Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 605968 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 128 B


Laylo  12 Iyul 2006, 07:15:06

2-bob. Bir joyda o‘tirib qolgan odam suv topmay namozi qazo bo‘lishidan qo‘rqsa, tayammum qiladi

Ato raziyallohu anhu ham bu haqda shu fikrni bildirganlar: «Kasal kishi suvi bo‘la turib, uni quyib beradigan yordamchi topmasa, tayammum qiladi. Bir kuni Ibn Umar Jurf degan joydagi yeridan kelayotib, bir qo‘yxona yoniga kelganda asr vaqti kirdi. Tayammum bilan asr o‘qidi. Keyin Madinaga kirib keldi, quyosh botmagan edi, asrni qaytarib o‘qimadi», deganlar Hasan Basriy.

Al-A’rajga Ibn Abbosning ozod qilingan quli Umayr bunday degan ekan: «Men va Maymuna onamizning ozod qilingan quli Abdulloh ibn Yasor Abu Juhaym ibn al-Hars ibn as-Simmanikiga bordik. Abu Juhaym bizga quyidagini aytib berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Bi’ru Jamal tomondan keldilar. Shunda u kishiga bir odam yo‘liqib salom berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam alik qaytarmasdan devorga borib tayammum qildilar, yuzlariga va ikki qo‘llariga surtdilar, shundan so‘ng u kishiga alik oldilar».

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:15:19

3-bob. Tayammum qiluvchi kishi qo‘lini tuproqqa urgandan so‘ng, puflab tashlaydimi?

Sa’id ibn Abdurrahmon Abziyning otalari quyidagi hadisni aytib bergan ekanlar: «Umar ibn al-Xattob huzurlariga bir kishi kelib: «Men jimo’ qildim-u, suv topmadim» dedi. Shunda Ammor ibn Yosir Umar ibn al-Xattobga qarab: «Eslaysizmi, ikkovimiz safarda edik. O’shanda siz namoz o‘qimadingiz, men esa tuproqqa yumalab olib, keyin namoz o‘qidim. Buni Janob Rasulullohga aytdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ikki kaftlarini yerga urib, puflab tashladilar, so‘ng ikki kaftlarini avval yuzlariga, keyin ikki qo‘llariga surtdilar-da: «Mana shunday qilsang, kifoya edi, dedilar», dedi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:44:14

4-bob. Tayammum yuz va ikki qo‘lga qilingay

Sa’id ibn Abdurrahmon ibn Abziydan: «Ammor xam yuqoridagi hadisni aytib berdi-da, qo‘lini yerga urdi, keyin og‘ziga yaqinlashtirib, puflab tashladi. So‘ng yuzi va ikki qo‘liga surtdi».

Ammor raziyallohu anhu: «Toza tuproq musulmon kishi uchun (suv yo‘g‘ida) suv o‘rniga o‘tadigan tahorat vositasidir», deb aytgan ekanlar.

Ammor raziyallohu anhu Umar al-Xattobga: «Sariyyada ekanligimizda jimo’ qildik», deb quyidagi hadisni aytib bergan ekanlar: «Men tuproqqa yumaladim, keyin buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytdim. Shunda u zot: «Yuz bilan ikki qo‘lingga surtmoq senga kifoya qilar edi», dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:44:33

5-bob. Toza tuproq musulmon kishi uchun (suv yo‘g‘ida) suv o‘rniga o‘tadigan tahorat vositasidir

Hasan Basriy: «Tahorati sinmagan kishi tayammum qilsa, kifoya. Ibn Abbos tayammum qilgan holda imomlikka o‘tdi», deganlar.

Yahyo ibn Sa’id: «Sho‘r yerda namoz o‘qimoqning zarari yo‘q, shuningdek o‘sha yerdagi tuproqqa tayammum qilmoqning ham zarari yo‘q», deganlar.

