Abituriyentlarga yordam: adabiyotdan tayyorlov kurslari  ( 286810 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 20 B


Robiya  27 Oktyabr 2007, 16:22:45

Bu yerda o'qishga kirish niyatida bo'lgan abituriyentlar uchun yordam sifatida ona tili va adabiyoti fanidan tayyorlov kurslari olib boriladi.Darslar 1 noyabrdan boshlanadi.Barcha xohlovchilarni bilim olishga chorlab qolaman.Bu darslarning borishi sizning ehtiyojingiz,talabingizga qarab tashkil etiladi.Shunday ekan,fikrlaringizni kutamiz.Agar xohlasangiz, boshqa fanlardan ham tayyorlov kurslari tashkil etiladi.(tarix).

Qayd etilgan


Fatima  28 Oktyabr 2007, 11:24:11

Assalomu alaykum, Opajon!
Bu yordamiz uchun katta rahmat. Lekin dars qayerda bo`ladi?  Forumda ma`lumotlar berib borasizmi  yoki biror o`quv markazidami?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:32:52

Assalomu alaykum!
Judayam yaxshi taklif bo'libdi?
Darslar qanday olib borilishi tartibi haqida ham yozsangiz yaxshi bo'lardi.

Qayd etilgan


Robiya  29 Oktyabr 2007, 15:13:14

Assalomu alaykum, Opajon!
Bu yordamiz uchun katta rahmat. Lekin dars qayerda bo`ladi?  Forumda ma`lumotlar berib borasizmi  yoki biror o`quv markazidami?
Ma'lumotlar forumda,shu bo'limda berib boriladi.Haftada ikki kun ma'lumotlar kiritiladi.(Ona tili va adabiyotdan alohida ma'ruzalar). Yana boshqa takliflar bo'lsa,bemalol aytavering.Sababi,bu faqat sizlar uchun tashkil qilinyapti,bilim olishni qulaylashtirish,kelajakda shirin mevani berishi tayin.Shunday ekan,takliflaringizni kutamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Oktyabr 2007, 15:17:45

har bir ma'ruza oxirida keyingi mavzu qanaqa bo'lishini yozib qo'ysez, InshaAlloh, boshqalar ham o'zlaridagi ma'lumotlarini kiritishadi! xoxlasayiz sizga pm orqali yuborishsa, hammasini umumlashtirib yozardiz!

