Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235105 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:26:10

Al-Havaliy 70-yillarda rejimning tasavvuf va an'anaviy dindorlikka qarshi kurashdagi eng katta quroli bo‘lgan edi. U "Ash'ariycha aqidaviy metodologiyani tanqid" kitobida ilohiyotshunoslik sunniy mazhabining Al-Azhar singari ulkan markazlarida azaldan o‘qitib kelingan ash'ariya ta'limotiga hujum qiladi. Bu kitob  Saudiya Arabistonining elchixonalari va tashkilotlari orqali arab dunyosiga bepul tarqatiladi. Shu yo‘l bilan kitobning milliondan oshiq nusxasi tarqatilgan ekan. Chala haqiqatlar, yolg‘on iqtiboslar va hissiy murojaatlardan, almoyi-jalmoyi gaplardan iborat kitob Qur'on va hadisdan so‘nggi eng ishonchli manba deb hisoblanadi va unda musulmonlarning intellektual an'anasi inkor etiladi. U shu tariqa haqiqiy musulmonchilikka putur yetkazib, vahhobiylik aqidasi qabul qilinishiga yo‘l ochib berishda muhim rol o‘ynadi.  Biroq podsho oilasiga qarshi va'zlar aytib yurgan Al-Havaliyning o‘zi ham bugungi kunda xuddi boshqa yetakchi arboblar qatori qamoqda o‘tiribdi. Davlat  jinni qaytadan ko‘zaga qamashga urinib ko‘rmoqda, ammo endi vaqt o‘tib ketmagan bo‘lsa go‘rga edi.

Aslida bu harakatlarning muddaosi nima? Misrlik Hasan al-Banna, jazoirlik Bin Badis singari din renessansi tarafdorlarining oldingi avlodi vakillari islom davlati uchun nisbatan plyuralistik andozani chizib bergan edi. (Unda) shariat tafsilotlari hech qachon bayon etilmagan bir shaklda amal qiladi. Mahalliy madaniyat G'arb ta'siri deb atalmish iblisni jilovlab turish uchun qaytadan jonlantiriladi. Ijtimoiy dasturlar shaharda qashshoq hayotdan aziyat chekayotgan kishilar og‘irini yengil qilishga yo‘naltiriladi, ammo ularda sotsialistik va statistik andoza qo‘llanmaydi. Islom davlatining ushbu musulmon birodarligi ko‘rinishi mohiyatan liberal kapitalizmning bir shaklidir. U mana bu hadisga asoslanadi: "Odamlarning bir-biriga ko‘maklashishiga imkon bering", ammo bunda masjid yoki davlat farvonlik uchun kerak bo‘ladigan ta'minotning ma'lum qismini o‘z zimmasiga olishi shart qilib qo‘yiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:26:19

Musulmon birodarligi siyosatga aralashmayotgan mamlakatlarda unga toqat qilinadi. Har bir kishi bundan nima ko‘zlanayotganini ko‘rishi mumkin. Musulmon renessansining ijobiy yutuqlaridan biri   yangi xaroba uylardan iborat shaharchalarda sog‘liqni saqlash xizmatini ta'minlagani bo‘ldi. Masalan, Misrda Nosirning har borganingda pora istab turadigan kalondimog‘ va kam maosh oluvchi tibbiyot xodimlari egalik qiladigan bepul xalq shifoxonalari kichik kushxonalardan behroq bo‘lgan bo‘lsa, Birodarlik shifoxonalari real ijtimoiy ehtiyojga mos keladi.

