Guljamol Asqarova she'rlaridan  ( 37487 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  03 Noyabr 2007, 15:18:46

***

San o’zing do’stijonim,
Ham o’zing qasdi jonim.
Senga g’am tutsa sinsin,
Dunyoning dasti, jonim.

Qancha jabr yetkazding,
Oncha sabr yetkazdi.
Jannatlardan ko’rindi,
Bo’yingni basti, jonim.

Ko’zlaringda o’lmasam,
So’zlaring deb o’lmasam.
Bo’larmidir ko’zlaring,
Ko’zimning masti, jonim.

Chorlamading, kelmadim,
Hech bilmadim, bilmadim.
Poylaringda bul qadrim,
Xazonmi, xasmi, jonim.

Derlar: chin ishq nuramas,
Oshiq qadr so’ramas.
Lekn beqadr dunyongda,
Dilni g’am bosdi, jonim.

Ne g’amlarni ko’rdim-ku,
Alamlarni ko’rdim-ku,
Chikora endi dunning,
Balandu pasti, jonim.

Qonlaringda oqmasam,
Jonlaringni yoqmasam.
Dunyolarni yoqarman
Gapimning rosti, jonim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:18:57

QAHRLI GUL

Yaxshi bo’ldi — sendan ayrildim,
Ketmog’im chun topib berding yo’l.
Bu dunyoda seni topdim, deb,
Yo’qotibman o’zimni butkul.

Yaxshi bo’ldi, yechildi bugun,
Oyog’imdan bu zanjir, bu g’ul.
Ikki dunyo seni shohim deb,
Qul qilibman o’zimni butkul.

Yaxshi bo’ldi, yomon bo’lsa ham,
Yuragimni ezsa ham darding.
Men aqlini topgan telbaday,
Poylaringdan boshim ko’tardim.

Kechir, ozor berib mehrim-la,
Zeriktirdim, men - sodda, men-go’l.
Bu dunyoda seni borsan deb,
Boshqalardan kechibman butkul.

Xudoyimning jazosi qutlug’!
Sendan ketdim, ey qahrli gul.
Shukr, shukr seni yod etib,
Unutmabman Xudoni butkul.

Shuning chun ham omon bo’l endi,
Men bariga silkib qo’ydim qo’l.
Angladimki, seni yo’qotsam.
Xudoyimni topaman butkul!

Endi xayr, endi alvido!
Bari ro’yo, bari sarob, kul.
Dargohingga sig’maganimday,
Yuragimga sig’massan butkul.

Men mehrmand, telba go’dakdek,
Ko’z yoshimga yomon toyrildim.
Yaxshi edi... seni topganim,
Yaxshi bo’ldi...Sendan ayrildim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:19:12

QAHRATON

Nima bo’ldi, nimalar bo’ldi,
Ikki yonga ketdik ayrilib.
Ketarkanman qaragim keldi,
So’ng bora ortimga qayrilib.

Qaramadim, qaray olmadim,
Egsam hamki bu mag’rur boshni.
Hech ko’rsatgim kelmadi Sizga,
Ko’zlarimga to’lgan ko’z yoshni.

Men mehrlar bergandim Sizga,
Yonib yoniq otash mehrlar.
Bugun mening qo’rlarim so’ngan
Bugun Sizni kimlar sehrlar.

Ma’yuslanib qolasiz, nogoh,
Nafratmidir ko’ksimda o’sgan?
Zor bo’lasiz bir kun, baribir,
Jannatlarda topilmas qisga.

Kimdan xato o’tdi-bilmadim,
Siz hanuz jim, men hamon jimman.
Qahratonli bir sovuq kunda,
Xudo bir o’t olar ko’ksimdan.

"œQaytarib ber mehringni" deysiz,
Bilmaysiz, qalb g’amdan tolganin.
Pichirlayman sovuq, xotirjam:
"œBanda bermas Xudo olganin".

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:19:23

YOMG’IRLI KUN

Meni kuzatasan yomg’irlar bilan,
Iloyo oftoblar kuzatsin seni.
Ketyapman dardingni tuzata olmay,
Endi duolarim tuzatsin seni.

