Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235225 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:16

Albatta, buning sof diniy sababi bor. Islom so‘nggi dindir, u "uyga eltuvchi so‘nggi avtobusdir" va shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan bo‘linib ketishday inqirozdan ilohiy yo‘l bilan himoyalangandir. Abdul Vadod Shalabiy "ma'naviy entropiya"[523] deb atagan narsa islom paydo bo‘lganidan beri amal qilib kelgani ayni haqiqatdir. Bu faktni qo‘llab-quvvatlovchi bir qancha hadislar ham bor. Shunga qaramasdan, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati ummatni tark etmadi. Islomdan oldingi dinlar osonlikcha yoki qiyinchilik bilan dinsizlik va keraksiz narsaga aylanib qolar edi; biroq islomiy taqvo, sifati pasayishiga qaramasdan,  shunday mexanizmlarni yaratdiki, ular dinning shavkati olamni tutgan paytlardagi birdamlik hissini hozirgi kungacha saqlab qolish imkonini bermoqda. Amirlar va siyosatchilarning ahmoqona ishlari qayoqqa boshlashidan qat'i nazar, islomda dindorlarning birodarligi, xristianlik va boshqa e'tiqodlar dastlabki paytlarda erishib, so‘ngra yo‘qotgan muvaffaqiyatlar bir ming to‘rt yuz yildan beri davom etib kelyapti. Sabab - islom   dinidagi vahiyning musulmon jamoasi a'zolarining yengib bo‘lmas pirovard va qat'iy printsipi sifatida yashab kelayotganidir. Bu sabab oddiy va har qanday bahsdan ustundir: Alloh bizga bu dinni o‘zining so‘nggi kalomi sifatida yubordi, shuning uchun u aqida, namoz va komil axloq sifatidagi zarurat  ko‘rinishida qiyomatga qadar davom etadi.

Bunday izoh e'tiborga molik, deb o‘ylayman. Biroq biz tariximizinng dastlabki bosqichlarida umumiy qoidadan chetga chiqib ketgan ba'zi bir og‘riqli nuqtalarni tushuntirib berishimiz kerak bo‘ladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.)ning o‘zlari sahobalariga: "Oralaringizda kimki mendan ko‘proq yashasa, ulkan bir munozaraning shohidi bo‘ladi", degan ekanlar. Ilk murtadliklar: Usmon roziallohu anhuga qarshi qaqshatqich qo‘zg‘olon ko‘tarilgani; Ali roziallohu anhu bilan Talha, so‘ngra esa Mu'oviya o‘rtasidagi to‘qnashuv, xorijiylarning  qonli to‘qnashuvlar tufayli bo‘linib ketishi - bularning barchasi (payg‘ambarning vafotidan so‘nggi) ilk kunlardan boshlaboq musulmon davlati tanasiga ixtiloflar xanjarlari bo‘lib sanchildi. Faqat ummat ulamolariga xos bo‘lgan sog‘lom fikr va muhabbat dastlabki bo‘lginchilik varajasini yengib o‘tib, kuchli va uyg‘un sunniylikni yarata bildi. Bu ishda ularga avliyoligi yordam berganiga shubha yo‘q. Sunniylik sof diniy maydonda musulmonlik tarixining 90 foiz vaqti mobaynida 90 foiz ummatni birlashtira oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:25

Agar biz o‘zimizni uzoq o‘tmishda bo‘lib tashlagan kuchlarga yaqinroq nazar tashlasak, bu hol hozirgi tobora kattalashib borayotgan parokanda vaziyatimizni tushunib olishga yordam beradi. Bunday kuchlar nihoyatda ko‘p bo‘lgan, ulardan ba'zi birlari nihoyatda tarqoq bo‘lganini ham ko‘ramiz; lekin ulardan ikkitasigina diniy mafkura yetovida bo‘lgani uchun omma o‘rtasida mashhur bir shaklga kirganini va ko‘pchilik e'tiqod qiladigan din va ulamolarga qarshi qo‘zg‘olon tusini olganini ko‘rish mumkin. Ular yetarli asos bilan xorijiylik va shialik nomlarini oldi.  Sunniy islomdan farqli o‘laroq, ular ikkalasi ham ajralib chiqqan guruh va kichik harakat edi; biroq shunga qaramasdan, ikkalasi ham islomning diniy hokimiyat manbai masalasidagi  yetakchi qarashlardan farqli  bo‘lgan ikkita ulkan qarashni ifoda qila olishi bilan tanish muxoliflik an'anasiga moyilligini namoyish etdi.

