Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235494 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:18:41

Imom Navaviyning o‘zi ikkita kitob yozgan edi. U kitoblarida tasavvufga burchli ekanini qayd etadi. Ulardan biri "Bo‘ston ul-orifin" ("Oriflarning bo‘stoni"), ikkinchisi esa "al-Maqosid" dab ataladi (Bu kitob yaqinda ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Sunna Books, Evanston Il. Nuh Na Mim tarjimasi).

Tasavvuf molikiylar o‘rtasida ham mashhur bo‘lgan. As-Soviy, Ad-Dardir, Al-Laqqaniy va Abdulvahhob al-Bag‘dodiy - bularning barchasi sufiylik vakillari edi. Qohiralik molikiy huquqshunos Abdulvahhob ash-Sha'roniy tasavvufga quyidagicha ta'rif bergan:

"Sufiylarning yo‘li Qur'on va sunnatda belgilab berilgan, u payg‘ambarlarning va (yuragi) tozalangan kishilarning axloqiga mos yashashga asoslanadi. Uni Qur'on, sunnat va ijmo aqidalarini aniq buzmaguncha qoralab bo‘lmaydi. U mana shu manbalarning birortasiga ham zid kelmasa, qoralash mumkin emas, faqat odamlarning boshqalar haqidagi past fikrini yoki nomaqbul manmanlikka berilishinigina qoralash lozim. Sufiylar tutgan yo‘ldan bexabar bo‘lgan kishidan boshqa hech kim ularning gapirgan gaplarini inkor etmaydi[495].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:18:51

Hanbaliya tasavvufi haqida gap ketganda, har bir kishi Abdulloh Ansoriy, Abdulqodir aj-Jilaniy, Ibn aj-Javziy va Ibn Rajabday mo‘‘tabar zotlardan boshqa kishilarni izlab o‘tirmasa ham bo‘ladi.

Aslida, as-Suyutiy, Ibn Hojar al-Asqalaniy, al-Ayniy, Ibn Xaldun, Ibn Subkiy, Ibn Hojar al-Haytamiy, Baydaviy, as-Saviy, Abul Shu'id, al-Bag‘aviy va Ibn Kosir[496] kabi tafsirchilar; Taftazoniy, an-Nasafiy, ar-Roziy singari aqidanavislarning barchasi o‘rta asrlar islomining buyuk shaxslari bo‘lgan va tasavvufni qo‘llab asarlar yozgan. Darhaqiqat, ularning ko‘pchiligi  sufiylikdan ilhomlanib, mustaqil asarlar ham yozgan. Ulamolarning islom tarixidagi buyuk sulolasi - bunga  usmonlilar va mo‘g‘ullar ham kiradi - tasavvuf dunyoqarashidan ilhomlangan va uni islomiy ilmlarning markaziy va muhim ilmlaridan biri sifatida hurmat qilgan.   

Islomning keyinchalik tasavvufni qonuniy deb tan olishiga sabab ushbu ilm tarmoqlarining dinimizni musulmon dunyosidan tashqarilarga ham yoyish tashabbusi bo‘ldi. Hindiston, qora tanlilar Afrikasi va Janubi-sharqiy Osiyoni,  asosan, kezgindi sufiy muallimlar islomlashtirishgan. Xuddi shunga o‘xshash, jihod deb atalgan islom majburiyatini sufiylik jamiyatlari  katta g‘ayrat bilan o‘z zimmasiga olgan. 19-asrning buyuk mujohidlari: Usmon dan Fodio (Hauzalend (Nigeriya)), as-Sanousiy (Liviya), abdulqodir al-Jazoiriy (Jazoir), Imom Shomil (Dog‘iston) va Padre qo‘zg‘oloni (Sumatra) yo‘lboshchilari tasavvufning faol amaliyotchilari bo‘lgan va u haqda mujodala paytida asarlar yozgan. Bu dunyoda, tasavvuf islomning sokin va jangari bo‘lmagan shaklidir, degan da'vodan bema'niroq narsaning o‘zi bo‘lmasa kerak. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:19:02

Biz bu gaplarning barchasi bilan bir paradoksga qarshi turamiz. Agar tasavvuf butun tariximiz davomida musulmon intellektual va siyosiy hayotining bir qismi sifatida e'zozlanib kelgan bo‘lsa, nega bugungi kunga kelib, unga qarshi bo‘lgan ovozlar yangrab turibdi? Buning ikkita fundamental sababi bor.

