Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235244 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 44 B


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:41:50

Demak, islom «Alastu birabbikum» - «Men sizning rabbingiz emasmanmi?» degan da'vatga imon keltirganlar dinidir. Biz mayda, mahalliy, milliy ahdlarga amal qiluvchi oldingi dinlar vorislaridan farqli o‘laroq, Buyuk Ahdga amal qilamiz. Ka'ba vaqt va makonda o‘zligimizni topish, barcha ko‘rsatmalar ibtidosi bo‘lmish ilohiy mavjudotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish yo‘lini bizga ko‘rsatib beradi.

Biz uning timsolida mavjud bo‘lgan ilohiy donishmandlik haqida mulohaza qilib ko‘rishimiz kerak. Islom hech qanday tamaddun bo‘lmagan vaqt va makonda paydo bo‘ldi. Qurayshiy (lar qabilasiga mansub biror) arab o‘z turgan joyidan 500 kilometr sharqqa, g‘arbga, shimolga yoki sharqqa yurgandagina rivojlangan madaniyatga duch kelishi mumkin edi. Biroq Arabiston u paytda ibtidoiy soddalik o‘chog‘i edi. Va Alloh subhonahu va taolo o‘zining so‘nggi xabari uchun ushbu bo‘shliqni tanladi. Bu ahdlarning so‘nggisi va qayta tiklangani edi. U Yer yuzisidagi barcha millatlarni birlashtirish uchun yuborilgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:42:08

Islomning soddaligi o‘rganilishi kerak bo‘lgan teran donishmandlikdir. Bizning aqidamiz to‘pori bo‘lmasligi lozim. Eng sof, yuksak va murosasiz monoteizm Allohning mavjud g‘oyalar ichidagi eng tushunarli g‘oyasidir. Uning ibodat tizimi xoch, ibodatxona, kohin yoki butlar singari  oshiqcha narsalarni talab etmaydi. Ibodat uchun faqatgina inson va uning Rabbisi bo‘lsa kifoya. Haj va umra bizni qadim zamonlarga qaytaradi. Biz eng oddiy kiyimni kiyamiz va eng musaffo bino atrofida o‘zimizni ramziy markaz bilan qayta bog‘laydigan ibtidoiy  marosimni ado etamiz. Ramazon ro‘zasi ham ma'lum bir vaqtda bo‘lmaydi, u bizni eng qadimgi diniy ibodat va davomiylik an'analari bilan bog‘laydi. Aslida, ba'zi bir ulamolarrning aytishicha, ro‘za tutish diniy ruknlarning eng qadimiysidir. U Odam Ato bilan Momo   Havoning ma'lum bir daraxt mevasini yeyishdan tiyilish xususidagi amrga itoat qilib yurgan davrlarga borib taqaladi.

Inson islomning himoya doirasi ichiga qadam qo‘yish bilan ko‘hna soddalik va yuksak maqomga doxil bo‘ladi. Islom bizga o‘zimizning xalifalik, Allohning yerdagi noibi maqomimizni qaytarib olishga ijozat beradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:42:28

Biroq bu hol faqat ibodat vaqti bilangina chegaralanib qolmaydi. Bir qarashga asosan ibodat qilish va boshqasiga asosan, yashash ruhiyatda ziddiyatni vujudga keltiradi. Bugungi kunda ba'zi bir dinlar o‘z tarafdorlariga ko‘ngil tusaganday yashashiga yo‘l beradi, biroq 20-asrga xos turmush tarzi ibodatgohdan tashqaridadir. Islom bunday hayotning bema'ni ekanini biladi. Salot vaqtida ilohiy mavjudotga qarata e'tiborni jamlash bizning boshqa narsalarga bo‘lgan qarashimizni o‘zgartirib yuboradi. Ka'badan boshqa tomonga yuzlanganimizda so‘z ichimizda aks-sado berib turadi, biz o‘ngga va chapga qarab «Assalomu alaykum», deymiz. Tugal va muqaddas markaz bilan qayta bog‘lanish hayotimizning qolgan qismiga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirib yuboradi.  Kitobda: «salot buzuqi va qo‘pol tiynatga izn bermaydi», deyiladi. Agar u huzur - aql va ruh ishtirokida ado etilsa, tiynatimiz asta-sekin poklanib boradi. Bemaza xatti-harakatlar, qo‘pol so‘zlash, o‘zgalarga hamdard bo‘lolmaslik bizning namozni noto‘g‘ri o‘qiyotganimiz, butun e'tiborimizni Allohga qaratmayotganimiz bilan bog‘liqdir.

