Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235390 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:51

Garchi 4 imom: Abu Hanifa, Malik ibn Anas, ash-Shofiiy va Ibn Hanbal o‘sha to‘rtta ulkan mazhab asoschilari hisoblansa-da, mabodo, bizga ularning kim ekanini farqlab bering deb qolishsa, ularning mazhablari "bid'atga berilib ketmaslikning nozik usullaridir", ularni keyingi ulamolar avlodi to‘la sistemaga soldi, degan xulosaga kelishimizni alohida ta'kidlab o‘tirishga hojat ham bo‘lmasa kerak. Sunniy ulamolar to‘rt imomning ulug‘vorligini tez orada tan oldi va hijriy uchinchi asrning oxirlaridan so‘ng biror maktab vakili bo‘lgan ulamoning boshqa maktab printsiplariga rioya etganini kamdan-kam hollarda ko‘ramiz. Buyuk muhaddislarning barchasi bir yoki boshqa mazhab, xususan, Imom Shofiiy mazhabi tarafdori bo‘lgan. Biroq har bir mazhab ichida yetakchi ulamolar o‘z maktabining "ildizlar" va "shoxlar"ini takomillashtira va tozalay borganini ko‘ramiz. Ba'zi hollarda tarixiy sharoit bunga nafaqat yo‘l berar, hatto shuni taqozo ham qilar edi. Masalan, Imom Abu Hanifaning Kufa va Basraning ibtidoiy fiqh maktablari asosiga tiklangan maktabi ulamolari Iroqda tarqalgan ba'zi hadislarga shubha bilan qarar, sababi u yerda bo‘lginchilik ta'siri kuchli bo‘lgani tufayli soxta narsalar ko‘p tarqalgan edi. Ammo keyinchalik Buxoriy, Muslim  va boshqa muhaddislar to‘plagan hadislardan foydalanish imkoni paydo bo‘lgach, hanafiy ulamolarning keyingi avlodi  o‘z mazhabini tahrir va taftish qilishda bunday hadislar to‘plamini e'tiborga oladigan bo‘ldi. Bu jarayon ulamolar hijriy to‘rtinchi va beshinchi asrlarda balog‘at holatiga yetgunga qadar ikki asr davom etdi[540].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:31:59

Aynan o‘sha paytda maktablar o‘rtasidagi o‘zaro bag‘rikenglik va yaxshi fikr munosabatlarini hamma birday qabul qiladigan bo‘ldi. Buni Imom G'azzoliy shakllantirdi. Uning o‘zi Shofiiylar fiqhi xususida 4 ta kitob, shuningdek, "Al-Mustasfa"ni yozgan edi. Imom usul ul-fiqh haqidagi ilg‘or va ehtiyotkor asarlari tufayli juda yuksak qadrlanadi.  U samimiyatni yoqlashi hamda ulamolar o‘rtasidagi xo‘jako‘rsinga qilinayotgan ilmiy raqobatni iqi suymasligi bilan o‘zi "mazhabga mutaassiblarcha sadoqat" deb atagan holni keskin qoralar edi. Vahiy bo‘lib kelgan manbalarni noto‘g‘ri talqin etishday xatarli yo‘lga tushib qolmaslik uchun har bir musulmon tan olingan mazhabga ergashishi va  u hech qachon, mening mazhabim boshqa mazhablardan ustundir, degan qopqonga tushib qolmasligi kerak. Usmonlilar imperiyasining so‘nggi davrini arzimas bir hol sifatida istisno qilganda, sunniy islomning buyuk ulamolari Imom G'azzoliy asos solgan an'anaga sodiq qoldi va boshqalarning mazhabini ham hurmat qilish yo‘lidan bordi. Kimki an'anaviy islomning go‘zal xulqli va hurfikrli ulamolari qo‘lida ta'lim olgan bo‘lsa, bu faktdan xabardor ekani turgan gap[541].

