Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863810 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:35:37

92-bob.

Sumra ibn Jundub raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qib bo‘lgach, bizga yuzlanib: «Bul kecha kim tush ko‘rdi?»-deb so‘rar erdilar. Odamlar ko‘rgan tushlarini aytib berishar erdi, Janob Rasululloh ersa, «Olloh taolo ne xohlasa, o‘sha bo‘lg‘aydir!»-deb ta’bir aytar erdilar. Bir kuni bizdan: «Birortangiz tush ko‘rdingizmi?» - deb so‘radilar. Biz: «Yo‘q»,- dedik. Shunda Janob Rasululloh: «Ammo, men bul kecha tush ko‘rdim, tushimda ikki kishi qo‘limdan yetaklab, meni Bayt ul-Muqaddasga olib borishdi. Qarasam, u yerda bir kishi o‘tiribdir va bir kishi tik turibdir. Tik turgan kishi qo‘lidagi (rivoyatning davomini Muso ibn Ismoildan eshitganmiz, deyishadi ayrim sahobalar) temir changakni o‘tirgan kishining bu lunjiga tiqib, ikkinchi lunjidan chiqarmakdadir, keyin ikkinchi lunjiga tiqib, bu lunjidan chiqarmakdadir. Changakni sug‘urib oldi deguncha, lunji tuzalib qolayotir. Tik turgan kishi o‘tirgan kishining lunjiga temir changakni shu tariqa to‘xtovsiz tiqib, sug‘urar erdi. Buni ko‘rib, «Bu ne qilganlaringdir?»-dedim. Ular: «Qani, yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Bir joyga borsak, bir kishi chalqancha yotibdir, yana bir kishi boshida tik turibdir. Uning qo‘lida mushtdek tosh bo‘lib, chalqancha yotgan kishining boshiga urmakdadir, tosh sapchib ketib, nariga borib tushmakdadir. U toshni tag‘in olib kelguncha chalqancha yotgan kishining boshi tuzalib qolayotir. Shu tariqa tik turgan kishi chalqancha yotgan kishining boshini qayta-qayta majaqlamoqdadir. Men: «Bu kimdir?»-deb so‘radim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!»- deyishdi. Bir joyga borsak, tandirga o‘xshash og‘zi tor, tubi keng bir chuqurlik bor erkan, uning ichidagi alanga kuchayganda odamlar alanga birlan birga chuqurdan uchib chiqib ketay deyishayotir, alanga pasayganda ersa, alanga birlan birga yana chuqur tubiga tushib ketishmakdadir. O’tda kuyayotganlar orasinda qip-yalang‘och erkaklar ham, ayollar ham bordir. «Bular kimlardir?» - deb so‘radim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!»-deyishdi. Yura-yura qon daryosi bo‘yidan chiqib qoldik. Daryoning qirg‘og‘ida bir odam, o‘rtasida ersa, boshqa bir odam turibdir. Daryodagi odam qirg‘oqqa chiqg‘aymen desa, qirg‘oqdagisi uning lunjiga tosh birlan urib, daryoga qaytarib tushirib yubormakdadir. U yana chiqg‘aymen desa, tag‘in urib tushirib yubormakdadir. «Bu nedir?»-dedim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Biz bu gal yam-yashil bog‘ oldidan chiqib qoldik. Bog‘da bir azim daraxt bor erkan, uning tagida bir chol va bir to‘da bolalar o‘tirishibdir. Daraxtga yaqin joyda bir kishi o‘t yoqmakdadir. Sheriklarim meni ko‘tarib daraxtning ustidagi bir uyga olib kirdilar. Men shul choqqacha bundoq muhtasham uyni ko‘rmagandirmen, uning ichida (kishilar) chollar, yigitlar, bolalar va ayollar bor erkan. Keyin, meni daraxtning yuqorirog‘idagi boshqa bir uyga olib chiqdilar, bunisi avvalgisidan ham muhtashamroq va fayzliroq erdi. Unda chollar va yigitlar o‘tirishgan erkan. Men sheriklarimga qarab: «Bul kecha meni rosa sayr qildirdingizlar, endi ko‘rganlarimni tushuntirib beringiz!» - dedim. Ular: «Bo‘pti!»-deb menga tushuntira ketdilar: «Lunjiga temir changak tiqilayotgan odam kazzob (yolg‘onchi) bo‘lib, uning gaplari hatto ufqqa qadar yetib borgandir. Unga, o‘zing ko‘rganingdek, qiyomatgacha azob berilg‘aydir. Boshi majaqlanayotgan odam ersa, Olloh taolo Qur’ondan bexabar qilgan odam bo‘lib, u kechalari g‘aflat uyqusida yotgan, kunduzi ham tilovat qilmagan. Unga qiyomatgacha boshini majaqlab, azob berilg‘aydir. Chuqurda ko‘rganlaring - zino qilgan odamlardir, daryoda ko‘rganlaring ersa, sudxo‘rlardir. Daraxt tagida o‘tirgan chol ersa, Ibrohim alayhissalom, tegrasidagi bolalar - odamlarning norasida yoshda vafot etgan bolalaridir. O’t yondirayotgan shaxs o‘t yoquvchilar noziridir. Sen kirgan birinchi uy, umum mo‘‘minlar uyidir, ammo keyingi uy ersa, shahidlar uyidir. Men bo‘lsam, Jabroildirmen, bul esa Mikoildir». Shundan so‘ng, Jabroil va Mikoil menga: «Boshingni ko‘targ‘il!» -dedilar. Men boshimni ko‘tarsam, tepamda bulutga o‘xshash bir joy ko‘rindi. Ular: «Bu sening maskaningdir!» - deyishdi. Men: «Qo‘yib yuboringiz, o‘shal maskanimga kirayin!» desam, ular: «Hali umring tugagani yo‘qdir, tugasa, o‘shal manzilingga kelg‘aydirsan»,- deyishdi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:36:00

