Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235343 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:22:38

11 yanvar kuni harbiylar hokimiyatni qo‘lga oldi va saylov natijalarini bekor etdi. Ular INFni qonundan tashqari deb e'lon qildi va uning minglab rahbarlarini Sahroi Kabir ichkarisidagi kontsentratsion lagerga jo‘natdi. Musulmon yo‘lboshchilari G'arbni bu davlat to‘ntarishini qoralashga da'vat etdi, ammo ular sukut saqlashdan boshqa narsa yaramadi. Sanktsiyalar joriy etish niyatidan yiroq bo‘lgan G'arb davlatlari bu mamlakatdagi hukmron rejimni pul bilan ko‘mib tashlay boshladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi 300 million AQSh dollari miqdorida shoshilinch yordam berdi. 1994 yili yana prezident saylovi o‘tkazildi. Unda islom partiyalarining ishtirok etishi taqiqlab qo‘yildi. General Lamin Zerual prezident etib saylandi, G'arb uni samimiy tabrikladi va endi hamma narsa "iziga tushib ketadi", deb umid bildirdi.

Bu bilan musulmon dunyosiga nima shama qilinayotgani aniq edi. Mabodo, demokratiya G'arbning suygan diktatorlarini jamiyatning konservativ qadriyatlariga sherik bo‘lgan mashhur arboblar bilan almashtirishni nazarda tutsa, unga toqat qilinmaydi. Afsuski, hali bu mash'um saboq ham kam ekan. Islom harakati o‘z rahbariyatining hokimiyatdan chetlashtirilishi bilan parchalanib ketdi. Manfaatlari toptalgan o‘sha xalqning ma'lum bir bo‘laklari rejimning vahshiyliklariga qarshi qo‘liga qurol oldi. Albatta, hokimiyat ham qarab turmadi. Shu vaqtgacha 50 mingdan oshiq jazoirliklar o‘ldirildi. "Emnesti Interneshnl"ning 1995 yilgi ma'lumotlarida ta'kidlanganiday:

Xavfsizlik kuchlari minglab odamlarni o‘ldirdi. Odamlarni sud qilishda xalqaro me'yorlar asosidagi adolatga rioya qilmaslik hollari davom etmoqda. Ma'lum qilishlaricha, qiynoq va shafqatsizlik, ayniqsa, qamoqda ushlab turish paytida keng tarqalgan. Yil davomida xavfsizlik kuchlari hibsga olgan kishilar "daraksiz yo‘qolgan".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:22:48

Yo nihoyat adolatli saylov o‘tkaziladi, yoki bo‘lmasa, bu dahshatlar abadiy davom etadi.

Albatta, chirkin G'arb matbuotida yovuz aqidaparastlar demokratiyani qabul qila olmasligi xususidagi baqir-chaqirlar bo‘lib turishi tabiiy hol. Ammo INF rahbariyatining ilg‘or fikrlaydigan qismi Jazoir o‘zining  hukmronligi ostida demokratik davlat bo‘lib qolishini ochiq-oydin bayon etdi. Uning ma'naviy rahnamosi Shayx Abdulhamid bin Badis bunday deb yozgan edi: "Hech kim odamlarning roziligisiz ularni boshqarishi mumkin emas. Hokimiyatni kimgadir berish yoki tortib olishni odamlarning o‘zi hal qiladi". Jazoir musulmonlari sahnasidagi vahhobiylar  demokratiya printsipini yomonotliq qilayotgani to‘g‘ri, ular musulmonlarga, hokimiyatni  Allohning qonunini bekor yoki mayib qilishi mumkin bo‘lgan partiyalarga berishni dinimiz taqiqlaydi, deb da'vo qiladi. Biroq INFning Yevropadagi bosh vakili Anvar Haddam tez-tez norozilik bildirganiday, Jazoirdagi yetakchi islom harakatining maqsadi o‘zini hokimiyat tepasiga olib kelishi mumkin bo‘lgan demokratiya tajribasini (joriy etishni) to‘xtatib qo‘yish emas. Jazoirdagi yetakchi islomiy partiya rahbari Rashid al-G'annushiyning demokratik siyosiy boshqaruv bilan islomning bir-biriga zid kelmasligi xususidagi bir necha kitoblari Tunisdan boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi.

