Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235216 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 44 B


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:44:32

E'tiboringizga payg‘ambar go‘zalligi xususida og‘zaki suratga o‘xshash xotiralarni havola etamiz. Ular  Imom G'azzoliyning Ihya ulum ud-din - «Diniy ilmlarni jonlantirish» asarining 19-kitobidan olingan parchalardir.

«Allohning rasuli kishilarning eng halim tabiatlisi, shuning barobarida jasuri va adolatparvari edi. Ul zot odamlarning  taqvodori bo‘lib, o‘zining mahrami bo‘lmagan ayolning qo‘liga qo‘lini ham tekkizmas edi. Ul zot o‘ta saxiy bo‘lgani uchun uyida bir kecha hadya qilinmay qolib ketgan na tillo, na kumush tanga bo‘lar edi.  Mabodo, berish uchun biror odam topolmay, biror narsa qolib ketsayu kech kirib qolsa, uydan chiqib ketib, biror ehtiyojmandga bermaguncha qaytib kelmas edi. Shuning uchun Alloh unga oddiy va yengil taomlar: xurmo va arpani tanovul qilishni, qolgan narsalarning barchasini Alloh yo‘lida hadya etishni  ravo ko‘rgan edi. Ul zot o‘zidan so‘ralgan hadyani bermay qolmas edi. Chorig‘i va kiyimini o‘zi yamar, ro‘zg‘origa qarashar, oila a'zolariga go‘shtni maydalashda yordam berar edi. Ul zot odamlarning o‘ta uyatchani, biror kishining yuziga ko‘p tikilib qolmas edi. Ozod kishi yoki qulning taklifi va hadyasini, hatto u bir yutim sut yoki quyonning bir oyog‘i bo‘lsa ham, qabul qilar, o‘rniga boshqa biror narsa berar edi. Ul zot sadaqaga berilgan hech bir narsani ishlatmas yoki tanovul qilmas edi. Joriyaga javob qaytaradigan darajada mag‘rur ham, janda kiyim kiyadigan darajada kambag‘al ham emasdi. Ul zot faqat yaratganning nomidangina g‘azablanar, o‘ziga va yaqinlariga zarar yetgan taqdirda ham haqiqat va adolat ustuvor bo‘lishi uchun kurashar edi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:44:49

«Ul zot ochlik tufayli beliga tosh bog‘lab yurar edi. Ul zot keltirilgan ovqatni yer, yeyish mumkin bo‘lgan biror taomni qaytarmas edi. Mabodo, xurmoni nonsiz keltirishsa, qaytarmas, qovurilgan go‘sht bo‘lsa ham yer edi; agar dag‘al arpa non bo‘lsa ham, asal yoki boshqa biror shirin narsa bo‘lsa ham yer edi; mabodo, nonsiz faqat qatiq bo‘lsa ham qanoat qilguvchi edi».

«Ul zot kambag‘alligi yoki ziqnaligi uchun emas, balki boshqalarni o‘zidan ustun qo‘ygani uchun Alloh  bilan uchrashishdan oldin qatorasiga uch kun, hatto, arpa non ham yemadi».

«Ul zot to‘ylarga borar, bemorlarni borib ko‘rar, janozalarda ishtirok etar, hatto dushmanlarining orasida ham qo‘riqchilarsiz yurar edi. Ul zot eng tavozeli, eng ko‘ngli ochiq va kibrni bilmaydigan zot edi. Ul zot uzundan-uzoq so‘zlashni yoqtirmaydigan so‘zga usta edi. Ul zot eng ohanraboli zot edi. Ul zot  dunyoda hech narsadan qo‘rqmas edi. Ul zot Yaman jubbasi yoki jun chakmon, ya'ni kiyish mumkin va qo‘lida bo‘lgan kiyimlarni kiyib yurar edi. Ul zot nima to‘g‘ri kelsa, ba'zan tuya, ba'zan ot, ba'zan xachir va ba'zan eshakni ham minib ketaverar edi. Ul zot ba'zi vaqtlar yalangoyoq va sallasiz yalangbosh yayov yurar edi. U Madinaning boshqa bir chekkasidagi bemorlarni ham ziyorat qilar edi. Ul zot mushk anbarni yaxshi ko‘rar, qo‘lansa hidlarni yoqtirmas edi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:45:06

