Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863570 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 121 122 123 124 125 126 127 128 B


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:36:44

3-bob. Laylat-ul qadrni Ramazonning ohirgi o'n kunligining yettisida  kutingiz!

Ibn Umar raziyalloku anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari Laylat ul-Qadrning Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lmog‘ini tushlarida ko‘rishgan erkan. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sizlarning tushlaringiz Laylat ul-Qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisinda erkanlig‘iga muvofiq kelg‘aydir, deb o‘ylarmen. Kimki Laylat ul-Qadrni kutmoqchi ersa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisinda kutsin!» - dedilar».

Abu Sa’id rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirdik. Janob Rasululloh Ramazonning yigirmanchi kuni ertalab chiqib, bizga va’z qildilar, so‘nt: «Tushimda menga Laylat ul-Qadr aniq ko‘rsatildi, ammo uning qaysi kun bo‘lmog‘i yodimdan chiqib qoldi. Uni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutingiz! Men tushimda loy joyda sajda qilayotgan ermishman, endi kimki paygambar birlan e’tikrfga o‘tirgan ersa, uyiga qaytsin!» -dedilar. Biz uyimizga yo‘l oldik. Osmonda hech qanday bulut yo‘q erdi. Ittifoqo, bir bulut paydo bo‘lib, shundoq yomg‘ir yog‘dikim, hatto masjidning tomi oqib tushdi, chunki masjidning tomiga xurmo shoxlari yopilgan erdi. So‘ng, bomdodga takbir aytildi. Shunda, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning loy joyda sajda qilayotganlarini, hatto peshonalariga loy tekkanini ko‘rdim».

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:42:46

4-bob.Laylat-ul qadrni Ramazonning ohirgi o'n kunligining toq kunlarida  kutmoq lozim.

Oisha raziyallohu anxo: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlari kutingiz, deb aytibdirlar»,- deydilar.

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyining ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirib, yigirmanchi kechani o‘tkazgach, e’tikofni tugatar erdilar. Keyin, yigirma birinchi kechani o‘tkazib, yana e’tikofga o‘tirar erdilar, boshqalar ham qaytib birga e’tikof qilishar erdi. Janob Rasululloh Ramazon oyida odatdagidek e’tikofga o‘tirdilar. Yigirmanchi kechani o‘tkazgach, tashqariga chiqdilar-da, odamlarga ta’z aytdilar, so‘ng ularga bir qancha yumushlarni buyurib: «Bu o‘n kunlikda e’tikof qildim, ammo menga oxirgi o‘n kunlikda ham e’tikof qilmoq lozimligi ayon bo‘ldi, kimki Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikof qilgan ersa, e’tikofni davom ettirsin! Tushimda menga Laylat ul-Qadr (kechasi) bo‘ladirgan kun aniq tayinlandi, biroq ul yodimdan chiqib qoldi. Endi, uni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutingiz! Men tushimda loy yerga sajda qilayotgan erkanman» ,— dedilar. Shul kecha yomg‘ir yog‘di, masjid tomidan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namoz o‘qiydirgan yerlariga chakka o‘tib, loy bo‘lib ketdi. Keyin, Ramazonning yigirma birinchi kechasi Janob Rasulullohning bomdod o‘qib qaytayotganlarida muborak yuzlariga loy tekkanini ko‘rdim».

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Qadr Kechasini kutingiz!» deb aytdilar»,-deydilar.

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirardilar va «Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligida kutingiz!» - der erdilar»,- deydilar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligida, ro‘zaning to‘qqiz kuni qolganda yokim yetti kuni qolganda yohud besh kuni qolganda kutingiz!» - der erdilar»,- deydilar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Laylat ul-Qadr oxirgi o‘n kunlikda - yigirma to‘qqizda, yigirma yettida bo‘lg‘aydir»,- dedilar»,- deydilar. Ibn Abbos raziyallohu anhu «Laylat ul-Qadrni to‘rtinchi kecha kutingiz!» degan hadisni ham aytganlar.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:46:46

5-bob. Laylat-ul qadr tayin qilingan kunni, kishilar janjallashgani sababli, yoddan ko'tarilgani haqida.

Uboda ibn as-Somiy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Laylat ul-Qadr qaysi kuni bo‘lmog‘ini xabar qilmoq uchun chiqdilar. Yo‘lda ikki musulmonning janjallashayotganini ko‘rib, o‘shal kun yodlaridan chiqib qoldi. Janob Rasululloh sahobalarga: «Men sizlarga Laylat ul-Qadr bo‘ladirgan kunni xabar qilmoqchi bo‘lib chiqqan erdim, biroq yo‘lda falonchi birlan pistonchining janjallashayotganini ko‘rib, yodimdan ko‘tarilib ketdi, Qadr Kechasini Ramazonning yigirma to‘qqiz yokim yigirma yetti yoki yigirma beshinchi kunlarida kutingiz!» - dedilar».