G'arbning kaltabin strategiyasi natijasida ayni paytda o‘ta haqoratomuz vaziyat vujudga keldi. Bunday vaziyatda G'arbni qattiq qo‘llab-quvvatlayotgan Yaqin Sharq mamlakatlarida ham xalqning vakolatiga ega bo‘lgan hukumatga xayrixohlik o‘ta sustligicha qolmoqda. Buning teskarisi o‘laroq, G'arb davlatlarining demokratiyani joriy etgan mamlakatlardagi jarayonlardan asabiylashishi davom etayotgan ko‘rinadi. Bundan chiqariladigan yana bir xulosa shuki, shu vaqtgacha arab dunyosining hech qaerida demokratiya va dunyoviylikka erishilmadi. Bu ikki tushunchadan biri ikkinchisini inkor qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:22:56

Aksariyat musulmonlar o‘zlarining mana shunday tartib ostida yashayotganiga guvoh bo‘ladi. Bugun G'arbning ushbu mintaqaga mutlaqo salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ayon bo‘lib qolmoqda. G'arb Isroilga homiylik qilmoqda, bu davlatning o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlar yeriga bostirib kirayotganidan ko‘z yummoqda, hatto buning uchun pul ham to‘layotir. Jazoir misolidan so‘ng, demokratlashtirish arab dunyosiga xos jarayon emas, degan bir qarash paydo bo‘ldi. 

Bunday sharoitdagi ijtimoiy va psixologik  hayotda yashab bo‘lmasligi ayon. Demokratiya, so‘z va majlis qilish erkinligini ta'minlaydigan, qatag‘onga yo‘l bermaydigan mexanizm mavjud emas. G'arb Eron singari o‘ziga yoqmagan davlatlarni inson huquqlarini kamsitgani uchun ayblab keladi, shu bilan bir vaqtda, o‘ziga do‘st bo‘lgan mamlakatlardagi bunday kamsitishlarga qarshi lom-mim demaydi. Rejimlar nafaqat o‘z xalqining muhabbatidan, qolaversa, ishonchidan ham ayrilganini yaxshi biladi. Millatchilikdan hafsalasi pir, dindan esa begona bo‘lgan rejimlar yo‘lboshchilari G'arbga tobora ko‘proq suyanib qolmoqda. Hammayoqni islomiy muxolifat bosib ketgan bir sharoitda ichki muxolifatni nima qilish kerak? Uni shafqatsizlarcha bo‘g‘ib tashlash kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:23:06

Qiynoqlarni qo‘llash faqatgina so‘roq qilishning tasodifiy quroli emas. ko‘pgina mamlakatlarda u  davlatni boshqaruv tizimining ajralmas qismi hamdir. Va u yana odamning g‘ururini o‘ldiradigan vosita sifatida inqirozga yuz tutganga o‘xshaydi. Bugungi kunda dindorlarning, xuddi o‘tmishda bo‘lgani kabi ta'qiblar kuchaygani sari e'tiqodi ham mustahkamlanib bormoqda. Menga Zaynab al-G'azzoliyning - U  Misrning katta ta'sir kuchiga ega bo‘lgan musulmon faollaridan biridir - kundaligidan  bir parcha keltirishga ijozat bersangiz:.

Meni holdan toyib qolgan paytlarim qiynash uchun zambilda olib ketishar edi. Ular o‘z qamchisi bilan infektsiya tushib ulgurgan yaralarni qaytadan savalab qonatib yuborardi. Bu paytda yaralar bir oz tuzalib, po‘sti ko‘cha boshlagan bo‘lardi. Men holsizlikdan oyoqda turolmay yiqilib tushganimda ham  biror odamni suyab turadigan u yoki bu ayyorona moslama yordamida kaltaklashni davom ettirishardi.  Hatto hushimni yo‘qotganim ham ularni to‘xtata olmas edi: ular meni ko‘proq qiynashni istar edi, shuning uchun qiynoqlarni davom ettirib, tanamga sog‘liq uchun zararli bo‘lgan allaqanday dorilarni ukol qilishar edi. Meni qiynayotgan kishining qamchisi soat osha, kun osha itlar bilan, itlar esa majburiy va chidab bo‘lmas  holat bilan almashar edi. O'lim yoqasida turgan mendek ojiz bandasiga faqat Allohning o‘zi najot berishi mumkin edi. Men Ul zotning marhamati bilangina bu qiynoqlarga chidashim mumkin edi. Xomxayollariga asir bo‘lgan do‘zaxiy zolimlar meni o‘zlariga bo‘ysundirishni asosiy maqsad deb bilar va bu borada hech qanday razillikdan tap tortmasdi. Ular mening qarshiligimni sindira olmagach, o‘zlarining jag‘iga mushtlar va aqldan ozgan kishilarnikiga o‘xshagan xatti-harakatlar qilardi. Bunday qiynoqlar Allohga ishongan va uning sulukini tutgan kishi uchun befoyda edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:23:15