Qayd etilgan


Robiya  31 Oktyabr 2007, 17:36:22

1-Mavzu. Xalq og’zaki ijodi
  Xalq og’zaki ijodi yozma adabiyotdan ancha ilgari paydo bo’lgan va yozma adabiyotning bunyodga kelishi uchun zamin hozirlagan.Xalq yaratgan asarlar o’zining g’oyaviyligi, chuqur xalqchilligi, til boyligi va badiiyligi bilan ahralib turadi.U xalqning yengilmas irodasini, kelajakka bo’lgan ishonchini, haqiqat, adolat,tinchlik va baxt haqidagi tasavvurlarini yaqqol aks ettiradi.Xalq shoirlari yoki jamoat tomonidan yaratilib, og’izdan-og’izga , avloddan-avlodga o’tib kelgan badiiy asarlar xalq og’zaki ijodi deyiladi.Xalq og’zaki ijodi fol’klor deb ham yuritiladi.Xalq og’zaki ijodiga quyidagi janrlar kiradi: qo’shiq,maqol,matal,topishmoq,afsona,rivoyat,asotir,ertak,latifa,lof,lapar,termalar,doston,askiya,tez aytish,masal,alla,yor-yorlar, kelin salomlar va h.k.
  Lapar,lof,askiya kabi janrlar tortishuv, bahslashuv,aytishuv, hazil-mutoyiba,mubolag’a asosida ijro etiladi.
  QO’SHIQ — kuyga solib aytiladigan kichik lirik sher.Qoshiqlarning quyidagi turlari mavjud:
  1.Lirik qo’shiqlar. Bunday qo’shiqlarda insonlarning ruhiy olami, ishqiy kechinmalari aks etadi, to’rt misralik bandlardan tashkil topadi, ular kasb,payt,o’rin tanlamaydi: ularni istalgan vaqtda istalgan kishi xohishiga ko’ra baland ovoz bilan yoki xirgoyi qilib aytaveradi.
  2.Mehnat qo’shiqlari:
a)Dehqonchilik bilan bog’liq qo’shiqlar: qo’sh qo’shiqlar, o’rim qo’shiqlari, yanchiq qo’shiqlari ("œXo’p mayda"lar ), yorg’ichoq qo’shiqlar
b)Chorvachilik bilan bog’liq qo’shiqlar: sog’im qo’shiqlari: xo’sh-xo’sh govmishim, turey-turey, churiyalar.
c)Hunarmandchilik bilan bog’liq qo’shiqlar: charx qo’shiqlari,bo’zchi qo’shiqlari,o’rmak qo’shiqlari (o’zbek ayollarining gilam to’qish bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari), kashta qo’shiqlari
3.Mavsumiy — marosim qo’shiqlari:
  Yil fasllari tasvirlangan qo’shiqlar mavsum qo’shiqlari deyiladi.Qadimgi qo’shiqlarning namunalari Mahmud Koshg’ariyning "œDevonu lug’otit - turk" asari orqali yetib kelgan.Bizgacha yetib kelgan mavsumiy — marosim qo’shiqlari quyidagilar:
a)Sust xotin (yomg’ir chaqirish qo’shig’i). Sust xotin qadimgi zardushtiylik dinida muqaddas sanalgan Tishtiriyaning xalq o’rtasida nomi o’zgarib ketgan obrazidan iborat.Bunda bahor oylarida yomg’ir yetarli yog’masa, qishloq ayollari yig’ilib, poliz qo’riqchisiga o’xshash qo’g’irchoqqa keksa ayol ko’ylagini kiydirib, qishloqdagi barcha xonadonlarga kirishib, Susut xotin qo’shig’ini aytib yurganlar.Xonadon egalari ularni shodlik bilan qarshi olib, qo’g’irchoq ustidan suv sepishib, marosim ishtirokchilariga xayr-sadaqa qilishgna.Marosim tugagach yig’ilgan xayr-sadaqa hisobiga Sust xotinga atab katta is chiqarishgan.
b)Choy momo (shamol to’xtatish). Bunday qo’shiqlarda iltijo qilinadigan Choy momo tarixan Chuy momo, ya’ni Shamol momo obrazidan iborat bop’lib, u zardushtiylikning shamol tangrisi hisoblangan.Bu marosim quyidagicha o’tkazilgan: ikki kampir eski kiyim va chopon kiyib, yuzlariga qora quya surtishib, qo’llariga aso ushlab oldinda Choy momo qo’shig’ini aytib yurishgan.Bo’y yetib qolgan beshta qiz boshlariga sholcha yopib, kampirlar ortidan ergashib, qo’shiqqa jo’r bo’lib yurishgan.7-8 yoshlardagi bir yoki bir necha o’g’il bolalar xurjun osilgan eshaklarga minishib, xonadonlardan xayr-sadaqalarni yig’ib yurishgan.Eshakka o’qlog’, yumshoq supurgi va keli sopi sudratib qo’yilgan.Marosim tugagach, yig’ilgan xayr-sadaqa hisobiga shamol tangrisi sharafiga is chiqarilgan.Choy momo marosimlari hozir Qozog’istonning Turkiston,Sayram atroflarida yashovchi o’zbeklar orasida saqlanib qolgan.
