Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235230 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 44 B


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:26

"Chodirdagi voiz" - kezgindi chol usuli o‘rnini egallagan televidenie paydo bo‘lishi bilan tez orada bunday vaziyat o‘zgarib ketdi. Villi Grehem ilk marta 1951 yili televidenieda paydo bo‘ldi, boshqa bir voiz Oral Roberts esa oradan uch yil o‘tib televidenieda ilk marta ko‘rinish berdi. Efir to‘lqinlari orqali uzatilgan va'z va unda jamg‘armalarga moddiy yordam berishni so‘rab qilingan iltimos oqibatida kutilmaganda teleevangelistlar cho‘ntagi pulga to‘lib ketdi. Neft tufayli orttirilgan boylik vahhobiy dindorlarning qo‘lini qanchalik uzun qilgan bo‘lsa, Amerika tomoshabinlarining boyligi ham yevangelistlar va xristian aqidaparastlariga beqiyos imkoniyatlar berdi.

Yevangelistlar yadrosining ijtimoiy asosi ham Yaqin Sharqda paydo bo‘lgan mana shu vahhobiylik bilan hayratlanarli tarzda o‘xshash edi.  Jill Kepel ko‘rsatib berganiday, 1970 yilga qadar yevangelistlar, asosan, urushdan so‘nggi gullab-yashnagan jarayondan chetga chiqib qolgan edi. Ularning aksariyati qishloq joylarda yoki janubdagi va markaziy g‘arbdagi kichik shaharlarda istiqomat qilishar edi. Kuzatuvlarning shahodat berishicha,  ularning 43 foizi aholisi soni 2500 kishidan kam bo‘lgan shaharchalarda yashab kelgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:38

20-asrning 70-yillarida iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan janubda yosh yevangelistlarning ta'lim olish ishlari keskin yaxshilanib keta boshladi. 1960 yili ularning faqat 7 foizi universitetlarga o‘qishga kirgan bo‘lsa,  1975 yilga bu nisbat 23 foizga yetdi.

Ular shaharlarga ko‘chib kelgan yoki endi sanoatlashayotgan va gullab-yashnayotgan  janubdagi o‘ta chaqqon safarbar aholiga aylana boshladi. Ayni hol Jerri Falvell singari kishilarga tabiiy tarafdorlarni ko‘paytirib berdi. Yozuvchi Frensis Fitsjeraldga ko‘ra:

Falvell mutasaddilik qilayotgan ibodatxonaga keluvchilar yangi o‘rta sinf (ehromi)ning uchida turadi. Ular xizmatchilar, texniklar, kichik biznesmenlar hamda yangi zavodlardagi malakali, chala malakali ishchilardir.

Falvellning o‘ta safarbar, ammo shu bilan birga, nisbatan tortinchoq muhandislar va texnologiya talabalaridan iborat izdoshlarining hayoti islom uyg‘onishi faollarining ijtimoiy kelib chiqishini yodga soladi. "Moral Meyjoriti"[519] va vahhobiylarning peshqadam vakillari "aksilaslzodalar"ni yaratishga urinmoqda. Ularga ko‘ra, "aksilaslzodalar" dunyoviy zodagonga qarshi borib, ko‘pincha ideallashtiriladigan o‘tmishning transtsendent[520] qadriyatlariga zudlik bilan qaytish orqali islohot yuritishni taklif etadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:49

Albatta, bu o‘rinda o‘xshashlik mutlaq bo‘lishi mumkin emas. Falvellning izdoshlari doimiy siyosiy buzg‘unchilik yo‘lidan bormagani va sistemani kuch ishlatish yo‘li bilan ag‘darib tashlash uchun harakat qilmaganini ham qayd etib o‘tish kerak bo‘ladi. Men uning sababini demokratik tanlov imkoni mavjudligida ko‘raman, bu hol Pet Robertson va uning dindor respublikachilariga hokimiyatga tinch yo‘l bilan erishish yo‘llarini axtarishga imkon beradi. Afsuski, musulmonlarning aksariyati bunday tanlov imkoniyatidan mahrumdir. Biroq shuni ham ta'kidlab o‘tish lozimki,  xristianlarning manfaati  bir masalada mavjud qonun bilan to‘qnash keladi, u ham bo‘lsa, abort masalasidir. Ba'zi bir xristian ekstremistlari qonunga bo‘ysunmay, abort qilinadigan shifoxonalarga hujumlar qilgan, ba'zi hollarda esa bu ishga qo‘l urgan shifokorlarni  o‘ldirgan ham edi. Xullas, al-vala' val-bara'ga ishonish faqatgina musulmon vahhobiylarining eksklyuziv mulki emas.