Imron dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga safarda edik. Kechasi yo‘l yurdik, tunning oxiriga borganda, bizni uyqu bosdi. Musofir kishi uchun bundan halovatliroq uyqu bo‘lmaydi. Bizni quyoshning harorati uyg‘otdi. Birinchi bo‘lib falonchi, undan keyin falonchi, undan keyin falonchi (hikoya qilguvchi Abu Rajo’ ularning ismlarini aytgandi, lekin Avf degan hikoyachi yodidan chiqarib qo‘ygan), keyin to‘rtinchi bo‘lib Umar al-Xattob uyg‘ondi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uxlasalar, birov uyg‘otmas edi. U kishi o‘zlari uyg‘onar edilar. U kishi uxlab yotganlarida nimalar bo‘lganidan biz bexabar edik. Umar uyg‘ongach, odamlarni nima tashvishga solayotganini fahmlab (o‘zi g‘ayratli odam edi), Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uyg‘ongunlaricha baland ovoz bilan takbir aytaverdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uyg‘ongach, u kishiga ro‘y bergan hodisani shikoyat qildilar. Rasulloh sollallohu alayhi va sallam: «Zarari yo‘q, yo‘lga tushingiz!» dedilar va o‘zlari ham yo‘lga tushdilar. Bir oz yurilgach (tuyadan) tushib, tahoratga suv so‘radilar, keyin tahorat oldilar. Namozga azon aytildi. Odamlar bilan birga namoz o‘qidilar. Namozni o‘qib bo‘lib yonlariga o‘girildilar, shunda bir chetda odamlarga qo‘shilmay, namoz ham o‘qimay turgan bir kishiga ko‘zlari tushdi. «Jamoat bilan namoz o‘qimog‘ingga nima to‘sqinlik qildi, ey falonchi?» dedilar Janob Rasululloh. «Yo Rasulalloh, men yuvuqsizman (junubman), g‘uslga suv yo‘q», dedi boyagi kishi. «Senga tuproq ham bo‘laveradi, tuproqqa tayammum qilmog‘ing lozim», dedilar Rasululloh, so‘ng yo‘lga tushdilar.
Odamlar u kishiga chanqaganliklarini aytib shikoyat qildilar, shunda Rasululloh bir joyga kelganda to‘xtab, (tuyalaridan) tushdilar, falonchini chaqirdilar (o‘shanda uni Abu Rajo’, deb chaqirgandilar, Avf degan kishi rivoyat qila turib, uning ismini eslay olmagan), keyin Alini chaqirib: «Boring, suv qidiring!» dedilar. Ikkovlari suv axtarib ketdilar. Yo‘lda tuya ustidagi ikki mesh o‘rtasida o‘tirib ketayotgan bir xotinga yo‘liqdilar. Xotindan: «Qaerda suv bor?» deb so‘radilar. «Bu suvni kecha shu vaqtda yo‘ldan olganman. Erkaklarimiz bizni qoldirib (suv axtarib) ketishgan», dedi xotin. «Suv bunchalik uzoqda bo‘lsa, unda biz bilan yura qoling!» deyishdi (Ali bilan Abu Rajo’). «Qaerga?» deb so‘radi xotin. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga», deyishdi (Ali bilan Abu Rajo’). «Anavi eski dindan chiqib, yangi din olib kelgan odam oldigami?» dedi xotin. «Ha, o‘sha siz aytgan odam oldiga, yuring biz bilan!» deb xotinni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga boshlab ketishdi, yetib borgach, bo‘lgan gapni u kishiga aytib berishdi. «Xotinni tuyasidan tushirdilar», deydilar Imron. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tuyadagi ikkala meshni olib kelmoqni buyurdilar. Olib kelishgach, meshlarning tepa qismidagi kichik og‘zini yechib, hovuchlab suv oldilar-da, yana qayta quyib bog‘lab qo‘ydilar, keyin pastidagi katta og‘zini yechib, odamlarni suv ichishga chaqirdilar. «Suv ichingiz va (tuyalarni) sug‘oringiz!» dedilar Rasululloh. Odamlar xohlaganlaricha suv ichishdi, xohlaganlaricha (tuyalarini) sug‘orishdi. Nihoyat, boyagi yuvuqsiz kishiga bir idishda suv berib: «Bor, cho‘milib ol!» dedilar Rasululloh. Xotin tepada tik turib, odamlar suvni nima qilayotganiga qarab turar edi. «Allohga qasam ichib aytamanki, odamlar suv olib bo‘lishgach, meshlarning og‘zini bog‘lashganda, meshlardagi suv bizga ilgarigidan ham ko‘proq ko‘rindi», deydilar Imron. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Xotinga bir nima yig‘ib beringiz!» dedilar. Odamlar xotinga xurmomi, unmi, talqonmi, qo‘yingki, birmuncha rizq yig‘ib, bir narsaga tugib, tuyasiga ortib berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xotinga: «Bildingmi, suvingni hech kamaytirmadik, ammo bizga Alloh taoloning o‘zi suv ato etdi», dedilar. Xotin o‘z odamlari oldiga ravona bo‘ldi, yetib borgach, «Ey falonchi, qaerda eding?» deyishdi. «Ajoyib bir voqeaning shohidi bo‘ldim, men yo‘lda ikki kishini uchratdim, ular meni anavi yangi din olib kelgan kishining oldiga olib borishdi. U unday qildi va bunday qildi», deb bor gapni aytib berdi xotin. Keyin bunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Allohga qasamki, u kishi manavi bilan ana u (o‘rta barmog‘i bilan yer va osmonga ishora qildi) o‘rtasidagi barcha odamlarning eng sehrgarrog‘i yoki haqiqatan ham Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lishi kerak». Musulmonlar o‘sha voqeadan keyin atrofdagi mushriklar (Allohni bir deb bilmaydiganlar) yashaydigan qishloqlarni ishg‘ol qila boshladilar. Lekin haligi xotin yashayotgan joyga tegishmadi. Buni ko‘rgan xotin hamqishloqlariga: «Anavi musulmonlar sizu bizga ataylab tegishmayapti, deb o‘ylayman. Islomga kirsak-chi, nima deysizlar?» dedi. Xotinning gapiga ko‘ndilar va islomga kirdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:44:46