Ba'zi bir sharqshunoslar karomat qilganiday, to‘rttala maktab tadriji, ya'ni ijobiy qonunning tozalanish yoki kengayish qobiliyati yo‘qolib ketmadi. Aksincha, mavjud murakkab mexanizmlar yetarli malakaga ega bo‘lgan shaxslarga Qur'on va Sunnatdan shariatni keltirib chiqarishga izn beribgina qolmasdan, ularning o‘zini ham o‘sha amallarni bajarishga majbur etar edi. Aksariyat ulamolarning fikriga ko‘ra, biror sinchi (ekspert) manbalar bilan to‘la tanishib, akademik nuqtai nazardan zarur bo‘lgan turli shartlarni bajarsa, unga o‘z maktabining keng tarqalgan hukmlarini bajarishga ruxsat berilmaydi, balki o‘ziga vahiy bilan nozil bo‘lgan manbalardan hukmlar chiqarish shart qilib qo‘yiladi. Bunday kishi mujtahid deb ataladi, bu atama Mu'ad ibn Jabalning mashhur hadisidan olingan[542].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:09

Ba'zilar, musulmon kishi sinchilarning hukm shaklini olgan fikridan chetga chiqishga urinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qur'on va Sunnatga murojaat qilish uchun kuchli va mashhur olim bo‘lishi kerak, deb bu yo‘lni rad etishga moyildir. Odamlarning manbalarni noto‘g‘ri tushunish oqibatida shariatga zarar yetkazib qo‘yishi real narsadir. Ortodoksal maktablar paydo bo‘lmasidan burungi davrda  ibtidoiy musulmonlar kelishmovchilik va o‘zaro ixtiloflar domiga tushib qolgan edi. Islomgacha bo‘lgan davrda butun boshli dinlar  muqaddas bitiklar tafsirchilarining noto‘g‘ri yo‘lga boshlashi oqibatida inqirozga yuz tutdi, islomning boshiga ham shunday kunlar tushmasligi muhim ahamiyatga ega edi. 

Islomni bid'at va buzilishlar xavfidan himoya qilish maqsadida usulning buyuk ulamolari mukammal shartlarni yaratdi, o‘zini mujtahidlik huquqiga egaman deb biluvchi har bir kishi ularni bajarishi zarur[543]. Bu shartlar sirasiga: (a) vahiyni til bilan bog‘liq chalkashliklar asosida noto‘g‘ri talqin qilish hollarini kamaytirish maqsadida arab tilini mukammal bilish; (b) Qur'onni, Sunnatni, har bir sura va hadisni, vahiy kelishi bilan bog‘liq shart-sharoitlarni, Qur'on va hadislarga yozilgan sharhlarni mukammal bilish, yuqorida bahs yuritilgan tafsir usullarining hech birini  ko‘zdan qochirmaslik; (v) hadis ilmining roviylar va matnni baholash singari maxsus predmetlarini bilish; (d) sahobalar, tobeinlar, buyuk imomlarning qarashlaridan, kelishuv (ijmo) ga erishilgan holatlarni bilish bilan birga fiqh kitoblarida tushuntirib berilgan  holat va mulohazalardan xabardor bo‘lish; (e) fiqhiy qiyos ilmi, uning turlari va shartlarini egallash; (yo) o‘z jamiyati va ijtimoiy qiziqish (maslahat)ni bilish; (j) shariatning umumiy maqsadlari (maqosid)ni bilish; (z) yuksak aql-zakovat va shaxsiy taqvodorlikning islomga xos bo‘lgan hamdardlik, halimlik va kamtarlik bilan omuxta bo‘lib ketishi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:18

Ushbu shartlarni bajargan olim mujtahid fil-shar' deb hisoblanadi, uning mavjud hukmron mazhabga ergashishi shart emas yoki bunga ruxsat berilmaydi[544]. Ayni shunday holatda ba'zi bir imomlar buyuk shogirdlariga o‘zlariga tanqidiy ko‘z bilan qaramasdan, taqlid qilishlarini taqiqlab qo‘ygan. Biroq bilim va tajribasi bu qadar yuksakliklarga ko‘tarila olmagan ko‘pchilik ulamolar mujtahid fil-mazhab darajasiga yetishi mumkin. Buning ma'nosi shuki, bunday olim o‘z maktabining aqidalariga qattiq ishonganicha qoladi, ammo (chetdan) olingan fikrni o‘z mazhabida mavjud qarashlardan farqlay biladi. Bunday kishilar sirasiga, masalan, molikiylardan Qozi Ibn Abdul-Barr, Shofiiylardan Imom al-Navaviy, hanafiylardan Ibn Obidin va hanbaliylardan Ibn Qudamani misol qilib keltirish mumkin. Ushbu olimlarning barchasi o‘zlarini  mazhablarining fundamental tafsir printsiplari izdoshlari deb bilganlar, ammo amalda mazhablari doirasida yangi hukmlar chiqarish uchun olimlik va mulohaza yuritishda katta tajriba orttirgan edi. Mujtahid imomlar ijtihodga oid maslahatini aynan o‘sha sinchilarga  berar edi. Imom Shofiiyning "Agar sen mening hukmimga zid keladigan hadisni topgan bo‘lsang, hadisga amal qil"[545], degan yo‘rig‘i bunga misol bo‘la oladi. Shunisi ravshanki, bugungi kun mualliflari nimaga ishonishidan qat'i nazar, bunday muhokamalar savodsiz islomiy omma emas, imomning nozikta'b shogirdlari foydalanishi uchun mo‘ljallangan edi. Imom Shofiiy hech qachon qassob, tungi qorovul va eshakboqarlardan iborat olomonga murojaat qilmagan.