Iudaizmga nazar tashlar ekanmiz, unda ham xuddi shunga o‘xshash manzarani ko‘rishimiz mumkin. Faqat Toraga muvofiq yashab kelgan ortodoksal va o‘ta ortodoksal yahudiylar - haredimlar 20-asrning 60-yillariga qadar kichik va inqirozga yuz tutayotgan bir jamoa edi. 19-asrning dastlabki paytlarida yahudiy ma'rifati - haskala yosh yahudiylarning asta-sekin ortodoksal turmush tarzidan voz kechib, ma'lum ma'noda tashqi dunyoga qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. Yahudiylar ergashishi mumkin bo‘lgan uchta strategiya musulmonlar oldidagi tanlov imkoniyatini esga solar edi. O'sha uchta strategiya ham  yengib bo‘lmas G'arbning dunyoviy olamiga qarshi qaratilgan edi.   Islohotchi yahudiylar Toradan uzoqlashib qolgan va assimilyatsiya so‘qmog‘ini tanlagan edi. Konservativ yahudiylar urf-odatlarning ko‘rsatmalari va taqiqlari - mitsvotga sodiq qoldi, ammo yahudiy bo‘lmagan jamiyat bilan aloqa qilib yashashga harakat qildi. Ortodoksal haredimlar getto[521] muhitini saqlab qolish uchun dunyoga darchani yopib qo‘ydi. Bunday turarjoylar Sharqiy Yevropada uzoq vaqt saqlanib qoldi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:28:58

Biroq haredimlar endilikda Sharqiy Yevropada yashamaydi. Ular asosan AQSh va Isroilga ko‘chib ketishgan. Shu tariqa o‘z ildizidan uzilib qolgach, ularning ko‘pchiligi o‘tishning konservativ ravvinlar ma'qullamagan g‘alati jarayonini boshidan kechirishdi, ammo ular hozirgi kunda o‘zlarini iudaizmning yorqin, uyg‘onishga xos va fundamental shakllari vakili deb biladi.

Yoshlarning  o‘z ortodoksal o‘tmishidan voz kechishiga sabab bo‘lgan narsa sionizm bilan bog‘liq ziddiyat ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ortodoksal ravvinlar an'anaviy tarzda Isroil davlatini tan olmay kelar edi: hatto Quddusda bugungi kunda ham Naturey Karta yahudiylari har safar Mustaqillik kuni motam ramzi bo‘lmish qora bayroqni osib qo‘yadi. Ortodoksal yahudiylar nazdida, muqaddas zaminni yahudiy najotkori[522]dan boshqa  hech kim qutqarishi mumkin emas. Uning faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslikka urinish yahudiylik ta'limotining asl mohiyatiga qarshi qaratilgan xudosizlikdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:29:08

Ammo 20-asrning 60-yillaridan beri Isroil shaharlarining o‘tmishidan bexabar, yaqinda ko‘chib kelgan  aholi yashaydigan chekkalarida Torani yangi, fundamental o‘qish asosida ushbu aqidaning haqiqat ekaniga shubha bildirila boshladi. "Neokaraizm" deb atashimiz mumkin bo‘lgan ushbu aqidaparastlik  davlatning dinsizligidan hafsalasi nihoyatda pir bo‘lgan kuch sifatida islom va xristianlikdagi yangi aqidaparastliklarni esga soladi. 1977 yili sionistlar Beginning (Misr prezidenti) Sadat bilan muzokara qilishga qaror qilganini eshitib, sarosimaga tushib qolganida ayni yozg‘irish siyosiy iudaizmning yangi bir ko‘rinishini paydo qildi. Bu siyosiy kuch o‘z maqsadiga erishish uchun hech qanday buzg‘unchilikdan tap tortmas edi.

Ushbu harakatning kashshofi Shabtay Ven Dov degan kishi edi. Ben Dov ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra dunyoviy edi, biroq u bir dumalab, yahudiy davlatining qonuniyligini tan olmaydigan aqidaparastga aylanib qoldi. Bunday aqidaparastlar tabiatan Isroil davlatini aksilsionistlarcha tan olmasligi bilan emas, aksincha, Isroil yahudiylarga xos bo‘lmagan urf-odatlar va qonunlardan tozalanganda Masihning qaytib tushishiga ishonishi bilan ortodoksal edi. U, davlat bu jarayonga xalal bermasligi kerak, deb yozgan edi. "Davlat qonunlari  bizning unga qarshi inqilobiy kurashda nima qilishimiz zarurligi yoki zarur emasligini belgilab beradigan qonunlar bo‘lishi kerak emas. Bunday qonun faqat Isroil Torasi bo‘lishi mumkin".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:29:16