Buning ma'nosi shuki, islom bizning e'tiqodimiz bilan turmush tarzimizdagi narsalarni bir-biridan ajratmaydi, ya'ni ibodatni yo‘lga qo‘yish barcha musulmon jamoalari islohotining ibtidosi  va u bizni faqat masjidda jamoa bo‘lib namoz o‘qigan paytda emas, balki doimiy birlashtiradigan nuqta tomon yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, ibodat amallarini e'tibor qilmasdan ham bajarish mumkin, biroq ular sariq chaqaga ham arzimaydi. Hadisda: «Namoz o‘qiyotgan kishi butun diqqat-e'tiborini his qilayotgan narsasiga jamlashi kerak», deyiladi. Hasan Basriy esa: «Qalb ishtirok etmaydigan har qanday ibodat maqtovu mukofotga emas, jazoga loyiqdir», degan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:42:41

Biz duch kelayotgan hamda turli ruhiy va ijtimoiy shakldagi barcha mushkulotlarga sabab bo‘layotgan azaliy muammo - ko‘r-ko‘rona ibodat qilishimizdir: biz og‘zimizni to‘ldirib, Allohu akbar deymiz, biroq shu vaqtning o‘zidayoq buning ma'nosi nima ekanini bilmasligimizni fosh qilib qo‘yamiz. G'aflat uyqusidan uyg‘onib, bir necha daqiqadan so‘ng salomlashgach, avtopilot holiga tushib qolamiz.

Bu yaxshi emas. Tananing harakatlari va tilning tanglay ostida raqs tushishi hech qanday foyda keltirmaydi. Aslida salot so‘zi muloqotni anglatadi. Elektrga ulanmagan chiroqning bir chaqalik ahamiyati yo‘q va elektr xushu' - diqqat bir yerga jamlangan holda tavoze qilish hamda rabbimizning buyukligini, Ul zotning yaqinimizda turganini, ilohiy go‘zallik va ulug‘vorlik tajassumi bo‘lgan Muqaddas Ka'baning aqlni shoshiradigan ramz ekanini anglash orqali namoyon bo‘ladi.

Namoz bizni uyimiz - yerga  olib keladi. Odam alayhissalomning ismi adim - yer, loy ma'nosini anglatar va Alloh: «Men uni loydan yaratdim», degan ekan. Biz manglayimizni yerga bosish orqali aksilinsoniy modernizm zo‘r berib tiqishtirayotgan mavhum xomxayollardan xoli bo‘lamiz hamda Alloh yaratgan   va foniy hayotimizni esga olamiz: «Sizni o‘zimiz yaratgan narsaga qaytaramiz va sizni undan yana bir karra tiriltiramiz». Yer bilan uch marta to‘qnash kelishning birortasidan ham qochib qutulolmaymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:42:56

Hadisda: «Bandasi o‘zini yerga urgan sari Rabbisiga yaqinroq boradi», deyiladi. Biz fir'avncha g‘urur va manmanlik ramzi bo‘lgan manglayimizni yerga qo‘yganimizda va yuragimiz boshimizdan ko‘ra balandroq bo‘lganida Allohning xulafosi - yerdagi noiblari va vakillariga aylanamiz.

Yer yuzidagi ummat bo‘lmaganlar musulmonlarchalik Alloh yaratgan dunyoga namoz o‘qish paytidagidek intim munosabatda bo‘la olishmaydi. Biz dunyoni ramz va ishoralar olami sifatida bilamiz, vahiy uni bizga quyidagicha o‘qishni o‘rgatadi:

Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar: «Ey rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan[48]...

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:43:11

Namoz zikrning bir ko‘rinishidir. Alloh janobimiz Muso alayhissalomga amr qildi: «Bas, mengagina ibodat qil va meni zikr qilish uchun namozni to‘kis ado et!» Allohni yod etish Ul zotning insoniyat uchun ibtido manbai ekanini va Ul zotning qo‘llanmasi Buyuk Ahd va bazmi alast - alasti birabbikum[49] da'vatini esda tutishdir. Bizning jisman sof go‘zallik ramzi bo‘lmish Ka'ba tomon yuzlanishimiz uning ibtidoiy uyimiz ekaniga iqror qiladi, o‘zimiz bergan va'daga sodiqligimiz tasdig‘i ekanini namoyish etadi va esga tushiradi. Binobarin, namoz insonligimiz belgisidir.