93-bob. Dushanba kungi o‘lim haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Abu Bakr raziyallohu anhuning huzurlariga kirganimda ul kishi mendan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni necha qavat qilib kafanladingizlar?»-deb so‘radilar. Men: «Uch qavat oq suhuliyya birlan kafanladik, kafan ostida na salla va na ko‘ylak bor erdi»,-dedim. «Janob Rasululloh qaysi kuni vafot etgan erdilar?»-deb so‘radilar. «Dushanba kuni»,- dedim. «Bugun qaysi kundir?»- dedilar. «Dushanba kunidir»,-dedim. «Shu soniyadan to tungacha vafot etsam, degan umiddadirmen!»-dedilar. So‘ng, egnilaridagi betob bo‘lib yotgan kezlarida kiydirilgan kiyimlariga qarab qo‘ydilar. Unda za’faronning dog‘i bor erdi. «Mana shul kiyimimni yuvib, unga tag‘in ikki en kafanlik qo‘shib, kafanlangizlar!»-dedilar. «Bul eski-ku!» - degan erdim, «O’likdan ko‘ra, tirik yangi kiyim kiymakka haqliroqdir! Kafan badandan oqadigan har xil narsalar uchun kerakdir»,- dedilar. Abu Bakr seshanba kechasygacha vafot etmadilar. Dafn qilinganlarida hali tong otmagan erdi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:36:10

94-bob. Bexos o‘lim

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Onamning joni birdaniga chiqib ketdi, so‘zlashga ulgurganlarida erdi, sadaqa qilmakka buyurar erdilar. Agar men onamning nomlaridan sadaqa qilsam, ul kishiga savobi tekkaymidir?» - deb so‘radi. «Ha»,-dedilar Janob Rasululloh».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:36:47

95-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallam, Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumo qabrlari haqidagi rivoyatlar

