3-bob. Egarda o‘tirib haj qilmoq to‘g‘risida
Qosim ibn Muhammad rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Oisha raziyallohu anhoni ukalari Abdurrahmon birlan birga hajga exrom bog‘lagani yubordilar. Ukalari Oisha onamizni egarga mingashtirib olib, Tan’imdan boshlab umra (kichik haj) qildirdilar», Umar raziyallohu anhu: «Hajda egar qorinbog‘larini qattiqroq tortingiz, chunki haj ikki jihoddan biridir!» -deganlar.
Sumoma ibn Abdulloh ibn Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Anas egardan tushmay haj qildi, u xasis ermas erdi (ya’ni, tuyasini ko‘zi qiymaganligidan shunday qilgani yo‘q, balki unga yegulik va boshqa kerakli anjomlarini ortib olgandi).
Anas: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ham yegulik. va boshqa narsalarini tuyalariga ortib olib, egardan tushmay haj qilganlar»,- degandi».
Qosim ibn Muhammad rivoyat qiladirlar: «Oisha onamiz raziyallohu anho: «Yo Rasululloh, sizlar umra (kichik haj) qildingiz, men umra qila olmadim»,-dedilar. Janob Rasululloh: «Yo Abdurrahmon, opangni olib borib, Tan’imdan boshlab umra qildirg‘il!» - dedilar. Abdurrahmon Oisha onamizni tuyaga mingashtirib olib bordilar. Oisha onamiz umra qildilar».