Birinchidan,  sharqshunos olimlarning keng tarqalgan ta'siri mavjud. Lui Massignon 1922 yili o‘zining  Essai sur les origines de la lexique technique ("Texnik leksikaning manbalari haqida esse") asarini yozgunga qadar sharqshunos olimlar islomning "taqir va huquqiy" zaminidan tasavvufdan boshqa biror unumdor va serma'no narsa o‘sib chiqmas edi, degan fikrda edilar. Sharqshunoslarning musulmonlar tillariga tarjima qilingan asarlari musulmon modernistlariga qattiq ta'sir ko‘rsatdi. O'zining so‘nggi asarlarida ana shunday modernistga aylangan  Muhammad Abduh islomdagi tasavvuf diskursining markazda turishi yoki hatto qonuniyligini shubha ostiga ola boshladi.

Ikkinchidan, vahhobiylik da'vo bilan chiqa boshladi. Bundan ikki yuz yilcha muqaddam Muhammad Abdulvahhob saudiyalik bir qabilaga qo‘shilib, qo‘shni qabilalarga hujum qilganida bu ishlarini mohiyatan islomning boshqa ko‘rinishi bo‘lgan yangi xorijiylik bayrog‘i ostida amalga oshira boshladi. Garchi u Ibn Taymiyani yordamga chorlagan bo‘lsa-da, hatto uning qarashlariga ham to‘la qo‘shilmas edi. Ibn Taymiyaning o‘ziga kelsak, garchi u ba'zi sufiy guruhlarning keskin qarashlarini tanqid qilsa-da, hukmron tasavvufning bir tarmog‘iga bo‘ysunar edi.  Bu, masalan, uning hijriy 6-asrda Bag‘dodda yashagan ruhoniy  Abdulqodir al-Jiloniyning asosiy asari bo‘lmish "Futuh al-g‘ayb" ("G'ayb narsalarning oshkor bo‘lishi")dagi ba'zi bir texnik nuqtalarga sharh sifatida yozilgan "Sharhi futuh al-g‘ayb" asarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ibn Taymiya butun asar davomida o‘zini Al-Jiloniyning sodiq shogirdi sifatida ko‘rsatadi va ustozini har doim shayxuna ("bizning ustozimiz") deb ataydi. Qodiriya tariqatining so‘nggi davri adabiyotida ibn Taymiyaning o‘sha tariqatga mansubligi tasdiqlanadi, adabiyotlarda u silsila, ya'ni qodiriya ta'limoti o‘tish zanjirining muhim bog‘lovchi bo‘g‘ini ekani qayd etiladi[497].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:19:19

Ammo Ibn Abdulvahhob undan ancha uzoqlab ketadi. Markaziy Arabistondagi Najd sahrosida tug‘ilib, voyaga yetgan bu kishi hukmron islom ta'limotidan deyarli bebahra edi. Uning da'vosi paydo bo‘lgan va mash'um nom qozongan bir paytda ulamo va muftiylar bu da'voga Najdning mashhur hadisini tatbiq etishadi:

Ibn Umar Rasululloh (unga Allohning rahmati va salomi bo‘lsin) bunday deganini aytadi: "Ey Parvardigor, bizni Shomimizda o‘z rahmatingga olgin; Ey Parvardigor, bizni Yamanimizda o‘z rahmatingga olgin". Uning huzuridagi kishilar: "Ey Allohning rasuli, bizni Najdimizda ham", dedilar. Biroq Ul zot: "Ey Parvardigor, bizni Shomimizda o‘z rahmatingga olgin; Ey Parvardigor, bizni Yamanimizda o‘z rahmatingga olgin", dedilar. Uning huzuridagi kishilar: "Ey Allohning rasuli, bizni Najdimizda ham", dedilar. Ibn Umar, Ul zot uchinchi marta nimani o‘ylaganini aytdilar, deydi: "Zilzila va fitna bor, u yerdan shaytonning shoxi o‘sib chiqadi!"[498]

Qizig‘i shundaki, islomiy zaminlar orasida Najddan yaxshi nom qozongan birorta ham  olim yetishib chiqmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:19:34

Ammo Najddan yetishib chiqqan vahhobiylarning da'vosi Saudiya Arabistonida neft tufayli erishilgan farovonlikdan so‘ng tobora qattiqroq eshitila boshladi. Qohira va Bayrutdagi ko‘plab, hatto deyarli barcha nashriyotlarni vahhobiylik tashkilotlari mablag‘ bilan ta'minlab turadi. Shu tariqa ular tasavvuf haqidagi an'anaviy asarlarning chop etilishiga to‘sqinlik qiladi, boshqa asarlardan esa vahhobiylik aqidasiga to‘g‘ri kelmaydigan oyatlarni chiqarib tashlaydi.

Vahhobiylikning yangicha xorijiylik tabiati uni islomiy tafakkurning boshqa shakllariga nisbatan toqatsiz qilib qo‘ymoqda. Lekin uning o‘z izchil fiqhi bo‘lmagani (vahhobiylik ortodoksal mazhablarni inkor etadi) hamda faqat asosiy va jo‘n antropomorfik[499] aqidaga ega bo‘lgani uchun vahhobiylik tarafdorlari orasida suyuq, amyobasimon tez-tez bo‘linishlar tamoyili ko‘zga tashlanadi.  Islomiy guruhlarni bundan buyon izchil mazhab, yoki ash'ariy (yoki moturidiy) aqida o‘z mohiyatiga ko‘ra birlashtira olmaydi. Ular buning o‘rniga Qur'on va sunnatdan o‘zlaricha shariat va aqida olishga intiladi. Oqibatda esa zamonaviy salafiylik sharoitini oyoqosti qiluvchi dahshatli bo‘linish va ziddiyatdan boshqa narsa qolmaydi.

Tariximizning tanglik yuzaga kelgan ushbu lahzalarida ummat uchun omon qolishning yagona real umidi bor. U ham bo‘lsa, murakkab klassik ijmo vositasida bir to‘xtamga kelingan "o‘rta yo‘l"ni qayta tiklashdir. U asrlar osha mashaqqatli munozara va ilmiy izlanishlar natijasida ishlab chiqilgan edi. Aynan shu ijmo birlashish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ammo u biz qalblarimizni poklasak va ularni qon-qardoshlik, hurmat, bag‘rikenglik va murosa singari islomiy qadriyatlar  bilan to‘ldirsakkina qayta tiklanishi mumkin. Tasavvufning ichki islohotni amalga oshira bilish qobiliyati mahsuli bo‘lgan ushbu yangilanish islom harakati birligini qayta tiklash uchun mavjud bo‘lgan imkoniyatdir. Uning teskarisi esa qayta-qayta jazava bilan yo‘g‘rilgan mag‘lubiyatlarga olib borishi tayin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:19:56

