Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235451 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 44 B


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:34:48

O'ta murakkab manzaradan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Internetdagi musulmon prozelitizmi ikkita ulkan kontekstda paydo bo‘ladi: birinchidan, boshqa joydan ko‘chib kelgan musulmonlarning islomni qabul qiluvchilar ko‘payishini ko‘zlab yuritayotgan saytlari ko‘pincha xristian diniga nisbatan keskin yondashsa, ikkinchidan, islomni qabul qilganlar yuritayotgan saytlar, odatda, mo‘ljalni tasavvuf tomon oladi, tasavvuf bo‘lajak shogirdlarga ustozning rom etuvchi qobiliyatini ishga solish texnologiyasi yordamida izlovchilarni muhim, zararsiz, bosqichma-bosqich qadamlar bilan dinga olib kiradi.

Ushbu murakkab jarayonga akademik tartib berishga urinish hamda Bulliet va boshqalar tavsiflab bergan an'anaviy islomlashtirish jarayonlarini, agar ular haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, o‘zaro farqlash yangicha sharoitda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bundan ham soddaroq tajriba o‘tkazishga oldin ham urinib ko‘rilgan edi. Ushbu tajriba paytida misol tariqasida turli-tuman vebsaytlar orasidan musulmonlikni qabul qilgan kishilardan yuz nafarining bergan ko‘rgazmalari tanlab olindi. Bunday yondashuvdan aniq bir natija kutish qiyin, chunki dinni qabul qilgan kishining qanday hissiyotlarni tuygani, tajribasi boshqalar uchun me'yor bo‘lishi mumkin emas. Suhbatlashuvchi yoki savolnomaning yo‘qligi bir dindan boshqasiga o‘tish jarayonidagi muhim jihatlarni aniqlashda ko‘rib chiqiladigan ota-onaning o‘zaro ajrashib ketishi, alkogolizm singari beqaror omillarni qayd etishda chalkashliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, vebsaytlarning o‘zi boshqa dinga o‘tish borasidagi ma'lumotlarni to‘g‘ri bermasligi va ayni hol ularning asosiy hayot tarziga zid kelib qolishi ham mumkin. Biroq shunga qaramasdan, bundan ma'lum bir ehtiyotkor xulosalar chiqarish va ular islomni qabul qilishga oid an'anaviy nazariyalarga oydinlik kiritishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:34:58

O'z dardini Internet orqali dasturxon qilgan yuz nafar islomni qabul qilgan kishi turli-tuman guruhlarga mansub. Ularning to‘rtdan uch qismi amerikaliklar bo‘lib, turli-tuman iqtisodiy-siyosiy sinf vakillaridir. O'sha musulmonlikni qabul qilganlarning teng yarmi ayollar ekani G'arbda islomni qabul qilgan kishilarning to‘rtdan uch qismi ayollar ekani xususidagi ma'lumotlarning to‘g‘riligini shubha ostiga qo‘yadi[263]. Yangi musulmonlarning yoshi, umuman olganda, o‘sha hududlar aholisining yoshidan unchalik farq qilmaydi.  Ularning taxminan 80-90 foizi 1993 yildan so‘ng islomni qabul qilgan. Faqat ikki kishigina islomni qabul qilishini musulmonlar mamlakatida orttirgan tajribasi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Besh kishi sobiq xristian missionerlari, olti kishi esa liberal ilohiyotshunoslik va xalqchil liturgiya[264]dan norozi bo‘lgan konservativ katoliklar ekan. O'n besh kishi xristianlikning Uchlik[265] aqidasiga shubha bilan qaragani uchun  uni tark etibdi. Yana uch kishi sobiq yahudiylar, to‘rt kishi esa iudaizmga o‘tishni mo‘ljallayotganini qayd etadi. Uch kishi xitoylik, sakkiz, balki undan ham ko‘prog‘i qora tanli amerikaliklar,  yana uch kishi asl amerikaliklar ekan. Shulardan yetti nafari, balki, undan ham ko‘prog‘i oila qurganidan so‘ng islomni qabul qilgan ekan. Olti kishi esa  tush yoki mo‘‘jiza ko‘rib islomga o‘tganini ta'kidlaydi. 29 ta hisobotda esa islomni qabul qilganlar uchun Qur'onni o‘qish bu jarayonni tezlashtirgani asosiy omil sifatida keltiriladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:35:19

