30- bob. Na’lga (poyabzalga) mash tortmay, uni yechib oyoqlarni yuvish
Ubayd ibn Jurayj Abdulloh ibn Umarga qarab: «Ey Abu Abdurrahmon, sizda to‘rtta xislatni ko‘rdim, bularni sheriklaringizdan birortasida ham ko‘rmaganman»,- dedi. «Nima ekan ular, ey Ibn Jurayj?» —dedi Abu Abdurrahmon. «Birinchidan, Ka’baning faqat ikki yamaniy devorinigina silab qo‘yasiz (qolgan ikki tomonini silamaysiz). Ikkinchidan, xirom poyabzal kiyasiz (sahobalar xirom qilinmagan, yungli poyabzal kiyishgan, xirom qilingan poyabzalni mol-dunyoga berilgan odamlar kiyadi, deyishgan). Uchinchidan, siz sariq bo‘yoq ishlatasiz, to‘rtinchidan, Makkada turgan vaqtingizda Zulhijja oyi kirgan kuni odamlar talbiya (labbayk-allohumma labbayk) aytishdi, siz aytmadingiz, siz 8-nchi Zulhijja kuni aytdingiz»,— dedi Ibn Jurayj.
Abdulloh raziyallohu anhu bunday deb javob qildilar: «Ka’ba devori masalasiga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shu ikki yamaniy deb nomlangan devordan boshqasini silaganlarini ko‘rmadim. Xirom poyabzalga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ham tuki yo‘q poyabzal kiyib olganlarini ko‘rdim, o‘shanda uni yechib oyoqlarini yuvgandilar, o‘shanday payabzal kiyishni yaxshi ko‘raman. Sariq rangga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sariq buyoq ishlatganlarini ko‘rdim. Men ham sariq bo‘yoq ishlatishni yaxshi ko‘raman. Ammo talbiya masalasiga kelsak Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tuyalariga minib, Mino yo‘liga chiqib olgunlaricha (8-nchi kunigacha) talbiya aytib borganlarini ko‘rmadim».