To'rtliklar  ( 59051 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 21 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:20:36

Tabiat kimga ko‘p yo oz beribdi,
Kimgadir xala cho‘p yo soz beribdi.
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga,
Tengi yo‘q shohona ovoz beribdi.

* * *

Ranjima toleing kulmasa agar,
Inson borin ko‘rar, o‘lmasa agar.
Shoir ham ijoddan qolmagay aslo,
Nogoh paymonasi to‘lmasa agar.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:21:18

Qah-qah urar bo‘lsam, vijdonimdan men
Mehnatim evazin so‘rab olurman.
Benaf o‘tgan damlar, men sizning uchun
Hayhot, qabrimga ham yig‘lab borurman.

* * *

Ehrom kiyib olgan ikki musulmon
Bir-birin so‘kishib choy talashardi.
Asli bilmasdilar, shu zum ikkovlon
Do‘zaxning tubidan joy talashardi.


Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:21:34

Kezib bu shaharni balki horgaysan
Va lekin Allohga diling yorgaysan.
Adasha-adasha Makkani topding,
Endi adashsang gar qayga borgaysan.

* * *

HOJI UKALARIM ANVAR VA XURSHIDGA

Do‘st bo‘lurmi bunchalar hamdam, inoq,
Bir pilikdan kuch olar ikki chiroq.
Oh, ahillik bor ekan o‘zbekda ham,
Ulg‘aying, turli yomon ko‘zdin yiroq.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:22:28

QUL VA QUYOSH

Demasman, zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil.
Rasululloh demish:. Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!

* * *

Haq sevgay o‘ziga yor bandalarni,
Dilida iymoni bor bandalarni,
Takabbur boshlarni pastroqqa egsa,
Yuksakka ko‘targay xor bandalarni.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:22:49

Kimdir farzandiga derdi: - Ey, qo‘zim,
Jonu diling bilan eshit bul so‘zim.
Qachondir salomga alik olmasdim,
Endi bir alikka zordirman o‘zim.

* * *

She’r, Farzand, Yaxshilik - misli polapon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Olamda qanchaki yomonlik bo‘lsa,
Yopirilib keldilar bari men tomon.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:23:09

XALQNI ASRASANG

Hech kimsa devor bilan ajralganmas olamdan,
Vujudingga tutashdir tegrangdagi shu xilqat.
Yaxshilik qil hammaga, qaytajak o‘zingga ham,
Sen o‘zingni asraysan xalqni asrasang faqat.

* * *

ODAMIYLIK

Bir kun to‘kin bo‘lar yupqa dasturxon,
Zarbof bo‘lmasa ham kiygansan chopon,
Lekin odamlikni unutar bo‘lsang,
Ularning barchasi hayf senga, inson!

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:23:39

Paydo bo‘lganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandir daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun
Aqlini pesh qilib chiqqan so‘ng Inson.

* * *

Odatda ulfatlar bo‘lishganda jam,
Qizishib deydilar: dunyo - biri kam.
Ajib bir ziddiyat: oxirgi qadah,
Ortiq bo‘lganini o‘ylamas hech ham.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:24:06

Bir yo‘l chekkasida yotibman nolon,
Chorasiz bo‘lsam-da, men ham tirik jon.
Ustimga otingning soyasi tushdi,
Jilovini nari tortsang-chi, nodon.

* * *

Balki chaman bo‘lar dashti Karbalo,
Balki, behisht mavjud yulduzlar aro.
Mening O’zbekiston - Vatanim bordir,
Ularning baridan a’loroq, a’lo!

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:24:43

Olamda hech narsa emas yagona,
Besh panjang misoli turfa zamona.
Agar bir oqilni uchratsang, bilki,
Unga to‘g‘ri kelgay yuzta devona.

* * *

Paymonalar o‘z-o‘zidan to‘lgan emas,
Mangulik ham bir lahzada bo‘lgan emas.
Hoy raqibim, alay-balay dema menga,
Men o‘lmayman, chunki bobom o‘lgan emas.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:25:02

Ishlari ig‘vo-yu tuhmat va riyo,
Aldamchi, haromxo‘r, iymonsiz balo.
Agar ularni ham yaratgan bo‘lsang
Kimdan gina qilay endi, ey xudo.

* * *

She’rim, aytgan so‘zim, ba hukmi zamon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Qalblarda tinch-totuv yasharmi ular,
Bozor iqtisodi bilan yonma-yon.

Qayd etilgan