Shou 1913 yilgi kundaligida mana bunday deb yozadi: «Men ancha vaqtdan beri Muhammadning hayoti xususida drama yozishni niyat qilib yurar edim. Biroq Turkiya elchisining norozi bo‘lish ehtimoli - yoki norozilikdan xavfsirash - lord Chemberlenning bu pesa qo‘yilishiga litsenziya bermasligiga sabab bo‘lishi mumkinligi meni to‘xtatib qoldi». Aynan shu sababdan, Pirson yozganiday, u «Avliyo Jon» pesasini yaratadi.
Shou ham, xuddi Ibsen singari xudoni sevar, biroq xristianlik uning g‘azabini qo‘zg‘ar edi. U buni «o‘sib borayotgan narsa alal-oqibat xochga mixlash bilan oyoq osti qilindi»[82], bu hol gunohlardan forig‘ bo‘lishdan safsata sotib, «bir pulga qimmat gunohdan forig‘ bo‘lish bilan sotib olingan axmoqona qasos edi»[83], deya tasvirlagan edi. Uning qarshilik ko‘rsatmaslik haqidagi mafkurasi zolim hukmdorlar uchun ayni muddao edi, u hatto odatda o‘zining din uchun makon hozirlashday maqsadini ham yerga urar edi. «Ijtimoiy najot individual adolat qaror topmasidan burun yuzaga chiqishi kerak»[84]. Binobarin, Janna d'Ark yoki Muhammadning chizgilari pesaning satrlari orasidan elas-elas ko‘zga tashlanib turadi. U tug‘ma peshvo bo‘lib, uning xudodan eshitgan ovozlari asldir (bu Shouning yolg‘onni fosh qilishga debocha bo‘lmagan yakkayu yagona g‘ayritabiiy rejissyorlik san'atidir)[85]; Janna «norozilik bildirayotgan payg‘ambar, hamma narsani kunpayakun qiluvchi, Hayot Kuchining faol agenti»dir[86], uni «idealistlar» (cherkov) qoralaydi, u murosa qila olmaydi, biroq siyosiy donishmandlikni muqaddas deb biladi, chunki, Shou astoydil ishonganiday, «hukumat dinsiz mavjud bo‘la olmaydi»[87].
Islom dunyosining javobi yetarli darajada ravshan. Biz Shouning «Avliyo Jon» pesasi T.E.Lourensning arablarning jasurliklari xususidagi ertaklarni o‘z ichiga olgan «Donishmandlikning yetti rukni» asarini tahrir qilayotgan paytda yozilganini bilib qolib ham hayratlanmaymiz[88]. Garchi Lourens o‘limiga qadar Muhammadning tarjimai holini yozish niyatidan voz kechgan bo‘lsa-da, ikki do‘st bu masalani muhokama qilganiga shubha yo‘q.