Usul ulamolari mujtahidlarning boshqa bir toifasi ro‘yxatini keltiradi; lekin ular orasidagi tafovut o‘ta nozik bo‘lib, bizning mavzumizga tegishli emas. Qolgan toifalarni ikki qismga bo‘lish mumkin: 1) mazhab yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladigan Qur'on va hadisdan xabardor, ularning zamirida yotgan holatlar xususida mulohaza yurita oladigan muttabi'[546] ("izdosh"), 2) mazhabning minglab aqidalari ortidagi mulohazalarni batafsil bilmay turib ulamolariga ishongani uchun osongina taqlid yo‘liga o‘tib oladigan muqallid ("taqlidchi").

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:26

Shuning uchun ham muqallidga mazhabning formal isbotlarini tanib olguncha o‘qish tavsiya etiladi. Biroq yana shunisi aniqki, har bir musulmon ham olim bo‘lib ketavermaydi. Olimlikka juda ko‘p vaqt talab etiladi. Ummatlar normal yashashi uchun buxgalterlik, askarlik, qassoblik va shu singari boshqa kasblarni ham egallashi talab etiladi. Hatto ularning barchasi yetarli darajada aql-zakovatga ega deb hisoblagan taqdirimizda ham hammasi buyuk ulamolar bo‘lib keta olmaydi. Qur'oni karimda ta'kidlanganiday, kam bilimga ega bo‘lgan dindorlar malakali mutaxassislarga murojaat qilishlari zarur: "Agar bu haqda bilmaydigan bo‘lsangizlar, ahli zikrlardan (ya'ni, Tavrot va Injilni biladiganlardan) so‘rangizlar"[547]. (Olimlarning fikricha, "ahli ilmlar" ulamolardir.) Boshqa bir oyatda musulmonlarga mutaxassis bo‘lmaganlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan mutaxassislar guruhini tuzish va qo‘llab-quvvatlash buyuriladi: "Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari) dinni o‘rganib, qavmlari  ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!"[548] Ilohiy bitiklarni to‘g‘ri tushunish uchun kerak bo‘ladigan olimlikning teranligi va favqulodda ogohlantirishlar bizga vahiyni buzishlariga qarshi yuborilgandir, yana shunisi ravshanki, oddiy musulmonlarning burchi o‘zlarining mulohazasi va cheklangan bilimiga tayanishdan, mutaxassislarning fikriga ergashishdan iborat. Ushbu burchni ibtidoiy musulmonlar yaxshi bilar edi: xalifa Umar roziallohu anhu Abu Bakr roziallohu anhuning buyurganlariga "Men Alloh oldida Abu Bakrning fikridan boshqacha fikrda bo‘lishdan uyalaman", deb amal qilar edi. Ibn Mas'ud roziallohu anhu o‘z navbatida tom ma'nodagi mujtahid bo‘lishiga qaramasdan, ba'zi masalalarda Umar roziallohu anhuga ergashar edi. Ash-Sha'biga ko‘ra: "Rasululloh (s.a.v.)ning 6 sahobasi: Ibu Mas'ud, Umar ibn al-Xattob, Ali, Zayd ibn Sobit, Ubay ibn Ka'b va Abu Muso (al-Ash'ariy) odamlarga fatvo berar edi: Shulardan ham uch nafari qolgan uch nafarining foydasiga hukm chiqarishdan voz kechgan edi: "Abdulloh (ibn Mas'ud) o‘z hukmidan Umar foydasiga, Abu Muso  - Ali foydasiga va Zayd esa Ubay ibn Ka'b foydasiga voz kechgan edi".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:35