Arab dunyosining Dante asarlarida tasvirlangan qamoqxonalarida diniy ruh mustahkamlanadi.  Omon qolgan kishi - g‘olib, halok bo‘lgan esa - g‘oziydir. Bunday sharoitda (hukmron) rejim xuddi xristianlar bilan musobaqalashgan Rim imperiyasi singari g‘olib bo‘la olmaydi.

Ushbu sistema 30 yil davomida kuchaydi. Dindorlar ta'qib etilmoqda. Rejimlar xalqning qahr va g‘azabi oldida o‘z kuchini yo‘qotib bormoqda. Bu qahr rejimlarning G'arbdagi homiylariga ham qarshi qaratilgandir.

Ammo bu hali hammasi emas. Tazyiq o‘tkazuvchilar orasida ilgari kuzatilmagan va mutlaqo yangi, tashqi dunyoning ko‘ziga tashlanmaydigan, sun'iy, keskin sharoit vujudga kelmoqda.

Bu masala ushbu bobning asosiy mavzusidir. Mabodo biror kishi zamonaviy islom radikalizmi haqida faqat bir narsani tadqiq qilsa, u haqiqiy islomga o‘xshash  bo‘lishi kerak.  Ayni paytda jahon jamoatchiligi islomga nisbat berayotgan inson huquqlarining sharmandali tarzda poymol qilinishi, o‘zga din va millat vakillariga nisbatan toqatsizlik va terrorizm  aslida bu dinga daxli yo‘q to‘dalarning, mutaassiblarning va ko‘pincha xudobexabar murtadlarning ishidir. Konservativ va chin musulmonlar hech qachon terrorizmga qo‘l urmagan. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:23:29

Ushbu postnormativ islomning ildizi qaerda? Birinchidan, garchi men har bir diniy norozilik harakatini ijtimoiy-iqtisodiy omillar darajasiga tushirishga urinishlarga shubha bilan qarasam-da, uchinchi dunyo mamlakatlari shaharlarida so‘nggi 30 yil davomida vujudga kelgan keskin ko‘chishni esga olish muhim ahamiyatga ega. Masalan, Qohira aholisi har yili 700 ming kishiga ko‘paymoqda, bu shahar aholisining soni u yerdagi xonalar sonidan uch barobar ko‘pdir. Har bir musulmon davlati poytaxtini katalak uylar halqasi o‘rab olgan: Turkiyadagi geçekondus, Jazoirdagi bidonvilles (kambag‘allar yashaydigan xaroba kulbalar) da qishloqlardan shahardagi moyanadan umid qilib ko‘chib kelgan kishilar noqonuniy  uylar qurib oladi.

Bu kishilar siyosat bilan mutlaqo qiziqmaydi. Ularning avliyolarni an'anaviy tarzda hurmat qilish orqali dinga e'tiqod qilishini hamma biladi. Ammo ularning farzandlari xususida bunday deb bo‘lmaydi. Farzandlarning ma'lumoti yuqoriroq bo‘ladi, ular ba'zan biror universitetga ham kirib o‘qiydi va u yerda ilm-fan, tibbiyot yoki muhandislikdan ta'lim oladi, so‘ngra tobora shishib borayotgan demografiya ish joyidan siqib chiqargani tufayli ishsiz qoladi. Ular shaharning an'anaviy sinflar sistemasida o‘ziga o‘rin topolmay, yangi ichki quvg‘inlar sinfi safiga qo‘shiladi.

