Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235468 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 44 B


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:32:45

Dinning ruknlarini ado etish tizimi uni qabul qilmoqchi bo‘lganlarni cho‘chitib yuboradigan hol edi. Islom bir kecha-kunduzda 5 marta namoz o‘qishni, birinchi namoz kun chiqishidan oldin ado etilishini taqozo qiladi. Shuningdek, u ramazon oyida, ayniqsa, issiq iqlim sharoitida juda mashaqqatli bo‘lgan ro‘za tutishni ham nazarda tutadi. U har yili bir marta majburiy tarzda kambag‘allarga o‘z boyligining qirqdan bir qismini zakot sifatida berishga undaydi. Bu din o‘rta asrlarda qimmat, noqulay  va xavfli bo‘lan vazifa - Makkaga haj qilishni majburiy qilib qo‘ygan edi. Din, shuningdek, ba'zi ovqatlarni iste'mol qilishda xristianlar uchun noma'lum bo‘lgan cheklovlarni ham joriy etadi, shulardan eng ko‘zga ko‘rinadigani cho‘chqa go‘shtini yeyishni taqiqlashdir. Mazkur din musulmonlarga islom fiqhida musulmon bo‘lmaganlar uchun iste'mol qilishga ruxsat etilgan spirtli ichimliklarni ham taqiqlaydi.

Modomiki shunday ekan, biz islom muvaffaqiyatlarini qanday tushuntira olamiz? Yana asosiy masalaga qaytadigan bo‘lsak, g‘ayridinlar islomni qabul qilishga kamdan-kam hollarda majbur etilgan. Ular o‘zlarining ibodat va ta'lim joylarini saqlab qolgan va islomning ulkan dunyosida kichik bir jamoa sifatida yashab qolavergan. Odatda, islomni qabul qilish oiladan va qishloqdan, odatlar va mafkuradan kechishga sabab bo‘lar, yangi va talabchan jamoa hayotini qabul qilish qat'iy va deyarli zohidona mo‘‘tadillik bilan tavsiflanadigan masjidda ibodat qilishda namoyon bo‘lar edi. Bullietga qo‘shilib ta'kidlaydigan bo‘lsak, musulmonlar bilan ijtimoiy muloqot kengaya borgani sari islomni qabul qilish tezlashgani nega odamlar, xususan, xristianlar osonlik bilan musulmon bo‘lib ketganini tushuntirish uchun yetarli emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:32:55

Islomning muvaffaqiyatiga oid jozibador dalillarga murojaat qilganimizda uning tabiati va kelib chiqishini esga olsak, ayni muddao bo‘lur edi. Qayd etib o‘tilganiday, Qur'on politeistik[222] dunyoga, shuningdek, uning ortida turgan yahudiy-xristian dunyosiga qarshi taraqqiyotdan chetda bo‘lgan va ta'qib ostida qolgan mazhab vakillari manfaatlarini himoya qiluvchi dalil sifatida vujudga keldi. Qur'on va unga qo‘shimcha bo‘lgan rasululloh hadislari muqaddas bitiklar sifatida islomga o‘tishga undashning inson ruhiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qiluvchi diskursidan tarkib topgan. Qur'on dastlabki musulmonlarga, sizlarning qoloqligingiz barham topadi, deb kafolat beradi: "Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir'avn mulkiga) merosxo‘r qilishni istaymiz"[223]

Qur'onning va rasululloh hadislari diskursining ushbu "erkinlashtiruvchi" tamoyilini e'tiborga oladigan bo‘lsak, islom avvalboshdanoq qoloq jamoalarga murojaat qilganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarida  islomni qabul qilayotgan qora tanli kishilar miqdori oqtanli dindoshlariga nisbatan yigirma barobar ko‘pdir. Ko‘pincha Bobilning yunoncha gaplashuvchi klerikal va siyosiy kiborlaridan, keyinchalik esa ular o‘rnini egallagan arab podsholigidan keskin ajratib qo‘yilgan dastlabki o‘rta asrlar Yaqin Sharqi  aholisi ham xuddi shunday yo‘l tutishi mumkin edi. Xristianlar ham, garchi davlat siquvga olmagan bo‘lsa-da va garchi ayni paytda ma'lum bir vakolat beradigan, tasalli va va'daning diskursi sifatida vujudga kelgan bo‘lsa-da, ancha chetga chiqib qolgan edi, davlat diniga o‘tish muayyan imtiyozlar berishi mumkinligiga ishonch hosil qilayotgan edi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:33:05