Yevropa qit'asidagi mamlakatlar musulmonlari mustaqil yo‘l tutgandan ko‘ra, buyuk imomning sunnatga  yo‘l boshlovchi oqilona hukmiga  suyanishi maqbulroqdir. Negaki, ularning juda oz qismigina ushbu masalada tanlash imkoniga egadir.  Buning sababi oddiy: kimdir arab tilini bilmay turib, ma'lum bir masalaga oid barcha hadislarni o‘qib chiqishni istagan taqdirda ham bu ishning uddasidan chiqa olmaydi. Turli sabablarga ko‘ra, ingliz tiliga faqat o‘nga yaqingina hadislar to‘plami tarjima qilingan, xolos. 300 dan oshiq to‘plamlar esa mutlaqo tarjima qilinmagan. Ular orasida Imom Ahmad ibn Hanbalning "Musnad",  Ibn Abi Shaybaning "Musannaf", Ibn Xuzaymaning "Sahih", Al-Hakimning "Mustadrak"  va boshqa ko‘p jildli to‘plamlar singari yirik kitoblar bor. Ushbu kitoblarda na Buxoriy, na Muslimda va na boshqa kitoblarda topiladigan son-sanoqsiz sahih hadislar bor. Ular hali ingliz tiliga tarjima qilinmagan. Hatto biz mavjud tarjimalar asliga mos deb hisoblagan taqdirimizda ham arab tilini bilmaydigan kishilar shariat hukmlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kitob va Sunnat asosida chiqarishga urinmagani ma'qul. Tarjima qilingan hadislar asosida shariat hukmlarini chiqarish sunnatning aksariyatidan bexabarlikka va ularni e'tibordan soqit qilishga, binobarin, katta buzilishlarga olib keladi.

Keltirilajak ikkita misol yetarli, deb o‘ylayman. Sunniy mazhablar fiqh bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda kerak bo‘ladigan aqidalarida  ozgina noaniqlik bo‘lgan holda ham qonuniy jazo (hudud) berilmasligi printsipi mavjud va qozi ana shunday muhmalliklar mavjudligini isbotlash uchun faol harakat qilishi kerak. Oddiy o‘quvchi ham "Saund Siks" to‘plamida buning tasdig‘ini topa oladi[549].  Biroq mazhab aqidasi Ibn Abi Shaybaning "Muannaf", al-Hariziyning "Musnad", Musaddad ibn Musarhadning  "Musnad"ida keltirilgan hadisga asoslanadi. Unda shunday deyiladi: "Hududni muhmallik vositasida daf qiling"[550]. Imom as-San'oniy "Al-Ansob" kitobida ushbu hadisning (paydo bo‘lish) sharoiti xususida rivoyat qiladi: "Bir kishi mastligida Umarning oldiga olib kelinadi, u hadd, ya'ni gunohkorni sakson qamchi urishni buyuradi. Jazo berilgach, gunohkor kishi: "Umar, siz meni xafa qildingiz! Men, axir, qulman! (Qullar jazoning yarminigina olishi kerak)", deydi. "Umar bundan qattiq mutaassir bo‘ladi va Rasulullohning hadisini keltiradi: "Hududni muhmallik vositasida daf qiling".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:44

Musulmonlarning haj paytida istig‘for qilishi boshqa bir misoldir. Hadisga ko‘ra: "Hojining va hoji gunohini so‘rayotgan boshqa kishilarning gunohi kechiriladi". Ushbu hadis shu paytgacha ingliz tiliga tarjima qilingan bironta ham hadislar to‘plamida uchramaydi, ammo u At-Tabaraniyning "Al-Mu'jam as-sag‘ir", Al-Bazzarning «Musnad» singari to‘plamlarda va boshqa ko‘pgina asarlarda isnod sifatida uchraydi.

Islom qonunini buzib qo‘yishdan xudojo‘ylarcha qo‘rqishi tufayli o‘tmishning ko‘pchilik buyuk allomalari - ularning 99 foizi - mazhabga sodiq bo‘lishgan. Notinch 14-asrda Ibn Taymiya va Ibn al-Qayyum singari bir hovuch g‘ayrifikrlilar[551]  paydo bo‘ldi, ammo hatto ular ham chalasavod musulmonlarga mutaxassis yordamisiz ijtihodga qo‘l urishni tavsiya qilmagan. Nomlari zikr etilgan mualliflar nomi yaqindagina qayta tiklangan va mashhur qilingan hamda  ularning klassik islomning ortodoksal ta'limotiga ta'siri unchalik ko‘p bo‘lmagan, buni ular asarlarining islom dunyosining ulkan kutubxonalarida saqlanib qolgan atigi bir necha qo‘lyozmasi ham isbotlab turibdi[552].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:32:52