«Ul zot o‘z qarindoshlariga nisbatan mushfiq va sodiq munosabatda bo‘lar edi, biroq ulardan hech birini ikkinchisidan lavozimiga qarab ustun qo‘ymas edi. Ul zot hech kimni haqorat qilmas edi. Ul zot kechirim so‘ragan kishini kechirardi. Ul zot hazil qilar, biroq hech qachon yolg‘on so‘zlamas edi. Ul zot hech qachon sharaqlab kulmas edi. Ul zot ijozat etilgan o‘yinlar va sport turlarini tomosha qilar, ammo ularni tanqid qilmas edi. Ul zot o‘z zaifalari bilan poyga qilardi. Ul zotning atrofidagilar ovozini balandlatib gapirgan taqdirda ham sabr qilar edi. Ul zotning bitta qo‘yi bo‘lib, oilasi uchun uning sutini sog‘ardi. Ul zot hamrohlari bilan dalalarni kezguvchi edi. Ul zot hech qachon odamlardan kambag‘alligi yoki xastaligi uchun hazar qilmas, birorta shohdan faqat shohligi uchun qo‘rqmas edi. Ul zot boylarni ham, kambag‘allarni ham ajratib o‘tirmasdan Allohga da'vat qilar edi».

«Garchi na o‘qish, na yozishni bilgan bo‘lsa-da, johiliyat va qashshoqlik hukm surgan zaminda na ota, na onasi bo‘lgan holda yetim va cho‘ponlik qilib kambag‘al kun kechirgan bo‘lsa-da, Alloh ul zotning tabiatida barcha ezguliklarni jamuljam etgan edi. Biroq Alloh ul zotga inson tabiatining eng go‘zal jihatlarini va har qanday maqtovdan yuqori usullarini, ancha oldin va keyin o‘tgan payg‘ambarlar tarixini, oxiratdagi najot va  zafarni, dunyoning zavqi va foniyligini, burch bo‘lgan ro‘za tutishni va keraksiz narsalardan tiyilishni o‘rgatgan edi. Alloh barchamizga uning izmida bo‘lishni va sunnatiga rioya etishni nasib qilgan bo‘lsin. Omin, yo Rabbil-olamin!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:45:22

Imom G'azzoliy chizgan bu jonli surat biz ulgi olishimiz kerak bo‘lgan andozani, mutlaq go‘zallik sohibi bo‘lgan inson komilligini tasvirlab beradi. Uning hayoti mukammal yashalgan hayot edi. Insoniy komillikning ul zot bilmagan va bayon qilmagan biror jihati qolmagan edi. Ul zotning komilligi erkaklarning komilligi tabiatan qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib beradi. Ul zot buyuk jangchi bo‘lgan, Imom al-Darimiyning (hazrati) Aliga asoslanib  keltirgan hadisida shunday deyiladi:

Men ishtirok etgan Badr kunlaridan birida biz Rasululloh (s.a.v.)ning huzurida boshpana topdik, vaholanki, u barchadan ko‘ra dushmanga yaqin edi. O'sha kuni ul zot barcha jangchilar orasida eng kuchlisi edi. 

Ul zotga hamrohlik qilgan kishilardan biri uning ot minishini tasvirlab, qizil salla o‘ragan, qo‘liga qilich tutgan payg‘ambar haqida men hech qachon bundan go‘zal manzarani ko‘rmagan edim, degan ekan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:45:46

Oradan 23 yil o‘tib, ul zot Arabistonning haqiqiy hukmdoriga aylandi. Ul zot o‘zining dahosi va Alloh in'om etgan qobiliyati, shaxsiyatining joziba quvvati bilan tarixda ilk marta arab qabilalarini birlashtirdi. Ul zot raiyatni qon-qoniga singib ketgan butlarga sig‘inish botqog‘idan sof yakkaxudolikka olib chiqdi. Ul zot ilk marta xalqiga qonun asosida yashashni o‘rgatdi. Ul zot Madinadagi masjidda ibodat qilish tizimi, o‘zni tiyish va ma'naviy barakaga asos soldi. Bu hol keyingi son-sanoqsiz avlod mo‘minlariga va din peshvolariga ilhom va taomil  hadya etdi. Ul zot Ka'baning go‘zalligini ta'kidlash   bilan go‘zallikni hamma narsadan yuksak qo‘ydi; ul zot qilgan har bir ish go‘zal edi.