Bu o‘rinda hal etilishi lozim bo‘lgan ba'zi bir muammolar ham borga o‘xshaydi. Yaqinda Hindistondagi quyi kasta vakillarining islomni qabul qilishini bir sotsiolog "norozilik uchun strategiya"[224] deb atadi. Nimadandir norozi bo‘lib islomni qabul qilish din sotsiologlari tan olgan hodisadir, buni Irvin Shayner  "Xristian dinini qabul qilganlar va Meyji[225] Yaponiyasidagi ijtimoiy norozilik" kitobida juda batafsil tavsiflab bergan edi. Shayner Meyji islohotlari oqibatida o‘zining ijtimoiy maqomini yo‘qotgan har bir samuray norozilik belgisi sifatida protestantizmni qabul qilganini tushuntirib beradi[226].

Ushbu xulosalar ishonarli ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak. Islomni qabul qilish qarori, o‘z tabiatiga ko‘ra, qiyin kechishiga qaramasdan, xristianlar va keyinchalik Hindistondagi qoloq hindular ommaviy tarzda ushbu dinga o‘tdi. Bu hol zamiriga ozodlik ilohiyotshunosligi singdirilgan Qur'on xabari tabiatidan kelib chiqadi va muayyan jamiyatning rahbari musulmon yoki boshqa dinga mansub bo‘lishidan qat'i nazar, ijtimoiy qoloqlikka qarshi norozilik vositasi rolini o‘ynaydi. Biz buning qatoriga, albatta, dinning jozibadorligini ham qo‘shishimiz kerak bo‘ladi: u isoshunoslik va ilohiy uchlikka xos ziddiyatlari yoki vedantalar[227]ning chalkash metafizikasidan bezib qolgan odamlarni o‘ziga rom etgan oddiy monoteizmdir. Binobarin, Lamartinning islomni qadrlashi "amaliy va tasavvurga oid teizmdir. Bunga ishonadigan odamlarni boshqa dinni qabul qilishga ko‘ndirib bo‘lmaydi: kishi mo‘‘jizalarga to‘la bo‘lgan dogmatik tizimdan boshqa tomonga qarab emas, oddiy dogma tarafga siljib boradi"[228]. Yana shunisi ham ma'lumki, dunyoning eng ko‘hna va teran xristian jamoalari islomni uning kuchli va ta'sirchan diniy qobiliyatga ega himoyachilari bo‘lmaganda tinchgina qabul qilmas edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:33:19

*          *          *

Hozirgi kunda ham islomni qabul qilishning bunday klassik andozalarini qo‘llash mumkin yoki mumkin emasligi noaniq. Dinning miqdor jihatidan o‘sib borishi bor gap: dunyo aholisi orasida musulmonlar miqdori 1900 yili 12 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 20-asrning oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 20 foizga yetdi, 2025 yilga borib esa, 30 foizga yetishi hisoblab chiqilgan. Biroq bu o‘sish, asosan, musulmonlar ko‘p istiqomat qiladigan uchinchi dunyo jamoalaridagi tabiiy ko‘payish natijasidir.  Zamonaviy islomning missionerlik darajasi va tabiatini ochib beradigan ishonarli statistika mavjud emas.

Biroq G'arbning an'anaviy dini xristianlik bo‘lib kelgan davlatlari islomlashish holatini boshdan kechirayotgani shubhasiz. Demografik nuqtai nazardan, Afrika-Amerika musulmon jamoasi buning yorqin misoli bo‘la oladi. Ularning miqdori Amerikada 4 millionga yetdi. Mazkur jamoa vakillarining bokschi Muhammad Ali, jaz sozandasi Jon Koltreyn va din faollaridan biri bo‘lmish Malkolm Iks singari islomni qabul qilgan mashhur kishilarga ergashib, bu dinga o‘tgani oq tanli xristianlarning asrlar davomida qora tanlilarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lib kelganiga javoban norozilik harakati sifatida talqin etilishi tayin. Qora tanlilar madaniyatining mashhur rep musiqasi, shuningdek, "Islom millati" deb ataluvchi sinkretik[229] harakatlarning paydo bo‘lishi, masjidga to‘plangan jamoaga gilamda o‘tirish o‘rniga stulda o‘tirishga ruxsat etishday muayyan yon berishlar orqali  musulmonchilikning tarqalish jarayoni ancha yengillashdi. Bu jarayon xristianlikdan musulmoncha o‘ziga xoslikka o‘tish uchun dastlabki qadamlar sifatida ko‘zga tashlanadi[230]. Zamonaviy Amerika diniy muhitining ulkan o‘zgarishga yuz tutishini bunday tushunish islomni qabul qilishning yuqorida qayd etilgan ikki nazariyasini tasdiqlaydi: 1) ijtimoiy qoloqlik tufayli kelib chiqadigan norozilik va 2) asta-sekinlik bilan dinga qo‘shila borish nazariyasi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:33:30

