12.2. Yetakchi va ko’makchi fe’llar.
Nutqimizda bittadan ortiq fe’ldan iborat bo’lgan birliklar ham bor. Ular tarkibidagi asosiy ma’noni ifodalaydigan fe’l
yetakchi fe’l deyiladi: o’qib chiqdi, ko’ra boshladi, aytib bera tura qol. Yetakchi fe’lning ma’nosini izohlaydigan, to’ldiradigan fe’l esa
ko’makchi fe’l deyiladi: o’qib chiqdi, ko’ra boshladi, sotib yubordi.
Yetakchi va ko’makchi fe’lning qo’shilishidan qo’shma fe’l, ya’ni yangi so’z hosil bo’lmaydi, chunki ular birgalikda yangi bir lug’aviy ma’noni ifodalamaydi, balki davomiylik, to’satdan boshlanganlik, harakatning tugallanganligi kabi ma’nolarni bildiradi: o’qib chiqdi (tugallanganlik), ko’rib qoldi (to’satdan yuz berish).
Yetakchi va ko’makchi fe’lning birikishidan
ko’makchi fe’l so’z qo’shilmasi hsoil bo’ladi.
Ba’zan ko’makchi fe’lli so’z qo’shilmasi tarkibidagi yetakchi fe’l uyushib kelishi ham mumkin: Yil sayin sovxozning yeri kengayib, texnikasi ko’payib, odamlari o’sib bormoqda. Ba’zan ko’makchi fe’l ham birdan ortiq bo’lishi mumkin: aytib berib tura qol (aytib — yetakchi fe’l, berib tura qol — ko’makchi fe’l).
Ko’makchi fe’llar yetakchi fe’llarga ravishdosh yasovchi —(i)b, -a, -y qo’shimchalari yordamida bog’lanadi. Ayrim ko’makchi fe’llar yetakchi fe’lga qo’shimchasiz ham birikadi: yozdi-oldi, ketsin-qo’ysin, ayt-qo’y.
Yetakchi fe’llarga so’z yasovchi va shakl yasovchi qo’shimchalar, ko’makchi fe’llarga esa barcha turdagi qo’shimchalar qo’shila oladi: yozib olaman.
Ko’makchi fe’lli so’z qo’shilmalarida o’zlik nisbati qo’shimchalari faqat yetakchi fe’lga qo’shiladi, majhul daraja ko’pincha ko’makchi fe’lga qo’shiladi, orttirma nisbat qo’shimchasi asosan yetakchi fe’lga qo’shiladi, birgalik nisbat qo’shimchasi esa yetakchi fe’lga ham, ko’makchi fe’lga ham qo’shilaveradi. O’zbek tilida faqat ko’makchi fe’l bo’lib keladigan fe’llar yo’q. Ayrim fe’llar o’z asl ma’nolaridan tashqari, ko’makchi fe’l tarzida keladi. Bularni quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:
1) Ravishdoshning — (i)b qo’shimchali turiga birikadi: yot, o’tir, yur, kel, bo’l, bit, chiq, yet, o’t, qo’y, boq; 2) Ravishdoshning —a, -y qo’shimchali turiga birikadi: boshla, bil, yoz; 3) Ravishdoshning ham — (i)b, ham —a, -y qo’shimchali turlariga birikadi: tur, bor, ol, ber, qol, ko’r, ket, sol. Bu ko’makchi fe’llarni yana ma’no jihatidan harakat jarayonini tasvirlovchi (boshla, kel, ket, yot, o’tir, bor, bitir, chiq, o’l, ko’r, qol), modal ma’nolarni ifodalovchi, ya’ni so’zlovchining harakatga bo’lgan munosabatini ko’rsatuvchi (bil, bo’l, ol, qol, ko’r, ber, qara), yo’nalish ma’nosini ifodalovchi (ol, ber) kabi guruhlarga bo’lish mumkin.