Топ рейтинг www.uz Guljamol Asqarova she'rlaridan

Guljamol Asqarova she'rlaridan  ( 37267 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muslimа  13 Noyabr 2007, 14:34:49

So’rov

Hayqirsam ham yetmaydi senga,
Yig’lasam ham turibsan-ku jim.
Bir nazar ham solmading menga,
Kim ustimdan arz qildi Tangrim?

Yomonlarni yashnatding dedim,
Nokasga osh oshlatding dedim.
Meni kechir, isyonim o’chir,
Ko’zlarimga yosh keldi tangrim.

Dard aytsam jon do’stim bilmadi,
Qancha o’sdim, to’zdim bilmadi,
Azoblaru gunohlarimni,
Sendan boshqa kim bildi Tangrim?

Isyonlarim ko’pdi qonimda,
Qiyomatlar bo’ldi jonimda,
Har narsani bilguvchi Sensan,
Aytgil menga ne bo’ldi Tangrim?

Guljamol Asqarova.

Qayd etilgan


Muslimа  13 Noyabr 2007, 14:37:08

Chin do’stimga

Kurashmasdan kuragimni sindirgan ey do’st,
Sochimga oq, ko’zimga g’am indirgan ey do’st.
Birovlarning ko’zin yoshlab qo’ymasangiz,
Ko’zingizni Xudo yoshlab qo’yarmidi?

Suv dermidim yuraklarim kuymaganda,
Ne qilardim suyganlarim suymaganda.
Shayton avval ko’nglim xushlab qo’ymaganda,
Rahmon mening ko’nglim g’ashlab qo’yarmidi?

Xato qildim, xatolarda yurdim besar,
Qutqarmadi na bir do’stim, na siymu zar,
Xudoyimdan bir ishora bo’lmasa gar,
Bandalari bir ish boshlab qo’yarmidi?

El ichida azizlardan aziz bilib,
Boshginamni balolardan omon qilib,
O’z himmati turganida kelib-kelib,
Xudo meni sizga tashlab qo’yarmidi?
Kurashmasdan kuragimni sindirgan do’st"¦

Guljamol Asqarova.

Qayd etilgan


Muslimа  13 Noyabr 2007, 14:39:37

Samarqand va Qo’qon.

Dunyomizga kuz keldi do’stim,
Garchi butun borliqda bahor.
Daraxtlarning rangi sarg’aydi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Nahot bizni ayrdi yillar,
Ayirmadi o’lim yo qadar.
Onamdayin mung’aydi yo’llar,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

O’ynab-o’ynab borardim kecha,
Bugun ruhim, jismim, darbadar.
Qadamlarim yig’lab borarmi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Suvga oqdi o’n yilim mening,
Na ko’ngilda, na dilda samar.
Yig’lab yotar ko’zlaring sening,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Mayli do’stim, men ham ne qilay,
Peshonamda shu zebu zar,
Xayr degan so’z yozilganmi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Garchi ketding, hush bor, omon bo’l,
Yillar o’tib sen qaytsang agar.
Men mehrlar ekib qo’yganman,
Samarqanddan Qo’qonga qadar.

Guljamol Asqarova.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 13:34:41

Maktub

O’larimda kelolasizmi,
Xat jo’natsam yaproq kaftida?
Eng so’nggi bor uyg’onasizmi,
Yuragimning qaynoq taftida?

Birga olib keta olasizmi,
Atirguldek ma’yus jismimni,
Eng so’nggi bor hazing pichirlab,
Aytasizmi mening ismimni?

Qiyomatda suyaklarimni,
Yig’ib kelsa agar Xudoyim,
O’sha kuni labim pichirlar,
Sizga bo’lar mening duoyim.

Omon bo’ling qiyomatgacha,
Yuragimni yoqmoqda vido.
Unutsangiz agar ismimni
Meni sizga eslatar Xudo.

Guljamol Asqarova


Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 13:35:35

Orzu

Maqbaralar qurdirsa begim,
Ruhim kelib parvona bo’lsa.
Topilmasa dunyoda tengim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Tuproq bo’lib yuksalsa tanim,
Gul bo’lib gulzorga qo’shilsam.
Hech bo’lmasa eng so’nggi onim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Bo’lmasa ham saroyga dahlim,
Muhabbati shohona bo’lsam.
Tavof qilsa oshiqlar ahli,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Bir ishq bersa menga Xudoyim,
Podshohni qul, qulni shoh qilsam.
Osmonlarga sig’masa oyim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Garchi undoq oroyishim yo’q,
Shabnamdek gulkosaga to’lsam.
Malikalik farmoyishim yo’q.
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Jahon ichra jahon bo’lardim,
Faqat ishqni, Xudoni bilsam.
Bo’lmas edi zarracha gardim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Guljamol Asqarova

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 13:36:30

Yomg’irli kunlar.

Meni kuzatasan yomg’irlar bilan,
Iloyo oftoblar kuzatsin seni.
Ketyapman dardingni tuzata olmay,
Endi duolarim tuzatsin seni.

Mana ketayapman shu so’zni aytib,
Ufqlarga sachrab dilimning rangi.
Meni ta’qib etar qiyomatgacha,
Yomg’ir shiviriyu isming jarangi.

Endi xayr emas, alvido, do’stim,
Ranjima sog’inchlar ezgan bag’rdan.
Sen — kuzda adashib qolgan bahorsan,
Men yozda adashib yoqqan yomg’irman.

Guljamol Asqarova

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 13:38:24

Iltijo

Mayli, mayli uyimizning g’aribligi,
Goh botartib, gohida betartibligi,
Yaraldikki dunyo g’ami aribdimi?
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Mustarginam ko’zlarida yoshi qalqib,
Boshlarida tursa ro’mollari salqib,
Bu qorong’u umrim aro NURDEK balqib,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Oyoqlarin mehnat yuki og’ritmasa,
Qarimasa, bundan boshqa qarimasa,
Shu joniga g’amu dardlar dorimasa,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Yodlab etti yot, aqrabo, heshlarini,
Boshlaridan otib dunyo ishlarini,
Otam bilan kutib yozu qishlarini,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Bu dunyosin ishi bilan ishim yo’qdir,
Tishlashayin desam sinmas tishim yo’qdir,
KUYSAM ONAMDAYIN KUYAR KISHIM YO’QDIR,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.


Birodarlar bilmaysiz bu shunday g’amki,
Va shundayin ko’ngil quvnar bir bayramki,
Qishlog’imga ming yil o’tib borsam hamki,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Guljamol Asqarova
"œUyg’otuvchi alla" she’rlar to’plamidan.






Qayd etilgan