Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235462 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 44 B


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:37:34

G'arbdagi me'yoriy nikoh va munosabat aqidalarining inqiroziga duch kelgan ko‘plab zamonaviy mutafakkirlar ulgi olish mumkin bo‘lgan namuna sifatida ushbu ibtidoiy institut - qurimga yuz burmoqda. Brin Mor[190] kollejining antropologiya bo‘yicha professori Filip Kilbraydning "Bizning zamonamizda ko‘pxotinlilik: qayta kashf etilgan tanlov" kitobi katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Odri Chepmen xonim esa "Erkakni bo‘lishish: mushkul vaziyatmi yoki tanlovmi?" deb nomlangan undan-da mashhurroq tadqiqot kitobini yozdi, o‘sha paytda, ya'ni 1996 yili ayollar huquqlari faoli Adriana Bleyk esa "Ayollar nikoh lotereyasini yutib olishi mumkin: eringizni boshqa ayol bilan baham ko‘ring" kitobini nashr ettirdi.

Ushbu tadqiqotlar turli perspektiva - ko‘rimlari nuqtai nazaridan ko‘pxotinlilikni yoqlovchi uchta ulkan axloqiy dalilni keltiradi. Birinchidan, institut - qurim  o‘zining manbalarida ko‘zda tutilganiday, ayni kunlarda Yer yuzida fojiali darajada ko‘p bo‘lgan aksariyat narsalardan mahrum ayollarni urushdan so‘nggi jamiyatga qaytarishga imkon beradi. Ikkinchidan, u ayollarning foydasiga ishlashi mumkin: keng oila tashkil topsa, bir ayol ishga borganida boshqasi bolalarga qarab turishi mumkin. Shu tariqa zamonaviy munosabatlarning tahdidli xavfi bo‘lmish ishni ham, bolalarni ham aldashga go‘zal bir tarzda, ya'ni ko‘pxotinlilikni ayollar uchun samimiy erkin bir tanlov ekanini ko‘rsatish bilan barham beriladi. Karmon Hardining yaqinda o‘tkazgan tadqiqotidan ravshan bo‘lishicha, bu qurimning bolalarga berajak imtiyozi beqiyos ekan. Muallif XX asrning boshlarida yashagan mormon ko‘pxotinlilarining farzandlari o‘rtasida jinoyatga qo‘l urish hollari oiladagi ahillik kuchli bo‘lgani uchun nihoyatda past bo‘lganini qayd etadi[191]. Uchinchidan, ko‘pxotinlilik real hodisadir; buni biz musulmon sifatida, shariatning umumiy realizmidan kelib chiqadigan asosiy dalil sifatida tan olamiz. Musulmonlar zamonaviy G'arb jamiyatlari aslida musulmon jamiyatlaridan ko‘ra ko‘pxotinliroq ekanini qayd etadi, farqi shundaki, g‘arbcha oilaviy aloqa har qanday qonun qamrovidan tashqarida mavjuddir. Masalan, Britaniya taxtining hozirgi vorisi ko‘pxotinlidir, an'anaviy musulmonlar Diananing eri bilan ajrashmoqchi bo‘lganini konstitutsion tanglik kelib chiqqanidan ham bema'niroq holat deb hisoblashadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:37:44

Haqiqiy yakkaxudolik, har doimgiday, realizmni taqozo etadi. Erkaklar, biologik nuqtai nazardan, ayollari ko‘p bo‘lishini istaydigan qilib yaratilgan, keskin gen injeneriyasi ishlarini amalga oshirgan taqdirimizda ham ular shu holicha qolaveradi. Zamonaviy G'arb jamiyatida bo‘lgani kabi, agar erkak kishi bir vaqtning o‘zida ikki xotinli bo‘lsa, ulardan biri qonuniy huquqlardan va ijtimoiy maqomidan mahrum bo‘lib qolaveradi. Yoki shariatda bo‘lgani kabi, erkak ularning ikkalasini ham qonuniy xotin sifatida tan olishi mumkin. Musulmonlar G'arbda murosaga asoslangan, ruxsat etilgan va hatto jangarilarcha himoya qilinadigan erkakning erkak va ayolning ayol bilan bilan bo‘ladigan bunday munosabatlariga  oid kelishuvlarni bema'ni deb biladi: murosaviy ménage a trois[192] hozirgacha g‘ayriaxloqiy deb qaraladi. Bu viktorian etikasining so‘nggi sarqitimi? Aslida, zamonaviy G'arb qonunchiligi uchun  ménage a trois  juda maqbul holdir, negaki, uning a'zolari «gunoh» bilan yashab, nikoh qurishni xayollariga ham keltirmaydi. Bunday vaziyatning bema'niligi izoh ham talab etmaydi.