Ular o‘ziga uy topish uchun ichkariga yuzlanadi, ammo otalarining dinidan qoniqmaydi.  Qishloq zaminidan yulib olingani uchun ularning bo‘yni sohibi tariqatlar va avliyolarning maqbaralari va (diniy) marosimlar tarmog‘iga ega bo‘lgan dehqonlarcha e'tiqodga yor bermaydi. Yoshlarning nazarida bu tarmoqqa intellektual vazminlik va siyosiy sa'y-harakat yetishmaydi, shuning uchun ular boshqa bir yo‘nalishga yuz tutadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:23:40

20-asrning 60-yillari oxiriga qadar bu yot sinf goh marksizm, goh ahmoqona va irqiy jihatdan faol bo‘lgan millatchilikka asoslangan baasizm[503]dan dardlariga darmon izlar edi. Baasizm hozirgi kunda ham Suriya va Iroqdagi rejimlar hukmronligini ta'minlab kelmoqda. Ammo 1967 yilgi urushda "Arab milliy ishonchi" partiyasi mag‘lubiyatga uchragach, uning o‘rniga boshqa biror partiya yuzaga kelishi kerak edi. Uning o‘rniga vahhobiylik deb nom qozongan sekta paydo bo‘ldi. Bu hol yoshlar uchun ayni muddao edi.

Vahhobiylik 18-asrning oxirlarida Markaziy Arabiston cho‘llarida islohot harakati sifatida vujudga kelgan edi. Bu mintaqa hamisha olis bir joy bo‘lib yo favqulodda zaif diniy e'tiqod, yoki bo‘lmasa, toqatsiz din sofligi uchun kurashi bilan ot qozonib kelgan. Islomning dastlabki asrida Tamim mahalliy qabilasi ekstremist xorijiy[504]lar sektasi  uchun ko‘plab yoshlarni o‘z tarafiga og‘dirib oladi. Ular o‘z sektasiga mansub bo‘lmagan kishilarni kofir deb bilar va ularni zudlik bilan o‘ldirish kerak deb hisoblar edi. Gunohga yo‘l qo‘ygan har bir musulmon  kofir deb e'lon qilinar va o‘limga hukm etilar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:23:49

Yaqin Sharqdagi xorijiylik harakati hijriy 3-asrga kelib, inqirozga yuz tutdi. Ammo vahhobiylar mana shu tamoyilni qayta tiriltirdi. Uning asoschisi Muhammad ibn al-Vahhob, musulmon dunyosi majusiylikka yuz tutdi, deb hisoblab, tez orada yangi davlat barpo etdi. Dinning o‘ta sofligi tarafdori bo‘lgan vahhobiylar nazarida, xudojo‘ylikning mavjud an'anaviy shakllari  musulmonlarning siyosiy inqiroziga sabab bo‘layotgan edi. Ular Alloh avliyolarga e'tiqod qilgan va Ul zotning o‘ziga bevosita emas, Rasululloh orqali iltijo etib, namoz o‘qigan (tavassul)larga toqat qilgan musulmon qavmdan o‘z marhamatini darig‘ tutadi, deb hisoblar edi. Vahhobiylar ibn Taymiyaning asarlaridan o‘z e'tiqodi uchun intellektual qarashlar sistemasini topgach, islomga u paydo bo‘lgan paytdagi sofligini qaytarish umidida mujodala boshladilar. Ularning nazdida, go‘yo chin e'tiqod kemasidan uloqtirilgan Qur'on va hadislar o‘rta asrlarda yashab o‘tgan faqihlar va ilohiyotshunoslar changalidan hamda asrlar loyqasidan ozod bo‘lishi kerak edi.   