MAQOL — xalqning dono, purhikmat ifodalari,yirik madaniyat arboblari,olimlar,davlat arboblarining ibratomuz gaplari, xalqning hayotiy tajribalari asosida yuzaga kelgan dono fikrlarni ixcham shaklda ifodalovchi asarlardir.Maqollar she’riy va nasriy tuzilishga ega.Ularda mehnatsevarlik,vatanparvarlik,mardlik,saxiylik,adolat,insof,do’stlik,olijanoblik,chininsoniy g’oyalar,sof muhabbat,ilm olisga da’vat kabilar o’z eksini topgan.
Misollar: Azob ko’rmay — rohat yo’q, Ishl;amay yegan — og’rimay o’lar, Tirishgan tog’dan oshar, Vataning tinch — sen tinch va boshqalar.
MATAL — ko’chma ma’noda ishlatiluvchi xalq majoziy iboralarining bir turi.Matal o’z ma’nosidan boshqa ma’noga ko’chirilgan so’z birikmalaridan iborat bo’ladi,unda o’xshatish,kinoya,qochirma so’z va boshqa til vositalari qo’llaniladi.Bunda majoziy iboraning o’z asl ma’nosi bilan ko’chirilgan ma’nosi o’rtasida mantiqiy bog’lanish bo’ladi.
Misollar: Temirni qizig’ida bos, Chumchuq so’ysa ham,qassob so’ysin
TOPISHMOQ — narsa yoki hodisalarning ataylab yashiringan belgisi, shakli,xatti-harakati, holati va vazifasini boshqa narsa yoki hodisaslarga qiyoslash asosida topishga asoslangan she’riy yoki nasriy tuzilishdagi savol va topshiriqlar.Topishmoqlar o’zbeklar o’rtasida topishmoq, jumboq ushuk, top-top kabi atamalar bilan yuritiladi.topishmoqlar xalq turmush bilan chambarchas bog’liq holda yaratiladi.Ularning  zaminida kishilarning qadimiy e’tiqod va tasavvurlari, ularning olamni bilish va idrok etishga bo’lgan intilishlari yotadi.
Misollar: Osh ichida tosh tosh ichida osh (o’rik)
AFSONA (legenda) — xayoliy uydirmalar asos bo’lgan kichik nasriy hikoyalar hisoblanadi.Afsona atamasi forscha fusun — sehr,avrash so’zidan olingan.Afsonalar asosida muayyan darajada tarixiy voqea va hodisalar yotadi, uzoq davrlar o’tishi bilan o’zining aniq ildizlarini yo’qotadi, voqelikni yuksak badiiylikda aks ettirmaydi.Afsona ijrochisi xalq ommasidir.Aristotel afsonalarni haqiqatdan xabar beruvchi yolg’on hikoyalar deb atagan.Afsonalar o’z mavzusiga ko’ra tarixiy,toponomik,diniy,maishiy kabi turlarga bo’linadi.
Misollar: Xazorasp, Guldursun, Ayoz qal’a, Shohsanam ko’shki, Obshir ota, To’maris, Shiroq va boshqalar.Qadimgi turk adabiyotida afsona sav deb atalgan.
RIVOYAT — xalqning tarixiy o’tmishi haqidagi badiiy yodnomalar.Biz rivoyatlar va afsonalar tufayli ajdodlarimiz ko’rsatgan buyuk qahramonliklar haqidagi tarixni bilib olamiz.Rivoyatlar afsonalarga qaraganda tarixga yanada yaqin turadi.Ular ham xalq ijodidir.Ertakli ertakchi, dostonlarni baxshilar ijro etganlari holda afsona va rivoyat istalgan kishi tomonidan aytilishi mumkin.
ASOTIR — ibtidoiy insonlarning koinot, tabiat hodisalarining mohiyati, paydo bo’lish sabablarini o’zlaricha izohlash maqsadida yaratgan og’zaki hikoyalari.Asotirlarda barcha mavjudot jonli obrazlar vositasida harakat qiladi.Biror narsa yoki hodisaningf paydo bo’lishi (etimologiya) va yo’qolib ketishi (esxatologiya) haqida ham juda ko’plab asotirlar mavjud.Asotirlar ertaklarga yaqin turadi.Ularning har ikkisida ham fantastika, badiiy xayolot yetakchilik qiladi.Asotirlar bir qancha turlarga bo’linadi: a)Etiologik miflar — tabiat hodisalari,tabiatdagi biror predmetlarning paydo bo’lishi haqidagi miflar; b) kosmologik miflar — dunyoning paydo bo’lishi , koinot jismlari haqidagi miflar; c)etnogonik miflar — biror urug’, qabilaning paydo bo’lishi haqidagi miflar; d)antropogonik miflar — insonlarning paydo bo’lishi haqidagi miflar; e) esxatologik miflar — insonlarning kelajagi haqidagi miflar va h.k.