Birmuncha imtiyozlarga ega bo‘lgan etnik guruhlarning islomni nisbatan kamroq, ammo izchil qabul qila borishini tushuntirish juda mushkul. Garchi islom, asosan, "kambag‘allar tanlayotgan imtiyoz" bo‘lsa-da, 1981 yili mazkur dinni frantsuz kommunistik partiyasining sobiq raisi Rojer Garodi[231] qabul qilgan. Yoki islomni uchinchi dunyoning mustamlakaga qarshi kurash vositasi deb bilgan balet xoreografi  Moris Beja[232] singari bugungi Amerikada  yashovchi oq tanlilarning taxminan 5 foizi ushbu dinni qabul qilgani ham uning faqat kambag‘allar uchun emasligini ko‘rsatadi. Biroq yashash sharoiti yaxshi bo‘lgan kishilarning islomga o‘tishida ularning biror narsadan norozi bo‘lgani alomatlari sezilmaydi. Qisman ayni shu sabablarga ko‘ra bu harakat bir qancha tadqiqotchilarning e'tiborini tortdi[233]. Islomni qabul qilgan oqtanlilar soni uncha ko‘p emas (taxminan, 50 ming kishi Buyuk Britaniyada va yuz ming kishi Frantsiyada);   biroq dunyo, umuman olganda,  G'arbning ko‘z o‘ngida jadal o‘zgarib borayotganini hisobga olsak, bu hodisa islomni qabul qilishning kelgusi yo‘nalishi va dalili global miqyos kasb etishi  mumkinligini ko‘rsatadi.

Yangi musulmonlar faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay joy Internetdir. U inson qo‘li bilan yaratilgan eng murakkab yodgorliklardan biri shaklsiz Bobil minorasiga o‘xshaydi. Undagi mavjud dinlar, shu jumladan, islom ham faqat himoyalanish bilan band. Shunga qaramasdan,  Internet musulmonlar bilan boshqalar o‘rtasidagi  yangi ko‘rinishdagi muloqotga xizmat qilayotgani ko‘zga tashlanmoqda va bizga islomlashtirishning odatdagi nazariyalarini imtihon qilish uchun  yana bir imtiyozli ko‘zqarashga imkon beradigan missionerlik targ‘iboti bilan shug‘ullanishga sharoit tug‘diradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:33:43

G'arbdagi musulmon diasporasi jamoalari orasida Internet hammaga ma'lum mahalliy jamoalar qadriyatlariga  moslashib ketish jarayonini sustlashtirib qo‘ymoqda. Vebsaytlar Amerika va Avstraliyaning uzoq hududlarida o‘z madaniyatidan uzilib qolgan holda yashayotgan musulmonlarga kitoblar va tasbehlarga buyurtma berish, bo‘lg‘usi qayliqlarining turarjoyini aniqlash, real vaqtdagi audio bog‘lanuv orqali amri ma'ruflarni tinglash, elektron pochta orqali o‘zlarini tashvishga solayotgan muammolarni boshqa son-sanoqsiz musulmonlar bilan muhokama qilish imkonini beradi. Bir paytlar madaniyatlarning tarqalishida doimiy omil bo‘lgan  jug‘rofiyadan bunday yalpi voz kechish boshqa joydan ko‘chib kelgan yoki boshqa kichik guruhlarning assimilyatsiyasiga oid odatiy sotsiologik nazariyalarni jiddiy savollar domiga tashlaydi. Ushbu hodisaning miqyosi juda kengdir: Shimoliy Amerika Islom jamiyatining vebsayti (www.islamicity.org) 1999 yilning fevraliga qadar 2 millionga yaqin "hitlar"ni yozib oldi, vebsayt ijodkorlarining maqsadi 21-asrning ikkinchi o‘n yilligiga qadar bir milliard "hit"ni yozib olishdir.

