Guljamol Asqarova she'rlaridan  ( 37982 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  03 Noyabr 2007, 15:16:44

MENI KECHIR

Kechir seni asray olmadim,
Balolardan, zimistonlardan.
Hayotingga farishta bo’lib
Kirolmadim, meni kechirgil!

Kechir, seni sevdimu lekin,
Bir tumordek asray olmadim.
"œTo o’lguncha sevasanmi" deb
So’rolmadim, meni kechirgil!

Sengacha yo’l bir qadam edi,
Seni izlab kezdim dunyoni.
Lekin o’sha bitta qadamni,
Yurolmadim, meni kechirgil!

Qo’llaringni qo’llarim topdi,
Ko’zlaringni ko’rdi ko’zlarim.
Ammo qalbing yaralarini
Ko’rolmadim... Meni kechirgil.!

Men ishqingda ne bo’lsam bo’ldim
Holim xarob adolar bo’ldim.
Faqat senga bitta ko’zmunchoq,
Bo’lolmadim, meni kechirgil!

Mana bugun keldim, qoshingga,
Sahrolarni kezib sarsari.
Eng so’nggi dam seni bir ko’rmay,
O‘lolmadim... Meni kechirgil!

O‘lolmayapman. Meni kechirgil
Hayotingga farishta bo’lib
Kirolmadim, meni kechirgil.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:01

* * *

Ey ko’ngil, bunchalar g’am seli qaydan,
Daraxtlar gullagan shunday go’zal dam.
Gullagan bog’larda xazonga ne bor?
Bahorda ham baxtsiz bo’larmi odam?

Ey yor, sizga berdim gulgun faslimni,
Ey yor sizga berdim, ko’nglim-aslimni.
Bahorning bog’lari kuzga taslimmi,
Gullamoq chog’ida so’larmi odam?

Men endi begona, meni qo’yingiz,
Boqsam ko’zlarimga sig’mas bo’yingiz,
Bir kun o’ldirmasa edi ko’yingiz,
Diydor uchun jonin to’larmi odam?

Ey yor, poyingizga to’kilmish baytim,
Ming yilki, ko’rmadim ko’zimga qayting,
Ovvora bo’lmasin...ajalga ayting,
SIZni bir ko’rmasdan... o’larmi odam?

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:20

MENSIZ

Mensiz ham hayoting chiroyli edi,
Men bilan bo’ldi u yana chiroyli.
Va yana mensizsan lekin baribir,
Kunlaring quyoshli, tunlaring oyli.

Men sensiz baxtlarning ismin unutdim,
Sensizlik... toabad zulmatdir taqdir.
Ne uchun mensiz ham yashnayverasan,
Nega mensiz baxtsiz emassan axir?

Sensizlik qalbimni ketmish pichoqlab,
O, sening kuylaring hamon avjida.
Men sensiz Xudodan ketdim uzoqlab,
Sen esa Xudoga yaqinsan juda.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:28

SIZGA

Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Dunyoda gullarning borligi kabi...
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Yashil maysalarning ovozi yanglig’.

Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Muqaddas so’zlarning mavjudligidek...
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Samimiy qo’llarning ehtiromidek.

Sizning borligingiz... Bu go’zal ma’no,
Osmon kabi ulkan, osmon kabi keng.
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Dunyoda borligi kabi XUDOning!!!

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:35

***

Men bir kun o’lganimda
Yorimni bir ko’ray deb,
Ochiq qolgan ko’zimni
Yumib qo’ysinlar, dedim.

Men bir kun o’lganimda
Esiz-a, esiz joni,
Deya mahzun xayolga
Cho’mib qo’ysinlar, dedim.

Yorijonim vasling deb
Men bir kun o’lganimda
Ostonangga boshimni
Ko’mib qo’ysinlar, dedim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:45

XAVOTIR

Endi baxtli bo’larmikanmiz,
Dilda yana qayg’ular, g’amlar.
Endi baxtga kechikkandaymiz,
So’ngandayin biz yoqqan shamlar.

Biz deb kuygan fasllar o’tdi,
O‘tdi bizni o’pgan sabolar.
Tark etgandek ishq shivirlari,
Dilda tag’in g’amgin navolar.

Bir paytlar, ey oshiq yigit,
Aytar eding:
—Hayotimga kir!
Oldda meni kutyapti baxt deb,
Seni tashlab ketgandim, kechir!