XI bob
Mutaassiblik balosi


Ikkinchi ming yillikning so‘nggi yillarida ikkita muhim voqea ro‘y berdi: kommunizm inqirozga yuz tutdi va jurnalistlar tilida "islom mutaassibligi" deb ataladigan  hodisa to‘satdan kuchayib ketdi. Islom haqida to‘qilayotgan afsonalar "yangi, kommunizmdan so‘nggi yashil xavf" deb atalmoqda. Endi bizga aytishlaricha, G'arb va kommunizm o‘rtasidagi raqobat aslida islom va xristianlik o‘rtasidagi real, tarixiy va ming yillik kurashdan kichik bir tomosha va e'tiborni chalg‘itish bo‘lgan emish. Semyuel Hantington singari mualliflar postmodern "mafkuraning intihosi"   va xristianlar G'arbi, konfutsiylar Sharqi hamda kamida o‘rtadagi 60 ta mamlakatni qamrab olgan musulmon dunyosi kabi madaniy uyushmalarning qayta tiklanishi haqida yozib, arzon obro‘ orttirdilar.  Ba'zan esa to‘rtinchi ulkan uyushma ham tilga olinadi: bu G'arb xristianligi va janubdagi islom yerlari bilan keskin tarzda azaldan ziddiyatda bo‘lib kelgan Sharqiy pravoslav dunyosidir.   

Hech bir shubha yo‘qki, bugungi dunyodagi taloto‘plarni bunday oson talqin qilish ko‘p odamlarga jozibali tuyuladi va muhojirlarni yomon ko‘radiganlar va mutaassiblarga juda qo‘l keladi. Biroq qarama-qarshi tomonga harakatlanuvchi turli tamaddunlarning o‘zaro to‘qnashuvidan hosil bo‘ladigan xalqaro kelishmovchiliklarni zilzila zonalarining "tektonika qatlami" nazariyasi bilan tushuntirish mumkinligi hali real isbotini topgani yo‘q. Yaqinda Yaponiya va Amerika Qo‘shma shtatlari o‘rtasida yuz bergan savdo-sotiq bilan bog‘liq ziddiyatga madaniyatlar o‘rtasidagi tafovut asos bo‘ldi, qabilidagi bema'ni umumlashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Musulmon davlatlari ham tortilayotgan zamonaviy ziddiyatlarni yengib bo‘lmaydigan madaniy tafovutlar sifatida talqin qilish ham to‘g‘ri emas. Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarning har qanday ehtiyotkor dekonstruktsiyasi, odatda, ularni universal xavotirlarga saba bo‘ladigan ziddiyat sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Aslida, bunday  xavotirlarning madaniy qadriyatlarga bog‘liq joyi juda kam. Ular, asosan,  energetika va suv ta'minoti yoki hudud talashish tufayli vujudga keladigan to‘qnashuvlar sirasiga kiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:20:11

Hozirgi kunda g‘arb sharhlovchilari orasida ularning o‘z dunyosidagi jinoyatchilikning oshib ketishi, nikohlarning buzilishi, uysizlik, giyohvandlikning keng tarqalishi singari  xavflarning ortayotgani haqidagi xavotir kuchayib bormoqda. O'z ichida xavf sezgan har bir jamiyat beixtiyor tashqaridan dushman axtara boshlaydi. Gitlerning "Dunyo yahudiyligi" haqidagi munozarasi Versal (tinchlik shartnomasi)[500] va Veymarning iqtisodiy boshboshdoqligi tufayli paydo bo‘lgan ishonchsizlik bo‘lmasa, vujudga kelmasdi.

Men bu  maylning asl sababini  bugungi kunda G'arb va islom o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘zaro bir-birini tushunmaslikda deb  bilaman. G'arb kinochilari o‘z tomoshabinlari e'tiborini jamiyatlaridagi muammolarni yechish mashaqqatlaridan chalg‘itish uchun ularning qornini Yaqin Sharq terroristlari haqidagi bo‘lar-bo‘lmas uydirmalarning parhez taomi bilan to‘ydirib turadi. Musulmon dunyosining biror shahri hayotidagi keskin o‘zgarishlar tufayli xavf-xatarga duch kelayotgan mualliflar ham ulardan ortda qolmaslik uchun o‘z jamiyatidagi muammolar uchun G'arbni ayblashga o‘tib olgan.

