Guljamol Asqarova she'rlaridan  ( 41804 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:31

***

Qahratonday jon-jonimdan o’tdingiz-ku,
Bahor edim boshginamga yetdingiz-ku,
Sekin-sekin ko’ngil uzib ketdingiz-ku,
Mendan ketmoqlikka biror yo’l bo’ldimi?

Yuragimning, ey qadrdon begonasi,
Ko’zlarima ko’zlaringiz devonasi,
Sochlarimning shamolida uyg’onasiz,
Sochim qo’msab kiprigingiz ho’l bo’ldimi?

Tunlarimni yoritmagan yorug’ shamim,
Ko’nglingizda ko’rinmadi zarra g’amim.
Beqasamdan to’nlar kiygan beqasamim,
O‘ng deb yurgan yo’llarimiz so’l bo’ldimi?

Ko’ksingizga ishqdan tumor taqqan edim,
Ko’zingizga olov bo’lib boqqan edim,
Ko’nglingizda gur-gur o’tlar yoqqan edi,
Biz yoqqan ul o’tlar bugun kul bo’ldimi?

Gullaringiz xazon bo’ldi, bo’zladingiz,
Qaysi gulning poylarida tizladingiz?
Gulzor kezib qandoq gulni izladingiz?
O‘zga gullar Guljamolday gul bo’ldimi?
Guljamolday guliston ham cho’l bo’ldimi?

Yuragimning, ey qadrdon begonasi.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:44

ARZI HOL

Guldan bino bo’lgandim,
Gildan bino bo’lgandim,
Dildan bino bo’lgandim,
Nega sevmaysan meni?

Qoshim qaro emasmi?
Bag’rim yaro emasmi?
Dil ishq aro emasmi?
Nega sevmaysan meni?

G’amdan uy qilib oldim,
Darddan kuy qilib oldim,
Guldan bo’y qilib oldim,
Nega sevmaysan meni?

Gulzorlarning naqshiman,
Bo’g’zi kuygan baxshiman,
Hurlardanam yaxshiman,
Nega sevmaysan meni?

Oydek poyloqchiman-ku,
Joningga soqchiman-ku,
Sen deb o’lmoqchiman-ku,
Nega sevmaysan meni?

Gullar uxlar qo’yningda,
Tushingda ham o’ngingda,
Gunoh qolar bo’yningda,
Nega sevmaysan meni?

Boshimda ridosan-ku,
Ko’ksimda nidosan-ku,
Sen axir...Xudosan-mi,
Nega sevmaysan meni?

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:20:56

IZHOR

Izlaringga to’kildimi,
Marjon-marjon yoshim manim.
Ostonangga qo’yildimi
Shundoq aziz boshim manim.

Bir borarda yuz bororim,
Yuz borarda bir ko’rorim.
To’proq bo’lsam sani topgay,
Labim, ko’zim, qoshim manim.

Ey diydorsiz, ey bedorlig’,
Bu na xorlig’, na abgorlig’.
Hajrlaring kelgan sari,
Ketdi sabr-bardoshim manim.

Ey mahsharim, yorijonim,
Bu dunyoim, u dunyoim.
Qayda o’lsang, shunda o’lgum,
Sensan... Qabrdoshim manim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:21:17

O‘ZIM

Qachon sizni sevmadim, qachon sog’inmadim dil,
Qachon chashmingizga men abro’ naysondek to’ldim.
Sadolar bermagaysiz, chorlab sog’inmagaysiz,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim sadosi bo’ldim.

Kelar manzilingiz dil, ketmoqqa izn yo’qdir,
Dildan ketib dildorga yetmoqqa izn yo’qdir.
O, nechun qalbingizda yaproqcha izim yo’qdir,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim adosi bo’ldim.

Sizni ko’rdim. Olovni ko’rgan parvonadayman,
Azal devona edim, battar devonadayman,
Jonu ko’nglim bog’liq-ku, nega begonadayman,
Hzim yaratgan ishqning o’zim xatosi bo’ldim.


Sizdan tilandim buncha ko’zingizdan haydangiz,
Xokdanda xor xazonman, kuzingizdan haydangiz,
Izingizdan haydamang, o’zingizdan haydangiz,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim gadosi bo’ldim,
O‘zim xatosi bo’ldim,
O‘zim adosi bo’ldim,
O‘zim gadosi bo’ldim.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:21:26

***

Tomirimda gul oqadi, gul oqadi,
Bu gullarga qo’shilibon dil oqadi,
Men yashirib ovvoralar bo’lib yursam,
Ko’zlaringiz ko’zlarimda cho’g’ yoqadi.

Siz deb olov kechganlarim bekor bo’ldi,
Bekorlikda yuraklarim bemor bo’ldi.
Men sizni deb jahonimdan kechgan edim,
Bugun sizga o’zga yorlar dildor bo’ldi.

Ko’ksimdagi olovlarni o’chiring yor,
Keyin yana ishq olovin ichiring yor,
Bilamanki, meni Xudo kechirmaydi,
Hech bo’lmasa Siz o’zingiz kechiring yor.

Ishq bobida xato aytsak yarashmaydi,
Xush chog’imiz nido aytsak yarashmaydi,
Xayr demang, ayrilmoqqa ko’zim qiymas,
Bahorlarda vido aytsak yarashmaydi.