Ben Dovning shogirdlaridan biri Yehuda Etzion diniy, ammo "Gush Emunim" deb atalgan ravvin Kahan rahbarlik qilgan sionistlar tashkilotining a'zosi edi. "Gush"ning asosiy  maqsadi arablardan tortib olingan yerlarda  yangi turarjoylar barpo etish edi. Ular bir guruh, asosan, muhandislardan iborat (ijtimoiy kelib chiqishiga e'tibor bering)  do‘stlari bilan birga Tog‘ ibodatxonasi, ya'ni Al-Aqsa masjidini va Qubbat ush-Shaxrah (Umar masjidi)ni "iflos narsalardan tozalash" rejasini tuzadi. Ular ravvinlar bilan shu masalada maslahatlashadi, biroq ravvinlar namunali yahudiylar sifatida Uchinchi ibodatxona binosiga inson qo‘l urmasligi va Masihning qaytishini  kutish kerakligini aytadi. Ammo fitnachilar, o‘taketgan aqidaparastlar o‘laroq, ravvinlar hokimiyatini tan olmasdan, Tavrotning ilohiy matnlarini o‘zlari qanday tushunsa, shunday ish tutishga qaror qilishdi.

Kishilar dinamit joylashtirish mumkin bo‘lgan joylarni ko‘zdan kechirib chiqdi, xavfsizlik tizimini ishdan chiqarishga urindi va zarur portlovchi moddalarni sotib oldi. Yaxshiyamki, ulardan bir nechasi hibsga olindi va falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa bir  jinoyat uchun so‘roq qilindi, oqibatda fitna barbod bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:29:28

Yehuda Etzion rejasining amalga oshmasdan turib oshkor bo‘lishi dunyoviy yahudiylarni qattiq tashvishga solib qo‘ydi. Isroillik akademik Gideon Aran bunday deb yozgan edi:

Xufya tashkilot boshliqlarining hisob-kitobiga ko‘ra, mabodo ibodatxona portlatiladigan bo‘lsa, bu hol yuz millionlab musulmonlarni jihodga chorlashi, oqibatda butun insoniyatni keskin qarama-qarshilikka mubtalo etishi mumkin edi. Ular buni samoviy ahamiyatga ega bo‘lgan Ya'juj-Ma'juj urushi deb talqin qilardi. Isroilning ushbu uzoq kutilgan olovli sinovdan g‘olib bo‘lib chiqishi Masihning bu yerga kelishiga yo‘l hozirlab berishi kerak edi.

Garchi G'arb matbuoti bu ko‘ngilsiz voqeani bilinar-bilinmas eslatib o‘tgan bo‘lsa-da,  olimlar va o‘sha yerdagi mutaxassislar ham xavotirga tushib qoldi. Harvardning Xalqaro ishlar markazi portlash ro‘y berganida bunday buzg‘unchilik uchinchi dunyo urushini boshlab yuborishi hamda mintaqada yadro qurolini ishlatish ehtimoli bor qarama-qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin edi, deb hisoblaydi. Lekin oliymaqom yahudiy ravvinlarining javobi ham bundan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega edi. Quddus shahrida Yonatan Blass "haqiqat yahudiy qonunchiligi va tafakkurining ushbu va oldingi avlodlarga mansub ulkan allomalariga emas, faqat bizga zohir bo‘ldi", deb hisoblovchi fitnachilarning  johilligini keskin tanqid qiladi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:29:40

G'arbning uchta dinidagi diniy radikalizm hodisasi ham xuddi shunga o‘xshashdir. Yana shuni ham qayd etish kerakki, ayni hol keyingi paytlarda hinduizmda ham kuzatilmoqda. Aqidaparastlik  somiylar tushunchasidagi vahiy qilib yuborilgan bitiklarning mavjudligini nazarda tutadi. Ushbu tushuncha, Hindistonda fundamentalistik harakatlar yo‘q, degan xulosaga sabab bo‘ladi. Lekin ular mavjuddir. 1998 yili  Hindistonning BJP (Hindiston xalq partiyasi) uyg‘onish partiyasi hokimiyatni qo‘lga kiritadi va Neru tarafdorlarining yarim asrlik  diniy indifferentizm siyosatini bekor qiladi. Uning radikal qanotida hindularning  shovinistik partiyasi bo‘lgan "Shiv Sena" 1995 yilning boshlarida Maharashtra shtati va Bombay shahrida g‘alabaga erishib, hokimiyatni qo‘lga kiritadi. Uning rahnamosi  Bal Thakkeray Bombayda istiqomat qilayotgan kam sonli 15 foiz musulmon aholini  "g‘ayri-fuqarolar" va "sotqinlar" deb ataydi. Shahardagi g‘alayonlar yuzlab musulmonlarning yostig‘ini quritadi.