Shariatning ushbu mavzumizga yorqin misol tariqasida eslashimiz mumkin bo‘lgan, musulmon jamiyatlari mutlaqo esidan chiqarib yubormagan boshqa jihatlari ham bor. Qonun joriy etuvchi egam ikkala jins mansub olamlar yo‘llarining o‘zaro kesishuvini ba'zan ayollar, ba'zan esa erkaklar huquqlari sifatida belgilab qo‘ygan; haqiqiy musulmon jamiyatlari aksariyat hollarda ilgarigi xususiyatlarga e'tibor bermaydi.  Ko‘pincha huquqshunoslar matnlarni turlicha talqin qiladi. Masalan, kundalik uy ishlari ichki do‘stona munosabatlarning bir jihati sifatida namoyon bo‘ladi, ammo bu holni faqat ayollar makoniga xos deyish qiyin, chunki bular ayrim mazhablar, jumladan, shofiiya mazhabi tomonidan ayoldan ko‘ra erkakning vazifasi deb qaraladi. Oyishadan Rasulullohning vafotlaridan so‘ng, ul zot uyda salotdan bo‘sh vaqtlarida nima bilan mashg‘ul bo‘lar edi, deb so‘ralganida, u: «Ul zot oilasiga xizmat qilar edi: uyni supirar va kiyimlarni tikar edi», deb javob bergan[193]. Shofiiya mazhabi faqihlari shunga asoslanib, ayollarning uy ishlarini bajarmasliklariga oid huquqini himoya qiladi. Masalan, 14-asrda yashab o‘tgan suriyalik faqih Ibn an-Naqib: "Ayolning vazifasiga non yopish, un tortish, ovqat pishirish, yuvish yoki boshqa ishlarni bajarib eriga xizmat qilish kirmaydi, chunki nikoh shartnomasiga ko‘ra, u eriga faqat o‘zining jinsiy ehtiyojini qondirish uchun ruxsat berishi qayd etilgan, uning boshqa qiladigan majburiyati yo‘q"[194], deb aytadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:37:55

Buning ziddi o‘larak, hanafiya mazhabida bu ishlar xotin kishining zimmasida deb hisoblanadi[195]. Islom fiqhini umumlashtirishni mushkullashtiradigan yana bir eslatma shuldirkim, u qoidalar va yondashuvlarning turli-tuman ko‘rinishlaridan iborat. Bu yerda batafsil to‘xtalib o‘tishga imkon bo‘lmagan yana bir soha bor. U bolalarni vasiylikka olish to‘g‘risidagi qonundir: hanafiylar o‘g‘il bola 7 yoshga kirganidan so‘ng otasi bilan birga yashash uchun onasining oldidan ketishini afzal biladi; qizlar esa birinchi hayz ko‘rgunlariga qadar onasi bilan qoladi. Molikiylarda esa o‘g‘il bola balog‘atga yetgunga - ihtilomga qadar, qiz bola esa turmushga chiqquncha onasi bilan qoladi.