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:48:27

6-bob. Ramazonning ohirgi o'n kunligida ibodat qilmoqqa qattiq kirishmoq lozimligi haqida.

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, ahllari ila aloqa qilmoqdan uzoqlashar erdilar, kechalari uxlamas erdilar va uydagilarni ham ibodat qilmoqqa uyg‘otar erdilar»,-deydilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:50:51

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM.
7-bob. E'tikof haqidagi boblar


Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof qilinadir. Hamma masjidlarda ham e’tikof qilmoq mumkin. Olloh taoloning quyidagi kalomi bunga dalil: «Masjidlarda e’tikofda o‘tirgan kunlaringizda ayollarga yaqinlik qilmangiz! Bu Olloh belgilagan chegaralardir. Binobarin, alarga yaqinlik qilmangiz! Shul tariqa Olloh taolo o‘z hukmlarini bandalariga tushuntirg‘aydir, shoyad ular Ollohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytsalar!»

Abdulloh ibn Umar: «Rasululloh Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirar erdilar»,- deydilar.

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam to Ollohtaolo omonatini olguncha Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirmakni kanda qilmadilar. Janobdan so‘ng, ul kishining ayollari ham shundoq e’tikof qilishadigan bo‘ldi»,- deydilar.

Abu Sa’id Hudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qaysi bir yili Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirdilar. Yigirmanchi kuni ertalab e’tikofni tugatib, tashqariga chiqdilar-da, bunday dedilar: «Kimki men birlan birga e’tikof qilgan bo‘lsa, oxirgi o‘n kunlikda ham e’tikofni davom ettirsin! Shul kecha menga Laylat ul-Qadr o‘tadigan kun tayin qilingan edi, ammo yodimdan ko‘tarilibdir. Tushimda loy yerda sajda qilayotgan ermishman, Laylat ul-Qadrni oxirgi o‘n kunlikning toq kunlarida kutingiz!» Shu kechasi yomg‘ir yog‘di. Masjid tomi xurmo shoxlari birlan yopilgan erdi, yomg‘ir o‘tib ketdi. Rasulullohning peshonalariga loy tekkanini yigirma birinchi kuni ertalab o‘z ko‘zim birlan ko‘rdim».

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:52:30

8-bob. Hayz ko'rgan hotin e'tikofda o'tirgan erini sochini tarashi mumkin.

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam masjidda e’tikofda o‘tirgan kunlari muborak boshlarini darchadan chiqarar erdilar, men hayz ko‘rgan bo‘lsam ham, sochlarini tarab qo‘yardim»,- deydilar

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:54:18

9-bob. E'tikofda o'tirgan kishi uyiga juda zarur bo'lganda kiradir..

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjiddan chiqmay boshlarini darchadan chiqarar erdilar, men sochlarini tarab qo‘yardim. E’tikofda bo‘lsalar, uyga hech kirmas erdilar, faqat zarur bo‘lsagina kirar erdilar»,- deydilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:55:44

10-bob. E'tikofda o'tirgan kishini yuvinmog'i haqida.

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam hayz ko‘rgan bo‘lsam ham meni quchoqlar erdilar. E’tikofda o‘tirgan kunlari boshlarini darchadan chiqarar erdilar, men hayz ko‘rgan bo‘lsam ham yuvib qo‘yardim»,- deydilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:56:44

11-bob. Kechasi e'tikofda o'tirmoq haqida.

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Hazrat Umar Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: «Men johiliya davrida bir kecha Masjid ul-Haromda e’tikof qilurmen, deb niyat aylagan erdim» ,— dedilar. Janob Rasululloh: «Niyatingga vafo qilg‘il!»-dedilar».

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 10:58:47

12-bob. Ayollarni e'tikofda o'tirmog'i haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofda o‘tirar erdilar. Janob Rasululloh mening uchun masjid sahnida chodir tutib bergan erdilar, bomdoddan so‘ng oldimga kirardilar. Janob Rasulullohning boshqa zaifalari - Hafsa mendan o‘ziga chodir tutib olmoqqa ruxsat so‘rab erdi, ruxsat berdim, chodir tutib oldi. Buni ko‘rgan Zaynab binti Jahsh (Rasulullohning xotinlaridan biri) ham o‘ziga chodir qurib oldi. Ertasiga ertalab Janob Rasululloh chodirlarni ko‘rib: «Bu nesidir?»-dedilar. «Xotinlaringizning chodiri»,- deyishdi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ular yaxshi ish qilishibdir, deb o‘ylaysizlarmi?»- dedilar. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh o‘sha oydagi e’tikofni tark etdilar. Buning evaziga Shavvol oyida o‘n kun e’tikof qildilar».

Qayd etilgan