Eng dolzarb mavzulardan biri dinni qabul qilishga chog‘langan kishining o‘zi qo‘yajak ehtiyotkor va aniq ("yong‘oqli pirogning bir bo‘lagini chaynamay yutish kabi yengil") qadam hissidir, biroq bu qadam muhim, shu bilan birga, oila, tanish-bilishlar va keng G'arb jamiyati uchun oshiqcha dahmaza bo‘lib ko‘rinadi. Ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlarida islomni qabul qilish ijtimoiy jihatdan toqat qilib bo‘ladigan hodisa emas. 1979 yilgi kishilarni garovga olish bilan bog‘liq tanglikdan beri musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat izchil ravishda  kuchayib bordi, yaqinda Roper o‘tkazgan  jamoatchilik fikrini so‘rab bilish natijalariga ko‘ra, AQShda so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi islomni "mohiyatan Amerikaga qarshi" deb baholagan, Amerika-islom munosabatlari kengashining ma'lum qilishicha, 1997 yilga kelib musulmonlarni kamsitish holatlari 60 foiz ortgan[266]. Amerikada musulmonlikni qabul qilgan kishilarning mutlaq ko‘pchiligini tashvishlantirayotgan narsa islomiy o‘ziga xoslikni yerga urish hollaridir. Bu kishilar doimiy ravishda boshqalarning o‘zlariga nisbatan yovqarashi va haqoratlashlaridan shikoyat qiladi. Kichik bir Baybl Belt[267] shaharchasida istiqomat qiluvchi vazirning qizi bergan ko‘rgazmalar ushbu muammo mohiyatini ochib beradi:

Men bir kuni tushdan keyin uyimga kelsam [...] kimdir uyimning derazasini o‘q otib, chil-chil qilganini va mashinalarimdan birining yon tomoniga purkaluvchi bo‘yoq bilan "TERRORISTSEVAR" deb yozib tashlaganini ko‘rdim. Politsiyachilar menga umuman yordam bermadi. Aynan o‘sha kuni kechasi Internet orqali musulmonlar bilan suhbatlashib o‘tirib, tashqarida o‘q ovozini eshitib qoldim. Ular qaytib kelib, uyimning butun qolgan derazalari oynalarini ham chil-chil qildi va tashqaridagi barcha uy hayvonlarimni o‘ldirib ketdi[268].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:35:29

Ayni o‘sha musulmonlikni qabul qilgan qiz o‘ziga hujum qilingani va oqibatda kasalxonaga tushib qolgani, shu paytgacha unga nisbatan xushmuomala bo‘lgan qo‘shnilarining jahlni chiqaruvchi qiliqlarini bir-bir sanab o‘tadi. U, garchi eng yaqin masjiddan 120 mil uzoqlikda yashasa-da, «islom haqida bir oz bilganlarim ham Internetdan topgan narsalarimni o‘qishdan, Internet tarmog‘idagi chin do‘stlarim va oilam tufayli orttirilgandir", deydi va binobarin, uning ruhini hech kim cho‘ktira olmaydi.   

Islomni qabul qilgan boshqa kishilar ham oilasi va mahalliy jamoalar o‘zlaridan yuz o‘girganiga o‘xshash favqulodda vaziyatlar xususida hikoya qiladi. Ushbu misollarda missioner[269] ota-onalar islomni qabul qilgan  farzandlarini kimdir o‘z tarafiga og‘dirib olgan, deb hisoblagani, boshqa ota-onalar esa farzandlarining islomga o‘tishini o‘zlariga nisbatan haqorat deb bilib, politsiyaga ham arz qilgani qayd etiladi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:35:51

Islomga nisbatan bunday raqiblarcha munosabat, dinga qo‘shib olinish xususidagi an'anaviy nazariyalar va kishi tabiatidagi atrof-muhitga moslashuvchanlik jiddiy muammolar sirasiga kiradi. Biroq, taqdir hazilini qarangki, ayni shunday munosabat islomni qabul qilish jarayonidagi yetakchi omillardan biri sifatida ham ko‘zga tashlanadi. Boshqa dinni qabul qilishga oid ko‘rgazmalarda tez-tez uchraydigan hol islomni o‘rganishga bo‘lgan dastlabki qiziqishga yangi musulmonlar, xristian dini yoki feminizmga nisbatan keskin nafrat va  haqiqiy muhabbat turtki bo‘lib xizmat qilgani ta'kidlanadi. Masalan, sobiq katolik seminariya[270]si o‘quvchisi nimalarni his qilganini bunday ta'riflaydi:

Musulmon davlatlari yer bilan yakson qilinishi kerak [...] Men o‘z vazifamni musulmonlarni xristian diniga o‘tkazish deb bilar edim [...] Biroq ikki yil davomida musulmonlar bilan bo‘lgan munozaralar va muqaddas kitoblardagi mavzularni tadqiq qilgandan so‘ng islomni qabul qilishga qaror qildim[271].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:36:10

Boshqa bir amerikalik esa o‘smirlik yillarini aqidaparastlar radiostantsiyalarining "payg‘ambarlik bo‘yicha sinchilari" va'zlariga quloq tutib o‘tkazganini yozadi. Uning xotirlashicha:

Sinchilarning turli-tuman fitna nazariyalarini, Isroilni va diniy yahudiyparastlikni telbalarcha qo‘llab-quvvatlashi, "islom xavfi" xususida og‘zidan tupuk sachratib va'z aytishi menda ularga nisbatan g‘ayrishuuriy  joziba uyg‘otar edi.

Uning qiziqishi quyidagi tarzda ortib bordi:

Men Amerika-onlayn (AOL) va Yuznet (Usenet) anjumanlarining dinga oid sahifalariga tez-tez kirib turadigan bo‘ldim va u yerdan islomga oid o‘ta qiziqarli munozaralarga duch keldim. [Shuni bilib oldimki] musulmonlar, ommaviy axborot vositalari va teleevangilistlar[272] zo‘r berib ta'kidlayotganiday, olabo‘ji ham, qonxo‘r ham, vahshiy terroristlar ham emas ekan[273].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:36:26

Uning (musulmonlar haqidagi) tasavvurlari butunlay o‘zgarib ketibdi va mahalliy masjidga murojaat qilganida, uni musulmonlikka qabul qilishibdi.

Sobiq frantsiskan cherkovi ruhoniysi quyidagi voqeani hikoya qiladi:
Men bir kuni kechqurun televizorda yangiliklarni ko‘rib o‘tirgan edim, yangiliklarda musulmonlar haqida,  odatdagiday, chala haqiqatdan iborat gaplar boshlandi. Shundan so‘ng men islomni tadqiq qilishga qaror qildim va o‘z xulosalarimni qog‘ozga tushirdim. Natijada ko‘z o‘ngimda shaytoniy ommaviy axborot vositalari tinmay mag‘zava ag‘darayotganidan mutlaqo bo‘lakcha manzara gavdalandi. Men bu dinning muhabbat, ma'naviy haqiqat va doimo Allohni esda tutish borasida ancha teran ekanini anglab yetdim[274].

Islomni qabul qilganlar yozgan yuzta hisobotning sakkiztasida ommaviy axborot vositalari islomni tinmay yomonlayotgani bois ularning bu dinga bo‘lgan qiziqish oshgani va oqibatda bu dinni qabul qilgani qayd etiladi. Bu hol Parijdagi Puits d'Hermitage masjidida islomni qabul qiluvchilar ishlariga rasman mas'ul bo‘lgan Mustafo Tuguyning tajribasini esga soladi. Uning aytishicha, frantsuzlar orasida ma'lumotli kishilarning islomni qabul qilishiga sabab bu dinga nisbatan ommaviy axborot vositalaridagi salbiy munosabat tufayli paydo bo‘lgan qiziqishdir[275]. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:37:04

Aynan shu sababga ko‘ra islomni qabul qilgan kishilardan bir nechasi Internetga kirish o‘zlarining asosiy axborot manbai ekanini aytadi. Shulardan biri bo‘lmish ayol kishi o‘zining solishtirma diniy vebsayt ochgani va natijada islomga o‘tganini hikoya qiladi[276]. Bir shved muhandisi Qur'onni boshdan-oyoq o‘qib chiqqach, ushbu din donishmandligiga ishonganini, biroq anchagacha Allohga ishonishi qiyin bo‘lganini yozadi. So‘ngra u o‘zi yashayotan joy go‘zalliklarini suratga olib yurib,  klassik "koinot aqli"ni his etganini aytadi:

Aql bovar qilmas hissiyotdan esankirab qoldim. Men o‘zimni ulkan bir narsaning uvog‘i, Allohning borliq deb atalgan ulkan mexanizmining bir tishchasi deb his qildim. Juda g‘aroyib! Men o‘zimni hech qachon bu qadar yengil, serg‘ayrat his qilmagan edim. Ko‘zlarim qayga boqsa, o‘sha joyda Alloh tajallisini ko‘ra boshladi.