6-bob. Yuvuqsiz (junub) odam, agar g‘usl qilsam kasal bo‘laman yoki o‘lib qolaman deb qo‘rqsa, yohud (suvni ishlatib qo‘yib) suvsiz qolaman, deb cho‘chisa, tayammum qiladi

Amr ibn al-Os qattiq sovuq kechalardan birida (g‘azot vaqti edi) nahs (junub) bo‘lib qoldilar. Shunda tayammum qilib, namoz o‘qidilar. Keyin «O’zingizni halok qilmang, Alloh sizga mahribondir» degan oyatni o‘qidilar, deb zikr qilinadi (ya’ni, kishi ilojsiz qolib, sovuq suvga cho‘milsa, halok bo‘lishi mumkinligiga ishora qilinadi). Amr ibn al-Osning (sovuq suv bo‘la, turib) tayammum qilganini Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytishganda, u kishi koyimadilar.
Abu Muso: «Nahs odam suv topolmasa, namoz o‘qimaydimi?» deb Abdulloh ibn Mas’uddan so‘radilar. «Agar odamlarga tayammum qilmoqqa ruxsat bersang, ulardan birortasi sal seskansa ham, Abu Muso shunaqa degan edi, deb tayammum qilib namoz o‘qiyveradi», dedilar Abdulloh. «Ammorning Umarga aytgan so‘zi qaerda qoldi, unda?» dedilar Abu Muso. «Ammorning so‘zidan Umar qoniqqan emas, deb o‘ylayman», dedilar Abdulloh.
Al-A’mash quyidagi hadisni Shaqiq ibn Salamadan eshitgan ekanlar: «Abu Muso va Abdulloh ibn Mas’udning yonlarida edim. Abu Muso: «Ey Abu Abdurrahmon, agar yuvuqsiz odam suv topmasa, nima qiladi?» deb Abdullohdan so‘radilar. Abdulloh: «Suv topguncha namoz o‘qimaydi», dedilar. «Ammorning aytgan gapi nima bo‘ladi? Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning unga: «Senga tayammum qilmoq kifoya qilgay» deganlari-chi?» dedilar Abu Muso. «Umar bundan qanoatlanmaganligini sezmadingmi? dedilar Abdulloh. «Xo‘p mayli, Ammorning gapini qo‘ya turing, mana bu «Agar suv topmasangiz, tayammum qilingiz» degan oyatga nima deysiz?» dedilar Abu Muso, Abdulloh ibn Mas’ud nima deyishlarini bilmay qoldilar.
(Hazrat Umar va Abdulloh ibn Mas’ud mazkur oyati karima tahorati singan odamga taalluqli, deb tushungan edilar. Ammo g‘usl vojib bo‘lgan odam esa, albatta g‘usl qilmog‘i shart, unga tayammum kifoya qilmaydi, deyishar edi. Imom Buxoriy esa yuqoridagi hadislarga tayanib, tayammum kifoya qilgay, deb ta’kidlaydilar).
So‘ng «Agar biz ularga tayammum qilmoqqa ruxsat bersak birortasiga suv sovuqlik qilsa, suvni qo‘yib, tayammum qilaveradi» deb boyagi gaplarni qaytardilar. «Abdulloh ibn Mas’ud shuning uchungina tayammumga ruxsat bermaslik kerak deganmidilar?» deb so‘radilar al-A’mash suhbatdoshlari Shaqiqdan».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:44:58