Aynan shu masofani bekor qilish bir dindan boshqasiga o‘tish jarayoniga katta ta'sir ko‘rsatmoqda.   Aydaho shtatida istiqomat qiluvchi fermer xristianlikdan boshqa dinlarga oid bilim borasida o‘z okrugi kutubxonasi zaxirasi bilan cheklanib qolmaydi. U bir oz "serfing"[234] qilishi, biror din himoyachisi bilan hech bir to‘siqsiz va bemalol muloqoti natijasi o‘laroq, nomini ma'lum qilmay kompyuterga kiritilgan Qur'on va hadislar bilan tanishishi, xristianlikka qarshi muhokamalarga bag‘ishlangan adabiyotni o‘qishi va aksariyat musulmon adabiyotlarida aks ettirilganiday, sabr-toqatli bo‘lib, dinning aniq suratini hafsala bilan chizishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:33:53

Yangi hodisa: Internet orqali islomni qabul qilgan kishi yoki "kiberkonvert" ro‘y berdi. Musulmonlar asos solgan ko‘plab islomiy vebsaytlar ana shu kishini kerakli narsalar bilan ta'minlab beradi. Masalan, Belfastdagi Islom markazi vebsayti[235]da yangi musulmonlar  qanday qilib ibodat qilishi mumkinligi xususidagi yo‘l-yo‘riqlarni topish mumkin. "Nomusulmon sahifasi"da "mavjud qotib qolgan tushunchalar fosh qilinadi" va islom haqida ko‘proq bilishni istagan dinga moyil vebsayt shinavandalariga telefon orqali bepul ulanish taklif etiladi[236]. Britaniyadagi bir saytda g‘urur tuyg‘usi bilan to‘lib-toshgan mana bunday mazmundagi videotasvirlarni ko‘rish mumkin: "Biz turli din va ijtimoiy tabaqaga mansub bo‘lgan erkak va ayollarni  islomga o‘tkazdik"[237]. Amerikada Internetda islom targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh bo‘lib, u o‘zini "islomni veb-sahifalar, elektron pochta, Internet orqali suhbatlar, xat-xabarlar taxtasi va yangiliklar guruhlari orqali yoyishni ko‘zlagan musulmonlar jamoasi deb ataydi[...] Musulmonlar islomni kibernetika dunyosida kengroq yoyish uchun faolroq bo‘lishlari kerak"[238]. Yana bir aksilxristian saytida amerikalik yevangelist Jimmi Sveggart bilan munozara qilayotgan musulmon aks ettirilgan videotasvir ham bor[239]. Boshqa bir saytda esa Internetdan foydalanuvchilar e'tiboriga islomni qabul qilgan Yuniet[240] katolik yepiskopining Tavrot haqida yozgan kitobi matni havola etiladi[241].  Braziliyadagi bir saytda esa portugal tilida xuddi shunga o‘xshash material mavjud[242]. Edmonton islom resurslari sahifasida tanlangan "dinga o‘tish" masalalari muhokama qilinadi va "Iso tavalludi bayram qilinishiga qarshi islomiy muqobil tadbir" xususida maslahat beradi"[243]. Yevropa mamlakatlariga ko‘chib borgan musulmon guruhlari yuritayotgan ushbu saytlarga qo‘shimcha ravishda islomni qabul qilgan boshqa din vakillarining o‘zlari ochgan vebsaytlar ham bor. Ulardan ba'zilari o‘z-o‘zini kuzatish xarakteriga ega, ularda sof missionerlik yo‘nalishi yetishmaydi. Masalan, Britaniyadagi "Murabitun[244] dunyo harakati" tashkiloti yuritayotgan 6 ta sayt unga a'zo guruhlar uchun munozara minbaridir, bu minbar islomni qabul qilish masalasida boshqalarga yordam qilishga juda kam e'tibor beradi[245]. Mazkur tashkilot turli mamlakatlarda bir necha ming kishi islomni qabul qilganini ta'kidlab keladi. Vebsaytlarda faqat munozaralar va dinni yangitdan qabul qilganlar uchun ruhoniy maslahatlar berish bilan cheklanadigan sahifalar ham mavjud. Ularni islomni qabul qilgan ayollar yuritadi[246].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:34:06