Shu tariqa islomning jinsga oid ilohiyotshunosligi chigalliklar va munosabatlar to‘riga qarshi kurashga kirishadi, bu hol o‘z navbatida turli-tuman fiqhiy aqidalar, mintaqaviy aralash-quralashliklar, shuningdek, fizik aralash-quralashliklardan kam bo‘lmagan metafizik aralash-quralashliklardan boxabar bo‘lishni talab etadi. Bu mushkulot islomning ayollarga munosabati xususidagi yuzaki xulosalar chiqarish xavfli ekanidan ogoh qilishi kerak. Bu o‘rinda g‘arblik jurnalistlar, feministlar va ularning ta'siriga tushgan kishilar o‘ta nomaqbul hukmlarga tobe bo‘lib qolgan. Aksariyat hollarda bu hukmlar mavjud musulmon jamiyatlarini kuzatish natijasida paydo bo‘ladi; zamonaviy islom dunyosining ayollarga bo‘lgan munosabati, boshqalar hamisha zavqu shavqqa to‘lishi kerak, qabilidadir deb o‘ylash befoyda va axloqsizlik bo‘lur edi.  Saudiya Arabistoniga o‘xshash mamlakatlarda ayollarga hatto mashina haydashga ham ruxsat berilmasligi jinslarni himoya qiluvchi ilohiyotga mutlaqo daxli bo‘lmagan manmanlik, erkaklarning nafsi zulmi oqibatidir. Shu tariqa bugungi kunda bir necha mamlakatlarda ilohni inson qiyofasida,  binobarin, erkak ko‘rinishida tasavvur qilish hollaridan o‘zini haqoratlangan deb hisoblaydigan kishilar  boshlagan "islomlashtirish"ning an'anaviy fiqh diskursiga ham yoki adolatga oid fosh etuvchi qat'iyatga ham mutlaqo aloqasi yo‘q. Ushbu nomuvofiqlik hayotga joriy etilmagan so‘fizm o‘lchamini din hayotga qayta tatbiq qilmaguncha davom etaveradi. So‘fizm ayollarning hurmatini oshiradi va, shuningdek, jins bilan bog‘liq shovinizm ozuqa berib turadigan ego - nafsni qiyin ahvolga tushirib qo‘yadi va yo‘qotib yuboradi. Biz, xuddi musulmon mutafakkir ayollari qilayotganiday, dinning tabiati (muqaddas bitiklarda, ularning klassik talqinlarida va ma'naviyatda tushunarli bo‘lgani kabi) va zudlik  bilan isloh qilishni talab etadigan jihatlarga ega bo‘lgan xristian, yahudiy, hindu va xitoy madaniyatlarida bo‘lgani kabi postklassik musulmon jamiyatlarida dolzarb o‘zaro nomutanosib tuzilmalar o‘rtasidagi kutilayotgan natijalarni bir-biridan farqlashimiz kerak bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:38:06

Ayni paytga kelib, bizning «jasur» shovinizm, yoki 20-asr so‘nggidagi feminizmning hayratlanarli prototipi kutilmagan yangilik bo‘ldi,  deb maqtanmayotganimiz aniq bo‘lishi kerak edi. Fiorenza eslatib turganiday, nima bo‘lganda ham feminizm an'anaviy hodisa emas; uning ba'zi ko‘rinishlari har bir vijdonli kishining nafratini qo‘zg‘atadi hamda ayollar va jamiyatga ziyon keltirishi turgan gap, ayni paytda uning boshqa ko‘rinishlarining shariat va yaratilgan kosmologiyalarimiz  bilan hayratlanarli darajada o‘xshashligi bor. Biz ayollarni kamsitishga qarshi ilohning chindan ham jinslardan xoli ekanini ta'kidlovchi ilohiyotshunoslik vositasida aylanib o‘tadigan, biroq  insoniyatga haqiqiy kodeks va oila me'yorlarini hadya etayotgan feminizm dialektikasini inja tushunishni himoya qilamiz. Bu qonun va me'yorlar, Irigaray qat'iyat bilan ta'kidlayotganiday, jinslar "teng emas, farqli" ekani, tabiatan bir-biridan farqli, o‘z daholarini siquvga olish o‘rniga tasdiqlaydigan rollarga intilishini tushunishga asoslangandir.

Biologiya taqdir ekani turgan gap, ammo u taqdir sifatida turli-tuman imkoniyatlar beradi. Ayollar diskursi oilaning qadr-qimmatini yuqori qo‘yadi; ammo muslimalar islom tarixining uzoq davrlarida olima bo‘lish uchun uyni tark etgan. Bundan yuz yilcha avval sharqshunos Ignaz Goldziher o‘rta asrlardagi muhaddislarning taxminan 15 foizi ayollar bo‘lganini, ular masjidlarda dars bergani va  rostgo‘yligi uchun hamma ularni hurmat qilganini ko‘rsatib berdi. Qohiradagi Saqlatuniya madrasasi singari oliy o‘quv yurtlarida faqat ayollar faoliyat ko‘rsatgan va ularni mablag‘ bilan ta'minlagan. Ruf Rodedning muslima mudarrislar xususida yaqindagina o‘tkazgan tadqiqoti tuning o‘zini favqulodda mushkul vaziyatga solib qo‘yadi:

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:38:18

«Agar AQSh va Yevropa  tarixchilari ayollar an'anaviy manbalarda ko‘zga tashlanmagani uchun ham ularning tarixini qaytadan yozishga zarurat sezayotgan bo‘lsa, islom olimlari endigina o‘rganila boshlagan manbalarning ko‘pligiga duch kelmoqda. [...] Kishi minglab muslima olimalarning tarjimai holini o‘qiyotib, musulmon ayollar chetga chiqib qolgan, barcha huquqlardan mahrum va ijtimoiy jihatdan cheklangan, qabilidagi qarashlarga zid bo‘lgan dalillarga duch kelganidan hayratga tushadi».

Roded aksariyat klassik islom o‘quv yurtlarida mudarris ayollar soni hatto hozirgi  G'arb universitetlaridagidan ham ko‘p bo‘lganini dalil sifatida keltirganida biz o‘rganib qolgan tushunchalar chok-chokidan so‘kila boshlaydi[196]. Ur-masjid xususidagi hadisdan saboq bergan iymonlilarning onasi Oyisha hamisha muhim paradigmaligicha, jonli, aql-zakovatli, xudojo‘y va barcha xotiralardan ustunligicha qolaveradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:38:30

Ammo o‘tmish ideallari - ulgilari o‘z o‘rniga qayta tiklanmaguncha musulmon jamiyatlaridagi qutblanuv ehtimoli saqlanib qolaveradi. G'arblashgan sinflar an'anaviy ta'birlarni ular G'arb uslubiga to‘g‘ri kelmagani va kiborlarning o‘z-o‘zini tasavvur qilishini qoniqtirmagani uchun rad etadi. Vahhobiy harfxo‘rlar so‘fizmning ayollarni yuksakka ko‘tarishini va uning ego - nafsni  o‘ldirishga bo‘lgan talabini rad qilishda davom etaveradi. Aynan shu kishilar islom qonunlari jihatlarini ijtihodga asoslanib o‘zgartirishga bo‘lgan qonuniy da'vatlarni o‘sha qonunlarni axloq nuqtai nazaridan teran tushungani uchun emas, aksincha,  usulni beo‘xshov talqin etgani hamda o‘sha da'vatlar G'arb ta'siri va talabiga mengzagani uchun ham e'tiborga olmaydi. An'ana dahosidan ilhomlangan vijdonli o‘rta tabaqa  tashabbusni o‘z qo‘liga olib, keskin qutblashib borayotgan jamiyatlarimizda dastur ishlab chiqish uchun sunnatga har qanday nafsdan xoli va saxovatli musulmoncha ta'rif bera oladimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Shubhasiz, o‘zlikni biror ishga to‘la bag‘ishlamasdan turib, Yer yuzida adolat ham, hamdardlik ham bo‘lmasligi xususidagi so‘fiyona qarash donishmandlar o‘rtasida eng yuksak mezonligicha qolaveradi. Biroq shunisi aniqki, islom an'anasi nafaqat o‘ziga, qolaversa, G'arbga ham ko‘pgina mas'ul kishilarni tashvishlantirayotgan rollarning yo‘qligi tobora xavf tug‘dirayotgan ma'lum bir qoidalarning yo‘qligi ustidan hukmron bo‘lgan jamiyatning oyoqqa turib olishini kuzatish bilan bog‘liq munozaralarda chin ma'nodagi keskin qaror qabul qilishda ustunlik qilish imkonini beradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:38:42

Musulmon madaniyatlarining ham patriarxat, ham matriarxatdan iborat shakllangan jihatlari onaning maqomiga tegishlidir. Irigaray asarining zaif jihati uning yoshi o‘tib qolgan kishilarga nisbatan befarqligidir; u ham aksariyat feministlar qatori faqatgina semblables[197]ga o‘ralashib qolganidir. U oilaning reproduktiv va tarbiyaviy telos[198]ini qabul qilish bilan bir vaqtda uning boshqa, qarish tomon  tabiiy harakat yo‘nalishiga e'tibor berish kerakligini hisobga olmagani g‘alatidir.