7-bob. Tayammum bir zarbdir (qo‘lni tuproqqa bir urmoqdir)

Shaqiq raziyallohu anhu bunday deydilar: «Abu Muso va Abdulloh ibn Mas’ud bilan birga o‘tirgan edim. Abu Muso: «Agar odam nahslansa-yu, bir oygacha suv topmasa, tayammum qilib namoz o‘qiyvermaydimi? Surai «Moida»dagi mana bu «Suv topmasangiz, toza tuproqqa tayammum qilingiz!» degan oyati karimaga nima deysiz?» dedilar Abdullohga. Abdulloh: «Ularga tayammumga ruxsat berilsa, birontasiga suv sovuqroq tuyulsa, bo‘ldi, tuproqqa tayammum qilaveradi», dedilar. Men: «Siz shu boisdangina tayammumga ruxsat berishni istamadingizmi?» deb so‘rasam, «Ha», dedilar. «Ammorning Umarga: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam meni bir yumushni bajarib kelish uchun bir joyga yubordilar. Shunda men nahslanib qoldim. Xuddi hayvon yumalagandek tuproqqa yumaladim. Keyin, Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shu haqda aytib berganimda, u kishi menga: «Mana bunday qilsang ham yetarli bo‘lar edi, deb qo‘llarini yerga bir urdilar, keyin qoqib tashladilar, so‘ng o‘ng qo‘llarining kaftini chap qo‘llariga, chap qo‘llarining kaftini o‘ng qo‘llariga surdilar. Undan keyin esa ikkala kaftlarini yuzlariga surtdilar» deganini eshitmaganmisiz?» dedilar Abu Muso Abdulloh ibn Mas’udga. «Umarning Ammor aytgan gapdan qanoat hosil qilmaganini sezmadingmi?» dedilar Abdulloh».
Shaqiq al-A’mashga bunday degan ekan: «Abdulloh va Abu Muso bilan birga edim. Shunda Abu Muso Abdullohga, Ammorning Umarga aytgan mana bu rivoyatini eshitmaganmiding? dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam meni va seni bir yumushga yubordilar. Shunda men, nahslanib qoldim-da, tuproqqa yumaladim. Qaytib kelganimizdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yumalaganimni aytdim. Rasululloh: «Senga mana bunday qilsang ham yetarli bo‘lar edi», deb yuzlari va qo‘llariga bir marta mash tortib qo‘ydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:45:13

8-bob.