Shunga qaramasdan, o‘tgan (19-) asrda ro‘y bergan ijtimoiy bo‘ronlar paytida  avtoritar ta'limotdan voz kechishni yoqlagan ko‘plab ulamolar paydo bo‘ldi. Ushbu mujodalaning eng mashhur namoyandalari Muhammad Abduh va uning shogirdi Muhammad Rashid Rido edi[553]. Ular G'arbning g‘alabasidan shoshib qolib, musulmonlarni "taqlid kishanlari"ni itqitib tashlashga va to‘rtta mazhab hokimiyatini rad etishga undar edi. Bugungi kunda ba'zi bir arab mamlakatlari poytaxtlarida, xususan, mahalliy ortodoksal ta'limot  an'anasi  zaiflashib qolgan joylarda, yosh arablarning hadislar to‘plamini qo‘lga kiritib, ular bilan uylarini to‘ldirayotganini hamda keng qamrovli va murakkab adabiyotlarni go‘yo Imom Shofiiy, Imom Ahmad va boshqa buyuk imomlardan ko‘ra kamroq buzishni ko‘zlab, puxta o‘rganayotganini ko‘rish mumkin. Bunday mas'uliyatsizlarcha yondashuv, garchi keng tarqalmagan bo‘lsa-da, o‘zaro keskin tafovutli fikrlarga yo‘l ochib berishi muqarrar. Ayni hol islom harakatining birligi, samaradorligi va unga bo‘lgan ishonchga putur yetkazgan, ming yil oldin buyuk imomlar hal etib ketgan masalalar yuzasidan keskin bahslar qo‘zg‘agan edi. Hozirgi paytda faollarning masjidlarni kezib yurgani, boshqa namozxonlarni, garchi ular fiqhning yetakchi imomlari hukmlariga amal qilayotgan bo‘lsa-da, e'tiqodida qusur borday tanqid qilayotgani oddiy holga aylanib qoldi. Bunday bema'nilik keltirib chiqarayotgan ko‘ngilsiz va surbetlarcha muhit savodi unchalik yaxshi bo‘lmagan ko‘plab musulmonlarning masjidga butunlay kelmay qo‘yishiga sabab bo‘lmoqda. Hech kim dastlabki ulamolarning, musulmonlar sunnatning bir-biridan farq qiluvchi talqinlariga toqat qilishi kerak, chunki bunday talqinni mo‘‘tabar ulamolar qilgan, degan qarashini esga olmaydi. Sufyon az-Zavriy aytganiday: "Mabodo, siz biror kishining ulamolar o‘rtasida tortishishga sabab bo‘lgan ishni qilayotganini ko‘rsangiz va buni taqiqlangan deb o‘ylasangiz, o‘sha kishiga o‘sha ishini qilishni taqiqlashingiz durust emas"[554].  Bunday siyosatga teskari bo‘lgan yo‘l, albatta, musulmon jamoasini o‘z ichidan zaharlaydigan parokandalik va adovatga olib keladi[555].

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:33:00

G'arb ta'sirida paydo bo‘lgan global madaniyat odamlarga bolaligidanoq "faqat o‘zini o‘ylash", o‘rnatilgan hokimiyatga qarshi kurashish fikri singdirilayotgani tufayli ba'zan ularning o‘z haddini bilishi uchun tiyilishi, bo‘ysunishi qiyin kechmoqda[556]. Barchamiz ma'lum bir ma'noda fir'avnga mengzaymiz: manmanligimiz tufayli tabiatan kimdir o‘zimizdan ko‘ra ziyoliroq bo‘lishi va ko‘proq bilishi mumkinligini  tan ololmaymiz. Oddiy musulmonlar arab tilini bilmasdan turib ham shariatdan o‘zlari uchun hukm chiqarib olishi mumkinligiga ishonish ushbu manmanlikning tobora vahshiylashib borayotganidan dalolatdir. O'zlari chiqargan hukmdan mag‘rurlanadigan, lekin manbalarning murakkabligidan bexabar va chin ulamolik nuridan bebahra yoshlar uchun  bu hol  aldab qo‘yuvchi qopqon  bo‘lishi mumkin hamda islomning haqiqiy yo‘lidan chalg‘itish, musulmonlar o‘rtasida qasddan bo‘lmasa-da, keskin ziddiyatlarga olib kelish bilan intiho topadi. Dinning barcha yirik allomalari - ular  sirasiga turli mazhablarga tegishli bo‘lgan va shogirdlaridan ham shuni talab etgan hadis sinchilari kiradi - unutilib borayotganga o‘xshaydi. O'z qadrini boshqalardan baland qo‘yish sog‘lom fikr va islomiy mas'uliyat ustidan ulkan g‘alab qozondi.