Yoshi o‘tib qolgan onalarni hurmat qilish musulmon diskursining xarakterli xususiyatlaridan biridir. Ushbu diskursda onaga nisbatan xushmuomalalilik va sadoqat, ular ko‘rgizgan rahm-shafqatni yana o‘zlariga qaytarish muqaddas burch ekani qayd etiladi. Ibn Umarning hikoya qilishicha, bir kishi Rasulullohning oldiga kelib: "Men og‘ir gunoh qilib qo‘ydim, endi nima qilsam, tavbam qabul bo‘ladi?" deb so‘raydi. Ul zot: "Onangiz bormi?" deb so‘raydi. U kishi, onam yo‘q, deydi. Shunda Rasululloh: "U holda onangizning xolasi bormi?" deb so‘raydi.  U kishi, bor, deydi. Shunda Rasululloh: "U kishiga xushmuomala va sodiq bo‘ling", deydi (Imom Temiziy). Boshqa  ko‘plab hadislar ham bor: "Kimki onasining ikki ko‘zi orasidan o‘psa, olovdan himoyalangan bo‘ladi" (Imom Bayhaqiy); "Alloh chindan ham onangizning gapini ikki qilishni sizga taqiqlab qo‘ygan" (Imom Buxoriy va Imom Muslim).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:38:54

Binobarin, islom madaniyatini tadqiq qilayotgan antropologlar doimo murakkab va ikkiga bo‘lingan ierarxiya xususida ma'lumot beradi. Unga ko‘ra, xotinlar erlari, erlar esa onalari oldida burchlidir. Modernizm  ushbu aloqalarning dastlabkisini keskin tarzda, keyingisini esa parishonxotirlik bilan zaiflashtirib qo‘ymoqda; oqibatda biryoqlama va yoshi o‘tib qolganlarni e'tiborga olmaydigan yangi bir ierarxiya vujudga keldi, bu ierarxiya yoshlarni keksalardan ustun qo‘yadi, u bir zamonlar jamoaning faxri bo‘lgan va uning xotirasida muhrlanib qolgan keksalarni kamsitishning turli shakllarini nazarda tutadi. Tibbiyot sohasidagi yutuqlar ayollar va erkaklar o‘limi o‘rtasidagi tafovutni unchalik kamaytirmasdan turib ham o‘rtacha umrni uzaytirish imkonini bergani uchun zamonaviy jamiyatlar miqdori tobora ortib borayotgan ayollarni rejimli, ammo ibodat qilish imkoni yo‘q ayollar monastirlariga g‘ayriixtiyoriy uzlatga jo‘natmoqda. "Chikago tribyun" gazetasining 1998 yilgi sonlaridan birida yozilishicha, Amerikadagi keksa kishilar yashaydigan uylarning 60 foiziga biror marta ham mehmon kelmas ekan. Bunday muassasalardagi  jinslar nisbati umumiy hisobga to‘g‘ri ekaniga e'tibor qilsak, ular orasida ayollar miqdori ko‘proqligi ma'lum bo‘ladi. Binobarin, taqdir hazilini ko‘ringki, G'arbda yosh va o‘rta yoshdagi ayollar kengroq imkoniyatga ega-yu (ayni paytda diniy imkoniyatni hisobga olmaganda), ammo ularning barchasi pirovardida yolg‘izlik uzlatidan qo‘rqadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:39:07

Xulosa qiladigan bo‘lsak, islom g‘oyasi aslida ham, salohiyat nuqtai nazaridan ham ko‘povozli ekani kunday ravshan, deb o‘ylayman. Ishonamanki, ushbu g‘oyaning a'zosi bo‘lishni istagan ayollar undan o‘ziga yashash uchun qadr-qimmat va va hurmat uchun zamonaviy talablarni tasdiqlaydigan makon topa biladi. Bunday loyiha so‘nggi modern va postmodern sharoitlarda hozirgidan ko‘ra realroq ko‘rinadi. Shu o‘rinda Marta Nussbaumdan iqtibos keltirsam:

Ingliz-Amerika axloq falsafasi universallikka asoslangan Ma'rifat davri ideallaridan an'ana va xususiylikka asoslangan axloqqa; printsiplarga asoslangan axloqdan qadr-qimmatga asoslangan axloqqa; sistemali nazariy oqlov holatlarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan axloqdan nazariyaga shubha bilan qarovchi va mahalliy donishmandlikka hurmat bilan qarovchi axloqqa; tashqi dunyodan uzilib qolgan shaxsga asoslangan axloqdan boshqalarga qo‘shilish va g‘amxo‘rlikni yoqlaydigan axloqqa;  tarixga daxlsiz axloqdan muayyanlik va tarixiy axloqqa yuz burmoqda[199].