Ammo islomni qabul qilishga da'vat etuvchi vebsaytlarning aksariyati o‘z mazmuniga ko‘ra prozelit[247]lik xarakteriga ega. Ulardan "Ispan musulmonlari sahifasi"ga o‘xshash ba'zilari, masalan, puerto-rikoliklar[248] yuritayotgan sahifa yoki Singapurning "Musulmonlikni qabul qilgan assotsiatsiyasi" sahifasi[249] mazmunan islomni qabul qilganlarga tegishli. Ispan vebsaytlarining aksariyatini musulmonlikni qabul qilganlar yuritayotganga o‘xshaydi, bugungi Ispaniyadagi islom tashkilotlarida morisk[250]lar avlodlari ustuvorligi hammani hayratga solmoqda. Binobarin, davlat tan olgan islom boshqaruvining bosh kotibi, musulmonlikni qabul qilgan madridlik miya jarrohi boshqaruvning juda go‘zal vebjurnali[251]ga mutasaddilik qilmoqda. Uning bir sahifasi Kataloniyadagi islomga oid materiallarga bag‘ishlangan bo‘lib, muallif unda o‘ziga ma'lum bo‘lgan yuzlab musulmonlikni qabul qilgan kataloniyaliklar haqida ma'lumot beradi[252]. Islomni qabul qilish nafaqat manba, qolaversa, o‘ta faol yangi musulmonlarga zavq-shavq beruvchi omil ham bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda yangi musulmonlarni dinning o‘tmishdagi missionerlik tajribasi bilan bog‘lab turuvchi saytlarning xarakterli xususiyatlaridan biri ularning tasavvufga  qiziqish bilan qarayotganidir, G'arbga ko‘chib borgan musulmonlar an'anaviy islomning ushbu jihatini unchalik mensishmaydi. Bunaqa saytlar ko‘p bo‘lgani uchun to‘la ro‘yxatini keltirish mushkul, biroq ayrimlarini sanab o‘tsa bo‘ladi. Masalan, Italiyada Giardino della Cognoscenza sayti bor, uni an'anaviy naqshbandiya tariqatini targ‘ib qiluvchi  yangi musulmonlar yuritadi, saytga musulmon bo‘lmagan «izlovchilar»[253]ni jalb etish mo‘ljallanib, zeb berilgan. Virtual[254] ziyoratchilar sayt sahifalariga nazar tashlash orqali Naqshbandiya tariqati haqida ko‘proq narsa bilish uchun taklif etiladi, unda boshqa ko‘plab shunga o‘xshash saytlarning manzillari keltirilgan[255]. Sayt o‘quvchilarni 17-asrda Istambulda vujudga kelgan jarrohiylik tariqatini qabul qilgan musulmonlar yuritadigan boshqa bir sayt sari yetaklaydi. Ushbu sayt bugungi kunda G'arbda  bir necha ming yangi musulmon borligidan xabar beradi. Unda jarrohiylarning Italiyadagi ma'naviy rahnamosining portreti va qisqacha tarjimai holi keltiriladi: sayt ziyoratchisi  rahnamoning rassom va Milan universitetida psixologiyadan ma'ruza o‘qishidan boxabar bo‘ladi. Saytga uning surati va ma'naviy hayot xususidagi aforizmlari ham kiritilgan[256]. So‘ngra  xalqaro «izlovchi»ga Amerikadagi jarrohiylik tariqati saytiga yo‘llanma beriladi. Ushbu saytda zikr etilgan tariqatga xos bo‘lgan gumanitar va ishsizlar uchun jamoat ishlariga oid tafsilotlar, shuningdek, tariqatning Bosniya, Germaniya, Gretsiya,  Frantsiya, Avstriya, Kanada, Ispaniya, Meksika, Argentina va Braziliya[257]dagi loja[258]lari ham beriladi. Xuddi shunga o‘xshash Shohmaqsudiy vebsayti ziyoratchisiga Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi 34 ta lojaning manzilgohi taqdim etiladi[259].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:34:28

