Xorija ibn Zayd: «Usmon ibn Affonning zamonida biz yosh yigitcha erdik. Ichimizda eng sakrovchanimiz Usmon ibn Maz’unning qabridan bir sakrab o‘tib ketgan erdi»,— dedilar (demak, qabr ustida sag‘ana bo‘lib, undan qabrda yotgan mayyitga na foyda va na zarar bordir, foyda — mayyitning hayotligida qilgan solih amallaridir!).

Usmon ibn Hakim: «Xorija meni qo‘limdan ushlab qabr ustiga o‘tqazib qo‘ydi-da, amakisi Yazid ibn Sobitning qabr ustida qazoi hojat qilmoqni qoralaganini aytdi»,— deydilar. Nofi’ raziyallohu anhu: «Ibn Umar raziyallohu anhu qabr ustiga o‘ltirib ham dam olaverar erdilar»,— deydilar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikki qabr yonidan o‘tayotib: «Bu ikki qabrdagi mayyitlar azoblanmoqdalar, ammo katta gunohlari uchun azoblanayotganlari yo‘q. Ulardan biri siydigidan ehtiyot bo‘lmas erdi, ikkinchisi ersa, chaqimchilik qilur erdi»,— dedilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir ho‘l novdani olib, ikkiga bo‘ldilar-da, har bir qabrga bittadan sanchib qo‘ydilar. Shunda sahobalar: «Yo Rasululloh, nega bundoq qildingiz,?»—deb so‘rashdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shoyad, shu ikki novda quriguncha azob ham barham topsa!»—dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:32:19

81-bob. Muhaddisning qabr oldida va’z aytmog‘i va tinglovchilarning uning atrofida to‘planib o‘tirmogi

Hazrat Ali rivoyat qiladirlar: «Baqi’ ul-G’arqad degan joyda janozada bo‘ldik. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizning oldimizga kelib o‘tirdilar, biz esa atroflarida o‘tirdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qo‘llarida hassalari bor erdi. Janob Rasululloh boshlarini quyi solib fikr qildilar, so‘ng hassalari birlan yerni to‘qillatib: «Orangizda jannatdagi hamda do‘zaxdagi o‘rni oldindan belgilab qo‘yilmagan va baxtli yokim baxtsizligi peshonasiga yozilmagan birorta ham kishi yo‘qdir»,— dedilar. Shunda bir kishi turib: «Yo Rasululloh, undoq bo‘lsa, taqdirga tan berib, yaxshi ishlarga qo‘limiz bormay qolmag‘aydirmi? Oramizda kimki azaldan baxtli qilib yaratilgan bo‘lsa, u turgan gapki, baxtli kishilarga xos ishlarni qilgaydir, ammo peshonasiga azaldan baxtsizlik bitilgan kishi ersa, ma’lumki, baxtsiz kishilarga xos ishlarni qilgaydir»,— dedi.  Janob  Rasululloh sallallohu alayhi  va  sallam:  «Baxtli kishilarga baxt keltirguvchi ishlar, baxtsizlarga ersa, baxtsizlik keltirguvchi ishlar muyassar bo‘lg‘aydir»,- dedilar. So‘ng: «Fa ammo man a’to va-t-taqo» degan oyatni o‘qidilar.

Qayd etilgan