Bunday aybni bir-biriga to‘nkash ommaviy kommunikatsiyalar asrida kulgili tuyuladi. Agar Amerika yovuz bo‘lmasa, nega yaqin sharqliklar uning yovuz ekaniga ishonadi? Eng taqvodor musulmonlar terrorizmdan dahshatga tushsa, ko‘plab g‘arbliklar islomni musulmonlar hayotining ko‘zga tashlanib turgan unsurlari bo‘lgan namoz o‘qish, oilaviy munosabatlar qalinligi deb emas, ekstremizm va buzg‘unchilik deb tasavvur qiladi? (Kanadalik kommunikatsiya nazariyotchisi - tarj.) Makluhanning global qishlog‘i (nazariyasi)ga nima bo‘ldi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:20:23

Eng qizig‘i, Internet va sun'iy yo‘ldosh televideniesi o‘zaro tushunmaslik devorini buzib tashlashda muvaffaqiyatsizlikka uchradi va uchrayapti. Buning sababi juda oddiy: odamlarning aksariyati hukmron ommaviy axborot vositalari mahsulotini iste'mol qilishadi. Axborot yig‘ayotgan jurnalistlar uchun odamlar xohlagan yangiliklarni tarqatishda ma'lum bir cheklovlar mavjud.  Ijtimoiy did, afsuski, fojiali va dahshatlidir. Misol tariqasida Pokistonni olib ko‘raylik. Bu mamlakatda Abdusattor Idhi degan diniy olim boshqaradigan bir islom xayriya jamg‘armasi bor. Bu jamg‘armaning kambag‘al pokistonliklar bepul davolanishi mumkin  bo‘lgan yuzdan oshiq shifoxona va polikilinikalari mavjud. Tinchliksevar Idhi va u mutasaddilik qilayotgan shifoxonalar haqidagi xabarni kechki yangiliklarga chiqarish imkoniyati yo‘q.  Buning o‘rniga 5-6 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bomba portlagan joydan reportaj, zilzila yoki suv toshqini xususidagi xabarlar beriladi. Uchinchi dunyo mamlakatlarida siyosiy zo‘ravonlik va tabiiy ofatlardan boshqa hech narsa yangilik bo‘lmaydi. Bu ba'zi musulmon radikallari ishonayotganiday, tsenzura yoki mutaassiblikning ko‘rinishi emas, aksincha, o‘zaro raqib bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining odamlar e'tiborini tortadigan xabar tarqatishga bo‘lgan intilishi bilan bog‘liq. Ravalpindi yoki Peshavorda yangi shifoxonaning ochilish marosimini ko‘rsatgan televideniening obro‘si oshib qolmaydi. Dunyo ahli so‘nggi bomba portlagani haqidagi xabarni eshitishga ko‘proq qiziqadi.

Bu, jurnalistlar hech qanday jazoga tortilmasligi kerak, degani emas. Masalan, diniy zo‘ravonlik Yaqin Sharqdagi har qanday jafokash mamlakatdagidan ko‘ra keskinroq bo‘lgan Buyuk Britaniyada  OAVning yetakchi printsiplarida Londonderrida har safar respublikachilar yoki loyalistlar (monarxizm tarafdorlari) bombasi portlagan paytda televidenie o‘z reportajiga zo‘ravonlikni qoralayotgan katolik yoki protestant yepiskopining chiqishini tashkil etishi belgilab qo‘yilgan. Shu yo‘l bilan biror diniy guruhni me'yordan chiqib ketgan xatti-harakatlar uchun hamma balo-qazolarning aybdori qilib ko‘rsatish xavfi ancha kamaytiriladi. Ammo birorta guruh islomga daxldorlikni da'vo qilib, bunday siyosiy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, musulmon peshvosining Britaniya televideniesi orqali uni qoralab chiqishidan umid qilmasak ham bo‘laveradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:20:33

Dunyo voqeligi hamisha kimningdir tor manfaatiga mos kelmay qoladi. Har bir jamiyatning, u qanchalik zo‘r bo‘lishidan qat'i nazar, albatta, o‘ziga yarasha qorong‘i tomoni mavjud. Mening nazarimda, bu yerda xavf odamning o‘ziga o‘sha qorong‘i tarafni ko‘rish va voqelikni mensimaslikka yo‘l qo‘yib berish, ya'ni turli-tumanlikdadir.

