"œGul va Navro’z " dostoni
Navshodning keksa podshosi Farrux o’g’il ko’radi. Bola Navro’zda tug’ilgani uchun unga Navro’z deb ism beradilar. Navro’z aqlli, baquvat bo’lib yetishadi. U Farxor o’lkasining shohi Mushkinning qizi Gulni tushida ko’rib, sevib qoladi. Gul ham Navro’zni tushida ko’rib, uning ishqiga giriftor bo’ladi. Navro’z ko’p sarguzashtlarni boshidan kechirib, Farxorga yetib keladi. Biroq Mushkin Gulni Xitoy xoqoniga tortiq qilmoqchi bo’ladi. O’zaro ahdlashgan Gul bilan Navro’z Xitoy chegarasiga yaqinlashganda qochib ketadilar va sarguzashtlarni boshdan kechirib, bir daryoga keladilar. Dahshatli to’lqin sevishganlarni birbiridan ajratadi: Gul Adanga, Navro’z Yamanga tushib qoladi. Ikkalasi ham askar boshlig’i etib tayinlanadilar. Adam bilan Yaman o’rtasida urush boshlanadi. Yakkama-yakka jangda Gul Yamanlik pahlavon Bahromni yengadi. Jang maydoniga Navro’z chiqadi. U g’olib qahramon — Gul bilan olishishi kerak edi. Biroq Navro’z bilan Gul bir-birlarini tanib qoladilar, urush yarashga aylanadi. Navshod, Farxor, Adan va Yaman shohlari kengashadilar, to’rt davlatni birlashtirib, yagona davlat qilishga va Navro’zni shoh qilib ko’tarishga qaror qiladilar. Navro’z adolatli va ma’rifatparvar podsho bo’ladi.
(Obrazlar: Yaldo (qish mavsumidagi eng sovuq, uzun bva qorong’u kecha), Farrux (go’zal, baxtli muborak, qutlug’ yuzli), Najd (yerning baland qismi, to’siq), Navro’z (yangi kun), Navjoz (xalqi go’zallik va chiroyi bilan mashhur bo’lgan shahar nomi), Farxor (orasta, chiroyli va shinam joy), Bahman (qishning eng ayozli kunlari)).