Misol: Aziz Momo, Oy bilan kun (oilaviy hayot haqida,bu asotirda qo’llangan Yulduz uchdi degan tushuncha Oy uyquga ketganda, Kun bolalaridan birini olib qochmoqchi bo’lgani bilan bog’liqdir.)
ERTAK — hayot haqiqatiga asoslangan,xayolot va fantastika xususiyatlari bilan yo’g’rilgan , odamlarga ibrat o’git beruvchi og’zaki hikoyalar hisoblanadi.O’zbeklar o’rtasida ertaklar varsoq, cho’pchak, masala kabi atamalar bilan yuritiladi.Ertaklarning o’ziga xos janr xususiyatlari quyidagilar: 1.Og’zaki hikoyaga asoslangan qiziqarli syujetga ega bo’lishi; 2.voqealarning ongli tarzda xayoliy uydirmalar orqali aks ettirilishi; 3.estetik vazifaning yetakchilik qilishi; 4.o’ziga xos badiiy shakily qolip hamda tilga ega bo’lishi (ertaklar bir bor ekan, bir yo’q ekan"¦ kabi maxsus boshlamalar bilan boshlanib, murod maqsadiga yetibdi,birga turib, birga yashabdilar,soqoli ko’ksiga yetibdi kabi maxsus tugallanmalar bilan yakunlanadi.)
Xalq ertaklari mazmunan 3 guruhga bo’linadi:
1.Hayvonlar haqidagi hamda majoziy ertaklar (Susambil, bu ertakda yo’lda eshakka ho’kiz,xo’roz,ikkita kalamush, arilar hamroh bo’ladilar.Ertak qahramonlari — Ho’kiz (munkarnakir), kalamushlar (go’rkovlar), arilar (Azroil), xo’roz (so’fi), eshak (eshon), bo’rilar)
2.Sehrli — fantastic ertaklar (Guliqahqah — bu ertakda Tilla kokilli bola shum kampirning hiylasi bilan Guliqahqahni, qirq qozonni,oynayi jahonnamoni qo’lga kiritadi.Ertak qahramonlari: Tilla kokilli bola, Guliqahqah,chol,qush (o’z farzandini tanimagan podshohga tilla kokilli bola uning farzandi ekanligini aytgan), podsho (ikki xotinini vas hum kampirni otning dumiga bog’lab o’ldirgan), shum kampir va boshqalar. "œBitta dev tishini kavlasa, biror odamning soni chiqibdi" degan mubolag’a ham shu ertakda uchraydi ), Husniyabonu (ertak qahramonlari: Gardanshoh, Nodirai davron, Husniyabonu va boshqalar.Ertakda Husniyabonu o’g’rilarning boshlig’I eshon ekanligini aytganda, podsho darg’azab bo’lib, uni osishga buyuradi, lekin vazirining maslahatiga ko’ra Husniyabonu va uning doyasini dashtu biyobonga tashlab kelishadi, daraxt ostidan topib olgan xazinani Husniyabonu yetim-yesirlarga shahar qurish uchun sarflaydi.) , "œGuljamol"
3.Hayotiy-maishiy ertaklar (Malikai Husnobod)
 Voqelikka hajviy yondashish orqali aks ettirish jihatidan o’zbek xalq ertaklari hajviy va hajviy bo’lmagan ertaklar kabi turlarga bo’linadi.Ishqiy-sarguzasht ertaklarda sevgida vafodorlik kuylanadi.Ertaklarni yozib olish va nashr qildirish, asosan XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan boshlandi.
LATIFA -  xalq og’zaki ijodining eng ommaviy janrlaridan biri bo’lib, nozik, mayin kinoya, qochiriqlar ishtirok etuvchi kulguli, kichik hajmli hikoyalar.Xalq o’rtasida afandi deb ham yuritiladi.Mustaqil janr sifatida latifa quyidagi xususiyatlarga ega:
1.Yagona qahramon bilan bog’liq holda yaratiladi(Nasriddin obrazi, bu obraz asosan XIX asrdan boshlab o’zbek latifalariga kirib kelgan.XIX asrga qadar latifa qahramoni bir kishi, mashrab, fors-tojik latifalari ta’sirida mushfiqiy, bahlul yoki turkey xalqlar og’zaki ijodida keng tarqalgan aldar ko’sa, ko’sa, kal kabi turlicha nomlar bilan yuritilgan.)
2.Ixcham syujetga ega bo’ladi.