Ular o‘zlari ilk xalifalarning axloqiy inqirozi deb hisoblagan holga qarshi turish bilan Ali roziallohu anhuning o‘limidan so‘nggi izdoshlarining diniy hokimiyat nazariyasini rivojlantirdi. Bu nazariya oldingi egalitar[524] dalillardan ajralib chiqqan bo‘lib,  diniy hokimiyatga imomlarning xarizmatik[525] vorisligini hadya etdi. Biz bu o‘rinda  ushbu g‘oyaga musulmonlikni qabul qilgan ba'zi sobiq sharqiy xristianlarning ta'siri bo‘lgani yoki bo‘lmagani masalasini tadqiq qilish uchun to‘xtalib o‘tirmoqchi emasmiz. Ular havoriylarning Isoga mistik vorisligi g‘oyasi ruhida tarbiyalangan edi. Ushbu vorislik cherkovga Isoning xotirasini kelgusi avlodlar uchun yod etishday noyob qobiliyat ato etdi, deb taxmin qilinadi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, shialik o‘zining turli shakllari bilan ibtidoiy islom jamiyatidagi qat'iy diniy hokimiyat yetishmasligiga javob sifatida rivojlandi. Adolatli xalifalar davri tugab, umaviy hukmdorlar o‘zlaridan "Chin musulmonlarning amiri" o‘laroq, kutilgan turmush tarzidan ancha uzoqlashib qolgach, fiqhning bir-biridan keskin farq qiluvchi va yangi-yangi paydo bo‘layotgan maktablari diniy masalalarda kuchli va obro‘li hokimiyat manbasi  nomiga unchalik ham mos kelavermas edi. Xristianlarning imomni gunohsiz deb bilishi jozibadorligi sababi ana shunda. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:35

Imomchilik paydo bo‘lishining bunday talqini shialik kengayishining ikkinchi ulkan bosqichini tushuntirib berishda qo‘l keladi. 5-asrdagi sunniylik uyg‘onishi muvaffaqiyatidan so‘ng shialik inqirozga yuz tuta boshladi. Bu davrga kelib sunniylik nihoyat izchil bir sistemaga aylanganday edi. Shialikning ismoiliylikda zuhur bo‘lgan o‘ta shiddatli qanoti Imom G'azzoliyning kuchli zarbasiga duch keldi. Uning "Botiniylar (ismoiliylar) janjali" kitobida ularning katta kuchga ega bo‘lgan maxfiy aqidalari fosh qilinadi va rad etiladi. Shialikning bunday inqirozi faqat (hijriy) 7-asrning ikkinchi yarmida, Chingizxon boshliq mo‘g‘ul qo‘shinlari islomning markaziy yerlarini ishg‘ol qilib, kulini ko‘kka sovurgach, barham topdi.  Hujum tasavvur qilib bo‘lmas darajada qaqshatqich bo‘lgan: aytishlaricha, Hirot shahrida istiqomat qilgan yuz ming kishidan uning kuli ko‘kka sovurilgan xarobalarida faqat qirq kishigina omon qolgan ekan. Vaqti-vaqti bilan ro‘y berib turgan istilolar to‘lqinida yaqinda islomni qabul qilgan turkman ko‘chmanchilari  islom yerlariga kirib kela boshladi. Ular o‘lik shaharlarning tirik qolgan sunniy ulamolari bilan birga yalpi qo‘rquv va taloto‘p muhitida hamda xaloskorni kutish holatida jon-jon deb shia e'tiqodining ekstremistik ko‘rinishlariga aylanib ketdi.  Bir paytlar sunniylikka sodiq bo‘lgan mamlakat - Eronda shialikning g‘alaba qilishi aynan o‘sha fojiali davrga borib taqaladi[526].

Islomning dastlabki yillarida boshqa bir yirik muxolif harakat xorijiylik edi. Bu so‘zning ma'nosi  "ajralib chiqqanlar" bo‘lib, xorijiylar xalifa Ali roziallahu anhu o‘zining Muoviya bilan munozarasini mahkama vositasida hal etishga rozi bo‘lgani oqibatida uning qo‘shinidan ajralib chiqqani uchun shu nom bilan atalgan edi. Qur'ondagi: "Hukmni faqat Alloh chiqarishi mumkin" degan shiorga amal qilib, ular Ali va uning ko‘plab yetakchi sahobalar ham bo‘lgan qo‘shiniga qarshi hijriy 38-yili Nahravon jangida yengilguniga qadar  qattiq jang qiladi. Jangda ularning 10 mingdan oshig‘i halok bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:44