Bularning barchasiga erishganini faqat Allohning marhamati deb bilar edi. Imom G'azzoliy yozganiday, ul zot eng sertavoze inson edi. Ul zot sabr-toqatli, xushmuomala, saxiy va halim kishi edi. Ul zot kishilarning tashqi ko‘rinishiga e'tibor bermas, aksincha, ularning ruhiy dunyosini qadrlar va har doim kechiruvchan edi. Ul zot Yer yuzidagi eng qo‘pol xalq bo‘lmish Markaziy Arabistonning sodda badaviylariga ham toqat qilar edi. Ulardan biri pul istab, janobi Rasulullohning bo‘yniga o‘z jubbasini solib keskin tortib olgan va buning natijasida bo‘yni qizarib ketganda ham tabassum qilib, unga istagan narsasini beringlar, deb amr etganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:46:05

Bularning barchasi ul zotning sab-toqatli ekani tufaylidir.  O'zlik va chalg‘ish niqobi yitdi: ul zot har bir narsani haqiqat vositasida ko‘radigan bo‘ldi. Ul zot o‘zining payg‘ambarlik maqomini bilar, lekin bu maqom bilan g‘ururlanmas edi. Ul zot: «Zamin qiyomat kuni birinchi bo‘lib mening qoshimda yorilib ochiladi, men bu bilan maqtanmoqchi emasman», degan edi. Ul zot o‘z qadrini, Yaratganini bilar, biroq mag‘rurlanmas edi.

Ul zotning sunnati  dunyodan ketishni emas, unda yashashni farz qilgan. Ul zot Hiro tog‘idagi vahiy kelishi bilan bog‘liq  g‘aroyib holatdan so‘ng Ka'baga yuzlanib, Makka jamoasi tomon tushib keldi. Ul zot uzundan-uzoq tunlar yolg‘iz o‘zi Rabbisi huzurida bo‘lardi, tahajjud shakllari uzoq va aniq bo‘lar, Ul zot o‘z hamrohlariga o‘ziga taqlid qilishni taqiqlab qo‘ygan edi. Ul zot ro‘za tutishda o‘ziga nisbatan juda-juda talabchan edi, ammo boshqalarga bunga izn bermas edi. Ul zot o‘z hayotida ham, o‘zi boshqargan dunyoda ham bag‘oyat qanoatli  edi. Ul zot haqiqiy xalifa edi. Xalifaning «men»i yo‘q, u gapirsa ham, biror ishni qilsa ham, hukmdorlik qilsa ham faqat Alloh uchun, Alloh nomidan qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:46:21

Shuning uchun sunnatga amal qilib yashash odamning ichki va tashqi komilligining o‘zaro musobaqasini anglatadi. Sunnatni yengil va tabiiy tarzda o‘zlashtirishimiz, biz ulgi oladigan normal hayot tarzi bo‘lishi kerak. Ul zot: «Modomiki, sizning orzu-istaklaringiz, nimanidir afzal bilishingiz, havoingiz  men namuna qilib ko‘rsatgan tarzda bo‘lmas ekan, hech biringiz iymonli bo‘la olmaysiz», deb tayinlagan edi.

Bugungi kunda musulmon jamoalarida ushbu saboqdan xulosa chiqarmagan kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ba'zi bir yo‘lidan adashgan hamoqat ahli sunnatga rioya qilmay turib ham ruhiy komillikka erishish mumkin deb hisoblaydi. Islomsiz ham ehson bo‘lishi mumkin, degan islomning ibtidosidan e'tiboran barcha musulmonlar va so‘fiylar rad etgan tushuncha qalbakidir. Masalan, Imom Jaloliddin Rumiy bunday degan:

Toki ruhim bor ekan, Qur'on xizmatkoriman.
Muhammadning yo‘lida yotgan xoku xoriman.
Kimiki bul so‘zimni o‘zga talqin aylasa,
Ul kishini yanarman, so‘zlarin raddoriman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:46:34

Binobarin, biz ichki komillikka intilish bo‘lmay turib, tashqi sunnatga amal qilishga da'vo qilolmaymiz. Aksariyat musulmonlarning xatti-harakatlari ushbu ichki komillikka e'tibor bermasligini fosh etib qo‘yadi. Modomiki, biz ichki dunyomizni tartibga keltirish ustida ter to‘kmas ekanmiz, ibodat qilish, halol narsalarni tanovul etish va tashqi sunnatning boshqa jihatlarini e'tibordan qochirmaslik musulmonlikning biryoqlama va chala ko‘rinishi bo‘lib qolaveradi. Biz, mushuk sichqonning uyasi oldida poyloqchilik qilganiday, nafsimiz va «men»imizga ehtiyot bo‘lishimiz lozim.  Biz nurday pok bo‘lish uchun uni ne-ne mashaqqatlar bilan bo‘lsa-da, vujuddan yo‘qotishimiz kerak.