3.Asar konflikti, qahramoni va uning muxolifi o’rtasidagi muloqot dialog orqali hal etiladi.Latifalar mazmuni va voqelikka munosabati jihatidan ikki turga bo’linadi: a) hajviy latifalar — ularda Nasriddin afandi yirik davlat arboblari, saroy ahli,mufti, qozilar, hokim va mirshablar, makkor mullalar va johil tabiblar o’rtasida taxvirlanadi.b) yumoristik alatifalar — ularda Afandi bevosita oilasi,bolalar,qo’ni-qo’shni va mahalla-ko’y davrasida tasvirlanadi.Latifani maxsus ijro etuvchilar yo’q, uni har kim aytaverishi mumkin.
LOF — biror voqeani o’ta bo’rttirib aytish, hazil-mutoyibaga asoslangan janr.
LAPAR -  xalq qo’shiqlarining bir turi, asosan, iki kishi tomonidan yoki ikki taraf tomonidan aytiladi.Lapar aytishuv deb ham yuritiladi.
TERMALAR — pand-nasihat,odob-axloq,soz va so’z haqida yaratilgan ijtimoiy hayotdagi turli hodisalar, shaxs va jonivorlarning ta’rifi va tanqidiga bag’ishlangan baxshilar tomonidan kuylanadigan 10-12 satrdan 150-200 , ba’zan undan ham ortiq misralargacha bo’lgan lirik,liro-epik she’rlar.
DOSTON -  xalq og’zaki ijodining eng murakkab,yirik va keng tarqalgan janrlaridan biri.Doston so’zi qissa,hikoya,shonu shuhrat,sarguzasht,ta’rif va maqtov ma’nolarida ishlatiladi.Dostonlar lirik doston (Mirtemirning "œSurat",A.Oripovning "œYuzma-yuz" dostonlari), epik doston (Oybekning "œDavrim jarohati, M.Shayxzodaning "œToshkentnoma", E.Vohidovning "œIstanbul fojeasi" dostonlari) , dramatic doston (Fitratning "œShaytonning tangriga isyoni", A.Oripovning "œJannatga yo’l" dostonlari) kabi uch turga bo’linadi.
Xalq dostonlarini do’mbira jo’rligida ijro etuvchi va kuylovchi san’atkor shoir yoki baxshi deb atalgan. Xalq dostonlarini ijro etish uslubiga ko’ra Bulung’ur,Shahrisabz,Sherobod,Janubiy Tojikiston va Xorazm dostonchilik maktablari mavjuddir.
Fol’klorshunoslar tomonidan o’zbek xalq baxshilarining aytib turishi asosida 150 dan ortiq (variantlari bilan 400 dan ortiq) dostonlar yozib olingan bo’lib, ularning ko’pchiligi kitob holiday nashr qilingan.Bu dostonlar quyidagi turlarga bo’linadi:
1.Qahramonlik dostonlari: bunday dostonlar urug’chilik zamonlari bilan, xalqning ko’chmanchilik hayoti bilan bog’liq. "œAlpomish", "œYodgor".
2.Jangnoma dostonlar: bunday dostonlarda o’zaro jangu jadallar, afsonaviy yoki tarixiy urushlar, bunday urushlardagi qo’shin yoki yakka shaxsning jasoratlari tasvirlangan. "œYusuf va Ahmad", "œAlibek bilan Bolibek", "œXoldorxon".
3.Ishqiy-romantik dostonlar : bunday dostonlarda sevgi romantikasi va fantastic sarguzashtlar uyg’unlashib ketadi. Murodxon, Rustamxon, Kuntug’mish,Malikai ayyor
4.Tarixiy dostonlar: bu turdagi dostonlarda tarixda bo’lib o’tgan voqea-hodisalar,ayrim tarixiy shaxslarning faoliyati ifoda etilgan. Edega, Shayboniynoma, Oychinor.
5.Kitobiy dostonlar: ular yaratilishi jihatidan yozma adabiy manbaga ega bo’lgan bevosita yozma adabiyot ta’sirida yaratilgan dostonlardir. Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Zevarxon, Rustami doston.
ASKIYA -  o’zbek xalq og’zaki jodining xushchaqchaq va kulguli bir janri.Askiya atamasi arabcha zakiy so’zidan olingan bo’lib, zehni o’tkir, so’zamol,zakovatli ma’nolarini bildiradi. Zakiy so’zining ko’plik shakli askiyo bo’lib, talaffuzda askiya ko’rinishini olgan.Askiyalarning o’z syujeti va kompozitsiyasi bo’ladi.Bu ayniqsa payrov turida ravshan ko’rinadi.Payrov askiya aytuvchilar tanlagan mavzudir.
TEZ AYTISH — ma’lum so’zni,so’z birikmasini yoki tovushni to’g’ri talaffuz qilishga , uni boshqa tovushglardan farqlashga o’rgatadigan,xotirani mustahkamlaydigan va nutqni o’stiradigan janr hisoblanadi.
ALLA -  bolalarni uxlatish uchun onalar aytadigan qo’shiq.Alla ohangi beshik yoki belanchak tebranish sur’atiga mos bo’ladi.
Keyingi mavzu "She'riy janrlar(lirika)"
 