Garchi ilk xorijiylar yer bilan yakson etilgan bo‘lsa-da, xorijiylikning o‘zi yashab qoldi. O'z aqidasiga ko‘ra, u shialikning teskarisiga aylanib ketdi. U har qanday meros qilib olingan yoki xarizmatik rahnamolikni rad etar, dindorlar jamoasi rahnamosini tayinlashda  taqvodorlik asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta'kidlar edi.  Bu hol o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan  jo‘n bir mezon bilan baholanar edi: ilk xorijiylar taqvo masalasida, har bir muslim uchun eng katta gunoh kufrdir, degan keskin aqidasi bilan juda qattiqqo‘l edi. Takfir (musulmonlarni islomdan tashqarida deb e'lon qilish) tushunchasi xorijiylar guruhlariga Xuzistonning olis tog‘ tumanlariga vaqtincha ko‘chib chiqish va umaviylar hokimiyatini qabul qilgan musulmon turarjoylariga hujum qilib turish imkonini berardi. O'sha hujumlar paytida xorijiy bo‘lmaganlar qilichdan o‘tkazilar, bu hol Al-Hajjoj ibn Yusuf singari bag‘ritosh umaviy amirlarning shafqatsiz javob choralarini ko‘rishiga sabab bo‘lar edi. Biroq xorijiylarning hujumlari, ahvoli bir qarashda nochor ekaniga qaramasdan, davom etaverardi. Xalifa Ali roziallohu anhuni Nahravon jangidan omon qolgan Ibn Muljam  halok etadi. Hadis olimi, sunanning eng mo‘‘tabar to‘plamlaridan biri muallifi Imom an-Nasai ham 303/915 yili Damashqda xorijiy mutaassiblar tomonidan xuddi shu tariqa o‘ldiriladi.

Xuddi shialik singari xorijiylik ham Iroq va Markaziy Osiyoda, ba'zi hollarda esa boshqa joylarda ham hijriy 4-5-asrlarda beqarorlikka sabab bo‘ldi. Xuddi shu nuqtai nazardan g‘alati tarixiy voqea ro‘y berdi. Sunniylik endilikda puxta ishlab chiqilgan mukammal sistemaga birlashgan ulamolarning aksariyati yo‘lini birlashtira oldi. Bir-biriga raqib harakatlarning jozibadorligi keskin kamayib ketdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:56

Voqea shundan iborat edi. Egalitar xorijiylik va ierarxiyaga asoslangan shialik singari ikki qanotdagi oqimlar o‘rtasida joylashgan sunniy islom uzoq vaqt mobaynida hokimiyatni qanday  tushunishiga oid bahslar bilan ovora bo‘lib qoldi. Sunniylar nazdida, hokimiyatning nima ekani Qur'on va Sunnatda belgilab qo‘yilgan. Biroq butun islom dunyosiga sahobalar va tobeinlarning u yerdan bu yerga ko‘chib yurishi oqibatida turli hikoyatlar  shaklida sochilib ketgan son-sanoqsiz hadislar bilan to‘qnash kelgan Sunnat ba'zan talqin borasida turli qiyinchiliklarga duchor bo‘la boshladi. Hatto bir necha yuz ming hadis orasidan sahih hadislar ajratib olinganidan so‘ng ham bir-biriga, hatto Qur'on oyatlariga zid hadislar uchrar edi. Bu o‘rinda xorijiylarniki singari bir hovuch hadislarni ajratib olib, ulardan aqida va qonunlar  yasashday jo‘n yondashuv ish bermas edi. Ko‘zga tashlanib turgan ichki ziddiyatlar juda ko‘p, ularning talqini ham o‘ta murakkab bo‘lgani tufayli qozilar Qur'on va hadislar to‘plamining tegishli sahifasini ochish bilan biror shar'iy hukm chiqarishga qiynalardi.