Bunday junbushga kelgan holatda qancha turib qolganimni bilmayman, nihoyat, bu holat barham topdi va men hech narsa bo‘lmaganday uyga qaytdim. O'sha daqiqalar mening xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. O'sha paytlar Maykrosoft endigina kompyuterlar uchun "Windows 95" dasturini sotuvga chiqargan edi. Uning bir qismi "Maykrosoft netuork"ning Internet xizmatidan foydalanish imkoni beradigan dasturcha edi. Oradan ko‘p o‘tmay men islomni muhokama qilish guruhlari  Internet tarmog‘ining eng qiziqarli qismlaridan biri ekaniga ishonch hosil qildim[277].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:37:26

Ayni shu muhandis so‘ngra o‘sha muhokama guruhida bir amerikalik islomni qabul qilgan ayolni uchratganini, o‘sha ayol uni olti oy ichida islomga kirishga ishontirganini yozadi.

Amerikalik ayol bunday xotirlaydi:
Men 1995 yilning yozida Internetga kira boshladim. U yerdan islomga oid juda ko‘plab foydali narsalar oldim. Jahon Internet tarmog‘idan orttirgan bilimim  meni  nihoyat muayyan qaror qabul qilishga undadi[278].

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biroq bularning barchasi kishini bitta g‘alati xulosaga yetaklaydi: musulmonlarga qarshi hissiyotlar kuchaygan damlarda islomni qabul qiluvchilar soni ko‘payadi va Internet ushbu jarayonga qulay imkoniyat yaratib beradi. Garchi buni ko‘rsatib berish, masalan, Masjidni yoqib yuborish bilan Internet tarmog‘idagi islomni qabul qilganlar ko‘payishi xususidagi ma'lumotlarni o‘zaro solishtirib ko‘rish uchun maxsus tadqiqotlar zarur bo‘lsa-da, bunday farazlar asosli ekanini tan olmaslikning iloji yo‘q. Bu esa bir dindan ikkinchisiga o‘tish asrlari xususida yozgan Levtsionning "muvaffaqiyatlar zamirida islomning reklamasi yotibdi"[279] degan qarashiga zid tarzda yangraydi. Umuman olganda, bu hol bizga Internet bir dindan ikkinchisiga o‘tishda jadal rivojlanib borayotgan vosita vazifasini o‘tamoqda, deb xulosa chiqarish imkonini beradi. U azaliy norozilik harakatini davom ettiradi va yangi sharoitga moslashtiradi hamda zamonaviy va to‘g‘ri siyosiy madaniyat ustuvor bo‘lgan jamiyatda mazlum jamoalar bilan birdamlikning kuchli an'anasini  qo‘llab-quvvatlaydi va "qotib qolgan qoliplar"ni chilparchin qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:37:42

Umuman olganda, bir dindan boshqasiga o‘tish hodisasi juda chalkash holdir va u nazariyachi jamiyatshunoslarning yengil-elpi tahlilini tan olmaydi. Albatta, ilohiyotshunoslar (ularning kamida haligacha rahmdil bashoratga ishonadiganlari)  din qanday qilib tarqalishi xususida turli xil qarashlarga ega bo‘lishi mumkin; ularning gaplariga hurmat bilan quloq tutish kerak. Bir dindan ikkinchisiga o‘tish shaxs va jamoa o‘zligining tub ildiziga daxl qiladi, uni faqat (moylanmagan) raqamlarning g‘iyqillashiga yo‘ymaslik kerak. Ushbu bobga Oden[280]ning quyidagi amri bilan xulosa yasasak, ko‘pgina ilohiyotshunoslar, musulmon yoki xristian bo‘lishidan qat'i nazar, xursand bo‘lishi tabiiy:

Sen sanoqchilar bilan birga  o‘tirmasliging va
Ijtimoiy fanda sanoq bilan shug‘ullanmasliging kerak.

Qayd etilgan