Ishqingizda hamon shirin jonim kuygay,
Sizni ko’rsam tomirdagi qonim kuygay,
O‘zga bilan ishq qasrin qurgan saringiz,
Manim uyim, borim, xonumonim kuygay.

Tomirimda gul oqadi, gul oqadi.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:21:35

***

Sevgi izhorlarin tingladim garchi,
Garchi ko’p bora men ishq mayin ichdim.
Tig’ bilan ko’ksimni yarador aylab,
Ne-ne halovatlar bahridan kechdim.
Biroq...Sarob bo’ldi barcha hislarim,
Qanday sevgan bo’lsam, o’shanday tondim,
Sen meni kechirgil, yurak, mustarim,
Bir lahza bo’lsa ham yondim-ku, yondim.
Mana qo’limdadir betaft xotira,
Va mana ko’ksimda ishq kukunlari,
Meni bir kun qatl aylasa kerak,
Beqaror, beqadr beishq kunlarim.
Sevgi izhorlarin tingladim garchi,
Garchi sevmoq edi qalb falsafasi.
Sevmayman, sevmayman, sevmayman dedim,
Dimog’imga keldi... o’lim nafasi.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:21:51

***

O‘larimda kelolasizmi,
Xat jo’natsam yaproq kaftida.
Eng so’nggi bor uyg’onasizmi,
Yuragimning qaynoq taftida?

Birga olib ketolasizmi,
Atirguldek ma’yus jismimni,
Eng so’nggi bor hazin pichirlab,
Aytasizmi mening ismimni?

Qiyomatda suyaklarimni,
Yig’ib kelsa agar Xudoyim,
O‘sha kuni labim pichirlar,
Sizga bo’lar mening duoyim.

Omon bo’ling qiyomatgacha,
Yuragimni yoqmoqda vido.
Unutsangiz agar ismimni
Meni sizga eslatar Xudo.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:22:00

***

Netay yorim gul bilan gul topishmadim,
Taqdir ekan: yo’l bilan yo’l topishmadi,
Azal shundoq: o’ng so’l bilan topishmadi,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Ayvoningiz peshtoqiga qo’nib o’tdik,
Biz sham edik,Siz deb yonib-so’nib o’tdik,
Neki jafo ayladingiz ko’nib o’tdik,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Birga bo’lsak baxtimiz bir kularmidi,
Meni eslab yuragingiz to’larmidi,
Axir sizdan ko’ngil uzib bo’larmidi,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Siz jonimga xaridorsiz naqdingiz yo’q,
Yonimga bir kelmoqlikka shahdingiz yo’q,
Aytib qo’yay, mensiz sizning baxtingiz yo’q
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Lablarimda gul tersam ham parvo qilmang,
Peshonamga musht ursam ham parvo qilmang,
Yo’lingizda jon bersam ham parvo qilmang,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Bizdan kechib topganingiz xush bo’ldilar,
Men-la kechgan kunlaringiz tush bo’ldilar.
Xayr endi, qirq jonim qirq qush bo’ldilar,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:22:15

***

Ishqi jonimdan o’tganning hajri jonimdan o’tmasmi?
Hajri jonimdan o’tganning vasli yonimdan o’tmasmi?
Nechun bu ayriliqlar deb manga iddaolar qilmang,
Ishqi komimga yetganlar, hajr to’fonimdan o’tmasmi?

Sizga yorlig’ o’ldi vaslim va lek qadr etmadingiz,
Ishonch yorlig’im olganlar, hech gumonimdan o’tmasmi?
O‘zga barno, o’zga dildor qalbingizni makon etmish,
Ul o’q suyak qadar yetmish, giribonimdan o’tmasmi?

Sizni gulday go’zal qizlar gulistonlarga chorlaydur,
Kuz atalmish fotih fasl, gulistonimdan o’tmasmi?
Jonu jahonimsiz mening, davru davronimsiz mening,
Mendek guldan o’tgan davron o’shal xonimdan o’tmasmi?

Neki bo’lsam ishqda bo’ldim, bunyod o’ldim, barbod o’ldim,
Bu obodlig’, bu barbodlig’ xonumonimdan o’tmasmi?

Qayd etilgan


shoir  03 Noyabr 2007, 15:22:26

IQROR

Qoshlaringiz kamonida o’lsam kerak,
Vaslingizning hijronida o’lsam kerak,
Anov ko’zlar ko’zingizni ko’zlayotir,
Ishqingizning gumonida o’lsam kerak.

Plyingizda chaman bo’lgim kelayotir,
Ishqingizda tuman bo’lgim kelayotir,
Bu dildorlar, bu diydorlar unut bo’lgay,
Ko’zingizga ko’z yoshdayin to’lsam kerak.

Qo’lim bilan xushlashadi qo’llaringiz,
Gullar bilan tutashadi yo’llaringiz,
Shu gullarning xazonini ko’rib bir-bir,
Kuzimgacha yetib... Keyin so’lsam kerak.

Silkitmangiz, poylariga to’kilmasman,
Ishqingizni choki mahkam so’kilmasman,
Garchi sariq xozondirman unutilgan,
Bog’ingizga gullar sochib kulsam kerak.

Kuzataman, dilgir bo’lib kuymoqdasiс‰,
Siz bilmaysiz, ko’zlarimni suymoqdasiz,
Faqat menda yashnagaydir ko’zlaringiz,
Men, baribir bahoringiz bo’lsam kerak.

Ishqingizni osmonida o’lsam kerak...

Qayd etilgan