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Agar Rasululloh sallallohu alayhi va sallam og‘ir betob bo‘lib qolsalar, «Bugun qay yerdadirmen-u, ertaga qay yerda bo‘lg‘aymen?» deb mening huzurimda bo‘ladirgan kunlarini orziqib kutar erdilar. Buni qarangkim, Janob Rasululloh xuddi mening navbatim kelgan kuni quchog‘imda Olloh taologa jon taslim qildilar va mening xonamga dafn etildilar!».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam so‘nggi bor betob bo‘lib yotganlarida (shu kasallikdan so‘ng vafot etganlar); «Olloh taolo yahudiy va nasorolarni la’natladi, chunkim ular sobiq payg‘ambarlarning qabrlarini masjid qilib oldilar»,- degan erdilar. Ana shu xavf (masjid qilib olmoq xavfi) bo‘lmaganida, Janob Rasulullohning qabrlari ochiq qoldirilar erdi».

Sufyon at-Tammor: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qabrlari do‘ppayib turganini ko‘rgandirmen»,- degan erkanlar.

Hishom ibn Urva otalaridan eshitganlarini rivoyat qiladirlar: «Valid ibn Abd ul-Malik zamonasida Hujrayi Sa’odatning (Rasululloh dafn etilgan hujraning) devori yiqilganida, uni qayta tiklamoqqa kirishdilar. Shunda (devor kesaklari orasidan) oyoq ko‘rinib qoldi. Odamlar dahshatga tushib, uni Nabiy sallallohu alayhi va sallamming oyoqlari, deb gumon qildilar. Bul kimning oyog‘i erkanligini biladirgan hech kim yo‘q erdi. Shunda otam
Urva: «Xudo haqqi, bu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oyoqlari ermas, balki Umar raziyallohu anhuning oyoqlaridir»,- degan erkanlar».

Hishom ibn Urva otalaridan eshitganlarini rivoyat qiladirlar: «Oisha onamiz Abdulloh ibn az-Zubayrga: «Meni |glarning yoniga dafn etmag‘il, Baqi’dagi dugonalarim (Rasulullohning boshqa ayollari) yoniga dafn etg‘il, men u joyga mutlaqo loyiq ermasdirman!»-deb vasiyat qilgan erkanlar» (ularning yoniga deganda Rasululloh, Abu Bakr, Umar nazarda tutilgan).

Amr ibn Maymun raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Umar ibn Xattob raziyallohu anhuni ko‘rdim. «Ey Abdulloh ibn Umar, mo‘‘minlarning onasi Oisha raziyallohu anhoga borib, mendan salom aytg‘il, so‘ng mening ikki do‘stimning yoniga dafn etilmog‘imga ijozat so‘ragil!» - dedilar. Oisha onamiz: «Ilgari men o‘zim o‘shal yerga dafn qilinmog‘imni istar erdim, endi bo‘lsa, buni o‘zimga ep ko‘rmayotirman»,- dedilar. Abdulloh qaytib kelib, Hazrat Umarga uchrashganlarida, ul kishi: «Nechuk xabar keltirding?» :—deb so‘radilar. Abdulloh: «Ey Amir al-mo‘‘minin, sizga ruxsat berdilar»,- deb aytdilar. Shunda Hazrat Umar: «Mening uchun o‘shal joydan tabarrukroq joy bo‘lmagandir, agar o‘lsam, meni o‘shal yerga eltib, salom aytingiz! Keyin sen: «Umar ibn Xattob ruxsat so‘rayotir», - degil. Agar ruxsat bersalar, meni o‘shal yerga dafn qilingizlar, ruxsat bermasalar, unda meni musulmonlar mozoriga olib borib, dafn qilaveringiz!

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam rizo bo‘lgan o‘shal vafot etib*ketgan kishilardan ko‘ra, xalifalikka loyiqroq boshqa birorta odamni bilmasmen. Mendan keyin kimni xalifa qilsangizlar, unga itoat etib, quloq solingizlar!»-dedilar. So‘ng, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Abdurrahmon ibn Avf va Sa’d ibn Abu Vaqqosning ismlarini tilga oldilar.