Biz G'arbdagi islomga oid turli qotib qolgan qarashlarni sindirish uchun bir oz vaqt ajratishimiz lozim bo‘ladi. Ularning aksariyati paydo bo‘lishiga OAV sababchidir. Biroq agar biz o‘sha qotib qolgan tushunchalarning ko‘zguga tushgan aksini esga olsak, musulmon dunyosining hozirgi kunda G'arbni qanday idrok qilayotganini bilish bilan ularning mohiyatiga kirib bora olamiz. Musulmon mamlakatlarida mavjud "fundamentalistik" tamoyil negizida ko‘plab omillar yotganini bilib olamiz, ammo bu o‘rinda G'arb tamaddunining haqiqiy mohiyatini to‘sib qo‘yuvchi niqobning paydo bo‘lishi, ehtimol, hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgandir. Ko‘plarning nazarida, bu niqob qo‘lga qurol olishni va ularning kuchi bilan jangga kirishni oqlaydi. 

Musulmonlarning G'arbga bunday munosabatining uzoq tarixiy ildizi bor. Xristianlar modernizmdan oldingi musulmon dunyosida yashashi, safar va savdo-sotiq qilishi mumkin bo‘lgan bir paytda musulmonlarning u yerdagi yahudiylarga zo‘rg‘a toqat qilayotgan Yevropani ziyorat qilishi juda mushkul edi. Yevropaliklarning musulmonlarni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi.  Aytishlaricha, Usmonlilar imperiyasining Yelizaveta Angliyasidagi ilk elchixonalaridan biri xodimlari Portsmut sohiliga qadam bosishdan oldin baptizm odati bo‘yicha cho‘qinishga majbur etilgan ekan. Musulmonlarning Yevropa haqidagi tasavvuri yaqin-yaqinlargacha mavhum bo‘lib kelgan. O'rta yer dengizining shimolidagi yerlar oyda-yilda bir marta yuvinadigan, tushunarsiz va intihosiz diniy urushlar domiga tushib qolgan varvarlarning namligi kuchli va changalzor joylari deb tasavvur qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:20:43

Yevropa mutaassibligini bunday tasavvur qilish musulmonlarning tushunchalari shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Hozirgi kunda ham Misrdagi ko‘pchilik dehqonlar Angliyada masjidlarga ruxsat berilganiga ishonmaydi. Yevropa ularning ko‘ziga Isoning haqiqiy ta'limotini iflos bir tarzda buzgan qit'a bo‘lib ko‘rinadi. Ular  taqvodorlarning shavkatli, sof va mehmondo‘st qadriyatlari xudosiz yerlarga yetib bormagan, deb hisoblaydi.

Yaqinda ro‘y bergan ikkita voqea hozirgi paytda mavjud bunday munosabatga ta'sir ko‘rsatdi. Birinchidan, Napoleon Misrni zabt etgan vaqtdan beri Yaqin sharqliklar Yevropaga sayohat qilib, u yerdagi yangi fanlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lgan. 19-asrda yashagan yozuvchi Rif'at at-Tahtaviy singari kishilar u yerdan texnologiyaning yangi hayotga ko‘rsatayotgan samarali ta'siri haqidagi zavq-shavqqa to‘la taassurotlar bilan qaytishgan,  bu haqda maqolalar ham yozganlar. Musulmon aslzodalarining G'arb haqidagi qarashlari ikki avlod umri davomida butunlay o‘zgarib ketdi va 20-asrning boshlariga kelib o‘rta sinf vakillari o‘zining kim ekanini bilib qolganidan so‘ng sarosimaga tusha boshladi: bir tarafdan, mustamlakachilar bosqini va hukmronligidan g‘azablansa, ikkinchi tarafdan, asta-sekin mustamlakachilar tamaddunidan zavqlana boshladi.

Qayd etilgan