To'rtliklar  ( 86715 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 21 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:11:19

Quyidagi to'rtliklar Abdulla Oripovdan olingan:

Rejami? Oldindan gapirish qiyin,
Hayot ham, ijod ham nozikdir qildek.
Ta’na toshlarini otmay turasiz,
Hakim bilan bir oz hamkorlik qildik.

* * *

Zamin aylanadi, chiqadi quyosh
Hargiz kibr bilan ko‘tarmagin bosh.
Oyoq ostingdagi xarsangni tepma,
Balki haykal bo‘lar senga o‘sha tosh.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:12:07

Sizga tilaklarim bir jahon bo‘lsin,
Boshingiz oftobli osmon bo‘lsin.
Kunduzning g‘aroyib chog‘idir oqshom,
Saodat birla u nurafshon bo‘lsin.

* * *

Sen o‘lsang nimangni ko‘mamiz ekan,
Shuni o‘ylab qoldik bilonihoya...
Sen axir jismi yo‘q ko‘lankadirsan,
Sen axir birovdan tushgan bir soya.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:12:36

HASADGO’Y HAQIDA

O’zi oddiygina,
Kam yo‘q ishida,
Tonnalab ko‘mir bor
Lekin ichida.

* * *

Samoda yuribdi hanuz yolg‘iz oy,
Tanholik qiynaydi uni hoynahoy.
Yo‘qlikdan axtardim sening vaslingni,
Kim qayga sig‘insa, Ka’ba o‘sha joy.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:12:56

Shukr aytay, ko‘p yaxshi umr ko‘rdim men,
Goh yaydoq shamolday davron surdim men.
Lekin seni ko‘rsam bulut oldida
Chorasiz yo‘lbarsday hayron turdim men.

* * *

Azizim, payt keldi, ko‘nglim yoraman,
Insonman, sen horsang, men ham horaman.
Oting qamchilama o‘zg‘irman deya,
Sen borgan u joyga men ham boraman.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:13:20

Tug‘ilsang baxt bilan kamol o‘shadir,
Tark etsang olamni zavol o‘shadir.
Oxir chog‘ tuprog‘ing ustiga kelib,
Kimdir yod aylasa, iqbol o‘shadir.

* * *

Ravo ko‘r, yuzingda bir xol bo‘layin,
Ko‘rsat ag‘yoringni, zavol bo‘layin.
Kattakon to‘y qilib nog‘ora chalgin,
To‘yingda suv tashib hammol bo‘layin.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:13:39

Oftob botib ketdi, egildi boshim,
Yulduzdek sochildi ko‘zimdan yoshim.
Hajringda bag‘rimni yerga berurman,
Tun bir lahad bo‘lsa, oy qabr toshim.

* * *

Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:13:53

Bilaman, o‘tadi shodlik bilan g‘am,
Bilaman, g‘animat erur har bir dam.
Payg‘ambar atadim har zotni, ammo,
Muridim demadi hech bitta odam.

* * *

Oh, o‘tgan u kunlar qaytmagay zinhor,
O’chgan muhabbatning yonmog‘i dushvor.
Nigohing qadama qarog‘imga sen,
Unda to‘kilmagan ko‘z yoshlarim bor.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:14:16

G‘ALATI ZOT

Yong‘oqning tagidan o‘tganmi bu zot,
Na do‘stin, na yorin xushlaydi.
Boshini silasang, shu zahot,
Qo‘lingni tishlaydi...

* * *

KEKSA MUHOJIR

- Nega qadding egik, nega boshing xam
Nega nigohingni tortadi tuproq?
- Mening yer ustida tanishlarim kam
Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:14:50

AQL HAQIDA

Shunchalar go‘zalsan, go‘zalsan, sanam,
Ta’rifing bitmoqqa ojizdir qalam,
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram...

* * *

Taqdir yo‘rig‘idan roziman ming bor,
Menga duch ayladi seni ey, nigor.
Ko‘zingda poyonsiz umrimni ko‘rdim,
Sensiz bir lahzaning o‘tmog‘i dushvor.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 15:15:16

SOBITLIK

O’chib borayotir qanchalar kalom,
Ne-ne bitiklar ham yo‘qdir, vassalom
Dunyoda faqat bir sobit suxan bor:
U o‘z farzandingga o‘zing qo‘ygan nom.

* * *

KO’RDIM

Soddadil odamni juda kam ko‘rdim,
Borin ham shikasta, ko‘zin nam ko‘rdim
Dunyoda firibgar ko‘p ekan, lekin,
Ularning barchasin shod-xurram ko‘rdi.

Qayd etilgan