Ilk ulamolar vahiy kelgan bitiklar o‘rtasidagi ziddiyatning asosiy sabablarini puxta  tadqiq qilishdi. Teran aql egalari munozaralar chog‘ida ko‘pincha o‘ta mukammal va kuchli xotiralarini ishga solar edi. Islom usul ul-fiqhi - yurisprudentsiyasi fanining asosiy qismi bunday ziddiyatlarni ushbu dinning bosh idealiga sadoqatni kafolatlaydigan izchil mexanizm yaratish orqali hal etish tomon rivojlantirildi. "Ta'arud ul-adilla" ("dalillarning o‘zaro ziddiyati") atamasi eng nozik va murakkab fiqhiy tushunchalaridan biri ekanini islom usul ul-fiqhini o‘rganuvchi har bir tolibi ilm yaxshi biladi[527]. Ibn Qutayba singari ilk ulamolar bu masalaga butun boshli kitob bag‘ishlashni o‘z burchi deb bilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:05

Usul ulamolari vahiy kelgan matnlar o‘rtasidagi ziddiyatga ularning turli talqinlari o‘rtasidagi ziddiyat sifatida qarash kerak, deb bilgan. Qonun egasi (Alloh)ning Rasululloh (s.a.v.) ga vahiy kelgan xabaridagi ziddiyatlar esa bu qolipga sig‘mas edi. Islom xabari Ul zotning vafotlaridan oldin mukammal tarzda   nozil bo‘lgan edi;  keyingi ulamolarning vazifasi bu xabarni o‘zgartirish emas, tafsir qilishdan iborat edi. 

Ushbu tushuncha bilan qurollangan islom ulamosi murakkab matnlarni tadqiq qilar ekan, uni hal etishda bir qator dastlabki akademik sinov va usullarni ishga soladi. Ilk ulamolar yaratgan sistemaga ko‘ra, mabodo ikkita Qur'on va hadis matni bir-biriga zid kelib qolsa, ulamo dastlab matnlarni, ziddiyat arab tilini noto‘g‘ri talqin qilishdan paydo bo‘lmadimikin, degan shubha bilan lingvistik nuqtai nazardan tahlil qilishi kerak bo‘ladi. Agar ziddiyatni bu usul bilan bilan bartaraf etib bo‘lmasa, ulamo tekstual, huquqiy va istoriografik usullar bilan ulardan biri tax(i), ya'ni faqat maxsus holatlarga daxldormi yoki yo‘qligini, binobarin, boshqa matnda bayon qilingan umumiy printsipdan o‘ziga xos istisno ekani yoki emasligini  aniqlashga harakat qilib ko‘rishi zarur. Faqih, shuningdek, Qur'on oyati faqat bir isnod (hadisning ahad sifatida mashhur bir turi) bilan bog‘liq hadisni, shuningdek, ko‘plab isnodlar (mutavatir yoki mashhur)[528] bilan ta'minlangan hadisni bekor qilishi mumkinligi xususidagi printsipdan kelib chiqqan holda, xabarlarning matniy maqomini ham baholashi lozim. Mabodo, faqih ushbu mexanizmlarning barchasini qo‘llab bo‘lganidan so‘ng ham ziddiyat barham topmasa, u matnlardan birini boshqasi formal nasx, bekor qilgani ehtimolini tadqiq qilib ko‘rishi darkor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:14

Nasx printsipi ta'arud ul-adilladay nozik masalani ko‘rib chiqayotgan sunniy ulamolar Rasululloh (s.a.v)ning hayotlik davrida ko‘p marotaba asl ekani isbotlangan matnlarga asoslanganining yorqin dalilidir.  Sahobalar Rasululloh imom o‘tib yurgan kezlar ijmo' orqali ko‘p narsani o‘rgatganini, o‘zlarini tarbiyalaganini, yovvoyi ma'jusiylikdan yakkaxudolikning sog‘lom va rahmdil yo‘liga olib kelganini, ummatlar to‘g‘ri yo‘ldan borib, saodatga erishishlari uchun Alloh hidoyatini nozil qilganini yaxshi bilar edi. Bunga sharob ichishning bosqichma-bosqich bekor qilingani yorqin misol bo‘la oladi. Qur'onning dastlabki oyatlaridan birida uni ichish nomaqbul deyiladi, keyinchalik qoralanadi va nihoyat taqiqlanadi[529]. Yana bir misol undan ham muhimroq pritsip, namoz o‘qishga daxldordir, ilk ummatlar uni bir kunda ikki marta o‘qishar edi, ammo Me'rojdan so‘ng namoz besh marta o‘qiladigan bo‘ldi[530]. Islomning ilk davrlarida mut'a (vaqtinchalik nikoh)ga ruxsat berilgan edi, ammo keyinchalik ijtimoiy  sharoitlar rivojlanib, ayollarga nisbatan hurmat ortib, axloq qat'iylasha borgani sababli bunday nikoh taqiqlab qo‘yildi[531]. Bunga yana boshqa misollar ham bor, ularning aksariyati hijratdan keyingi yosh ummatlarning sharoiti keskin o‘zgarib ketgan yillarga borib taqaladi.