Mana ketayapman shu so’zni aytib,
Ufqlarga sachrab dilimning rangi.
Meni ta’qib etar qiyomatgacha,
Yomg’ir shiviriyu isming jarangi.

Menam darvesh edim, ey Mashrab bobo,
Bugun jonga tegdi kuloh-janda ham.
Mening ko’zlarimdan yosh tinmaganday,
Yomg’irlar tinmabdi Samarqandda ham.

Endi xayr emas, alvido, do’stim,
Ranjima sog’inchlar ezgan bag’irdan.
Sen — kuzda adashib qolgan bahorsan,
Men yozda adashib yoqqan yomg’irman.

Sen sira kuyinma bori ayb menda,
Yo’llar yuragingga boshladi meni.
Toshkentga kelgandim, gunohkorsan, deb,
Yomg’irlar savalab tashladi meni.

Endi kuzaytmaysan yomg’irlar bilan.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:19:35

MAKTUB

Ey do’st, hayotingdan ketmasam bo’lmas,
Men shunday javobi yo’q bir savolman.
Sochdan tirnog’ingga qarab angladim,
Sochimdan tirnog’im qadar malolman.

Seni unutsaydim tonglar otguncha,
Seni unutsaydim oylar botguncha,
Qiliching ozorin sevibman buncha,
O‘zimning jonimga o’zim zavolman.

Yuzimga dog’ tushdi ko’kdagi oydan,
Dilga g’amlar keldi sen borki joydan,
Ko’ksim yaralandi sen otgan yoydan,
Sening qo’llaringda sen deb uvolman.

Diling qudug’iga bog’lab sol meni,
Xolim shundoq zabun, xasta hol meni.
Poyingda toptaldim... yerdan ol meni,
Sochingni sog’inib yotgan ro’molman.

Garchi ko’ksing aro to’kildim, to’ldim,
Mehring ayyomida yig’ladim-kuldim,
Qumdan ko’za yasab ovvora bo’ldim,
Loyi hech pishmagan noshud kulolman.

Mehringni qizg’anma yo’llarimga soch,
Ey mehribon jallod, boshimdagi toj,
Gadolar tilansa eshigingni och,
Poyingga bosh urib o’tgan shamolman.

Endi yurmagayman toshga dil yorib,
Xazonday sarg’ayib, g’aribdan g’arib,
Qiyomat kunida qoshingga borib,
Sekin shivirlayman: Men Guljamolman!!!

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:19:44

BAXT DASTXATI

Umidlandim, ko’p umidlandim:
Manglayda baxt dastxati bordir.
Sendan ayrildim-ku bunda ham
Xudoyimning hikmati bordir.

Topganim ham bejizga emas,
Hikmat tuydim yo’qotganim dam.
Men sendan o’zimni topibman,
Ey o’zini topmagan odam.

Seni topib, topdim o’zimni,
Garchi bag’rim, yuragim yaro.
Axir umrim yig’layotibdi,
Yo’qotishlar-topishlar aro.

Bir hikmatni angladim, yetdim,
Bejizga hech kirmamish tikan.
Topganim bu — yo’qotganimdir,
Yo’qotganim topganim ekan.

"œDiydor endi qiyomatgami?"
Dilga shunday qayg’ular keldi.
Topganimda yig’layman ma’yus,
Jilmayaman yo’qotsam endi.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:19:57

BEVAFO DO‘ST

Sochimdan tirnog’im qadar sevildim,
Olovdan tuprog’im qadar sevildim.
Bir yorug’ yuz izlab dunyolar kezdim,
Ey xudo, yuzingdek yuzni topmadim.

Har kim muhabbatga har yo’ldan borar,
Kim arqondan borar, kim qildan borar.
Ishqni o’yin bilgan yigit ko’rdimu,
Ishq deb yig’lamagan qizni topmadim.

Menam yaxshi shoir bo’laman chog’i,
Senga she’r yozolmay o’laman chog’i.
Onajon, sen mendan og’rinma sira,
Ta’rifingga arzir so’zni topmadim.

