29-bob. Va’z aytayotgan va ilm o‘rganayotgan kishining yoqtirmagan narsani payqaganda g‘azablanishi joiz ekanligi haqida
Abu Mas’ud (Ansoriy) raziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bir kishi: Yo Rasulalloh, falonchi namozni cho‘zib yuborganidan namozimni buzib qo‘yishimga oz qoladi»,— dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning va’z aytayotganlaridagi shu kungidan ko‘ra g‘azabliroq holatlarini ko‘rmaganman. O’shanda dedilar: «Ey odamlar, ba’zi biringiz xalqni bezdirmoqdasizlar (qochirib yubormoqdasizlar), endi kimki odamlarga imom bo‘lib (namoz) o‘qiydigan bo‘lsa, yengil qilib o‘qisin, chunki ular ichida kasal, zaif va hojatli kishilar bordir».
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhu aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir kishi topib olingan narsa to‘g‘rida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Bir yilgacha pul topib olganingni e’lon qilasan. Egasi kelsa, berasan. Agar kelmasa, o‘zing foydalansver». U kishi aytdi: «Yo‘qolgan tuyani-chi?» Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunchalik g‘azablandilarki, hatto yuzlari qizarib ketdi: «Tuyaga tegma, u suvsiz ham uzoq yura oladi, oyog‘i bor, suvini topib ichgadi, o‘tini topib yeydi, egasi uni topib olguncha tegma!» Boyagi kishi dedi: «Yo‘qolgan qo‘yni-chi?» Rasululloh dedilar: «U seniki yoki birodaringniki va yohud bo‘rinikidir».
Abu Muso raziyallohu anhu dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yomon ko‘rgan narsalari to‘g‘risida ezmalanib so‘radilar. Savol ko‘payib ketgach, g‘azablari keldi va dedilar: «Og‘zingizga kelgan narsani so‘rayveringlar!» Bir kishi dedi: «Mening otam kim, yo Rasulalloh?» «Otang — Huzofadir»,— dedilar. Ikkinchi bir kishi turib so‘radi: «Mening otam-chi?» «Otang — Salim, ozod qul»,— dedilar. Hazrat Umar raziyallohu anhu Rasulullohning yuzlaridagi g‘azabni ko‘rgach: «Biz Alloh azza va jallaga tavba qilamiz (sizni xafa qilib qo‘yganimiz uchun)»,— dedilar».