Thakkereyning ustozi M.S.Golvalkar degan kimsa edi. U hinduizmning G'arb dinlari va nemislarning "xalq" - "volk» deb atalgan  romantik g‘oyalari  ta'sirida paydo bo‘lgan yangi yo‘nalishini targ‘ib qiladi. Golvalker nazdida, hinduizm an'analari chin ma'nodagi hindu millatchiligi - hindutva  uchun yetarli asos bo‘lib xizmat qila olmaydi. Shu tariqa u hind bitiklarining erkin asosini g‘arbliklar tushunchasidagi mo‘‘tabar bitiklarga aylantirish uchun "somiylashtiradi". Ram oliy xudo deb tan olinadi. Cherkovga borib ibodat qilishga o‘xshash ibodat turi joriy etiladi. Golvalkar va "Shiv Sena"  partiyasi hinduizm islohotini hayotga joriy etadi va hindu aqidaparastligiga yo‘l ochib berishadi. Aslida G'arbga xos bo‘lgan aqidaparastlik tez orada bu yerga ham yetib keldi: begonalashgan ikkinchi avlodga mansub muhojirlar  o‘z  taqdiridan norozi bo‘lib, siyosiylashgan mujodala vositasida davlatga hamda go‘yo o‘zlarining badbaxtligiga sababchi bo‘lgan kamsonli etnik va diniy guruhlarga qarshi kurashga otlanishadi. An'anadan so‘nggi Hindistonda yong‘in xavfi har qachongidan realroqdir va ba'zi bir kuzatuvchilarning fikricha, Bosniyadagi urush buning oldida hech gap bo‘lmay qoladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:29:49

Mening musulmon bo‘lmagan o‘lkalardagi mana shu tamoyillarni nima uchun batafsil keltirayotganim o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lsa kerak. Vahhobiylik va shovinistik libosdagi  islom uyg‘onishi faqat islomgagina xos bo‘lgan narsa emas. U dunyoning turli dinlarida yuz berayotgan o‘tish davrining islomdagiga o‘xshash zuhur bo‘lishi, xolos. Tokio metrosida sodir bo‘lgan voqealar buddizm singari  tinchlikparvar din ham bundan mustasno emasligini ko‘rsatib berdi. Yuz berayotgan voqealar o‘rtacha ma'lumotga va aqlga ega bo‘lgan kishilarning dunyodagi keskin o‘zgarishlarga  qarshilik ko‘rsatish nuqtai nazaridan o‘z noroziligini bildirish vositasi sifatida an'anani mafkuraga aylantirayotgani natijasidir. Rahnamolarining intellektual qashshoqligi, o‘zining esa savodsizligi va badiiy jihatdan bepushtligiga qaramasdan, ushbu harakatlar katta kuchga ega va 21-asrda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini hozirdan ko‘rsata bormoqda. Hissiyotlarga to‘la ommaviy madaniyat va mutaassib siyosatdonlar qarshiligiga duch kelayotgan bir paytda nima qilishimiz mumkin? Biz bu harakatlarni o‘sha dinlarning  haqiqiy ovozi bir pulga qimmat, deb atayotganini esda tutishimiz lozim. Biz hukmron tamoyilni bir hovuch esini yeb qo‘ygan kishilarning qilmishlari sifatida baholamasligimiz kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Noyabr 2007, 07:30:09

XII bob
Aksilmazhabchilik muammosi


Ummatning o‘tgan ming yillikdagi eng katta yutug‘i intellektual birdamlikka erishgani bo‘lgani shubhasiz. Hijriy 5-asrdan shu kungacha sulolalar o‘rtasidagi o‘z qobig‘ini yorib chiqishga qaratilgan to‘qnashuvlarni hisobga olmaganda, sunniy mazhab vakillari o‘z diniga nisbatan deyarli o‘zgarmagan hurmatni va o‘zaro birodarlikni saqlab qola bildi. Boshqalar uchun mana  shunday mushkul kechgan uzoq davr mobaynida na ulkan diniy urushlar, na qo‘zg‘olonlar va na ta'qiblar ularni bo‘lib yubora olmagani hayratlanarlidir.

Diniy harakatlar tarixi buning misli ko‘rilmagan mo‘jiza ekanini e'tirof etadi. Maks Veber va uning shogirdlari tushuntirib bergan normal sotsiologik ko‘zqarashga ko‘ra, dinlar endi paydo bo‘lgan davrdagi birdamlik keyinchalik o‘zaro raqib guruhlar rahnamoligida mayda-mayda o‘zaro dushman guruhlarga bo‘linib ketadi. Xristian dinida bunga yorqin misollar ko‘p; biroq boshqa misollarni ham keltirish mumkin, ular sirasiga dunyoviy e'tiqod bo‘lmish marksizm ham kiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, islomning mana shu ko‘rgulikdan qutulib qolgani har qanday maqtovga loyiq va ehtiyotkor tahlilni talab etadi.

Qayd etilgan