Qayd etilgan


Robiya  31 Oktyabr 2007, 17:40:24

har bir ma'ruza oxirida keyingi mavzu qanaqa bo'lishini yozib qo'ysez, InshaAlloh, boshqalar ham o'zlaridagi ma'lumotlarini kiritishadi! xoxlasayiz sizga pm orqali yuborishsa, hammasini umumlashtirib yozardiz!
Bu juda yaxshi bo'lardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  01 Noyabr 2007, 12:13:57

2-Mavzu. "She'riy janrlar(lirika)"
   She'riy janrlar Badiiy adabiyotning Lirik turiga mansub.
   Badiiy adabiyot ham san'atning bir turi hisoblanadi. Hayotni aks ettirishda rassom uchun rang, bastakor uchun ohang, haykaltarosh uchun marmar, yozuvchi, shoir, dramaturg uchun so'z asosiy vosita bo'lib xizmat qiladi. Shuning uchun Badiiy adabiyot "So'z san'ati" deyiladi. Badiiy adabiyotning o'rganadigan obyekti Hayot, yanada aniqroq aytganda Inson. Insoniyat paydo bo'lgandan to shu vaqtga qadar yuzlab tilda yaratilgan butun og'zaki va yozma adabiyot 3 turga bo'linadi:
   1.Epos (Epik tur)
   2.Lirika (Lirik tur)
   3.Dramaturgiya (Dramatik tur)
Bu 3 adabiy turni "Hayotni so'z orqali aks ettirishning 3 yo'li" deb hisoblash mumkin. (Badiiy adabiyotni Aristotel o'zining "Poetika" asarida tur va janrlarga bo'lgan). Voqe'likni so'z orqali badiiy yo'sinda tasvirlashning qandaydir bir yangi - 4- yo'lini insoniyat kashf etgani yo'q. Lekin bitta qorishiq adabiy tur bor. U lirika va epik tur xususiyatlarini o'zida mujassamlashtirgan. Biz buni Liro-epik tur deb ataymiz. Bunga yozma adabiyotdagi doston, she'riy hikoya, she'riy qissa, she'riy roman, xalq ertaklari asosida shoirlar tomonidan she'riy yo'l bilan yaratilgan adabiy ertaklar kiradi (Hamid Olimjon "Semurg' yoki Parizod Bunyod", "Oygul bilan Baxtiyor"; Pushkin "Shoh sulton haqida ertak", "Oltin baliq va baliqchi chol haqida ertak"...)

