Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235248 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 44 B


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:54:25

Shuning uchun ham bizning atrofimizda va bizsiz jadallashib borayotgan globallashuv jarayonlarini tushunish diniy burchimiz, ya'ni farzdir.

Ushbu bobda asrimizga xos  barcha ilg‘or tamoyillarini islom nuqtai nazaridan tahlil qilmoqchi emasmiz. Shuning uchun ham biz bu o‘rinda faqat bir nechta masalaga asosiy e'tiborni qaratamiz. Buning sababi - ularni  yechish osonligida  emas, aksincha, islom  ummatlarining  kelgusi ikki-uch o‘nyillikda duch kelishi muqarrar bo‘lgan muammolar xususiyatini ochib berishda.  Bular demografiya, diniy o‘zgarishlar va atrof-muhit masalalaridir.

Demografiya masalasi birinchi navbatda e'tiborni talab etadi, chunki u muqarrardir. Aholi sonining o‘sish tamoyilini anglab olish qiyin emas va bu borada kamida keyingi yuz yillik  statistik ma'lumotlar to‘lib-toshib yotibdi.  Lekin bunday hisob-kitoblar faqat biror falokat, deylik, dahshatli epidemiya, yoki atom, yoxud biologik urushlar ro‘y bermaguncha ishonchli bo‘lishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:54:52

Keling, yaxshisi, oddiy raqamlarga bir nazar solaylik: 1880 yilda dunyo aholisining 13,7 foizi musulmonlar edi. 20-asrning 80-yillariga kelib bu ko‘rsatkich 16,9 foizga, mingyillikning oxiriga kelib esa, taxminan, 21 foizga yetdi. Boshqa dinlarga mansub aholining o‘sish darajasi  barqarorligicha turibdi va, ajablanarlisi shundaki,  1970 yildan boshlab dunyodagi dahriylar miqdori bir oz kamaya boshladi.

Bu raqamlar muhim ahamiyatga ega. Bir asr davomida  dunyo musulmonlarining soni keskin oshib ketdi. Ko‘pchilikning islom diniga o‘tgani ham bunga sabab bo‘ldi, biroq  eng asosiy sabab - tabiiy  o‘sishdir. Boz ustiga, musulmon dunyosidagi bunday demografik portlash bu dinga e'tiqod qiluvchilar soni kelgusida ham o‘sib borishini ko‘rsatadi. Semyuel Hantington «Tamaddunlar to‘qnashuvi» nomli mashhur risolasida dunyoda xristianlarning soni kamayib borayotgani va 2025 yilga borib, ular dunyo aholisining, taxminan, 25 foizini tashkil etishi haqidagi ma'lumotni keltirgan edi. O'sha vaqtga borib musulmonlarning soni dunyo aholisining 30 foizini tashkil etar ekan[6].

Nega aynan bunday hol yuz berayotganini anglash qiyin emas. Amerika va Yevropa aholisi jadal sur'atlar bilan keksayib bormoqda. Yangi mingyillikning eng muhim ma'naviy  muammolaridan biri keksalarni boqish uchun yetarli mablag‘ topish bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Bugun kun tibbiyoti erishgan muvaffaqiyatlar o‘rtacha  hayot kechirish darajasi  70 yoshdan ancha yuqori bo‘lishiga zamin hozirlab bermoqda, biroq faol hayot kechirish muddati hali bu qadar tez o‘sgani yo‘q. Tasavvur qiling, 20-asrning boshlarida G'arb kishisi o‘rtacha 2 yillik umrini og‘ir xastalik bilan kechirar edi.  Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 7 yilga yetdi. Ivan Ilich isbotlab berganiday, tibbiyot faqat umrni uzaytirishi mumkin, biroq u odamning faol hayot kechirish muddatini uzaytira olmaydi. Oqibatda munkillab qolgan bunday kishilar salomatligini saqlash jamiyat yelkasidagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy yukka aylanadi. Bunday  aholi soni vaqt o‘tgan sayin oshib boraveradi. Yaqinda Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy sog‘liqni saqlash  xizmatidan Altsgeymer xastaligi[7]ni davolay oladigan dorining retseptini olish mumkin, degan xabarni tarqatar ekan, uning narxini faqat ayrim bemorlarning cho‘ntagi ko‘tarishi mumkinligini tan oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:55:12

