Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863782 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 06:58:09

16-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Aqiq - tabarruk vodiydir!» deganlari haqida

Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning Aqiq vodiysida turib: «Bul kecha Olloh taolodan menga xabarchi keldi, ul menga: «Shu tabarruk vodiyda namoz o‘qig‘il, so‘ng hajda umra qildim, degil!» -deb aytdi»,- deganlarini eshitdim» («Hajda umra qildim», ya’ni «Kichik haj qilgandek bo‘ldim» deyish birlan, mazkur vodiyning tabarruk ekanlig‘iga ishora qiling‘aydir

Solim otalari Abdulloh ibn Umardan eshitgan hadisni rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Aqiq vodiysida joylashgan Zulhulayfada dam olib yotganlarida tush ko‘rdilar. Tushlarida «Siz tabarruk soy o‘zanida turibdirsiz»,- deb aytishgan emish».

Muso ibn Uqba bunday deydilar: «Solim tuyalarimizni Abdulloh tuyasini cho‘ktirib yuradirgan joyga cho‘ktirdi. Bu yer Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning (dam oladirgan) joylari bo‘lib, Aqiq vodiysidagi masjiddan pastroqda, hajga borib kelguvchilar qo‘nib o‘tadirgan manzil birlan yo‘l oralig‘idadir».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 06:58:25

17-bob. Badandagi xushbo‘y hid uch marta yuvib ketkazilg‘aydir

Ibn Jurayj rivoyat qiladirlar: «Ya’lo raziyallohu* anhu Umar raziyallohu anhuga: «Menga Nabiy sallallohu alayhi va sallamning vahiy nozil bo‘layotgan paytdagi holatlarini ko‘rsating!» - dedi. Shu payt, Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir nafar sahobalari birlan Ji’ronada o‘tirgan erdilar, bir kishi kelib: «Yo Rasululloh, umraga ehrom bdtlab, o‘ziga xushbo‘y narsalar sepib olgan kishi xususida ne dersiz? » - deb so‘rab qoldi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir soat sukut qildilar, keyin vahiy keldi. Umar raziyallohu anhu Ya’loga ishora qilgan erdilar, u keldi. Ushanda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tepalariga soya qilmoq uchun kiyim osib qo‘yilgan erdi. Ya’lo ko‘ylak ortiga boshini tiqib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yuzlari qizarib ketganligini, entikib zo‘rga nafas olayotganlarini ko‘rdi. Vahiy kelishi tugagach, Janob Rasululloh yengil tortdilar, so‘ng: «Umra to‘g‘risida so‘ragan boyagi kishi qani?»-dedilar. Uni chaqirib kelishgach: «Badaningdagi xushbo‘y hidni uch marta yuvib ketkazg‘il, kiyimingni o‘zgartirgil, so‘ng hajda ne qilmog‘ing lozim ersa, umrada ham shundoq qilg‘il!» - dedilar. Men Atodan: «Uch marta yuvmoqni amr qilganlarida hidni ketkazmoqni nazarda tutdilarmi?»-deb so‘radim. «Ha» ,— dedilar Ato raziyallohu anhu».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 06:58:40

18-bob. Ehrom bog‘lashdan avval o‘ziga xushbo‘y narsalar surtmoq; ehromga kirmoq uchun nima kiygaydir? Sochlarini tarab, o‘ziga xushbo‘y narsalar surtg‘aydir

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Ehrom bog‘lagan kishi rayhon hidlag‘aydir, ko‘zguga qarab o‘zini tartibga solg‘aydir, o‘zi (kunda) yeb yuradirgan zayt (zaytun yog‘i) va samn (hayvon yog‘i) birlan o‘zini muolaja qilg‘aydir»,- deydilar. Ato raziyallohu anhu: «Ehrom bog‘lagan odam uzuk taqg‘aydir, hamyonini (beliga) osib olg‘aydir»,-deydilar. Ibn Umar raziyallohu anhu ehrom bog‘lab tavof qildilar. bellariga ko‘ylaklarini belbog‘ qilib olgan erdilar. Oisha onamiz taxtiravonlarini ko‘tarib yuradirgan kishilarning tubbon (uzunligi bir qarich keladirgan kalta ishton) kiyib yurishlariga e’tibor bermas erdilar».

Sa’id ibn Jubayr rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu o‘zlariga zayt surkab olardilar. Bu haqda Ibrohimga aytgan erdim, u: «Asvadga Oisha onamiz aytib bergan mana bu so‘zga nima dersan? Oisha onamiz: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ehromdaliklarida peshonalarining xushbo‘y narsa surtilganidan yaltirab turganini hozir ham ko‘rib turgandekman»- deganlar»,- dedi».

Abdurrahmon ibn al-Qosim rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning xotinlari Oisha raziyallohu anho: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga ehrom bog‘lab Ka’bani tavof qilmoqlaridan oldin ham, tavof qilib chiqqanlaridan keyin ham xushbo‘y narsalar surtib qo‘yg‘ay erdim»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:01:24

19-bob. Sochini ixchamlab olib tahlil aytmoq

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu' alayhi va sallamning sochlarini ixchamlab olib, tahlil aytganlarini ko‘rdim»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:01:37

20-bob. Zulhulayfa masjidi yonida tahlil aytmoq haqida

Solim ibn Abdulloh: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zulhulayfa masjidi yoniga kelibgina tahlil (talbiya) ayta boshlar erdilar»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:01:49

21-bob. Ehrom bog‘laydirgan odam qanday kiyimlarni kiymasligi lozim?