Sahobalar millionlab chin xristian, buddaviy, yahudiy va zardushtiy erkak va ayolni, hatto ular bilan so‘zlashmay turib ham  musulmon qildilar.  Qur'on ularning tillariga tarjima qilinmagan chog‘lar ayrimlari mahalliy tillarni o‘rgandilar. Biroq ular borgan joydagi haqiqiy samimiyat va iltifotli, yuksak maqomdagi hamda  tamkin sunnatning tabiiy go‘zalligi unga shohid bo‘lganlarning yuraklarini asir eta boshladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:46:52

Bugungi kunda qalblarini sunnatga chog‘lamayotgan, balki uni rad etayotgan, shu bilan birga uning tashqi ko‘rinishlariga amal qilayotgan musulmonlarni ko‘plab uchratish mumkin. «Agar dag‘al, toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar»[51]. Muqaddas Qur'onning ushbu oyatini o‘zimizcha tahrir qilganday bo‘lamiz. Mabodo, to‘pchilar nimchasini, Dok Martin poyabzalini kiyib olgan va tajovuzkor xulq-atvorli  faollarimiz 7-asrga borib qolsa edi, xristianlar, buddaviylar va boshqalar ulardan juda mutaassir bo‘lishi dargumon edi. Ular va sahobalarning o‘zi bunday faollarni   g‘azab va qoloqlik hissiga qul bo‘lgan va asl nomi hilm emas, tajovuzkorlik bo‘lgan diniy oqim ta'siriga tushib qolgan omadsizlar deb atagan bo‘lur edi. Halimlik Rasululloh (s.v.s.)ning  yuksak fazilati bo‘lib, buningsiz ul zot hech qachon bunchalik ko‘p qalbni zabt eta olmas edi.

Xulosa juda oddiy. Islomning o‘zi oddiy din. Bu din bizni tabiat va Alloh bilan qaytadan birlashtiradi. U inson tabiatiga bosim o‘tkazmaydi, aksincha, uni sharaflaydi. U bizga Odam Atoning muhtasham  quvvatini namoyish etadi va uni  barcha ismlarni o‘zida jamuljam etgan zot sifatida ko‘rsatib beradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Noyabr 2007, 22:47:01

Qay birimiz tabiatdan, go‘zallikdan, avliyolardan yiroq yashasak,  yuraklarimiz    g‘azabnok, johil va besaranjom bo‘ladi. Biroq sunnat degani bu emas. Sunnat dunyo odamning ko‘ziga qanchalik qorong‘i ko‘rinmasin, zulm qanchalik kuchli bo‘lmasin, hech bir yaproq Allohning irodasisiz uzilib tushmaydi, deb ishonishdir. Nihoyat, hamma narsa yaxshi bo‘ladi. Koinot ham, tarix ham ishonchli qo‘ldadir.
Bu Rasululloh (s.a.v.) ning e'tiqodi edi. U bizning ham e'timodimiz bo‘lishi kerak.  Ko‘pchiligimiz Ka'badan taraladigan halovat va go‘zallikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ma'naviyatsizlik, axloqsizlikka yoki vahimaga, ekstremizmning bema'ni va chirkin ko‘rinishlariga yetaklaydigan tushkunlikka mubtalo bo‘lganmiz. Biroq islom donishmandlik va muvozanatga buyuradi. Bu o‘rta yo‘ldir. Qanday vaziyatga tushib qolganimizdan qat'i nazar, buning iloji bor, unga amal qilishimiz mumkin. Biz bugungi dunyoning baxtli ummatlarimiz. Baxtimiz shundaki, g‘arbliklardan farqli o‘laroq, bizni haliyam go‘zallik birlashtirib turadi. Boshqa so‘z bilan aytganda, biz kim ekanimizni va nima qilishimiz kerakligini yaxshi bilamiz.

Qayd etilgan