G'arb aholisi keksayib borayotgan bir paytda  islom dunyosida buning butunlay teskarisini ko‘rish mumkin. Masalan, Liviya aholisining yarmidan ko‘pi bugungi kunda 20 yoshga ham to‘lmagan. Bunday manzarani boshqa islom mamlakatlarida ham kuzatish mumkin. Ma'lumki, vaqti kelib, ushbu yosh aholi o‘z-o‘zidan ko‘payadi va shu tariqa kelgusi ming yillikda ham musulmonlarning soni yanada ortib ketadi.

Shu o‘rinda Hantington tilga olgan  yana bir misolga e'tibor qilaylik. Mag‘ribda 1965 yildan 1990 yilgacha aholi soni 29,8 milliondan 59 millionga o‘sgan. O'sha vaqt mobaynida  Misr aholisi 29,4 milliondan 52,4 millionga ko‘paygan. O'rta Osiyoda 1970-1993 yillar oralig‘ida aholining yillik  o‘sishi Tojikistonda 2,9 foiz, O'zbekistonda 2,6 foiz, Turkmanistonda 2,5 foiz va Qirg‘izistonda 1,9 foiz bo‘lgan. 20-asrning 70-yillarida Sovet Ittifoqida demografik muvozanat keskin o‘zgarib ketdi, ya'ni ruslarning o‘sishi 6,5 foiz, musulmonlarniki esa 24 foiz bo‘ldi. Bu holni Rossiya imperiyasining inqiroziga olib kelgan sabablardan biri deyish mumkin: Moskva musulmonlar ko‘p yashaydigan mintaqalarni ular soni xristianlarnikidan ko‘payib ketmasidan burun ajratib tashlashga majbur bo‘ldi. Hatto Rossiyaning o‘zida ham musulmonlar (tatarlar, boshqirdlar, chuvashlar, shuningdek, O'rta Osiyo va Kavkazdan borib  u yerda yashovchilar) ancha ko‘zga tashlanib qolgan, ular Moskva va Sankt-Peterburg aholisining 10 foiz ini tashkil etadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:56:54

Bu hol bizga musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan joylarda aholi sonining o‘sishi musulmonlar kam yashaydigan hududlarga ham ta'sir etishini eslatib turadi. Tanzaniya va Makedoniya  singari mamlakatlarda musulmonlar 20 yil ichida ko‘pchilikni tashkil etadigan bo‘ladi. AQShning musulmon aholisi 1972-1990 yillarda asosan, ko‘chib kelish evaziga olti marta ko‘paydi. Hatto ko‘chib kelishga yo‘l berilmayotgan mamlakatlarda ham o‘sish davom etmoqda. 1999 yili Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarda dunyoga kelgan chaqaloqlarning 7 foizi musulmonlar edi. Bryusselda  bu raqam 57 foizni tashkil etdi. 1992 yilda Rimdagi eng mashhur ism Jovanni yoki Luiji emas, aksincha, Muhammad bo‘ldi. Islom deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida (xristianlikdan so‘ng) ikkinchi o‘rinda turadigan dinga aylandi. Bundan aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etadigan Ozarboyjon va Albaniya mustasno. Mabodo mavjud tamoyillar davom etadigan bo‘lsa, 2020 yilga borib barcha Yevropa mamlakatlari aholisining 10 foizini musulmonlar tashkil etadigan bo‘ladi.

