Isyon va itoat.
Tig’ ustida yurdirib, tomosha qilar Tangrim,
Cho’g’ ustida turdirib, tomosha qilar Tangrim.
Toshqinda bir kemadek nochor ketib borarman,
Men hech narsa bilmayman, barini bilar Tangrim.
Oldga yursam xatar bor, ortga yursam hatar bor,
Har lahza, har safaru har tun, har sahar bor.
Bir chumoli misoli don uchun chiqqan edim,
Donni ne qiladiyu, meni ne qilar Tangrim.
Haqsizlik uchun yondim, shavq uchun isyon qildim,
Haqqimni ber dedimu Haq uchun isyon qildim.
Boshimni har yon urdim, bosh yorilgach angladim,
Poyiga qo’ysamgina boshimni silar Tangrim.
Sabrim yetarmi bilmam, sabrimni sinayversa,
Har bir sinaganida suyagim sinaversa.
Sinib-sinib oxiri o’zing butla deb borsam,
Suyagimni un qilib, elakda elar Tangrim.
Mayli ne bo’lsa hamki, yorug’ yuz bilan yetay,
Dil to’la mehr bilan, yoshli ko’z bilan yetay.
Yuragimni to’ldirar bitta taskin bor faqat,
Men Tangrimga boraman, men tomon kelar Tangrim.
Guljamol Asqarova.