Xuddi shuningdek, revayvelistlar[509] rejimlardan farqli o‘laroq, nisbatan malakali va tabiiy ofatlar vaqtida qanday ish tutishni biladigan kishilardir. Masalan, yaqinda Qohirada ro‘y bergan, yuzlab kishilarning hayotiga zomin bo‘lgan va minglab ko‘p qavatli binolarni vayron qilgan zilziladan so‘ng  hukumat juda imillab harakat qilar edi. Bu ishga mas'ul bo‘lgan vazir ta'tilga chiqib, dam olgani chet elga ketgan va ishlarni nazorat qilish uchun qaytib kelishdan bosh tortadi. Misr mustaqillikka erishganidan so‘ng ilk marta bunday dahshatli zilzila bilan ro‘baro‘ kelgan armiya va fuqaro mudofaasi bo‘linmalari sarosimaga tushib qoladi. Ammo o‘sha paytda "Musulmon birodarligi" va "Al-Jamiyya ash-Shariyya"ning intizomli bo‘linmalari va boshqa islomiy xayriya jamg‘armalari hukumat bo‘linmalari bilan solishtirganda bir gaz ustun ekanini namoyish etdi. Ular Husni Muborak rejimini obro‘sizlantirib, diniy hukumatning faoliyati undan ko‘ra behroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Sho‘rva pishiruvchi oshxonalar va favqulodda shifoxonalar ko‘z ochib yumguncha bunyodga kela boshladi. Masjidlar uysizlarga boshpana bo‘ldi. "Musulmon birodarligi"ga a'zo o‘rta sinfga mansub kishilar o‘z cho‘ntagidan  favqulodda  moliyaviy grantlar ajrata boshladi. Eng mutaassir jihati shunda ediki, hamma narsa an'anaviy tarzda davlat zimmasiga yuklab qo‘yilib, xususiy tashabbuslar bo‘g‘ib tashlangan, soqolli muhandis faollar toshloq joyni qazib, ko‘chalarni tozalagan, xizmat turlarini qayta yo‘lga qo‘ygan bir paytda   hukumat idoralari qog‘ozbozlik qilishdan nariga o‘tolmadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:26:55

Misr jamiyatining zilzila oqibatlarini tugatish vaqtida qo‘zga ko‘rinmagan yagona qismi diniy ekstremistlar, ya'ni xaroba uylarda yashovchi vahhobiylar edi. Ular, adolatli islom hukumati buyurmagan ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanishga dinimiz yo‘l bermaydi, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, johiliyat, ya'ni yerda Allohning hukmronligi qaror topishidan oldingi davrdagi har qanday ijtimoiy yordam shakli inqiroz paytidagi tartibni saqlab qolishda qo‘l keladi va, binobarin, gunohdir. Ultravahhobiylar uchun din nuqtai nazaridan bajarilishi majburiy bo‘lgan yagona qonuniy chora rejimga qarshi kurashishdir. Sayyohlarni, politsiyachilarni, musiqachilarni yoki yozuvchilarni -  Nobel mukofoti laureati Najib Mahfuz hayotiga suiqasd qilishga urinish bunga misol bo‘la oladi - otib o‘ldirish, haqiqiy diniy e'tiqodni tarqatish bilan birgalikda johiliyat davrida bajarishga izn berilgan faoliyat turlaridir. Bu quyidan boshlab isloh qilish vaqtidir. Biroq adolatli tartib joriy etilsa, u yuqoridan boshlab isloh qilishga asoslanadi. Davlat odamlarning, hatto ularning bo‘ynidan sudrab bo‘lsa-da,  jannatga kirishiga kafolat berishi kerak. Bunday davlat Kalvin ixtiro etgan, adolat to‘xtovsiz hukmronlik qiladigan shishalar shahri Jenevaning bir ko‘rinishi bo‘ladi.

Bunday qarashlarning muammoli joyi shundaki, ularga erishilgan taqdirda ham ularga hech kim amal qilmaydi. Teokratiya[510]lar bunday majburiy yo‘l bilan inson yuragidan shaytonni haydab chiqara olmaydi, aksincha uni ichkariga chuqurroq kiritib yuboradi. Ular shu tariqa dinning unchalik muhim bo‘lmagan printsiplarini ko‘r-ko‘rona himoya qilib, uning mohiyatiga zarar yetkazadi. Din bilan davlat bir bo‘lgan joyda davlat inqirozga yuz tutsa, unga aralashib qolgan din ham obro‘sizlanadi. Bunga Eronda ro‘y bergan voqealardan ko‘plab misollar keltirish mumkin. U yerda hukmron rejimning noqobilligi va qatag‘onlari ko‘pgina sobiq eronlik dindorlarning o‘z e'tiqodidan qaytishiga sabab bo‘ldi. Saudiya Arabistonida ko‘pchilik odamlar Allohdan emas, diniy politsiyadan qo‘rqqani uchun namoz o‘qiydi. Ular shu tariqa dindorlarning niyatlariga putur yetkazadi va (odamlarni) butparastlikning bir ko‘rinishiga yetaklaydi. Qizig‘i shundaki, majburlovchi teokratiyaning dinni tiqishtirishi uni inqirozga olib borishi muqarrar. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:27:08

