Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864723 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 ... 128 B


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:50:21

20-bob. Bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qigandan so‘ng o‘ng qo‘lini bosib yonboshlamoq

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozining ikki rak’at sunnatini o‘qiganlaridan so‘ng o‘ng qo‘llarini bosib yonboshlar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:50:33

21-bob. Bomdod namozining ikki rak’at sunnatini o‘qib bo‘lgandan keyin yonboshlash o‘rniga so‘zlashib o‘tirmoq

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozining sunnatini o‘qib bo‘lganlaridan keyin, agar uyg‘oq bo‘lsam, men birlan so‘zlashib o‘tirar erdilar, agar uyg‘oq bo‘lmasam, muazzin azon aytguncha yonboshlar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:51:23

22-bob. Nafl namozlarini ikki-ikki rak’atdan o‘qish to‘g‘risidagi hadislar

Ammor, Abu Zarr, Anas, Jobir ibn Zayd, Ikrima va Zuhriy (Olloh ulardan rozi bo‘lsin!) ham nafl namozlarining ikki-ikki rak’atdan o‘qilmog‘ini eslatib o‘tganlar. Yahyo ibn Sa’id: «Kunduzi o‘qiladirgan naflning har ikki rak’atidan keyin salom bermagan birorta ham ulamoni (faqihni) bilmasmen».- deydilar.

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga Qur’oni Kariym suralarini o‘rgatganlaridek har bir ishda istixora (Ollohdan tilak tilamoq) aytishni o‘rgatar erdilar. Bir kuni Janob Rasululloh: «Agar biror ishga bel bog‘lasangiz, avval ikki rak’at farzsiz namoz o‘qingiz, so‘ng mana bu duoni aytingiz, dedilar: «Ollohumma astaxiyruka bi-ilmika va astaqdiruka bi-qudratika va as’aluka min fazlik-al-aziym, fa-innaka taqdiru va lo aqdiru va ta’lamu va lo a’lamu va anta allomu-l-g‘uyub, Ollohumma in kunta ta’lamu anna hoza-l-amr xayrun liy fiy diyniy va ma’oshiy va oqibati amriy (av qola ojili amriy) va ojilihi fa-qdirhu liy va yassirhu liy, summa borik liy fiyhi va in kunta ta’lamu hoza-l-amr sharrun liy fiy diyniy va ma’oshiy va oqibati amriy (av qola fiy ojili amriy) va ojilihi fa-srifhu anniy va-srifniy anhu va-qdir liyi-l-xayr haysu kona, summa arziniy bihi». «Mazkur duoni aytib bo‘lgach,- dedilar Janob Rasululloh,- Ollohga o‘z tilagingizni aytg‘aysiz». Duoning tarjimasi: «Ilohi, meni ilmingdan ogoh qilg‘il! Qudrating ila meni bardam qilg‘il! Cheksiz fazlu karamingdan meni bahramand etg‘il! Ilohi, men bel bog‘lagan ish dinimga, hayotimga hamda kasbu korimga yaxshilig‘ keltiradimi, yo‘qmi, o‘zing bilg‘aydirsen. Agar yaxshilig‘ keltiradirgan bo‘lsa, uni menga nasib aylab, oson qilg‘il va unga baraka ato etg‘il! Ilohi, men bel bog‘lagan ish dinimga, hayotimga va kasbu korimga yomonlig‘ keltiradimi, yo‘qmi, o‘zing bilg‘aydirsen. Agar yomonlig‘ keltiradirgan bo‘lsa, uni mendan, meni undan yiroq aylag‘il! Menga yaxshilig‘ keltiradirgan ishni ravo ko‘rib, rozi qilg‘il!»

Abu Qatoda raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi biringiz (namozdan tashqari vaqtda) masjidga kirsangiz o‘tirmasdan avval ikki rak’at namoz o‘qingiz!»- deganlar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga imomlik qilib, ikki rak’at namoz o‘qidilar, so‘ng: «Mehmondorchilikdan qaytishda duo o‘rniga namoz o‘qingiz!»-dedilar».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alaygqi va sallam birlan birga peshindan avval ikki rak’at, peshindan keyin ham ikki rak’at namoz o‘qidim, so‘ngra jum’adan keyin ham, shomdan keyin ham, xuftondan keyin ham ikki rak’at namoz o‘qidim».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qilidirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jum’ada xutba qilaturib: «Birortangiz imom xutbada turgan paytda yokim xutba aytgani chiqayotgan vaqtda masjidga kelsangiz, ikki rak’at namoz o‘qingiz!» -dedilar».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Uyga kelganimda menga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Ka’batullohga kirib ketganlarini aytishdi. Janob Rasulullohni Ka’badan chiqib kelayotganlarida uchratdim. Ka’ba eshigi oldida Bilol turgan erkan, «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’bada namoz o‘qidilarmi?» - deb so‘radim. «Ha, namoz o‘qidilar»,- dedi Bilol. «Ka’baning qay yerida?» - dedim. «Anavi ikki ustun oralig‘ida namoz o‘qidilar, so‘ng tashqariga chiqib, Ka’baga yuzlanib yana ikki rak’at namoz o‘qidilar»,- dedi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga ikki rak’at Zuho namozini o‘qimakni tayinladilar»,- deydilar.