Imron ibn Husayndan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jamoat bilan namoz o‘qimasdan bir chekkaga chiqib turgan odamni ko‘rdilar. Shunda unga: «Ey falonchi, senga jamoat bilan namoz o‘qimog‘ingga nima mone’lik qildi?» dedilar. «Yo Rasulalloh, men nahslanib qoldim, suv yo‘q», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Tuproqqa tayammum qilmog‘ing lozim, shu senga kifoyadir», dedilar».

Qayd etilgan


Muslima_subh  15 Sentyabr 2006, 08:32:54

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
SALOT (NAMOZ) KITOBI


1-bob. Me’roj kechasida namoz qanday farz qilingan?

(Me’roj Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Madinaga hijratlaridan bir yil avval, Imom Navaviyning aytishlaricha, Rabi’ ul-avval oyida bo‘lgan erdi). Abu Sufyon Hiraqlga: «Payg‘ambar alayhissalom bizga namoz o‘qimakni, halol va pok bo‘lmakni buyuradilar»,— deb aytgan ekanlar.

Abu Zarrga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan ekanlar: «Makkada ekanlig‘imda uyimning shipi ochilib, Jabroil alayhissalom tushdilar. Ko‘kragimni yorib, ichini zam-zam suvi birlan yuvdilar, keyin iymonu hikmat to‘la tilla jom keltirdilar-da, uni ko‘kragimga qo‘ydilar, so‘ng ko‘kragimni yopdilar. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qo‘limdan ushlab meni eng yaqin birinchi osmonga olib chiqdilar. Birinchi osmonga chiqqanimda Jabroil alayhissalom osmonbonga: «Eshikni ochg‘il!» — deb aytdilar. U: «Kim bu?»— dedi. «Jabroilman»,—dedilar, Osmonbon: «Sen bilan birga biron kishi bormi?» — dedi. «Ha, men bilan Muhammad alayhissalom bor»,— dedilar Hazrat Jabroil. Osmonbon: «Muhammad alayhissalomning osmonga chiqmog‘iga ruxsat bo‘ldimi?» — dedi. Jabroil alayhissalom: «Ha»,— dedilar. Eshik ochilgach, birinchi osmon ichkarisiga ko‘tarildik. U yerda bir kishi o‘tiribdi. Uning o‘ng tomonida ham, chap tomonida ham odam gavjum. O’ng tomoniga qarasa, kuladi, chap tomoniga qarasa, yig‘laydi. O’sha kishi menga qarab: «Xush kelibsiz, payg‘ambar, yaxshi o‘g‘il!»-dedi. «Bu kishi kim?» — deb so‘radim Hazrat Jabroildan. «Bu —Odam alayhissalom va mana bu o‘ng va chap tomonlarida turganlar Odam bolalarining ruhlaridir. Bulardan o‘ng tomondagilari jannat ahli va chap tomondagilari do‘zax ahlidir. (Shuning uchun ham) Odam alayhissalom o‘ng tomonlariga qaraganlarida kuladilar, chap tomonlariga qaraganlarida yig‘laydilar»,— dedilar Jabroil alayhissalom. Keyin, meni ikkinchi osmonga olib chiqib, osmonbonga: «Ochg‘il!» — dedilar. Ikkinchi osmonbon ham birinchi osmonbon aytgan so‘zlarni aytdi, so‘ng darvozani ochdi».