Lirik tur
Lirikada, asosan, 1 shaxsning - lirik qahramonning ichki kechinmalari, muhabbat va nafrati, sog'inch va iztiroblari, orzu va armonlari, dard-u g'amlari, tuyg'ularga chulg'angan fikr o'ylari aks ettiriladi. Lirikada bu his-tuyg'ular boshqa adabiy turlarga nisbatta chuqurroq aks ettiriladi.
   Lirik turga mansub janrlarni shartli ravishda 3 guruhga bo'lish mumkin:
I Qat'iy vaznda yoziladigan janrlar:
1.Tuyuq     
2.Ruboiy     
3.Mustazod   
4.Sayohatnoma


II O'zining qat'iy vazniga ega bo'lmagan janrlar:
1.Fard
2.Qit'a
3.G'azal
4.Masnaviy
5.Murabba
6.Muxammas
7.Musaddas
8.Musabba'
9.Musamman
10.Muashhar
11.Qasida
12.Muammo
13.Chiston (Lug'z)
14.Ta'rix
15.Tarje'band
16.Tarkiband
17.Marsiya
18.Soqiynoma


III Rus va jahon adabiyoti ta'sirida o'zbek adabiyotiga kirib kelgan janrlar:
1.Sonet
2.Gimn
3.Mansura (Sochma)
4.Oq she'r


Lirik turga mansub yana shunday asarlar borki, ular qandaydir bir janr bilan nomlanmaydi. Oddiygina qilib She'r deb yuritiladi.

She'riy janrlarni o'rganishdan oldin Qofiya nimaligini uni yuzaga keltiradigan unsurlarini bilish kerak!

Qayd etilgan


AbdurRohman  01 Noyabr 2007, 12:39:33

Qofiya-she'r misralaridagi ohangdosh so'z va so'zlar uyushmasi.
Qofiyani ham o'ziga xos unsurlari-uni yuzga keltiradigan tovushlari bor.
Raviy-qofiyadosh bo'lib kelgan tub so'zlar oxiridagi, yasama so'zlar negizinig oxirgi tovushlaridir.
Raviysiz qofiya umuman yo'q!
         Oshiqki erur ishida sodiq
         Ma'shuq bo'lur boshida oshiq.

ushbu baytda sodiq va oshiq qofiyadosh so'zlardir.  Raviy esa q tovushi!
Qofiyada raviydan boshqa yana 8ta tovush mavjud:
1.Ta'sis
2.Ridf
3.Qayd
4.Daxl
5.Vasl
6.Xuruj
7.Mazid
8.Noyira


Qofiyaning bu sifatlari ham o'z navbatida 2ga bo'linadi:
1.Muqayyad qofiya sifatlari
2.Mutlaq qofiya sifatlari
.

Muqayyad qofiya unsurlar qofiyadosh so'zlarda raviygacha uchraydi: Ta'sis, Ridf, Qayd, Daxl.
Mutlaq qofiya unsurlari esa, qofiyadosh so'zlarda raviydan keyin keladi: Vasl, Xuruj, Mazid, Noyira.

Qayd etilgan


AbdurRohman  01 Noyabr 2007, 13:22:40

She'riy janrlar
FARD. Lug'aviy ma'nosi "yakka, yolg'iz". Bu janr lirik turdagi en kichik janr hisoblanadi. Chunki fard 2 misradan iborat bo'ladi.
           Kishi aybing desa, dam urmag'ilki, ul erur ko'zgu
           Chu ko'zgu tiyra bo'ldi, o'zga aybing zohir aylarmu?!

Devon tuzish an'anasiga ko'ra, fard devonga oxirida kiritiladi.

QIT'A. Lug'aviy ma'nosi "parcha, bo'lak, qism". Qit'alar pandnoma - tarbiyaviy ruhda yoziladi. Qit'a kamida ikki baytdan iborat bo'ladi. Qofiyalanishda toq misralari ochiq qolib, juft misralari o'zaro qofiyalanadi (b-a, v-a, g-a...)
            Yuqori o'ltirurni kim tilasa,
            Kishilikdin ani yiroq bilgil.

            O'ltirur safda yuqoriliqdin
            O'ltirur safda yaxshiroq bilgil.

Qit'a ikki xil yo'l bilan yoziladi:
1.Shoir tomonidan mustaqil yaratilishi mumkin.
2.G'azalning birinchi va oxirgi baytlaridan tashqari, qolgan baytlani olib yozish orqali.