Shu payt, bir ansoriy yigit kirib kelib: «Ey Amir al-mo‘‘minin, Olloh taoloning sizga ko‘rsatgan bashoratidan xursand bo‘lingiz! Islomda o‘z o‘rningiz bordir, buni bilursiz, keyin adolat birlan xalifalik qildingiz, tag‘in buning ustiga shahid ham bo‘ldingiz!» - dedi. Hazrat Umar: «Ey birodar, koshki erdi, shular yetarlik bo‘lsa erdi! Uzimdan so‘ng bo‘ladirgan xalifa muhojirlarga yaxshilig‘ qilsin, ularning haqini tan olsin, hurmatlarini o‘rniga qo‘ysin, deb vasiyat qilg‘aymen. O’zimdan keyingi xalifaga yana bunday deb vasiyat qilg‘aymen: «Madina va iymonni (qalblariga) jo aylagan ansorlarga yaxshilig‘ qilsin, yaxshi ishlarini maqbul ko‘rib, kamchiliklarini afv etsin! Unga tag‘in bundoq deb vasiyat qilg‘aymen: «Olloh va uning Rasuli o‘z zimmasiga olgan aholiga (Ahlu-z-zimmaga; musulmon xalifalig‘ida jiz’ya - jon solig‘i to‘lab yashagan g‘ayridinlarga) berilgan va’daga vafo aylasin, ularni qirg‘in qilmasin, ularning yelkalariga qurblari yetmaydirgan yukni qo‘ymasin!»

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:36:58

96-bob. Mayyitlarni haqorat qilmoqning makruhligi to‘g‘risida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Mayyitlarni haqorat qilmangizlar, chunkim ular keladirgan joylariga kelib bo‘ldilar!» -deganlar». Bu hadisni Abdulloh ibn Abd ul-Quddus va Muhammad ibn Anas ham A’mashdan eshitib rivoyat qilib berishgan, Ali ibn Ja’d ersa, uni davom ettirgan.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:37:08

97-bob. Mayyitlarning hayotliklarida qilgan yomonliklarini eslash

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abu Lahab alayhi la’natu-l-lohi (unga Ollohning la’nati bo‘lsin) Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: «Kelgusi hayoting qurib ketsin!»-dedi. Shunda, «Abu Lahabning ikki qo‘li qurisin!»-degan oyat nozil bo‘ldi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:37:40

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI

98-bob. Zakot bermoqning vojibligi to‘g‘risida


Olloh taolo bu xususda: «Namoz o‘qingiz va zakot beringiz!» - deb aytadir.

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abu Sufyon raziyallohu anhu menga hadis ayta turib, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning bir so‘zlarini esladi. Keyin u: «Janob Rasululloh bizga namoz o‘qimoqni, zakot bermoqni, qarindoshlik aloqalarini uzmaslikni va pok bo‘lmoqni buyurganlar»,- dedi».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Maoz raziyallohu anhuni Yamanga yubora turib: «Ularni (Yaman ahlini) Ollohdan boshqa iloh yo‘qlig‘iga va mening Ollohning Rasuli ekanlig‘imga guvohlik bermoqqa da’vat etg‘il! Agar da’vatingni qabul aylasalar, unda Olloh taolo har kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qimoqni farz qilganini ham aytgil! Agar buni ham qabul etsalar, unda Olloh taolo boy kishilarning mol-dunyosidan sadaqalar (zakotlar) olib, faqirlarga qaytarib bermoqni ham farz qilganini ma’lum aylag‘il!» - deb aytdilar».