Bunday global  o‘zgarishning qanday ahamiyati bor? U diniy nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega bo‘ladimi? Abu Dovudning Touban (Thawban)ga asoslanib, shunday kun keladiki, musulmonlar «ko‘pchilikni tashkil etadi, biroq ular favqulodda yuz bergan toshqin yuzidagi ko‘pik va xas-xashakka o‘xshab qoladi», degan hadisi bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:57:39

Shuni ham tan olish kerakkki, bugungi kunda miqdor ustunligi bundan ikki asr oldingi harbiy g‘alabalar texnologiyadan ko‘ra miqdorga bog‘liq bo‘lgani singari muhim ahamiyatga ega emas. Napoleongina: «Xudo ko‘psonli batalonlar tarafida» deb aytishi mumkin edi, biroq ayni zamonda son-sanoqsiz askarlarni qurollarning tugmachasini bosish yo‘li bilan yo‘q qilib tashlash mumkin, endi miqdor g‘alabaga sabab bo‘lolmaydi, bunga  Saddam Husaynning 90-yillarning boshida Fors ko‘rfazidagi neft zahiralari nazorati yuzasidan kelib chiqqan urushda  ahmoqona tarzda o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lganini misol qilib keltirish mumkin.

Musulmonlarning soni keskin o‘sishining muhim jihati ham bor. Biroq BMT 1994 yilgi Aholi Konferentsiyasini o‘tkazish uchun dunyodagi eng katta musulmon shahar Qohirani faqat shuning uchungina tanlamagan edi. Miqdorning hozir ham ishonchlilik jihati bor. Biroq aholining ruhiy-dinamik xususiyati miqdordan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega. Keksa aholi passiv va introspektsiya - o‘z-o‘zini kuzatishga, yoshlar esa serg‘ayrat va milliy-siyosiy qat'iyatlilikni qo‘llab-quvvatlashga moyil bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:58:18

Musulmon dunyosi ustida yangi ming yillik tongi otganda uning aholisi nomutanosib ravishda yosh va shaharlar salmog‘i o‘sib borayotgan bo‘ladi. Tarixiy nuqtai nazardan  bunday vaziyat hamisha  beqarorlik, to‘s-to‘polon va islohotni keltirib chiqaradi. 16-asrda Germaniyada yosh aholi miqdorining haddan ziyod o‘sib ketishi Yevropada protestant islohotlariga hamda qishloq xo‘jaligi va siyosatda o‘zgarishlar qilishga sabab bo‘lgan edi. 20-asrning 30-yillarida Markaziy Yevropada fashizmning paydo bo‘lishi ham qisman yosh aholi miqdorining o‘sib ketishi bilan bog‘liq. Islom tarixiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, Usmonlilarning yangi hududlarni zabt etishni to‘xtatishi 16 -17-asrlarda jaloliylarning qo‘zg‘olonlariga sabab bo‘lganini ko‘rish mumkin, bu hol ko‘plab yoshlarni ishsiz qoldirdi, natijada ular Anatoliyaning ko‘plab hududlarini vayron etgan kichik yoki ijtimoiy norozilik harakatlarini boshlab yubordi.

Keyingi bir-ikki yil ichidagi islomiy qayta tiklanish shu tamoyilning to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi. Hantingtonning ta'kidlashicha, musulmon mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib 20-asrning 70-yillari oxirida Eron yosh aholi miqdorining keskin oshib ketishini o‘z boshidan kechirdi va 1979 yili inqilob ro‘y berdi. Boshqa mamlakatlarda bu hol keyinroq sodir bo‘ldi, Jazoirda 1989 yili Islomni qutqarish jabhasini qo‘llab-quvvatlovchilar soni keskin ko‘payib ketdi.

Kelgusi mingyillikda ko‘pgina musulmon mamlakatlarida yosh aholi sonining keskin ortishi kuzatiladi. Yigirma yoshning nari-berisidagi yosh aholi miqdori o‘sishi Misr, Marokko, Suriya, Tunis  va boshqa mamlakatlarda kuzatiladi. 1990 yilga taqqoslaganda 2010 yilda ko‘pchilik arab mamlakatlari mehnat bozoriga kelib ishlovchilar miqdori 50 foiz o‘sadi. Dolzarb ishsizlik muammosi  haddi a'losiga yetadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:58:49