Namozning go‘zalligi, sharafi va azaliy huzuri sababi ana shundadir. Biz shu tariqa tasbeh, ta'zim va sajda orqali Rabbimizning shon-shuhratiga iymon keltiramiz. Shu tariqa biz Ul zotning oldida ichgan ontimizni tasdiqlaymiz. Shu tariqa biz sayyidimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam qanday o‘rgatgan bo‘lsa, xuddi shunday ibodat qilishni zimmamizga olamiz. Shunday qilib, ibodat sunnatning eng yuqori nuqtasiga aylanadi. U dinning ruknidir - «Kimki uni rad etsa, dinni barbod qiladi». Busiz ibtidoiy manbamizni va kelib chiqishimizni esga olishning ma'nosi ham, ahamiyati ham bo‘lmaydi.

Ma'lumki, ibodat insoniyatga Me'roj kechasi hadya etildi. U Rasulullohning payg‘ambarlik faoliyatidagi eng muhim voqeadir: chunki payg‘ambarimiz shu kecha Alloh taoloning ulug‘ alomatlarini anglamoq uchun Ul zotning huzuriga chiqishday buyuk sharafga noil bo‘ldi. U Alloh bizga inoyat qilgan vahiy, ya'ni hissiyot orqali anglangan voqelikning ifshosidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:43:28

Payg‘ambar (s.a.v.) Allohning  huzurida bo‘lganida unga tanlash imkoni berildi. Uning oldiga sharob va sut qo‘yishdi. U sutni tanlaganida Jabroil alayhissalom: «Hudiyta lil-fitra» - «Sen fitratga  hidoyat qilinding», dedi. Fitrat  insonning ibtidoiy, sof, tabiiy maylidir.

Bunday favqulodda voqea ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab etadi. Payg‘ambarlik faoliyati, binobarin, insoniyat tarixining faqat Alloh bilan bo‘lgan oliymaqom uchrashuv onlarida fitrat xususida saboq beriladi va u bizga sunnatning bir qismi va mag‘zi sifatida ko‘rsatiladi.

Sharob va sutdan birortasini tanlash buzuqchilik va soflikdan birini tanlash demakdir. Qur'onda sut xolisan - sof deb ta'riflanadi. Sharob esa, uni tayyorlash jarayonidan ham ma'lumki, tabiatdan uzoqlashishni anglatadi. U ham tabiiy suyuqlik, biroq aynigan holatdadir. Shunisi ajablanarliki, yangi dunyoda xo‘randalar aynigan taom yeyishni istamaydi, biroq aynigan va buzilgan suyuqlikni iste'mol qilishni yoqtiradi. Kayf-safo jarayoni ham aynishdan o‘zga narsa emas. Sharob shishalari kamdan-kam hollarda tovarning sotilish muddatini reklama qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:43:43

Shunday qilib: «Hudiyta lil-fitra». Me'rojning farishta rivoyat qilgan payg‘ambarlik ko‘rsatkichlaridan muhimi shuki, fitrat uning xususiyatlaridan biridir. Va u kengaygan sari sunnatning xususiyatlaridan biriga aylana boradi, shu bois barchamiz unda ishtirok etishga harakat qilishimiz zarur.

Islom xususidagi qarashlarimiz shu yerga yetganda ancha ravshanlashdi. Rasululloh (s.a.v.) sahrodagi oddiy ko‘hna shahar - Makkada tavallud topdi. U oddiy dehqonchilik shahri bo‘lmish ko‘hna Madinaga hijrat qiladi. Uning dinidagi  salotda qiyomiga yetgan marosimlar musaffolik va qadimgi insoniyat nafasiga o‘xshash narsalar tilga olinadi. Ular sizu biz yashayotgan zamonga xos emas: ular bizning kunlardagi odatlarni zaif va sharafsiz qilib qo‘yadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:43:55