Abu Aiyub raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bir kishi: «Ne qilsam, jannatga kirg‘ayman, menga o‘rgatingiz!»-dedi. Odamlar: «Ne ishi bor erkan, ne ishi bor erkan?»-deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Bir ish birlan kelibdir»,- deb javob berdylar. Keyin, boyagi odamga qarab: «Olloh taologa ibodat aylag‘aysen, unga hech narsani shirk keltirmag‘aysen, namoz o‘qib, zakot berg‘aysen va qarindoshlaringga oqibatli bo‘lg‘aysen!» - dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir a’robiy (badaviy) Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Menga bir ishni o‘rgatingizkim, uni bajarib men jannatga kirayin!» - dedi. Janob Rasululloh: «Ollohga ibodat aylab, unga hech narsani shirk keltirmag‘aysen, buyurilgan besh vaqt namozni o‘qig‘aysen, farz qilingan zakotni ado etg‘aysen va ramazonda ro‘za tutg‘aysen!»-dedilar. A’robiy: «Jonu tanim qo‘lida bo‘lgan Ollohga qasam ichib ayturmenkim, shu aytganlaringizdan oshirib yubormag‘aymen!»-dedi. U kishi qaytib ketgach, Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kim jannati odamni ko‘rib, xursand bo‘lmoqni istasa, shul kishiga qarasin!» - dedilar».

Abu Hayyon: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam xususlaridagi mazkur hadisni menga Abu Zur’a aytib bergan erdi»,- deydilar.

Abu Jamraga Ibn Abbos bunday deb aytgan erkanlar: «Abd ul-Qaysning (qabilaning) vakillari Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, «Yo Rasululloh, anavi Rabiy’a qavmi - zararkunanda kofirlar siz birlan bizning o‘rtamizda rahna bo‘lib turishibdir, biz muharram oyidagina sizning oldingizga kela olurmiz. xolos. Bizga buyuringiz, aytganlaringizni o‘rganib, o‘zimiz ham bajaraylik, uyimizga qaytib borgach, qavmu qarindoshlarimizga ham o‘rgataylik!»-dedi. Shunda Janob Rasululloh bunday deb amr qildilar: «Sizlarga to‘rt narsani buyurib, to‘rt narsani man’ qilg‘aymen. Kalimai shahodat (lo iloha illa-l-loh) aytib, Ollohga iymon keltiringiz (qo‘llarini musht etib, ko‘rsatkich barmoqlari birlan mana bunday qilib ishora ayladilar), namoz o‘qingiz, zakot beringiz va qo‘lga kiritgan o‘ljangizning beshdan bir qismini ulashingiz! Sizlarga dubbo, hantam, naqiyr va zaftni man’ qilg‘aydirmen!»

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etib, Abu Bakr raziyallohu anhu xalifa bo‘lganlarida ayrim arab qavmlari islomdan tondilar. Shunda Umar raziyallohu anhu bunday degan erdilar: «Odamlar (kofirlarga qarshi) nechuk urushmoqdalar? Axir, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Menga Olloh taolo tomonidan odamlar «Lo iloha illa-l-loh» demagunlaricha urush qilmoq buyurildi, kimki shundoq desa, molu jonini mendan omon saqlab qolg‘aydir, boshqa gunohlari uchun ersa, Olloh taolo dargohida javob berg‘aydir»,- deganlar-ku!»

Abu Bakr: «Ollohga qasam ichurmenkim, namoz birlan zakotni farqlagan (ya’ni, birining ikkinchisidan ahamiyati ortiqroq yokim kamroq degan) kishiga qarshi jang qilg‘aymen, chunkim zakot islom yo‘lida qilinadirgan xayr-ehsondir. Agar Janob Rasulullohga (beva-bechoralarga tarqatmoq uchun) olib kelinayotgan echkilardan bittasi kam bo‘lsa ham, xudo haqqi, jang qilg‘aydirmen!» - deydilar. Hazrat Umar: «Olloh taolo Abu Bakrning qalbiga qanchalar shijoat ato etgandir! Men uning haq ekanligini tushung‘aydirmen»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:38:18

99-bob. Zakot beraman, deb bay’at qilmoq

Olloh taolo bu xususda: «Agar tavba qilib, namoz o‘qisalar va zakot bersalar, sizning dindosh birodarlaringizdirlar»,- deydir.