Mo‘‘tadil  sunniylik ushbu majburlovchi teokratiyadan hamisha xavfsirab kelgan. Ba'zi g‘arblik mualliflar orasida, Qur'onda din va davlat  yagona institut ekani xususidagi ijtimoiy tartib belgilab qo‘yilgan, xristianlarning "Qaysarniki - Qaysarga, xudoniki - xudoga" printsipini islomga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi, chunki din hayotdagi har bir narsani Allohning qonuniga bo‘ysundirishga harakat qiladi, degan qarash keng tarqalgan.

Musulmon jamiyatlari voqeligi bunday qarashning noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatib turibdi. Islomning uzoq tarixi podsholik va avloddan-avlodga o‘tuvchi siyosiy institut, shuningdek, odatda, davlatdan va siyosat san'atidan hazar qiluvchi, ammo sultonning sotqinligini, kerak bo‘lsa, uning kambag‘allarga rahmsizligini qoralab va'z aytish imkoniyatini qo‘ldan bermaydigan  ulamolar, masjid imomlari, qozilar va hk. dan iborat butunlay bo‘lakcha diniy institutdan iborat bo‘lgan. An'anaviy islom davlatlarida xalq ommasi ulamolarni davlatga vakil qiladi, ular davlatning xalq orasidagi vakillari  emas.

Bir narsani qayd etish lozimki, o‘rta asrlardagi xristian jamiyatlarida diniy institutlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar islom zaminidagiga nisbatan yaqinroq bo‘lgan. Birlashgan qirollikdagi toj kiydirish marosimi va bizning cherkov hokimiyatini tan oladigan konstitutsion boshqaruv tizimimiz hatto bugungi kunda ham davlat rahbaridan bir vaqtning o‘zida cherkov boshlig‘i bo‘lishni ham talab etadi. Bular o‘sha simbiozning qoldig‘idir. Aksariyat an'anaviy musulmon davlatlarida bunday qo‘shilib ketishga yo‘l qo‘yilmagan, ular uddaburon pragmatizmni afzal bilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:27:16

Albatta, bunday tizim asrimiz sharoitida yashab qola bilmadi. Aksariyat hollarda mustamlakachilik tartiboti mahalliy siyosiy jarayonlarni yo‘q qilib yubordi va diniy institutlarni chekkaga surib tashladi yoki bekor qilib qo‘ydi. Masalan,  Jazoirda hukmdor oila surgun qilindi hamda viloyatlardagi qabila yo‘lboshchisining patronaj[511] va boshqaruv tizimi bekor qilindi. Diniy madrasalar yopildi. Hatto masjidlar ham ayalmadi: Jazoirda 1962 yilgi mustaqillikkacha bo‘lgan davrda shahardagi 180  ta masjidning uchtasini istisno qilganda, qolgan barchasidan cherkov yoki boshqa maqsadlarda foydalanilar edi. Mamlakatning kattaligi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan Oran shahrida olti asrlik tarixga ega bo‘lgan san'at obidasi bo‘lgan bosh masjid temiryo‘l shohbekatiga aylantirildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Asrlar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan musulmon siyosiy tizimi va diniy institutlarining yo‘q qilib yuborilishiga qarshi turgan islom uyg‘onish mafkuralari yangi radikal siyosiy nazariyalarni ishlab chiqdi. Nosir bu borada eng katta ta'sir kuchiga ega bo‘lgan Sayyid Qutbni 1962 yili qatl etdi. U din va davlatning radikal birligi xususidagi nazariyani olg‘a surgan edi. Bu nazariyaga ko‘ra, islom peshvolari va davlatining rahnamosi musulmon ulamosi bo‘lishi kerak edi. Qutbning fikricha, din va davlatning bemaza dixotomiyasi islomning halokatli tarzda to‘g‘ri yo‘lidan og‘ib ketishiga, ulamolarning esa o‘z ijtimoiy mas'uliyatini unutishiga imkon berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:27:27