Yangi dunyo tabiatdan yiroqlashayotgani uchun sarosimaga tushib qolgan. Sanoat bulg‘ayotgan dengizlar, havo va daryolar insonning ochko‘zligi va oddiylikka nisbatan nafrati ifodasidir. Altsheymer xastaligi, nafas qisishi, SPID va erkaklarning bepushtligi - turlarning yo‘qolib borayotgani xususidagi jiddiy ogohlantirishdir. Rio-de-Janeyro konferentsiyasi issiqlik ajralib chiqishini, binobarin, ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqarishni kamaytirish talabini ilgari surdi, biroq u dinlari jozibasini yo‘qotgani tufayli ko‘ngil ermagi bilan shug‘ullanishga va o‘zi uchun ibodat qilishga o‘tib olgan odamlar e'tiborini tortishi mumkin bo‘lgan unutiq zuhdning ahamiyatini tushuntirib bera olmadi. Oddiy kishilar organik mahsulot sotib olish, aloe-vera shampunidan foydalanish, sintetik buyumlarni ishlatishdan imkon boricha qochish orqali o‘zlarining bu boradagi xavotirini namoyish etmoqda. Biroq bu hali mazmunga emas, shaklga qaytishdir. Biror kishi o‘z manbai va taqdiriga ega bo‘lgan hamda insoniyatning ibodatdan iborat hayotini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan koinotni va Biru Borni astoydil tan olish o‘rniga «tabiiy turmush tarzi»ni faqat hayot tarzi deb bilsa, unga buni tushuntirib o‘tirishning keragi ham yo‘q. Biz musulmonlar sifatida tabiiy yashash tarzini afzal bilamiz va bu xo‘jako‘rsinga qilinadigan ish emas. Buyuk Ahdning qaytishi o‘zimiz uchun yaratilgan me'yorlar asosida yashashimiz zarurligini talab etadi. Shoh Valiulloh har bir tur uchun shariatni joriy qilganini aytadi. Har bir tur yangi odam bosim o‘tkazmagan taqdirda o‘sha shariatga sodiq qoladi. Biroq insoniyat o‘z genlari, gormonlari, jinsi, yaratganga bo‘lgan intim - ichkin hislarini unutishga, buzishga qodirdir. Bu disfunktsiya[50]ning asl sababi kufrdir, chunki biz kufr jarayonida asl tabiatimizni o‘zimizdan yashiramiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:44:13

O'zimizning tabiiy me'yorlarimizni tuzatish yo‘li sunnat ko‘rinishidagina ochiqdir.  Faqat musulmonlargina o‘z dini asoschisi singari ibodat qiladi. Payg‘ambar shahri Madina ibtidoiy shahar edi. Biz uning yuzlaridan nur yog‘iladigan aholisining namunali turmush tarziga ergashib, aslimizga qaytamiz. Binobarin, sunnat bizga yangi zamonning zaharlangan dengizidan bunday bulg‘anish paydo bo‘lishidan oldin g‘amlangan mahsulotlar bilan oziqlanib, xavf-xatarsiz suzib o‘tishga imkon beradigan hayot qayig‘idir.

Keling, payg‘ambarimiz (s.a.v) ning turmush tarzini esga olaylik. Biz «turmush tarzini tanlash» zamonida yashayapmiz, lekin biz faqatgina bitta «turmush tarzini tanlash»imiz mumkin. Modernizm ulgi olishimiz mumkin bo‘lgan turli xil ideallarni namoyish qiladi: biz Madonna yoki Monika Levinski, yoki prezident Yeltsin, yoxud Maykl Jeksonga o‘xshashimiz mumkin. Muqobil nomlarni istagancha keltirish mumkin. Biroq Rasululloh (s.v.s.)ning nurli shaxsiyatini ularning yoniga qo‘yib ko‘rsangiz, umuman, muqobilga hojat qolmaydi. Payg‘ambar uchun insoniylik Odam Ato komilligidir. Unda va uning turmush tarzida bizning sharoitimiz uchun yuksak imkoniyatlarni ko‘rish mumkin. Shuning o‘zi go‘zallikdir: Ul zotning ismlaridan biri bo‘lmish jamil - «go‘zal»  so‘zi ham fazilatlaridan biridir. Payg‘ambarning Alloh bilan bilan uyg‘unlik holatini ifodalovchi ehson so‘zi husn, ya'ni go‘zallikning hosilasidir.

Qayd etilgan