Jarir ibn Abdulloh raziyallohu anhu: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga, namoz o‘qig‘aydirmen, zakot berg‘aydirmen va har bir musulmonga (bu haqda) nasihat qilg‘aydirmen, deb bay’at (qasam) qildim»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:38:34

100-bob. Zakot bermaydirgan (odam) ning gunohi

Olloh taolo bu xususda bunday deydir: «Xazina-xazina tilla va kumushlar jamlab, Olloh yo‘lida sarf qilmaydirganlarni qiyomat kuni beriladirgan qattiq azobdan ogoh qilingizlar! O’shal kuni butun jamlagan xazinalari jahannam o‘tida qizdirilib, u birlan xazina sohibining peshonasi, ikki biqini va orqasi dazmol qiling‘aydir. Jamlagan mol-dunyoingizning sizga ko‘rsatadirgan oqibati mana shul bo‘lur. Qiyomat kuni jamlagan xazinalaringizning mazasini bir tatib ko‘ringiz-chi!»

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki tuyasi ko‘p bo‘laturib, zakot bermagan ersa, qiyomat kuni eng semiz tuyasi kelib, uni tepkilag‘aydir, agar qo‘yi ko‘p bo‘la turib, zakot bermagan ersa, eng semiz (baquvvat) qo‘yi kelib, uni tuyoqlari birlan tepkilab, shoxlari birlan suzg‘aydir»,- dedilar («Ularni suv bo‘yiga olib borib sug‘ormoq ham zakotdir»,- deydilar Imom Buxoriy). Janob Rasululloh yana bunday dedilar: «Qiyomat kuni qaysi biringizdir yelkangizda ma’rab turgan qo‘y ko‘tarib kelib: «Ey, Muhammad!» - dersiz. Shunda men: «Sen uchun hech narsa qilolmasman, men ilgari aytgandim»,- derman. Keyin, bittangiz yelkangizda bo‘kirib turgan tuya ko‘tarib kelib: «Ey Muhammad!» - dersiz. Shunda men: «Sen uchun hech narsa qilolmasman, men ilgari aytgandim»,- derman».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimga Olloh taolo mol-dunyo bergan bo‘lsa-yu, u zakot bermagan bo‘lsa, jamg‘argan boyligi qiyomat kuni ilon shakliga kirib, egasining tanasiga o‘ralib olib chaqg‘aydir, so‘ng: «Men mol-dunyoingdirman, men xazinangdirman» — deb aytg‘aydir»,— dedilar. Keyin, «Xasislik qilg‘uvchilar o‘ylamasinlarkim...» degan oyatni o‘qidilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:38:56

101-bob. Zakoti berilgan boylik xazina emas!

Nabiy sallallohu alayhi va sallam bu xususda: «Molingiz besh uqqadan (6,240 kg dan) kam bo‘lsa, sadaqa lozim ermas»,— deganlar.

Xolid ibn Aslam rivoyat qiladirlar: «Bir kuni Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu birlan birga (ko‘chaga) chiqdik. Shunda bir a’robiy (badaviy): «Olloh taoloning «Tilla va kumushlarni to‘plab, xazina qilib, Olloh yo‘lida sarf qilmaydirgan shaxslar...» degan oyatini menga tushuntirib beringiz!»— dedi. Ibn Umar raziyallohu anhu: «Kim boylik (mol-dunyo) to‘plab, zakot bermasa, uning holiga voydir! Olloh taolo zakotni farz deb buyurib, uni boylikni halollovchi vosita qildi»,— dedilar».

Abu Sa’id raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Og‘irligi besh uqqadan (6,240 kg dan) kam (sochiluvchan bo‘lmagan) narsalar uchun, soni beshtadan oz qo‘y, echki, mol, ot, tuya kabi hayvonlar uchun hamda besh avsaqdan (taxm. 720 kg dan) yengil (sochiluvchan) narsalar uchun sadaqa (zakot) berilmag‘aydir».