Qur'oni karim musulmonlarga aqli va tafakkur qudratini ishlatishni buyuradi; yuksak ta'limotlarga ergashish borasida bu qudratdan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan foydalanish talab etiladi.  Usul ul-fiqh bilan boshqa bir ixtisoslashgan fan o‘rtasida uzoq muddatli o‘qib-izlanishni talab etadigan keskin tafovutning o‘zi yo‘q, degan asosiy tushuncha hurmat qilinishi lozim. Aksilmazhab tamoyiliga ortodoksal javob tayyorlagan Shayx Said Ramazon al-Butiy o‘zining "Aksilmazhabchilik: islomiy shariatga xavf solayotgan ulkan bid'at" kitobida hukm chiqarish ilmini tibbiyot ilmiga taqqoslaydi. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq va potentsial nuqtai nazardan xavfliroqdir: manbalarni axtarishga harakat qilishimiz uchun ahmoq, mas'uliyatsiz, o‘zimizcha muftiy bo‘lishimiz lozim. Buning o‘rniga butun umrini sunnatni o‘rganishga bag‘ishlagan ulamolarni, bizning kamroq xato qilishimizga imkon beridigan qonun printsiplarini tan olishimiz darkor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:33:10

Ayni paytda astronomiyadan olingan yana bir tashbehni keltirish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Biz Qur'on suralari va hadislarni yulduzga mengzashimiz mumkin. Oddiy ko‘z bilan, teleskop yordamisiz  ularning aksariyatini yaxshiroq ko‘rib bo‘lmaydi. Basharti, biz ahmoq yoki manman bo‘lsak, uni yasashga urinib ko‘rishimiz mumkin. Mabodo, ancha-muncha narsaga aqlimiz yetadigan va kamtar bo‘lsak, Imom Molik yoki Ibn Hanbal yasab ketgan hamda keyingi avlodlarga mansub buyuk munajjimlar tozalagan, yarqiratgan va takomillashtirgan teleskopdan foydalanishdan xursand bo‘lamiz. Qolaversa, mazhab bizga islomni maksimal darajada tiniq ko‘rish imkonini beradigan aniqlik asbobidan boshqa narsa emas. Agar o‘z asbobimizni ishlatadigan bo‘lsak, bizning havaskorona sa'y-harakatlarimiz ko‘rishimizni buzishi shubhasiz.

Shu o‘rinda uchinchi bir misolni keltirish ham joiz. Ko‘hna bino, masalan, Saraevodagi Begova masjidi unda namoz o‘qiydigan ba'zi bir kishilarga mukammal bo‘lib tuyulmasligi mumkin. Yosh tashabbuskorlar ushbu binoni yanada ko‘rkam va mukammal qilish istagida yonib (va shubhasiz, o‘zlarining vaqt bilan bog‘liq  tarjeh (yaxshi ko‘rgan narsa)laridan kelib chiqqan holda) uning ostidagi  poydevor va dahmalarni ochib ko‘rishi hamda me'morchilik printsiplarini o‘zlaricha tushunish asosida tepalaridagi ulkan binoni tutib turgan asos va ustunlarni zamonga moslashtirmoqchi bo‘lishi mumkin. Ular, albatta, o‘zlarining ishini og‘izda ma'qullaydigan bir-ikkita kishidan boshqa birorta professional me'morni masalahat uchun bezovta qilmaydi, shuningdek, binoning strukturasini asrlar sinoviga bardosh beradigan darajada mustahkam qilib yaratgan kishilarning kitoblari yoki xotiralarini o‘qib ham o‘tirmaydi. Ularning g‘ayrati va g‘ururi bunga vaqt ham qoldirmaydi.  Guruh-guruh bo‘lib, poydevorlar orasidan cho‘kich va parmalarini olib chiqib, ko‘r-ko‘rona g‘ayrat bilan ishga kirishadi.

Qayd etilgan