Juda baxtli bo’lgim kelyapti,
Ko’zimdan yosh quyilar kulsam.
Nima gunoh axir menda ham,
Saroblarga ishongan bo’lsam.

Bugun shundoq bir g’arib holman,
Yurak to’la qayg’uday, ohday.
Ne qilarim bilmayin lolman,
Oltinlari mis chiqqan shohday.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:17:57

E’TIROF

Yuragimda tinchim yo’q,
Dunyodan ilinjim yo’q.
Xudodan o’tinchim yo’q,
Sizga qolgan kunim bor.

Rangim somon, azizim,
Bu ne zamon, azizim?
Holim yomon, azizim,
Sizga qolgan kunim bor.

Tig’lar zanglar ko’ksimda,
G’ubor, changlar ko’ksimda,
Mudom janglar ko’ksimda,
Sizga qolgan kunim bor.

Sizmi boshimda tojim,
Ishqim — dunyoga bojim.
Boru yo’q ehtiyojim,
Sizga qolgan kunim bor.

Ruhim bor nur, ziyoda,
Bugun qayg’um ziyoda.
Hech narsam yo’q dunyoda,
Sizga qolgan kunim bor.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:18:05

***

Kuyarmish ko’rgan ko’ngil,
Ishqqa yuz burgan ko’ngil,
Yoshlikda bergan ko’ngil,
Yomon bo’lar deydilar.

Yillar qoqsalar changing,
Ketkazarmidir zanging.
Sevganingda ol ranging
Somon bo’lar deydilar.

Ko’ksida bo’lsa boshing,
To’kilmasa ko’z yoshing.
Vasl onlarinda qoshing,
Kamon bo’lar, deydilar.

Holim g’am siyohinda,
Unsam har giyohinda,
Boshing yor oyog’inda
Omon bo’lar, deydilar.

Ishq yo’linda g’am cheksang,
Hajrinda cho’ksang, cho’ksang.
Ko’z yoshlaring yuzingda
Ravon bo’lar, deydilar.

Ikki dunyo yo’q visol,
Visoling menga zavol.
Yorni ko’rsa Guljamol,
Tamom bo’lar, deydilar.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:18:22

OSHIQ XAYOLI

Men dunyoni ishqim bilan zabt etsaydim,
Oshiqlarning oyoq gardiga yetsaydim.
Dunyosiga xayr-hushlar aytib keyin
Tuproq bilan oshno bo’lgali ketsaydim.

Taxtim baland bo’lsa shohlar taxtidan ham,
Baxtim go’zal bo’lsa hurlar baxtidan ham.
Ishq shahrida malikalar tojin kiyib,
Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.

Nedin axir ruhimdagi xavotirlar,
Siz qaydasiz ertakdagi bahodirlar?
Necha yilki, dunyo dilim ma’yus qildi,
Endi baxtdan xushnud kulgali ketsaydim.

Gulman dedim, yor, bag’ringda yashnatmading,
Bir lahza ham obodlikda yashatmading.
Sening aziz diydoringni ko’rarman deb,
Ostonangda gulday so’lgali ketsaydim.

Bir bor to’lsa ko’zlarimga bu qomatlar,
Keyin mayli bo’lib ketsa qiyomatlar.
Ne bo’lsa ham yor, ko’ksinga boshim qo’yib,
Vasling ko’rib, sarxush o’lgali ketsaydim,

Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:18:34

SO‘NGGI SO‘Z

Men sizni bezovta qilmasman ortiq,
Bildim, bo’g’zingizga keldi malolim.
Ammo men netayki ishqisiz dunyoda,
Mudom bo’yningizda qolmish zavolim.

Yodingizga yodim maloli kelmish,
Ko’zingiz zerikkan, mendan, bilaman.
Go’zal tuyg’ularim xo’rlangan joyda,
Men Nima qilaman?

Yig’lab chorlamasman ilojin topsam,
Endi ko’zingizda otmas tonglarim.
Nurdan tuproqqacha sirli dunyoda,
Men Sizni angladim.

Nur izlab kelgandim dunyoingizga,
Zulmatlar darchasin yopolmadim hech.
Ayriliq ranglari to’lgan dunyoda,
Men yashil rangimni topolmadim hech.

Xayr, men - o’ziga begona odam,
Sizga ham qadrdon bo’lmog’im qiyin.
Mabodo sog’inib qolsangiz agar,
Qo’ng’iroq qilarman...
Ming yildan keyin.

Qayd etilgan