Aholining tez o‘sishi ba'zi mamlakatlardagi boshqaruv tizimiga xavf tug‘diradi. Qohira va Jazoirdagi rejimlar shu paytdanoq sof demografik, shuningdek, ma'naviy va diniy o‘lchamlarga ega bo‘lgan isyonlarga duch kelmoqda. Shunday qilib, dunyo kelgusi mingyillikda   quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi: G'arbda keksa va sust aholining  barqaror, o‘z-o‘zi bilan ovora siyosiy madaniyati; islom dunyosida demografik portlash va har joyda o‘rnatilgan rejimlarning radikal kuchlar iskanjasida qolishi.

Navbatdagi  ko‘zda tutilgan savol rejimlarning omon qolish-qolmasligi xususidadir. Garchi islom dunyosidagi ko‘pchilik olimlar qiziqish bilan bu savolga javob topishga uringan bo‘lsa-da, uni sharhlash qiyin. Yangi davrdan oldin isyonchi dehqonlarning muvaffaqiyatga erishish uchun yaxshi imkoniyatlari bor edi, chunki ish kuchi hukmdorlar armiyasiga qarshi ish tashlashi mumkin edi. Biroq ayni paytga kelib, texnologiyaning ildamlab ketishi harbiy rejimlarning, aholining yalpi noroziligiga qaramay, ancha vaqtgacha yashovchanligini ta'minlab bermoqda. Yetarli mablag‘i bo‘lgan diktator puxta o‘ylangan fitnani yoki ming-minglab aholi ishtirok etadigan isyonni ham bostirishi mumkin. Bu texnologiya tobora arzonlashib bormoqda va ko‘pincha G'arb o‘zining uchinchi dunyodagi suyukli mijozlarini yordam sifatida u bilan ta'minlab kelmoqda. Xuddi shunga o‘xshash so‘roq qilish, qiynoq vositalari ham takomillashib bormoqda, bugungi kunda ularning dunyoning turli burchaklarida yashirin harakatlarga qarshi samarali qurol ekani ayon haqiqat.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:59:07

«Emnesti Interneshnl»ning 1996 yilgi yillik ma'lumotnomasida bir necha misollar keltiriladi. Unda yozilishicha, AQSh hukumati  1995 yilning yanvar oyida Saudiya Arabistoniga «teyzer» deb ataluvchi qurolni ham o‘z ichiga olgan bir qator xavfsizlik asboblarini eksport qilishga rozilik bergan. Ushbu qurollar nishonga olingan odamning tanasiga 5 metrgacha bo‘lgan masofadan nayzaga o‘xshash narsani otib kiritadi va u orqali tanaga 40-50 ming voltlik falajlovchi tok yuboriladi. Bunday qurollardan foydalanish ko‘pgina mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniyada ham taqiqlangan.

«Emnesti» ma'lumotnomasida keltirilgan yana bir misol: 1990 yili Buyuk Britaniyaning bir kompaniyasi Dubaydagi politsiyaning maxsus bo‘linmasi qarorgohiga qiynoq kamerasini eksport qiladi va o‘rnatib beradi. U Birlashgan Arab Amirliklarida «Ajoyibotlar xonasi» sifatida nom qozongan. U «Emnesti» ma'lumotnomasida «o‘ta yuqori darajadagi tovush sistemasi, shovqinli generator va odamni holdan toydiruvchi chastotada puls beruvchi sinxron yorug‘lik lampasi bilan jihozlangan maxsus xona» deb tavsiflanadi.