Musulmon feministlarining, Qur'on ayollarga nafrat bilan qaramaydi[200], deb bilishini tasdiqlaydigan Nussbaum, madaniyatdan voz kechish tufayli begonalashuv oqibatida orttirilgan jarohat qayta tiklanishiga hali  ancha bo‘lgan biror madaniyatga a'zolik tufayli yetadigan zarardan ko‘ra og‘irroqdir, deganida haq edi. Islomning jinsga oid diskursini qayta tasavvur qilish loyihasi o‘zining anaxronik[201] aks sadosiga qarama-qarshi o‘laroq, aynan shu sababga ko‘ra, tobora jozibador bo‘lib  borsa ajab emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:30:00

VII bob
Bir dindan ikkinchisiga o‘tish sog‘inch hissi sifatida: najotkor Buyuk Ahd


Islom, xuddi xristianlik va buddizm singari, nazariy jihatdan ham, tarixiy an'anasiga ko‘ra ham dunyoning ilg‘or missionerlik dinlaridan biridir. Dunyodagi ulkan va global e'tiqodlarning eng yoshi bo‘lgan islom Qur'onning «Tur va ogohlantir» amrini bajarishga kirishmaganida bir necha noma'lum arab monoteistlarining mazhabi bo‘lib qolgan va yarim oroldagilar uni qurshab turgan serg‘ayrat xristian dini bilan murosa qilgani sari yo‘qolib ketishga mahkum bo‘lur edi.  Buning o‘rniga Makkadagi jo‘shqin hayot ulkan kerigmatik[202] harakatni vujudga keltirdi. Bu harakat gullab-yashnagan va ilg‘or tamaddunlardagi siyosiy tartiblarni ham  yengib o‘ta bildi va e'tiborli jihati shundaki, madaniylashtirishning oddiy qonunlari vositasida mustahkam diniy tartibni o‘z bosqinchilarini ham safiga qo‘shib oladigan darajada o‘zgartira oldi.  Ayni hol tarixni bor-yo‘g‘i iqtisod va jamiyat haqidagi hikoyadan iborat deb biladigan tarixchilar uchun hanuz jumboqligicha qolmoqda. O'z asoschisining vafotidan 14 asr o‘tibdi  hamki, rasululloh amallari haligacha turli jamiyatlar e'tiborini ohanraboday o‘ziga tortib kelmoqda. Binobarin, islomning o‘z safiga boshqa din vakillarini jalb eta bilish tabiati dunyo tarixining muhim konstanta - doimiy qiymatlaridan biriligicha qolayotgani hayratlanarlidir, biz uni hali-hamon yetarli darajada tushunib olganimiz yo‘q. Biz mazkur bobda ushbu murakkab va sharoitga moslashuvchan dinamika mohiyatini ochib berishga intildik va bu mavzu uchta masala doirasida rivojlanib boradi. Birinchidan, sotsiologlar «bir dindan ikkinchisiga o‘tish» deb ataydigan hodisa islomning muqaddas bitiklari va ilohiyotshunoslik kontekstida nimani anglatishi yuzasidan bir necha dastlabki izohlar keltiriladi. Ikkinchidan, islom tarixidagi bir dindan ikkinchisiga o‘tishning eng yorqin nuqtalari ajratib ko‘rsatiladi, ular ustuvor akademik talqinlar asosida beriladi. Nihoyat, men bugungi kunda ommaviylashib ketgan Internet «kiberkonversiyasi» deb atalmish yangi hodisa xususidagi zarur ba'zi ilk taxminlarimni ilgari surmoqchiman. Men uni ulgi sifatida olib, islomni qabul qilishning joriy etilgan nazariy andozalarini hamda bir dindan ikkinchisiga o‘tish hodisasini yanada umumiy tarzda tekshirib ko‘rmoqchiman.

Qayd etilgan