A'zolari dunyoning turli-tuman burchaklarida istiqomat qiladigan va faqat elektronika vositasida o‘zaro muloqotga kirishadigan kibertariqat yoki so‘fiylik tariqati hodisasiga islom mistitsizmi tarixidagi eng ulkan muvaffaqiyatlardan biri sifatida qaralashi kerak. Kibertariqatlar unga a'zo bo‘lgan kishilar guruhi o‘rtasida jamoa ruhini qaror toptiradi, guruh rahnamosi ta'limotini ommalashtiradi va shuningdek, so‘fiylarning yangi tarafdorlar axtarish an'anasini rivojlantiradi. Binobarin, ayni paytda g‘arblik izlovchining Sharqni kashf qilish uchun safarga otlanishiga hojat qolmaydi, u buning o‘rniga 30 dan ortiq vebsaytlarga yoki G'arb mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan so‘fiylik tariqatiga kirib qo‘ya qoladi. Ma'naviy rahnamolar yo‘l-yo‘rig‘iga yetisha olmayotgan  bo‘lg‘usi a'zolar  ushbu diskurslarning elektron talqiniga amal etishi, kitoblarini sotib olishi, masjidlardagi, lojalardagi va anjuman markazlaridagi ulkan yig‘inlarni  tomosha qilishi mumkin.

Tasavvufning ushbu missionerligi jo‘shqin faoliyatining bir chekkasida boshqa kibertariqatlar ham borki, ular o‘zlarini musulmon deb hisoblamaydi, biroq ular so‘fiylik ta'limoti unsurlarini yangi asrning e'tiqod va uslublari bilan birga qatorga qo‘yadi. Bu guruhlarning g‘amxo‘r rahnamosi Mavlono (Rumiy)ning o‘zlaridir, ul zot asarlari Amerikada bestseller bo‘lgan shoir hamdir. Tarixiy Rumiy 13-asrning chin ma'nodagi dindor olimi edi, biroq u o‘zining yangi asrdagi tanlangan, sinkretik qiyofasi bilan Internetning liberal guru[260]laridan biriga aylanib qoldi. Shunday qilib, g‘arblik ma'naviyat izlovchi "Rumiydan ilhomlangan nay musiqasi"ni tinglashi yoki uning she'riyati ixlosmandlarining muhokama guruhiga qo‘shilishi yoki Rumiydan ilhomlanib chizilgan raqamli rassomlik asarlarini tomosha qilishi mumkin[261]. G'arbning Mavlonodan ilhomlanadigan musulmon bo‘lmagan "so‘fiylik tariqati" izlovchilarni "Elektronik so‘fiylik sinfi"ga taklif etadi. Bu sinfda ular nomini birovga ma'lum qilmagan holda, diniy uslublarni o‘rganishi mumkin. Bu uslublar ularning a'zoligiga zarar yetkazmaydi, aksincha, mavjud bo‘shliqlarni to‘ldiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:34:38

Ba'zi tariqatlarga musulmonlar ham, musulmon bo‘lmaganlar ham a'zo bo‘lishi mumkin. Shulardan biri Filadelfiyadagi Bava Muhaiyadin birodarligidir. Bir tamil ruhoniysi va zohidi asos solgan ushbu harakat o‘z asoschisi 1986 yili vafot etganidan so‘ng ham Internet tufayli qisman yashab qoldi. Ushbu tinchliksevar va estetik jihatdan mukammal vebsayt ziyoratchilari so‘fiylik an'anasiga asosan Filadelfiyaning boy chekkalaridan biridagi masjidga  kelguday bo‘lsa, sabzovotlardan tayyorlangan bepul taom bilan mehmon qilinishi xususida boxabar etiladi; bu hol yangi a'zolarni jalb etish uchun juda qulay imkoniyatdir[262].

Bunday usul bilan joriy etilgan davomiylik g‘arblik "izlovchi"ga, dastlab,  islomni qabul qilishni xayoliga keltirmay turib ham biror so‘fiylik guruhi qarashlariga qo‘shilishiga imkon beradi.  Bu hol dinning atrofni qurshab turgan madaniyati bilan yaqindan tanishish, ba'zi bir urf-odatlar va e'tiqodni, oradan ma'lum bir vaqt o‘tib esa, islomning o‘zini qabul qilish imkonini beradi. Qora tanli musulmonlar hayotida ro‘y berganiday, ushbu andoza Nokkning qo‘shib olish xususidagi tezisi - iddaosi bilan hamohangdir. Ushbu iddaoga ko‘ra, ibodatning yangi tizimlari bir narsaning o‘rniga ikkinchisiga amal qilishdan ko‘ra dastlab uni yordamchi yoki qo‘shimcha narsa sifatida qabul qilish va oldingi diniy e'tiqodga amal etishni bir oz muddat to‘xtatib, ikkinchisiga o‘tib ketish  osonligini nazarda tutadi.

Qayd etilgan