Tarixchilar o‘sha sabrsiz faollarga, ular ham xuddi Yevropadagi Reformatsiya davrining mutaassiblari yuritgan siyosatga o‘xshash yo‘l tutayotganini va bu mutlaqo kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib berishlari kerak edi. Masalalar ko‘pincha bir-biriga juda o‘xshash edi. O'rta asrlarning sxolastik binosi buzib tashlandi, uning o‘rnini individual ongda muqaddas bitikka nisbatan shakllangan ishonch egallashi kerak edi. O'tmishning buyuk allomalari nihoyat go‘rga tiqildi, ko‘pincha ular  shafqatsizlarcha la'natlanadigan bo‘ldi. Avliyolik g‘oyasi ilk dindorlar (ularning barchasi avliyo bo‘lgani uchun avliyolikka muhtoj emas edi)ning so‘zligida mavjud bo‘lmagani uchun  unga shubha bilan qaraladigan bo‘ldi. Masjidlardan bezak va hashamlar  yo‘q qilindi, ilgarigi paytlarda san'at namunasi bo‘lgan murakkab muqaddas ramzlar odamlarning e'tiborini chalg‘itadi, deb hisoblanadigan bo‘ldi. Diniy marosimlar vahiyda ijozat berilgan darajaga qadar kamaytirildi. Shahar va qishloqlar muqaddas an'analardan tozalandi va standartlashtirish siyosatiga bo‘ysundirildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:24:03

Vahhobiylar Markaziy Arabiston bo‘ylab yurishlar qilib, muqaddas shaharlar bo‘lmish Makka va Madinani ham zabt etdi. Bundan butun musulmon dunyosi dahshatga tushdi. Ular o‘zlarining kromvelcha vakolatiga mos ravishda vahiyga mos kelmagan har bir binoni buzib tashladi. Gumbaz va minoralar ularning ko‘ziga baloday ko‘ringani uchun  yer bilan yakson qilinar edi. Avliyolarning va Rasululloh oila a'zolarining maqbaralari vayron etildi. An'anaviy ulamolar vahshiy sudga tortildi, ba'zilari esa o‘ldirildi. To‘rtta an'anaviy fiqh maktabining  ta'limotlari taqiqlab qo‘yildi.

Yaqin Sharqda emas, Yevropada xasta kishiga mengzalgan Usmonlilar imperiyasi Misrdan u yerga qo‘shin jo‘natib, vahhobiy qabiladoshlarni mag‘lub etdi va an'anaviy dinni qayta tikladi.

1916 yili ro‘y bergan va Lourens boshchilik qilgan Arab qo‘zg‘oloni oqibatida Usmonlilar imperiyasi butunlay inqirozga yuz tutgach, mo‘‘jazgina Hoshimiylar podsholigi ikki muqaddas shaharni egalladi va 1926 yilga kelib, butun dunyo Makka va Madina ustidan vahhobiylar o‘rnatgan hukmronlikni tan oldi. Yana haqiqiy fiqh va kalom ilmi siquvga olindi hamda mo‘‘tadil islomning samarali rang-barangligi o‘rniga totalitar kalvinizm[505]ni joriy qilishga urinib ko‘rildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:24:12

Garchi vahhobiylik 20-asrning boshlarida yashagan islohotchilar, xususan, misrlik Muhammad Abduh va Rashid Ridoga muayyan ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 20-asrning 60-yillariga qadar deyarli barcha musulmon olimlar va institutlar uni arablarning neft tufayli orttirgan boyliklari evaziga kelgan jirkanch hodisa deb hisoblar edi. Saudiya Arabistoni kutilmaganda din sofligini o‘z hududidan tashqariga yoyish uchun moliyaviy qudratga ega bo‘lib qoldi. 

U bir necha yo‘l bilan amalga oshirildi. Makkada "Musulmon dunyosi ligasi (robitasi)" tuzildi, u o‘z safiga dunyo musulmonlarining vahhobiylik ilohiyotshunosligiga qat'iy rioya etarak birlashishini nazarda tutar edi.   Misrdagi va, xususan, Livandagi nashriyotlar qo‘lga olindi, ularda an'anaviy islomiy matnlar vahhobiylik aqidasiga moslashtirilib, tahrir qilingan holda qayta chop etildi. Tasavvufga oid teran asarlar soddadil badaviy sektantlar uchun qarg‘ishday bir gap edi, shuning uchun ular asta-sekin siquvga olina boshladi. Butun dunyoda vahhobiylikni yoyish uchun  islom markazlari, yangi masjidlar qurilib, xayriya loyihalari  amalga oshirila boshladi.

Qayd etilgan