Zamonaviy tahlilchilar bunda boshqaruvga oid islomiy nazariyalarning emas, g‘arb g‘oyalarining ta'siri bor, deb hisoblaydi. Qutb o‘zini urush vaqtida Vishi[512] rejimiga xizmat qilgan va fashistlashgan frantsuz Aleksis Karrel[513] oldida burchli deb bilar edi. O'sha kunlarning tashvishlari bilan ovora bo‘lgan Karrel millatning essentsiyasi[514] - ayni paytda frantsuzlikning kvintessentsiya[515]si - vasiylari hokimiyat jilovini o‘z qo‘lida tutib turishi,  haqiqiy insoniy qadriyatlarning bir qismi davlat bo‘lishi  kerak, deb hisoblar edi. Qutb va Mavdudiyga o‘xshash qat'iy fikrli musulmon mutafakkirlari islomiy davlat andozasini yaratdi. Bunday davlat islomni musulmon kishilarning haqiqiy mafkurasi deb biladi. Bu mafkurani hamma birday tushunishi lozim. Binobarin, zamonaviy sharoitlarga  ko‘chgan islom siyosiy partiyaga aylanadi. Din uzvlarini davlat uzvlaridan ajratib bo‘lmaydi.

Bu tushuncha 20-asrning 50-yillari oxiri va 60-yillarining boshida "Musulmonlar birodarligi" tafakkuriga suqilib kira boshladi. Uning musulmonlarning siyosatga an'anaviy munosabatini tan olmaydigan va aksariyat musulmon jamiyatlaridagi mazhablar rang-barangligidan og‘rinadigan ochiqdan-ochiq totalitar salohiyati vahhobiylik harakatining keskinligi va eksklyuzivizmi (boshqalarni mutlaqo tan olmaslik) bilan mos tushar edi. Qutbning ukasi Muhammad Qutb Nosirning tozalashlaridan qochib ketadi va Saudiya Arabistonida mudarrislik qila boshlaydi, keyinchalik o‘sha yerda vahhobiylikni qabul qiladi. Vahhobiylikka xayrixoh bo‘lgan yana bir misrlik olim Muhammad al-G'azzoliy bilan birgalikda u birodarlik tafakkurini o‘zgartiradi. 1983 yili birodarlikning an'anaviy va vahhobiy bo‘lmagan oliy rahnamosi Umar at-Tilmasaniyning o‘limidan so‘ng vahhobiylikning misrlik dissidentlar o‘rtasidagi ta'siri kuchayib keta boshlaydi. Birodarlikning  o‘ta vahhobiylashgan ilmi toliblar qanoti bo‘lgan islomiy guruhlar (Al-Jamoat al-islomiya) birodarlik bilan aloqasini uzadi va rejimni zaiflashtishtirish maqsadida zo‘ravonlik ishlatish uchun bosim o‘tkaza boshlaydi. Garchi bir oz bo‘lsa-da, Al-Jamoat al-islomiyaga mansub deb hisoblangan shaxs ko‘zi ojiz voiz Umar Abdurahmon AQShda Jahon savdo markaziga qilingan terroristik hujumga aralashgani uchun otning qashqasiday tanilib qolgan edi. Qizig‘i shundaki, vahhobiylikning bir shaklini qabul qilgan Umar Abdurahmon bir necha yil Saudiya Arabistonida yashagan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:27:36

Vahhobiylashtirishning ushbu tamoyili musulmon dunyosida odamlarning tinchini buzuvchi oqibatlarga sabab bo‘layotgani xususida  boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Bu o‘rinda musulmonlarning asosiy ko‘pchiligi va ularning institutlari vahhobiylarga javob berishga va unga qarshi kurashishga qanday harakat qilgani xususida batafsil gapirib o‘tirishning mavridi emas, biroq an'anaviy din mo‘‘tadilligi tarafdorlari qayd etib kelayotgan ikkita qarashdan xabardor bo‘lib qo‘yish muhim ahamiyatga ega. 