Tunlarim yonadi: Seni bir ko’rsam,
Kunlarim yonadi: Seni bir ko’rsam.
Yorni ko’rganida vasl zavqindan,
Yulduzdek porlamas ko’zni topmadim.

Kecha yuragimga nurdek to’lgan do’st,
Bugun qarg’alarga oshno bo’lgan do’st,
Bag’rimni ming bora paypaslab ko’rdim,
Negadir... negadir... Sizni topmadim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:07

EY XUDOYIM!

Maysalarning ishi yo’qmi ildiz bilan,
Osmonning hech ishi yo’qmi yulduz bilan.
Ey Xudoyim, meni nega unutgansan
Yolg’izning hech ishi yo’qmi yolg’iz bilan?

Meni sev, deb bo’ylarida o’ltiribman,
Telba bo’lib ko’ylarida o’ltiribman.
Tashnasiga bir qultum suv bermaydi u
Ariqning hech ishi yo’qmi yalpiz bilan?

Uni sevdim, tomirga qon sig’may sevdim,
Uni sevdim, jismimga jon sig’may sevdim.
Ey Xudoyim, buncha ozdir uning ishqi,
Jilg’alarni tenglashtirma dengiz bilan.

O‘n beshi tun, o’n beshi kuning yorug’ bo’lar,
Aytdilarki:
-Endi darding forig’ bo’lar.
O‘n byoshidan o’n besh mingi o’tib ketdi,
Ko’zlarim hech uchrashmadi kunduz bilan.

G’arib dunyo g’arib shonin qig’zonadi,
Qizg’anch dunyo burda nonin qizg’onadi.
Ey Xudoyim, dunyoingga aytib qo’ygil
Mehmonman-ku, siylasin-da non-tuz bilan.

Kuylab-kuylab yuragimni yaro qildim,
Yashab-yashab yuzlarimni qaro qildim,
Ey Xudoyim, bosh ko’tarmay ketarman men
Axir senga yuzlasharman qay yuz bilan?

Maysalarning ishi yo’qmi ildiz bilan,
Osmonning hech ishi yo’qmi yulduz bilan.
Ey Xudoyim, nahot meni  unutgansan
Yolg’izning hech ishi yo’qmi yolg’iz bilan?

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:15

DUO

Mendan ketgan, yigit alvido!
Olmadingiz mendan ishq darsin.
Xudo dedim! Siz men deb kuying,
Sochlaringiz men deb oqarsin.

Ko’zingizga g’am bo’lib cho’kay,
Men o’g’irlay tunlar xobingiz.
Ko’ksingizga o’qday sanchilay,
O‘zim bo’lay iztirobingiz.

Garchi bugun ketdingiz tashlab,
Garchi siz deb chekyapman alam.
Ammo biling siz ham ko’ksimda,
Bir lahzaga yonib o’chgan sham.

Men o’zimni ovutib dedim:
-Bir shu’laga shuncha g’am nechun?
Qiyomatda jazo bor axir,
Guljamoldan kechganlar uchun.

Ko’ksimdagi gullar, alvido!
Nolalarim Tangrimga borsin.
Ikki dunyo siz men deb kuying,
Sochlaringiz men deb oqarsin.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:23

VIDO

...Va nihoyat ko’nglimni uzdim,
Oshiqlardek ma’yus, dilafgor.
Sendan kelgan ozorlig’ nadur,
Men o’zimdan bezorman, bezor.

Ishqqa tashna ma’yus qiz edim,
Yuragimga nur bo’lib inding.
Bu dunyoning zulmatlarida,
Sen hammadan yaxshi ko’rinding.

Bilmadimki, bu ishq o’tkinchi,
Bilmadimki, senga yetmasman.
Seni tashlab ketib soz qildim,
To sen meni tashlab ketmasdan.

Mayli, yorim sendan ginam yo’q,
Taqdirimda mangu kuz fasli.
Sen bevafo bo’lsang ayb emas,
Bu bevafo dunyodir asli.

Qayd etilgan