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir kishi: «Yo Rasululloh, ehrom bog‘laydirgan odam qanday kiyimlar kiymog‘i kerak?»-deb so‘radi. Janob Rasululloh: «Ko‘ylak, salla, cholvor, burnus (bosh va yelkani yopib turadirgan xalat), mahsi kiymag‘aydir, mobodo mahsidan boshqa oyoq kiyim topmasa, qo‘njini to‘pig‘idan past qilib kesib tashlag‘aydir, agar kiyimga za’faron va vars (sariq daraxtdan olinadirgan rang) tekkan bo‘lsa, kiymangiz!» - dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:02:00

22-bob. Hajda o‘zi ulov minib yoki birovning orqasiga mingashib yurmoq

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Usoma raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamning orqalarida tuyaga mingashib Arafotdan Muzdalifagacha bordi, so‘ng Muzdalifadan Minogacha Fazl mingashib oldi. Usoma va Fazl: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Jamrat ul-Aqabagacha talbiya aytib bordilar» ,— deyishadi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:02:15

23-bob. Ehromdagi kishi rido va izor kabi kiyimlarni kiyadirmi?

Oisha raziyallohu anho ehromda bo‘la turib, za’far birlan bo‘yalgan kiyim kiydilar-da: «Chachvon va chimmat yopinmag‘il, vars (sariq daraxtdan olinadirgan rang) va za’faron birlan bo‘yalgan kiyim kiymag‘il!» - dedilar. Jobir raziyallohu anhu: «Za’far birlan bo‘yalgan kiyimdan xushbo‘y hid kelg‘aydir, demasman, Oisha onamiz ayollarning taqinchoqlar taqmog‘i, qora va qizil kiyim hamda xuff (engil oyoq kiyimi) kiymog‘ining zarari yo‘qdir, deb hisoblaganlar. Ibrohim raziyallohu anhu: «Kiyimlarini almashtirib olsa ham bo‘lur»,- deganlar.

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam sochlarini taratib, badanlariga xushbo‘y narsalar surkatib, izor va ridolarini kiyib Madinadan yo‘lga chiqdilar. Janob Rasululloh ham, u kishining sahobalari ham rangi badanga yuqib qoladirgan za’faronga bo‘yalgan rido va izorlarnigina kiymoqni man’ qildilar. Janob Rasululloh Zulhulayfada tong ottirdilar, so‘ng tuyalarini minib Baido’ tog‘iga chiqib, o‘zlari ham, sahobalari ham talbiya aytishdi. So‘ng, qurbonlik eqanligini bildirmoq uchun tuyalarining bo‘yniga narsa osib qo‘ydilar. Shunda, Zulqa’da oyiga besh kun qolgandi. Janob Rasululloh Zulhijja oyining to‘rtinchi kuni Makkaga keldilar, Ka’bani tavof aylab, Safo va Marva oralig‘ida yugurdilar. lekin hanuz qurbonlik qilmaganliklari uchun ehromlarini yecholmas erdilar. Keyin, Janob Rasululloh Makkaning yuqori tomonidagi Hajun - haj vaqtida ustiga chiqib talbiya aytadirgan tog‘ yoniga bordilar, lekin ilgari tazof qilganlaricha Ka’baga yaqinlashmadilar, Arafotdan orqalariga qaytib, sahobalarga Ka’bani tavof qilmoqni, Safo va Marva orasida yugurmoqni, so‘ng sochlarini kalta qilib, ehromlarini yechmoqni buyurdilar. Yuqoridagi amallar o‘zi birlan qurbonlikka atalgan biror hayvon haydab kelmagan va ehrom bog‘lamay, o‘ziga xushbo‘y narsalar surtib, odatdagi kiyimini kiyib, xotini birlan birga hajga chiqqan kishiga taalluqlidir».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:02:29

24-bob. Zulhulayfada yotib qolib, tong ottirgan odam xususida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi; va sallam Madinada to‘rt rak’at, Zulhulayfada ikki rak’at namoz o‘qidilar. Shu kuni Zulhulayfada qolib, tong ottirdilar. Ertalab tuyalariga minib talbiya aytganlarida, u qimirlamay tek turdi».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinada to‘rt rak’at peshin, Zulhulayfada ikki rak’at asr o‘qidilar, endi Zulhulayfada kechasi birlan qoladirgan ko‘rinadirlar»,- deb aytgan ekanlar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:02:43

25-bob. Baland ovoz birla tahlil aytmoq haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Madinada to‘rt rak’at peshin, Zulhulayfada ikki rak’at asr o‘qidilar, men Janob Rasululloh va sahobalarning baland ovoz birla tahlil aytishayotganini eshitdim»,- deydilar.

Qayd etilgan