Avvalo, tajribaning ko‘rsatishicha, repressiv dunyoviy rejimlarni, diniy muxolifatni qiynash uni yo‘q qilib yuboradi, degan umidda qo‘llab-quvvatlash siyosati muvaffaqiyat keltirishi dargumon. Bunday holatda u diniy muxolifatning yanada ekstremistik shakllarini urchitib yuboradi. Rejimlar sistemani tinchlik yo‘li bilan isloh qilishga urinayotgan mo‘‘tadillik tarafdorlarini mensimaydigan bo‘lsa, obro‘sini yo‘qotadi, yoshlar esa ekstremizm va qurolli qo‘zg‘olon ishtiyoqida yona boshlaydi. Muammoning birinchi yechimi - matbuotni  erkinlashtirish  va islomiy tuyg‘ularni ifoda qilishga yo‘l berishdir. Ayni paytda rejimlar  og‘ziga urishga urinayotgan masjidlar barcha voizlardan o‘z va'zlarida ijtimoiy yoki iqtisodiy mavzularni tilga olishni talab qiladi. Masjidlarga islom dunyosida asrlar osha mavjud bo‘lgan an'anaviy ozodlik va ular bajarib kelgan vazifa qaytarib berilishi kerak: ya'nikim, ular korruptsiya va vahshiyliklar tanqid qilinadigan joy bo‘lib qolishi lozim.   

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:27:52

Musulmonlarning aksariyati ushbu gapning tasdig‘i sifatida demokratiyaga toqat qilinadigan Malayziya va Turkiya singari islom davlatlarini misol keltiradi. Bu mamlakatlarning ikkalasida ham diniy partiyalar hukmronlik qiladi, biroq diniy ekstremizm deyarli uchramaydi. Nashr ishlari va tashkilotchilikdagi erkinliklar o‘sha mamlakatlarda kichik bir tayanch nuqtasini qo‘lga kiritish uchun qattiq kurashib kelgan vahhobiylarning qo‘lidagi qurolni tortib olib qo‘ydi.  Ikkala mamlakat ham, o‘z xohishini jamoat oldida ifoda etish va inson huquqlari cheklangan mamlakatlardan farqli o‘laroq,  mutaassib harakatlar o‘z qarashlarini (jamiyatga) tiqishtirishidan xoli dunyolardir. 

Ikkinchidan, biz aksilislohotning musulmoncha ko‘rinishi ibtidosi shohidi bo‘lib turibmiz. Shishadan iborat fundamentalist shaharlar yaratish yo‘lini izlayotgan, biroq fuqarolar urushini keltirib chiqargan, rejimlarni repressiyaning keskin shakllarini qo‘llashga majbur etayotgan zvinglichilar[516] va kalvinchilar[517]ga ular   barcha musulmon mamlakatlarining kulini xuddi Afg‘oniston va Jazoir singari ko‘kka sovurmasidan burun qarshilik ko‘rsatilishi kerak. Aqidaparastlarning  chiqishlariga haqiqiy islom nuqtai nazaridan kelib chiqib, munosib javob qaytarish uchun ushbu aksil-islohotga erkinlik va yetarli mablag‘ berish zarur bo‘ladi. Bugungi kunda dinni o‘z chegarasidan tashqarida targ‘ib qilayotgan ikkita davlat: Eronda ham, Saudiya Arabistonda ham klassik islomning ishonch yorlig‘i yo‘q ekani musulmon dunyosining ulkan fojiasidir. Dinga qiziqadigan va vahhobiylik juda xavfli jinni ko‘zadan chiqarib yuborganini tushuna boshlagan boshqa musulmon mamlakatlari  harakatini qilishi va an'anaviy ulamolarga qarshi choralar ko‘rishi uchun ijozat berishi kerak bo‘ladi. Haqiqiy dinni himoya qiladigan, vahhobiylik harakatlariga esa zarba beradigan kitoblar juda ko‘p, arab dunyosida ayni paytda diniy kitoblarni chop etishga bo‘lgan cheklovlar olib tashlanishi va (haqiqiy dinni targ‘ib qiluvchi) kitoblarning keng tarqalishiga imkon berilishi kerak. Mo‘‘tadillik tarafdorlari ham sun'iy yo‘ldosh televideniesi va radiosidan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Muqobil yo‘l esa jamiyatlarda oldinma-keyin iliqlik boshlangunga qadar vahhobiy fraktsiyalarning progressiv tarzda kengayib borishidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:04