Bu rejimlarga yetkazib berilayotgan qiynoq vositalarining tobora takomillashib borayotganiga oid ikkitagina misoldir. Boshqa birov bu ro‘yxatga keskin ravishda taraqqiy etib borayotgan telekommunikatsion nazorat vositalarini ham qo‘shishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 07:59:48

Siyosiy tahlilchilarning texnologiya bilan birgalikda ommaviy nazorat sistemalari ham rivojlanib borishiga, bu hol rejimlarning har qanday ixtilofni faqat u qurolli kuchlar saflarida tarqalmasligi sharti bilan bartaraf etishiga ishonchi komil. Shoh ko‘chalardagi noroziliklar tufayli emas, armiya o‘zidan yuz o‘girgani uchun hokimiyatdan chetlatildi. Jazoirda esa aksincha, radikal kuchlarning zamonaviy hokimiyatni harbiylar ko‘magisiz ham ag‘darib tashlashga ko‘r-ko‘rona ishongani inqilob bostirilishiga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda bunday yo‘l bilan boshqarilgan mamlakatlarga shu qadar og‘ir jarohat va madaniy zarar yetganki, biz ularni «zulmpaz madaniyatlar» deb atashimiz mumkin. Insonlarga bu qadar zulm o‘tkazish oqibatlari xatarlidir, ayni paytda o‘zimiz musulmon dunyosidagi odamlar tabiatida bundan o‘n yil oldin  hech kimning xayoliga ham kelmagan tarzdagi keskin o‘zgarishlarning shohidi bo‘lib turibmiz.

Ushbu kitobning keyingi boblarida diniy «ekstremizm», an'anaviy islomda «g‘uluv» deb ataladigan muammo xususida fikr yuritiladi. Biroq bu kitobning asosiy mavzusi ekan, biz yangi mingyillikda islomning gullab-yashnashi  va hatto ustun mavqega ega bo‘lishi uchun mutlaqo yaramaydigan ekstremizmning aks ta'sir etishini hisobga olib, ushbu muammo  miqyosini  ilk marta baholashga urinib ko‘rishimiz kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Noyabr 2007, 08:00:21

Islomning dastlabki davrlarida Xorijiylik[8] deb atalgan harakat musulmon jamiyatini sof ko‘rish uchun xomxayollarcha kurashgan edi. Afsuski, bugungi kunda ham bunday harakatlar ijtimoiy va siyosiy hayotning tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Garchi ko‘pgina musulmonlar bunday harakatlarni nomaqbul kuch sifatida rad etsa-da, o‘sha kuchlarni yuzaga keltirgan shart-sharoit tag-tomiri bilan qo‘porib tashlanmaguncha, ular qayta-qayta ko‘karib chiqaveradi.  Asosiy islomiy harakatlar hokimiyatni qo‘lga ololmaganidan hafsalasi pir bo‘lgan yoshlar radikal xatti-harakatlarni sodir etmoqda. Musulmon dunyosining va musulmon aql-idrokining   qutblashuvi o‘sib  borayotgani kelgusi asrning asosiy belgilaridan biri bo‘lib qoladi.

Xorijiylik ham barcha totalitar diniy harakatlar singari amalda tarqoq va bo‘linish yo‘li bilan ko‘payib borayotgani qiziq, biroq uning boshqalardan ajralib turadigan belgilari yo‘q.  Takfirga ko‘ra esa, boshqa musulmonlar chin musulmon emas, shuning uchun o‘limga loyiq, deb hisoblanadi. Bu tamoyil ko‘pgina klassik islom ulamolari tomonidan keskin tanqid qilingan. Imom G'azzoliyning «Faysal at-tafriqa bayn al-islom val-zandaqa» («Islomni xudosizlikdan farqlashning aniq mezonlari») asarida dunyoda «Lo iloha illAlloh Muhammadun Rasululloh» degan kishini musulmon emas, deb e'lon qilishdan ham qiyin va murakkabroq ishning o‘zi yo‘q, deb tushuntiradi. Bugungi kunda esa ko‘pgina mamlakatlardagi sunniy maktab o‘quvchilari imom al-Laqqaniyning «Javharat ut-tavhid» asaridagi qoidaga aylanib ketgan quyidagi satrlarni hanuz eslab yurishadi:

Modomiki, kufrdan boshqa barcha gunohlar kechirilar ekan,
Biz gunoh qilgan kishini kofir deya olmaymiz.
Gunohiga tavba qilmay o‘lgan kishining
ishini Allohning o‘zi hisob-kitob qiladi.

Qayd etilgan