Nasxning ikki turi bor: ochiq (sarih) va yashirin (zimni). Birinchisini osongina farqlash mumkin. Bu guruhdagi matnlarda ilgarigi boshqaruv o‘zgarib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Masalan, Qur'onning "Baqara" surasidagi 144-oyatda musulmonlarga Quddusga qarab emas, Muqaddas Ka'baga qarab namoz o‘qish buyuriladi. Hadis kitoblarida tez-tez bunga zid keladigan holatlar bor; masalan, Imom Muslim keltirgan hadisda quyidagilarni o‘qiymiz: "Men sizlarga qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlab qo‘ygan edim; ammo endi ziyorat qilaverishingiz mumkin"[532]. Hadisshunoslar buni sharhlar ekan, islomning dastlabki paytlarida butparastlik amaliyoti hali odamlarning esidan chiqib ketmagani, qabrlarni ziyorat qilish yangi musulmonlarning u yerda shirkka yo‘l qo‘yishi ehtimolidan qo‘rqish tufayli taqiqlab qo‘yilganini qayd etadi. Musulmonlar yuragida biru bor xudoga ishonch kuchaya borgani sari bunday taqiqqa hojat qolmagani uchun u bekor qilindi. Bugungi kunda musulmonlarga qabrlarni ziyorat qilish va o‘lganlar ruhiga bag‘ishlab Qur'on tilovat qilish va oxiratni eslash tavsiya etiladi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:23

Nasxning ikkinchi ko‘rinishi esa nozikroqdir, u ko‘pincha ilk ulamolarni favqulodda komil insonlar deb atar edi. Unga oldingi matnlarni bekor qiluvchi yoki ularni sezilarli darajada yangilovchi, biroq ularning yangilanganini qayd etmaydigan matnlar kiradi. Ulamolar bunga ko‘plab misollar keltirgan. "Baqara" surasidagi ikkita oyat bunga misol bo‘lishi mumkin. Bu ikkala oyatda beva  ayollarning erining uyidan chiqib ketish muddati xususida ikki xil yo‘riq beriladi (240-oyat va 234-oyat)[533]. Yana hadis kitoblarida  Rasululloh (s.a.v.) o‘z sahobalariga aytib bergan bir voqea keltiriladi. O'sha hadisda Rasululloh xastaligi tufayli o‘tirib namoz o‘qiganlarida sahobalariga o‘zining orqasida o‘tirishlari lozimligini uqtiradi. Bu hadisni Imom Muslim rivoyat qiladi. U rivoyat qilgan yana bir hadisda  Rasululloh (s.a.v.) o‘tirib namoz o‘qiyotganda sahobalar tik turgan edilar, deyiladi. Bunday ziddiyat sinchovlik bilan qilingan xronologik tahlil natijasida hal etildi. Uning  natijasiga ko‘ra, so‘nggi voqea birinchi voqeadan so‘ng sodir bo‘lgani aniqlanadi va shuning uchun birinchisidan ko‘ra ustuvor xarakterga ega[534].

Nasxning aniqlik kiritish usuli ulamolarga ta'arud ul-adilla bilan bog‘liq tan olingan masalalarni hal etish imkonini berdi. U nafaqat hadis ilmlarini puxta va batafsil bilishni, qolaversa, tarixdan, sira (payg‘ambarning hayoti, odob-axloqi, kiyinishi, yeb-ichishi)dan hamda  hadisning kelib chiqishi va tafsirini shubha ostiga oladigan vaziyat yuzasidan sahoba va ulamolar bildirgan  mulohazalardan boxabar bo‘lishni taqozo etadi. Ba'zi hollarda hadis ulamolari, ma'lum bir hadisga daxldor zarur ma'lumotni olish uchun kerakli bo‘lgan joyni aniqlash maqsadida, butun islom olamini kezib chiqar edi[535]. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:34

