20-asrdan boshlab mafkuralar G'arbda ham, uning islom dunyosi va boshqa joylardagi diasporasi ichida ham bilish tanim[25]ini ilohiyotdan inson sub'ekti tomon burib yubordi. Shu tufayli u kollektiv inson sub'ektiga aylandi: masalan, kishilik jamiyatlari teleologiyasi[26]ning ob'ektiv, miqdoriy xususiyatini ta'kidlab ko‘rsatadigan marksizm yoki uni rivojlantirgan vorisi Frankfurt maktabini misol qilib keltirish mumkin. Adorno va Habermasdan iborat so‘nggi Frankfurt maktabi Rossiya va Germaniyadagi kuchli modernistik falsafiy va ijtimoiy asosga ega bo‘lgan distopik, ya'ni mudhish totalitarizm hech bir shubha qoldirmagan «vositali sabab tanqidi»ni rivojlantirdi. Ratsionalizm turli hamlalarga duchor bo‘ldi, xususan, Adorno uni klassik skeptitsizm bilan emas, «tanqidiy nazariya» bilan almashtirishni targ‘ib qila boshlaydi. «Tanqidiy nazariya» haqiqatning o‘rnini tarix va jamiyatning mavjud shart-sharoitidan kelib chiqib belgilaydi, metafizika va an'anaviy analitik tafakkurni mensimaydi.
Anglo-sakson va nemis ziyolilari o‘rtasida ommalashib borayotgan tanqidiy nazariyaning rivojlanishi frantsuz falsafa an'anasining undan-da kattaroq ta'sir kuchiga ega bo‘lgan, biroq ma'nosi bir pulga qimmat postmodernizm nomiga sazovor bo‘lgan maktabga tarqalib ketishi bilan bir vaqtda ro‘y berdi. Bu hol va ittifoqdosh tizimlar asl ma'noni farqlash uchun kurashmaslikka, biroq shu bilan bir vaqtda uning yo‘qligini, aslida esa haddan ziyodligini nishonlashga harakat qilishadi. Metanarratsiya[27]larning somiy, marksistik va gegelcha ko‘rinishlari tasdiqlanmagani uchun rad etilishi kerak. Frankfurt maktabi hozirgi dunyoning tegishli muqobilini topish borasida jazavaga tushib qolgan edi; postmodernistlar esa barcha muqobillarni teng qiymatga ega deb bilishadi. Bizga, ob'ektiv haqiqatning o‘rnini germenevtik haqiqat egallashi kerak, muqarrar ravishda vujudga kelgan, etnotsentrik va o‘z vaqtida anglangan sabab hech qachon betaraf bo‘la olmaydi, deyishadi. Estetik va intellektual qiymat haqidagi qarashlar ijtimoiy voqeliklar timsolidir. Fridrix Nitsshening yangi «Asarlar to‘plami»da bir vaqtlar uning qulog‘iga chalingan mana bu so‘zlar keltiriladi: «Men shamsiyamni unutib qoldiribman»[28]. Ma'rifat ratsionalizmining tutilishi (oy, quyosh tutilishiga muqoyasa qilinyapti. - Tarj.) shunchalik mukammalki, Liotar postmodernizm hozirgi kunning o‘tmishdoshi deb xitob qiladi, uning nazaridagi voqelikni tekis va uzuq-yuluq his qilish ixtiyoriygina emas, xom-xatala xulosa hamdir, u ibtidoiy odamning intuitsiyasini to‘g‘ri deb maqtaydi, chunki uni ishonch bilan sub'ektiv deb baholaydi.[29]