Atbon raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Abu Bakr Siddiq kun yoyilganda menikiga keldilar, biz Rasulullohning orqalarida saf tortdik, ul kishi bizga imomlik qilib, namoz o‘qidilar,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:51:37

23-bob. Bomdod namozining ikki rak’at sunnatini o‘qigandan keyin so‘zlashib o‘tirmoq

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikki rak’at namoz o‘qib, menga qarar erdilar, agar men uyg‘oq bo‘lsam, men birlan so‘zlashib o‘tirar erdilar, agar uyg‘oq bo‘lmasam, yonboshlar erdilar»,-deydilar.

Ali ibn Abdulloh «Bomdodning ikki rak’at sunnatida shundoq qilganlar, deyishadi, deb Sufyonga aytganimda, ul: «Ha, bomdodning ikki rak’at sunnatida, deb tasdiqladi»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:52:03

24-bob. Bomdodda ikki rak’at sunnat o‘qishni odat qilmoq va bomdodning ikki rak’at sunnatini «nafl» degan kishi haqida

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam nafl namozlarining birortasiga ham bomdodning farzidan avval o‘qiladirgan ikki rak’at namozga odatlangandek, qattiq odatlangan ermaslar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:52:14

25-bob. Bomdod namozining ikki rak’at sunnatida nimalar o‘qiladir?

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kechasi 13 rak’at namoz o‘qir erdilar, so‘ng bomdodga azon aytilganini eshitib, ikki rak’at sunnat o‘qir erdilar, sunnatda «Qo‘l yo ayyuha-l-kofirun» birlan «Qul huva-l-lohu ahad»ni qiroat qilur erdilar».

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdodning ikki rak’at sunnatini juda qisqa o‘qir erdilar, hatto men o‘zimga-o‘zim: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Fotiha» surasini o‘qidilarmikan?»-deb qo‘yardim».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:52:38

NAFL NAMOZLAR HAQIDAGI BOBLAR

1-bob. Farz namozlardan keyin o‘qiladirgan nafl namozlar

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga peshin namozidan avval ikki rak’at namoz o‘qidim, peshin namozidan keyin ham, shom namozidan keyin ham, xuftondan so‘ng ham ikki rak’at namoz o‘qidim. Jum’aning farzlaridan keyin ham ikki rak’at namoz o‘qidim. Ammo, Janob Rasululloh shom va xuftonning sunnatlarini uylarida o‘qidilar. Opam Hafsa: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tong otgach, qisqagina ikki rak’at namoz o‘qir erdilar»,- derdilar. O’sha paytlarda men Janob Rasulullohning huzurlariga kirmas erdim».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:52:46

2-bob. Farz namozidan so‘ng nafl o‘qimagan kishi haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga birdaniga 8 rak’at, keyin 7 rak’at namoz o‘qidik»,- dedim. Shunda Amr ibn Dinor: «Ey Abu Muso, nazarimda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshinning qazosini asrga, shomning qazosini xuftonga qo‘shib o‘qidilarmi, deyman»,- dedi. «Men ham shundoq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman»,- dedim».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:52:59

3-bob. Safarda zuho namozi o‘qimoq haqida

Muvarriq raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umarga: «Zuho namozini o‘qiydirsizmi?» - dedim. «Yo‘q»,- dedi. «Usmon-chi»? - dedim. «Yo‘q»,- dedi. «Abu Bakr Siddiq-chi?» - dedim. «Yo‘q»,- dedi. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam-chi?» - dedim. «Yo‘q, deb o‘ylayman»,- dedi».

Abdurrahmon ibn Abu Laylo rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zuho namozini o‘qiganlari haqida Ummu Honi’dan boshqa biror kishi bizga hadis aytmadi. Ummu Honi’ bunday degandi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makka fath qilingan kuni mening uyimga kirib, g‘usl qildilar va 8 rak’at namoz o‘qidilar. Hanuzgacha men bunchalik tez namoz o‘qigan kishini ko‘rmaganman. Biroq, tez o‘qigan bo‘lsalar-da, ruku’ va sajdalarni me’yoriga yetkazib ado etdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  09 Oktyabr 2006, 07:53:09

4-bob. Zuho namozini ixtiyoriy deb o‘qimagan kishi haqida

Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zuho namozini o‘qiganlarini ko‘rmaganman, biroq o‘zim o‘qiganman».

Qayd etilgan