G'AZAL. Lug'aviy ma'nosi "Oshiqona so'z". G'azal 5(3) - 17(19) baytdan iborat bo'ladi. G'azalning birinchi bayti o'zaro qofiyalanadi. Qolgan baytlarning toq misralari ochiq kelib, juft misralari birinchi baytga qofiyalanadi (a-a, b-a, c-a, d-a...)
            Jonimdin o'zga yoru vafodor topmadim,
            Ko'nglumdin o'zga mahrami asror topmadim.

            Jonimdek o'zga jonni dilafgor ko'rmadim,
            Ko'nglum kibi ko'ngulni giriftor topmadim.

            Usruk ko'zga toki ko'ngul bo'ldi mubtalo,
            Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

            Nochor furqati bila xo'y etmisham, netay,
            Chun vaslga o'zumni sazovor topmadim.

            Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko'ngul,
            Nechaki borib eshigiga, bor topmadim.

            Bobur, o'zungni o'rgatako'r, yorsizki, men
            Istab jahonni, muncha qilib, yor topmadim.

G'azalning birinchi bayti matla' yoki mabda' deb yuritiladi (matla'-quyosh chiqishi). Oxirgi bayti esa maqta' deyiladi (maqta'-quyosh botishi). Maqta'da odatda ijodkorning taxallusi bo'ladi.
G'azal devonga birinchi kiritiladi.
Turkiy tilda g'azalning ilk namunasini "Qissasi Rabg'uziyda" Burhoniddin Rabg'uziy yozib qoldirgan. (Fors-tojik she'riyatida birinchi g'azalni Abu Abdulloh Rudakiy (Odam ush-shuaro) yozib qoldirgan).
Turkiy tilda eng ko'p Alisher Navoiy g'azal yozgan. Uning "Xazoyin ul-ma'oniy" ("Ma'nolar xazinasi", devoning 2-nomi "Chor devon") nomli devonning ichki to'rt devonining har birida 650 tadan 2600 ta g'azal kiritilgan. "Devoni foniy"ga kiritilgan fors-tojik tilidagi g'azallari soni esa 600 ta.
G'azal kompozitsiyasiga - tuzilishiga ko'ra 4ga bo'linadi:
1.Musalsal g'azal
2.Yakpora g'azal
3.Voqeaband g'azal
4.Mustaqil baytlardan tuzilgan g'azal

Bundan tashqari Muvashshax g'azallar ham bo'ladi. Bunda har bir baytning birinchi misralaridagi birinchi harflar olib yozib chiqilsa, kishi ismi kelib chiqadi.
  O’zbek adabiyotida g’azallarni qofiyalanish tartibiga ko’ra quyidagicha tasnif qilinadi:
1.Oddiy g’azal — g’azalning bu turi juda keng tarqalgan.Qofiyalanishi a-a, b-a,v-a
2.G’azali husni matla’ — bunda g’azalning birinchi baytidan tashqari ikkinchi bayti ham qofiyalangan bo’ladi.Sxemasi: a-a, a-a , b-a, v-a,g-a"¦
3.G’azal-qit’a — bunday g’azalning qofiyalanish tartibi qit’aning qofiyalanish tartibi bilan bir xil bo’ladi: b-a, v-a, g-a"¦
4.G’azali musajja’ — bu g’azalda odatdagi qofiyalardan tashqari ichki qofiyalar ham bo’ladi.
5.G’azal-muvashshah — bu g’azalning tuzilishi muvashshahning aynan o’zini eslatadi.
6.G’azal-muoshira — bu g’azal ikki yoki undan ortiq shoirning dialogi — munozarasi tarzida tuziladi.
7.G’azal-zulqofiyatayn — bu kam uchraydigan hodisa bo’lib, unda har bir bayt o’zaro qofiyalanadi: a-a,b-b,v-v,g-g"¦
8.G’azal zeb qofiya — bunda g’azalning barcha baytlari qofiyalangan bo’ladi.Bu ham kam uchraydigan hodisadir.Sxemasi: a-a,a-a,a-a,a-a,"¦
9.G’azal-chiston — bu topishmoqning o’zi.
10.G’azal-nazira(tatabbu’, tazmin) — shoirning boshqa bir shoir g’azaliga o’xshatib yozilgan g’azalidir.
  G’azalning oxirgi bayti maqta’ deb atalib, unda shoirning taxallusi keltiriladi.



Qayd etilgan