Barcha sa'y-harakatlarga qaramasdan, nasxni isbotlash mumkin bo‘lmagan hollarda salaf ulamolari tadqiqotni davom ettirish zarurligini tan olgan. Ular ichida muhimi matn (hadis isnodidan ko‘ra, o‘girilgan matn) tahlilidir[536].  "Aniq"  (sarih) mulohazalar kinoyaviy mulohazalardan ustunlikka ega, deb hisoblanadi. "Bir ma'noli" (muhkam) so‘zlar turli ma'nolarga ega bo‘lgan  "tafsir etilayotgan" (mufassar), "tushunarsiz" (xafi)  va "mushkul" so‘zlardan ko‘ra ustuvordir. Bir-biriga zid keluvchi hadislarni hikoya qiluvchilarning mavqeiga ham qarash kerak bo‘ladi. Bu o‘rinda o‘sha hadisdagi voqealarga bevosita daxldor  kishining hikoyasini afzal deb bilish lozim. Bunga mashhur misol tariqasida Maymuna hikoya qilgan hadisni keltirish mumkin. Hadisga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) unga ehrom bog‘lamagan payti uylangan. Uning hadisi bevosita guvohning so‘zlari bo‘lgani uchun va sog‘lom isnodga asosan, o‘ziga zid bo‘lgan Ibn Abbosning hikoyasidan ustun turadi. Vaholanki, Ibn Abbos, Rasululloh o‘sha payt ehrom bog‘lagan edi[537], deb aytadi.

Yana "taqiq ruxsat etilgan narsadan ustuvordir" qabilidagi ko‘plab qoidalar mavjud. Xuddi shuningdek, hadislar o‘rtasidagi ziddiyat barcha tegishli fatvolar  o‘zaro taqqoslanib, baholangandan so‘ng sahobaning fatvosi bilan hal etilishi, nihoyat, qiyosga murojaat qilinishi mumkin[538]. Buning misoli sifatida quyosh tutilishi bilan bog‘liq salot (salot ul-kusuf) haqidagi rivoyatlar  keltiriladi. Ularda necha marta ruku' qilingani yoki sajdaga bosh qo‘yilgani haqida turlicha fikrlar bayon etiladi. Rivoyatlarni sinchiklab o‘rganib chiqqan va ushbu ziddiyatni yuqorida ta'riflab o‘tilgan  mexanizmlardan birortasi vositasida ham hal etolmagan ulamolar qiyoslash yo‘lidan bordi. Unga ko‘ra, modomiki, zikr etilgan namoz o‘qish "salot" deb atalar ekan, undan keyin bir marta ruku' qilinib, ikki marta sajdaga bosh qo‘yiladi. Boshqa hadislardan esa voz kechish kerak[539].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:42

Eng avvalo, Imom Shofiiy manba matnlardagi bir-biriga zid keluvchi o‘rinlarni hal etish usullariga ana shunday ehtiyotkorlik bilan yondashgan va qilni qirq yorib vahiy bo‘lib kelgan manbalarga asoslanib, shariat hukmlarini yaratish yo‘lini tutgan edi.  O'z zamonasi faqihlarining taysallashi va noroziligiga duch kelgan Shofiiy odam bolasi qilishi mumkin bo‘lgan xato ehtimolini rad etadigan va fiqhga asos bo‘ladigan izchil metodologiyani yaratish   maqsadida betakror "Islom huquqshunosligiga oid risolasi"ni yozdi. Keyinchalik uning g‘oyalarini faqihlar va din qonunining yetakchi an'analari   turli yo‘llar bilan qabul qildi; ular bugungi kunda shariatni formal tarzda qo‘llashda asos vazifasini o‘tamoqda.

Shofiiyning islomiy hukmlarni  son-sanoqsiz guvohliklardan ajratib olishda xatolarni imkon qadar kamaytirish sistemasi usul ul-fiqh ("fiqh ildizlari") nomi bilan mashhur bo‘lib ketdi. Islomning boshqa formal o‘quv predmetlari singari usul ul-fiqh salbiy ma'noga ega bo‘lgan bid'at emas, balki ilk musulmonlar davrida ham mavjud bo‘lgan tushunchalardan printsip yaratish edi.  O'z vaqtida sunniy islom tafsirchiligining har bir yirik an'anasi ushbu "ildizlar" (usul)ning o‘ziga xos tartibotini yaratdi, shu tariqa ba'zi o‘rinlarda bir-biridan farqlanuvchi "shoxlar" ("furu'", ya'ni amaliyotga oid o‘ziga xos hukmlar)  vujudga keldi. Garchi ushbu tafovutlardan kelib chiquvchi munozaralar ba'zan qizg‘in tus olsa-da, ular islomning dastlabki ikki asrida usul ul-fiqh, bunday boshboshdoq kelishmovchilikka barham bermasidan oldingi ulkan bo‘lginchilik va qonunga oid kelishmovchiliklar bilan taqqoslaganda, hech narsaga arzimaydi.

Qayd etilgan