9.3. Sifat darajalari.
Predmetlardagi bir xil belgining ortiq kamligi jihatidan farqlanishi sifat darajasi deyiladi. Sifatning quyidagi darajalari bor: oddiy daraja, orttirma daraja, qiyosiy daraja, ozaytirma daraja.
1.
Oddiy darajadagi sifatlarda belgi boshqa predmetdagi xuddi shunday belgiga qiyoslanmaydi. Bu daraja belgining me’yoridagicha ekanligini ko’rsatadi va maxsus ko’rsatkichga (qo’shimchaga) ega emas: keng ko’cha, yashil yaproq, yaxshi odam.
2.
Orttirma daraja predmetdagi bir belgining boshqa predmetdagi xuddi shunday belgiga nisbatan eng ko’p ekanligini ifodalaydi. Orttirma daraja quyidagi usullar yordamida hosil qilinadi:
1) morfologik usul: a)so’zning birinchi bo’g’ini ajratilib, unga keyingi bo’g’indagi birinchi undosh qo’shiladi-da, yopiq bo’g’in hosil qilinadi va undan keyin to’liq shakli takrorlanadi: dum — dumaloq, pak — pakana;
b)So’zning oldingi ikki tovushi ajratilib, unga p, m, tovushlaridan biri qo’shiladi va undan keyin so’zning o’zi takrorlanadi: yap — yangi, ko’m — ko’k;
c)So’zning birinchi bo’g’inidan keyingi — ppa shakli qo’shiladi: soppa — sog’, to’ppa — to’g’ri.
2) Leksik usul:a)Maxsus kuchaytiruvchi so’zlar orqali ifodalanadi: eng kichik, hammadana chiroyli, zap g’alati, beqiyos chiroyli, naqadar ulug’vor, xo’p bemaza;
b)So’zlarni takrorlash vositasida: zo’r — zo’r (polvonlar), uzundan — uzun (kechalar), ne — ne (olimlar);
c)Turli so’z birikmalari, iboralar yordamida: haddan ziyod chiroyli, misli ko’rilmagan (qahramonlik), quling o’rgilsin (jonon);
3) Leksik — semantik usul. Bunda belgi so’zlar qo’llanadi: zahar (garmdori), olov (bola);
4) Fonetik usul: a)Unlilar cho’zib aytiladi: tooza, chuquur;
b)Undoshlar ikkilanadi: tekkis, yummshoq.
3.
Qiyosiy daraja predmetdagi bir belgining boshqa predmetdagi xuddi shunday belgidan ortiq ekanligini ifodalaydi. Qiyosiy daraja oddiy darajadagi sifatga — roq qo’shimchasini qo’shish yoki sifatdan oldin bir — biridan, undan ham, yanada so’zlarini keltirish bilan yasaladi: Olma daraxti shaftoli daraxtidan balandroq. Bir — biridan go’zal, bundan ham battar, yanada kuchli.
4.
Ozaytirma daraja belgi darajasining normal darajaga yetmaganligi, normaldan pastligi ifodalanadi.
1) Qo’shimchalar yordamida: oqish, qizg’ish, qoramtir. — roq qo’shimchasi ham ozaytirma darajani ifodalashda qatnashadi (bunda bir narsadagi belgi boshqa narsadagi shunday belgiga qiyoslanmaydi): eskiroq (kiyim);
2) Sifatdan oldin yarim, nim, och, xiyol, chizi, sal, aytarli, uncha, u qadar so’zlarini keltirish bilan: yarim ochiq (eshik), uncha katta emas.