Zayd ibn Vahb rivoyat qiladirlar: «Rabza degan yerdan o‘tib ketayotgan erdim, Abu Zarrni uchratib qolib, unga: «Ne sababdin uyingizni tark etib, bu yerlarda yuribdirsiz?» — dedim. Abu Zarr menga bunday dedilar: «Shomga borgan erdim, Olloh taoloning, «Tilla va kumushlarni to‘plab, xazina qilib, Olloh yo‘lida sarf qilmaydirgan shaxslar...» degan oyati haqida Muoviya birlan tortishib qoldim. Muoviya: «Bu oyat ahli kitoblar uchun nozil bo‘lgan»,— dedi. Men: «Bu oyat barchamizga, biz uchun ham, ular uchun ham nozil bo‘lgan»,— dedim. Keyin, shu tariqa tortishib qoldik. U kishi mendan shikoyat qilib, Usmon raziyallohu anhuga maktub yubordi. Usmon menga: «Madinaga kelg‘il!» — deb xat yozuvdi, men bordim. Shunda odamlar go‘yo meni ilgari ko‘rmagandek qurshab olishib, nega kelganlig‘imning boisini surishtira ketdilar. Men bu hodisani Usmonga aytdim. U kishi: «Agar siz ravo ko‘rsangiz, shahar chekkasidan joy bersamu o‘shal yerda tursangiz, bizning ko‘nglimizni xushnud etgan bo‘lardingiz!»— dedi. Mana shu sababli men shu yerdaman, agar menga habash qulni rahbar qilib qo‘ysalar, men unga quloq solib, itoat qilgan bo‘lur erdim».

Ahnaf ibn Qays rivoyat qiladirlar: «Quraysh qabilasiga mansub bir guruh odamlar birlan o‘tirgan erdim. Shunda sochlari to‘zg‘igan, kiyimlari yirtiq, jussasi qo‘pol bir odam kelib o‘tirganlarga salom berdi-da: «Mol-dunyo yig‘guvchilarga aytib qo‘yingiz, ularning badanlariga jahannam o‘tida qizdirilgan tosh bosilg‘aydir! Qizdirilgan tosh avval emchagi uchiga qo‘yib bosilg‘aydir, kuragidan teshib chiqg‘aydir, keyin kuragiga qo‘yib bosilg‘aydir, emchagi uchidan teshib chiqg‘aydir. Shunda tosh titrab, qaltirab turar»,- dedi. Keyin, bir ustunning tagiga borib o‘tirdi, men ham unga ergashib, yoniga borib o‘tirdim, lekin kim ekanini bilmayman. Men unga: «Sizning aytgan so‘zlaringiz, nazarimda, odamlarga yoqmadi»,- dedim. Boyagi kishi: «Ularning hech narsaga aqli yetmag‘aydir, buni menga do‘stim aytgan erdi»,- dedi. «Do‘stingiz kim?» - deb so‘radim men. Boyagi odam: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam!» - deb javob berdi-da, keyin bo‘lgan voqeani hikoya qila ketdi: «Bir kuni Janob Rasululloh menga: «Ey Abu Zarr, Uhudni (tog‘ni) ko‘rib turibdirsanmi?» - dedilar. Shunda men, bir yoqqa ish birlan yubormoqchilar shekilli, deb o‘ylab, Quyoshga qarab kunning qolgan qismini chamaladim-da, «Ha»,-dedim. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mening Uhud tog‘idek tillam bo‘lsa, bir kunlik hojatimga uch dinor olib qolib, qolganini Olloh yo‘lida sarf qilur erdim!» - dedilar». Abu Zarr hikoyasini shu yerda to‘xtatib, menga: «Anavilar o‘ylamay-netmay mol-dunyo to‘plab yotibdirlar, xudo haqqi, men Olloh taoloning dargohiga borgunimcha ham ulardan boylik talab qilmasman va maslahat ham so‘ramasman!» - dedi».

Qayd etilgan