Ushbu nuqtada mo‘‘tadil va vahhobiy islom o‘rtasidagi ayni paytda mavjud ziddiyatning aqidaviy jihatlariga oid gaplarga chek qo‘yishimiz lozim. Biz o‘ta islomiy hodisa deb tavsiflanayotgan ziddiyat - asosiy masalani tadqiq qilib ko‘rishimiz zarur bo‘ladi.  Biz yuqorida Yaponiyadagi neobuddizm hodisasiga qisqacha to‘xtalib o‘tgan edik; ayni jarayonlarning qanday amal qilishini bilish uchun boshqa dinlardagi jarayonlarni ham chuqur tadqiq qilishimiz kerak bo‘ladi. 

Bu borada xristian dinini ko‘p masalada boshlanish nuqtasi sifatida olish mumkin. Kimdir xristian dinining ayni paytdagi yo‘nalishi bilan zamonaviy islomning yoki "Om haqiqati" ibodatxonasining  ichki sharoiti bilan nima aloqasi bor, deb o‘ylashi mumkin. Ammo Maliz Rutven singari ijtimoiy tahlilchilarning xristianlikni radikal tarzda isloh qilish borasidagi sa'y-harakatlari ayni paytda (islomda) kurtak yozayotgan narsalarga o‘xshab ketadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:17

Yangi dunyoda xristianlikning tez rivojlanib borayotgan oqimi katolitsizm ham, pravoslavie ham, protestantizm ham emas; (bu oqim vakillari) yevangelistlar bo‘lib, kulgili va liboslarga burkanib olgan voizlardir, ularning yuzi  va dunyo haqidagi so‘zlarini   elektron nur naychasi yoritib turar edi. Yevangelistlar xristianligi har qanday yangilikdan xoli ekanini ta'kidlashning hojati ham yo‘q. Aslida "fundamentalizm" so‘zi 1910 yildan boshlab Chikagodagi Mudi Tavrot instituti  chop etgan "Fundamentallar" degan 20 jildli diniy e'tiqod haqidagi ma'lumotlarning qisqacha bayonidan olingan deb hisoblanadi. Ushbu aqidaparastlikning o‘ziga xos xususiyati muqaddas bitiklarning haqiqiy va hech narsa qo‘shilmagan tafsiriga ishonishdir.  Tavrot ham, Injil ham, ularda  buyurilgan ijtimoiy-siyosiy amrlar  Alloh haqiqatining chin ifodasidir. Jamiyat qurish uchun kerak bo‘lgan ushbu loyihani Allohning o‘zi Kitobida nihoyatda batafsil va hech qanday savolga o‘rin qoldirmaydigan qilib tushuntirib bergan; o‘rta asrlar hamda zamonaviy yoki liberal protestant cherkovi muassasalari    ilohiyotshunosliklari Allohning kalomiga zid bo‘lgan inkrustatsiya - qurama  narsalardir.

Amerika Qo‘shma shtatlarida yaqin-yaqinlargacha ushbu aqidaparastlik va joriy etilgan cherkovlarning an'anaviy dini o‘rtasidagi tafovut qishloq joylardan iborat kambag‘al janub bilan sanoatlashgan va madaniyati taraqqiy etgan shimol o‘rtasidagi tafovut ham edi. Aqidaparastlik o‘z kuchini Taqiq davri singari  tashqi dunyodan uzilib qolgan hodisalarda ko‘rsatishi mumkin, biroq 20-asrning 60-yillarigacha aqidaparastlik, umuman olganda, Baybl Belt[518]da  ildiz otolmasdan qolib ketdi.

Qayd etilgan