Qayd etilgan


Muslima_subh  15 Sentyabr 2006, 08:35:50

Abu Zarr bizga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam osmon qavatlarida Odam alayhissalomni, Idris, Muso, Iso va Ibrohim salavotullohi alayhimlarni ko‘rdilar»,— deb aytdi. Lekin ularni qaysi osmonda ko‘rganlarini aniq aytmadi. Faqat Odam alayhissalomni birinchi osmonda va Ibrohim alayhissalomni oltinchi osmonda ko‘rganlarinigina zikr qildi, xolos»,— Deydilar Anas raziyallohu anhu va hikoyani davom etdiradilar: «Xazrat Jabroil payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamni Idris alayhissalomning yonlaridan olib o‘tayotganlarida, Idris alayhissalom: «Xush kelibsiz, yaxshi payg‘ambar, yaxshi birodar!» — debdilar. Shunda Rasululloh: «Bu kim?» — deb so‘rabdilar. «Bu Idris»,— debdilar Hazrat Jabroil. Keyin, Muso alayhissalomning yonlaridan olib o‘tibdilar, u kishi: «Xush kelibsiz, yaxshi payg‘ambar, yaxshi birodar!»—debdilar. Rasululloh: «Bu kim?» — debdilar. «Bu Muso»,— debdilar Hazrat Jabroil. Keyin, Iso alayhissalomning yonlaridan olib o‘tibdilar. Shunda u kishi: « Xush kelibsiz, yaxshi birodar, yaxshi payg‘ambar!» — debdilar. Rasululloh: «Bu kim?»—deb so‘rabdilar. «Bu Iso alayhissalom»,— debdilar Hazrat Jabroil. Keyin, Ibrohim alayhissalomning yonlaridan olib o‘tibdilar. U kishi: «Xush kelibsiz, yaxshi payg‘ambar, yaxshi o‘g‘il!» —debdilar. «Bu kim?» deb so‘rabdilar Janob Rasululloh. «Bu Ibrohim alayhissalom»,— debdilar Hazrat Jabroil».

Qayd etilgan


Muslima_subh  19 Sentyabr 2006, 00:09:47

Ibn Abbos va Abu Hayya al-Ansoriy: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degandilar»,— deyishadi: «Keyin meni shunchalik balandga olib chiqdiki, hatto o‘sha joyda (yozuv-chizuv qilayotgan) qalam sharpalarini eshitdim». Ibn Hazm va Anas ibn Molik: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mana bunday deb aytgan edilar»,— deyishadi: «Olloh taolo ummatimga 50 vaqt namoz farz qildi, men shuni olib qaytdim. Muso alayhissalomning yonlariga kelganimda: «Ummatingizga Olloh taolo nimani farz qildi?» — dedilar. «50 vaqt namozni»,— dedim. «Qayting rabbingiz huzuriga, chunki ummatingiz bunga chidamaydir»,— dedilar Muso alayhissalom. Men qaytdim, rabbim yarmini kechdi. So‘ng, Muso alayhissalomning oldilariga kelib: «Yarmini kechdi»,— dedim. «Qayting rabbingizning oldiga, chunki ummagingiz bunga ham toqat qilmaydir»,— dedilar Muso alayhissalom. Qaytdim, rabbim yana yarmini kechdi. Muso alayhissalomning yonlariga qaytib kelib, yana yarmini kechganligini aytdim. «Qayting rabbingizning oldiga, ummatingizning bunga ham toqati kelmaydir»,— dedilar Muso alayhissalom, Rabbim oldiga qaytib bordim. Shunda rabbim: «Besh vaqt namoz farz qildim, lekin savobi ellik vaqt namoz savobiga tengdir, endigi so‘zim qat’iydir, boshqa o‘zgartirilmaydir»,— dedi. Muso alayhissalomning yonlariga qaytib keldim. «Qayting rabbingizning oldiga»,— deb edilar, «Rabbimdan uyalaman»,— dedim. Keyin, Hazrat Jabroil meni Sidrat ul-Muntaho degan joygacha olib chiqdilar. Sidrat ul-Muntahoni turli-tuman ranglar shunchalik chulg‘ab olg‘ankim, uning ne ekanlig‘in bilolmadim. Keyin, jannatga kiritildim. Uning so‘qmoqlari durru gavharlar birlan qoplangan, tufrog‘i ersa mushk erkan».

Oisha ummulmu’minin: «Olloh taolo namozni farz qilgan paytida ikki-ikki rak’atdan farz qildi; musofir uchun ikki rak’at, muqim yashovchi uchun ikki rak’at. Safarda o‘qiladigan namoz o‘sha ikki rak’atligicha qoldi. Lekin muqim kishilar namozi (3—4 rak’atga) ko‘paytirildi»,— deganlar.

Qayd etilgan